Oila qurishdan maqsad nima ekanligini yoshlarga tushuntiryapmizmi? Ana shu mavzu doirasida viloyatimizdagi oliy oʻquv yurtlari talabalari, maktab va kollej oʻquvchilariga bir qancha savollar bilan murojaat qildik. Ularning oila qurishga tayyorgarligi, madaniy-maʼrifiy tarbiyasi masalasi, qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh, erta turmush qurish mavzulari atrofidagi fikr va mulohazalarini oʻrgandik. Bu borada 600 dan ortiq yoshlardan anketa savollariga javob olindi.
16-17 yoshdagi kollej va maktab oʻquvchilarining 9 foizi oilaga tayyor emasligini va 1 foizi oilaga tayyorgarlik koʻrayotganini yozishgan. Oila qurish masalasiga jiddiy koʻz bilan qarashayotganini izhor qilishlari barobarida hali muomala madaniyati, etika va milliy qadriyatlarimiz haqidagi tushunchalari qoniqarli emas. Etika nima, degan savolga 2 foizgina yoshlar toʻlaqonli, 30 foizi oʻrta darajada, qolganlar umuman savolni javobsiz qoldirishgan. Shuningdek, milliy urf-odatlarimiz haqida ham xuddi shunday taʼriflar berilgan. Ayniqsa, qarindosh-urugʻlar oʻrtasida tuziladigan nikohlar va afsuski, bu oilalarning hayotda buzilib ketishi holatlariga aniq va toʻgʻri baho berolmaganlar. Yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh oqibatlari unchalik jiddiy emas, degan fikrdagi yoshlar 15 foizni tashkil qiladi.
Baʼzan, ayrim oilalar qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash niyatida oʻgʻil-qizlarining toʻylarini qilishadi, lekin bu rishtaga putur yetib, oilalar buzilib ketmoqda. Eʼtibor bergan boʻlsangiz qarindoshlardan tugʻilayotgan bolalarda nogironlik holatlari koʻproq kuzatilyapti. Viloyat skrining markazining maʼlumotlariga qaraganda, oʻtgan yilning oʻzida qarindosh-urugʻlar va erta nikoh oqibatida 65 nafar nogironlik holati qayd qilingan va homiladorlik toʻxtatilgan. Erta nikoh, qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikohning oldini olish mavzusida tizimli ravishda keng tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan xavf guruhidagi homilador ayollar foizi saqlanib qolmoqda. Bu guruhdagi ayollar skrining tekshiruvidan oʻtkazilib, tugʻma rivojlanish nuqsoni aniqlanganda homiladorliklar toʻxtatilmoqda. Oʻtgan yili viloyatdagi 461594 nafar tugʻish yoshidagi ayollar, 0-14 yoshgacha boʻlgan jami 483921 nafar bolalarning barchasi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
Nogiron farzand bu eng avvalo ota-onaning, oilaning, qolaversa jamiyatning baxtsizligi. Aravachaga mixlangan yoki kasalmand bolani bir umr boqish, sargʻaygan chehralarni koʻrganda yurak ming bor ogʻrishini tasavvur etib koʻring. Maʼlumotlarga qaraganda, qarindoshlar oʻrtasida tuzilgan nikohlarning 70-80 foizi ajralish bilan yakunlanar yoki nogironlik dardi bilan turmush kechirarkan.
Qarindosh-urugʻlar oʻrtasidagi nikoh, erta turmush qurish masalalarida yoshlar hali aniq va toʻliq tasavvurlarga ega emaslar. 80 foiz oʻquvchi bizning maʼrifiy suhbatlarimizdan soʻng bu haqida toʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishganini izhor qilishgan. Ayniqsa, ularga taʼsirchan koʻrgazmali vosita (slayd) orqali koʻrsatilgan mavzu samarali taʼsir koʻrsatgan.
Yoshlar bilan ogʻzaki suhbatlarimizda shu narsaga guvoh boʻldikki, maktablar va kollejlarda psixolog-pedagoglarning faoliyatlarini yanada yaxshilash, “Oila” maktablari, toʻgaraklarini tashkil qilish orqali yoshlarda bu tushuncha haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish zarurati mavjud.
Koʻpgina yoshlar u yoki bu muammoni turli xil tushunishadi. Psixologlarning vazifalari esa yoshlar hayotidagi oʻziga xos muammolarning mohiyatini anglashga va ularni samarali yechimlarini izlab topishga yaqindan yordam berishdan iborat. Taʼbir joiz boʻlsa yoshlarning psixologik savodxonligini yanada yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.
Javoblardan shuni anglash mumkinki, yoshlarning hali oʻz-oʻzini baholashi, qiziqishlari, qadriyatlari toʻliq shakllanmagan. Bir ogʻiz soʻz bilan aytganda har tomonlama yetuk shaxs boʻlib voya yetishlari uchun oʻzlarini isloh qilishlari muhim ahamiyatga ega.
Maʼlumki, kollejda oʻqiyotgan qiz hali 16 yoki 17 yoshda boʻladi. Biroq ayrim ota-onalar qizini yaxshiroq joy chiqib qolsa, vaqtida uzatib, undan qutulish niyatida barvaqt erga berishadi. Bu esa uning hayotini tubdan oʻzgartirib, turmushning turli toʻfonlariga duchor qiladi. Biroq, balogʻatga yetmagan, hali ona suti ogʻzidan ketmagan qizchalarni turmushga berish, oila qurishga majburlash, oxir-oqibat koʻpgina noxush voqealarga sabab boʻlmoqda.
Aziz ota-onalar, xulosa shuki, oʻzingizni yoki mol-mulkni emas, farzandlaringizning kelajagini oʻylab qarorlar qabul qilishingizni istardik.
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist