Hindiston iqlimi, tabiati, nabotot va hayvonot olami oʻziga xos ulugʻvor mamlakat. Ushbu gʻaroyib diyorga sayohatim davomida ajdodlarimiz bunyod etgan Tojmahal va Humoyun maqbarasi atrofidagi bogʻlarning kengliklarida qad rostlab turgan ikki ulugʻvor daraxt qalbimga cheksiz hayrat soldi.
Hatto, Hindiston Tibetida, tabiatni asravchi lamalar yashayligan oʻrmon qoʻynida ham men unga oʻxshash ulkan oʻsimlikni uchratmadim. Daraxtlar beixtiyor kishi eʼtiborini oʻziga jalb qiladi. Ular shunchalik haybatli va jozibador ediki, unga toʻrt-besh kishi qulochini yozib birlashsa-da yetishi amri mahol edi.
Ulugʻvor daraxtlar yurtimizda ham, dunyoning barcha kengliklarida ham uchraydi. Biroq, uning oʻziga xosligi shundaki, oʻzak ildizidan yana koʻplab daraxtlar oʻsib chiqqanda asosga tirmashib, oʻrilgan sochdek birlashib koʻkka boʻy choʻzishgan. Goʻyo oʻzak daraxt Hindistonga kelib saltanat bunyod etgan Bobur Mirzo edi-yu, atrofidagi unga bagʻrini berib, chirmashib turgan daraxtlar uning avlodlari ramzidek tuyuladi. “Bu shunaqa tur daraxtmi yoki maxsus oʻstirilganmi?” bu savolimga tarjimon javob bera olmadi.
Ushbu moʻjizani men “Boburiylar sulolasi” deb nomladim. Tojmahaldagi ulugʻvor daraxtning atrofini muhofazasi uchun temir erganaklar bilan oʻrab qoʻyishibdi. Toʻrt tomoniga chorpoyalar qoʻyilgan. Soyasida koʻplab odamlar, turfa millat vakillaridan iborat sayyohlar orom olishmoqda. Goʻyo u insonlarni birdamlikka, mehr-oqibatli boʻlishga undayotganday.
Humoyun maqbarasidagi ushbu moʻjizakor daraxt esa katta ekin maydonini egallagan. Uning quyuq soyasida dam olar ekansiz, qalbingizni osoyishtalik egallaydi. Shunday gavjum va tigʻiz Dehlida ana shunday osuda, huzurbaxsh goʻzal maskan, ulugʻvor kenglik, moʻjizavor oʻsimlik borligiga hayron qolasiz!
Dunyoda moʻjizalar koʻp. Birlashgan millatlar tashkiloti 2007-yildagi roʻyxatida Tojmahalni yetti moʻjizaning biri deb tan oldi. Uni musulmon olamining injusi, Hindiston qurilish va bunyodkorlik ishlarining durdonasi deb taʼkidladi. Daraxt menga ana shu yetti moʻjizaning biri Tojmahalning oʻq ildizlarini eslatib turgandek edi.
USTOZ-ShOGIRDLIK. Quroni karimda qalam surasi mavjud. Sura “qalam bilan qasam” deb boshlanadi. Olloh Taolo qalamni muqaddas sanayapti, biz ham uni muqaddas deb bilamiz. Chunki, qalam ushlagan insonlarning har biridan nenidir oʻrganamiz. Biz Hindistonga qadam tashlaganda “ustoz Boburning ruhlari qoʻllasin” deya duo qildik. Zero, bizga bolaligimizdan tanish, maktab darsliklaridan ularning hayotini, ijodini oʻrganganmiz, sheʼrlarini yod olganmiz, ulardan olam-olam ruhlanganmiz.
Mehr koʻp koʻrgizdimu, mehriboni topmadim.
Jon base qildim fido oromijoni topmadim.
Shuningdek, “Boburnoma”ni oʻqiganimizda ham tabiatni oʻrganganmiz, ham geografiyani, ham adabiyotni. Allomaning asarlari oʻqib oʻrganib, qalam ushlashga mehr qoʻyganmiz. Shuning uchun biz qalamkashlar adabiyot sohasida bizga asarlari bilan taʼlim bergan har bir allomani ustoz deb ardoqlaymiz.
Maʼruzachi bir yigʻinda insonning ustozi bitta boʻladi, deb taʼkidladi. Uning soʻzlarini eshitib beixtiyor alloma Alisher Navoiyning “Mahbub -ul – qulub” (Koʻngillarning sevgani) asaridagi satrlarini esladim.
Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Nahotki, ustoz birgina boʻlsa?! Birinchi oʻqituvchimiz mashaqqat bilan bizga qalam ushlashni oʻrgatib, koʻzimizni nurlantiradi. Qaysi bir murabbiyning saboqlaridan ruhlanib, unga havas qilib, keyingi qadamlar uchun yoʻnalish olamiz. Koʻplab ustozlardan bilim olib, mehnat faoliyatimizni boshlaganimizda ham tinib-tinchimay oʻqib-oʻrganamiz. Bu yerda ham kimdir bizga ustozlik qiladi. Demak, bobomiz Mir Alisher Navoiy aytganlaridek, kimki bizga vaqtini ajratib, bilganini qizgʻanmasdan, sabr-toqat bilan biror narsani oʻrgatsa, uning qarzini yuz ganj (xazina, boylik) ila ado aylashimiz qiyin.
Biroq, u maʼruzachining gapida ham jon bor. Avlod- ajdodlarimiz bitta kishini oʻzining piri hisoblashgan. Muhammad Xorazmshohlar piri Najmiddin Kubro, Amir Temur oʻzining ustozi – Mir Sayyid Baraka qabrini oʻzining qabri bilan yonma-yon qoʻydirgan.
Pirlar odamlarni ruhan, maʼnan qoʻllab quvvatlab turishgan. Ular dunyoviy va diniy ilmlarni uygʻunlikda olib borgan kishilardir. Xususan, Naqshbandiy, Ahmad Yassaviy, Imom Aʼzam Gʻazzoliyning muridlari koʻp, ularni ulugʻlashadi. Qadimdan ajdodlarimiz biror murakkab ishga qoʻl urishdan oldin “yo, pirim” deb xitob qilishgan. Bu odatlar bejiz emas, albatta. Shoir Munis oʻzidan ikki asr oldin oʻtgan Alisher Navoiyni piri-ustoz deb taʼriflaydi.
Soʻz ichra Navoiy-ki, jahongir turur,
Munisga maoniy yoʻlida pir turur!
Shoir Munis Alisher Navoiy bilan uchrashmagan, shaxsan taʼlim olmagan boʻlsa-da, hayot yoʻlini kuzatib asarlarini oʻqib, saboq olgan, oʻzining ruhini tarbiyat etgan. Bunday holatlarni uvaysiy ustoz yaʼni pir deyiladi.
Darhaqiqat pir bitta, ustozlar esa koʻp. Alloma Alisher Navoiyning ustoz muallimlarga qarata aytgan sheʼriy satrlari, hikmatlari ham mavjud:
Hunarni asrabon netgumdir, axir,
Olib tuproqqami ketgumdir oxir.
Ana shunday oʻz ilmini shogirdlarga oʻrgatishga intilgan shaxslar bu ustozlardir. Ustozlik olijanob anʼanalarimizdan biridir. Mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov ustozlar haqida shunday deydi: “Agarki dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktab boʻlsa, kasblarning ichida eng sharaflisi oʻqituvchilik va murabbiylikdir” Yana ular shunday deydilar: “Bugungi erkin va ozod hayotning maʼnosi va qadr-qimmatini yoshlarning ongiga yetkazish uchun ota-onalar, ustoz-murabbiylar masʼuldir”. Demak, ustozning burchi mavqei ota-onadek ulugʻ. Xalqimiz ustoz ota-onangdek ulugʻ degan hikmatni bekorga aytmagan. Ustoz-shogirdlikning tub mohiyati shuki, uning oʻq ildizi shuki, hayotdagi, turmushdagi, turli sohadagi goʻzal anʼanalarni yanada asrab avaylashga, davom ettirishga daʼvat etadi.
Shuning uchun ham begona yurtga qadam tashlar ekanmiz, Hindistondek katta mamlakatda buyuk saltanat bino etgan, goʻzal qasrlar bunyod etgan Boburiylarning izlarini izladik va har qadamda duch kelib vatandoshimiz bilan faxrlandik.
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist