Bolajoningizni kitob mutolaasiga qiziqtirishning yetti qoidasi

0
421
marta koʻrilgan.

Baʼzi bolalar haqiqiy kitobsevar  boʻlsa, boshqalari esa oʻqishni yoqtirmaydilar. Shunga qaramay, barcha bolalarni ham kitob mutolaasiga qiziqtirish mumkin. Farzandlarni majburlamasdan  oʻqishga qanday chorlash mumkin? Quyidagi maslahatlar farzandingizni kitobga mehr qoʻyishiga yordam beradi.

Zamonaviy texnologiyadan foydalaning. Siz farzandingiz kitob oʻqishini istaysiz, u esa kompyuter oʻyinini xohlaydi. Nima qilish kerak? Kitob mutolaasini ana shu jarayonga yaqinlashtiring, yaʼni zamonaviy texnologiyalardan foydalaning. Kompyuter yoki planshetdan foydalangan holda elektron kitoblardan oʻqib bering. Internetda koʻplab bepul elektron kitoblar topishingiz mumkin. Ularni on-layn oʻqish yoki yuklab olish ham mumkin. Baʼzi elektron kitoblarning qogʻoz nusxasiga nisbatan imkoniyatlari keng. Masalan, audio va video tasvirlar bilan boyitilgan. Bu esa polaponingizni qiziqtirishi aniq.

Mutolaa burchagi qilib bering. Kichkintoyingizni chalgʻitmaydigan, tashqi shovqin-surondan holi boʻlgan moʻjazgina “uycha” yoki burchak qilib bering. Ana shunday moʻjazgina chodirchalar ham bolajoningiz uchun “uycha” sifatida xizmat qilishi mumkin. Bu “mutolaa hududi”ga yumshoq koʻrpacha va yastiqchalar qoʻyib, kitob oʻqishi uchun qulaylik yarating. Devorlariga turli ertaklardagi qahramonlarning suratlari bilan bezatsangiz, bolajoningiz oʻzini haqiqiy ertaklar olamiga tushib qolganday his qilib, kitob oʻqishga ilhomi keladi. Bugun bolalar oʻyinchoqlari sotiladigan doʻkonlarda bolalar uchun jajji chodirchalar sotiladi. 

Bolajoningizni tez-tez kutubxonaga olib boring. Polaponingizni oxirgi marta qachon kutubxonaga olib bordingiz? Agar farzandingizda doimiy ravishda kitob oʻqish koʻnikmasini shakllantirishni istasangiz, haftasiga hech boʻlmagamda bir marta kutubxonaga olib boring. Shoshmasdan kitoblarni birgalikda koʻrib chiqing, birgalikda tanlang, birgalikda oʻqing. Uyda oʻqish uchun ham kitoblar oling. Bundan tashqari, kitoblarni solish uchun “kitoblar sumkasi”ni ham qilib bering. Ahamiyatsizdek tuyuladigan mayda-chuyda amallar  muhim  usullar boʻlib, ular farzandingizning kitobxon boʻlishiga, bora-bora kitoblar doimiy hamrohiga aylanishiga yordam beradi.

Kitoblar tez-tez suhbatingiz mavzusiga aylansin. Agar siz bolajoningizni kitob oʻqishga gʻayratini oshirmoqchi boʻlangiz, tez-tez ertaklar, hikoyalar aytib bering, umuman kitoblar va ularning mazmun — mohiyati haqida suhbatlashib turing. Hayotda sodir boʻlgan haqiqiy voqealarni bolalaringiz oʻqigan ertak va hikoyalar bilan bogʻlashga harakat qiling. Bundan tashqari, maʼlum bir kitobning kino versiyasini birgalikda tomosha qilib, soʻng solishtirishingiz, kitob va kino versiyasi haqida fikrlarini olishingiz mumkin. Bu esa farzandingizni nafaqat oʻqishga chorlaydi, balki, mushohada qilishga oʻrgatadi, tahlil qilish qobiliyatini shakllantiradi.

Farzandingiz qiziqqan mavzudagi kitoblarni tanlang. Baʼzi bolalar hayvonot olamiga qiziqsa, baʼzi bolalar ertaklarda boladigan ajdarho, yalmogʻiz kampir, gnom kabi toʻqima mavjudotlar haqidagi ertaklarni eshitishni hush koʻrishadi. Baʼzi bolajonlar dinozavrlar haqida oʻqib berishingizni soʻrasa, boshqalari koinotdagi boshqa sayyoralar haqida bilgisi keladi. Farzandingiz qiziqishiga qarab kitob tanlang.

Farzandingizga namuna boʻling. Bolalar ota-onasida namuna oladilar. Agar siz muntazam kitob mutolaa qilsangiz, boshqa oila aʼzolaringiz bilan turli kitoblar toʻgʻrisida tez-tez suhbatlashsangiz, kitobdan zavq olgangizni koʻrsatsangiz, farzandingizga oʻrnak koʻrsatgan boʻlasiz. Kitob oʻqish asta-sekin farzandingizning ham sevimli mashgʻulotiga aylanib boradi. 

Har kuni kitob oʻqib bering! Vaqtingizni ayamasdan, polaponingizga har kuni kitob oʻqib bersangiz, u asta-sekin oʻzi ham muntazam mustaqil  tarzda kitob mutolaa qiladigan boʻladi. Uning hayotida kitobxonlik anʼanaga aylanadi.

O.Saʼdullayeva tayyorladi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.