DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) –  Birinchi uchrashuv (davomi)

0
43
marta koʻrilgan.

Hojiboy erta saharlab, choponini egniga tashlab tashqariga chiqarkan, onasi Shukurjon ena kelinlaridan ham oldin turib, allaqachon qumgʻonda suv qaynatmoqda edi. Oʻgʻlini koʻrishi bilan qayoqqadir taraddudlanayotganini koʻrdi.

– Oʻgʻlim, ertalabdan qayerga otlanding?

– Shobboz tomonga oʻtib kelmasam boʻlmaydi. Oshlangan terini shaharga yetkazib berishim kerak. Zarifboy  bolasi tushmagur doʻstimning kasbini davom ettirayotgan ekan. Ancha qoʻli kelishib qolibdi. Otasi hayot boʻlganida qanchalar quvongan boʻlardi.

– Oʻgʻlim shu oilaga boradigan boʻlsang, bir yoʻla  hosildan uvshur kavsarni ham ola ket.

– Onajon, kecha taqsimlab qoʻygandim, ularning ulushini ham. Albatta, olib ketaman.

– Yetimlarning boshini silasang, kam boʻlmaysan. Hammalariga bizning salomimizni yetkaz. Xudo xohlasa, urush tugab ukalaring, oʻgʻling ham qaytib kelishsa, yana roʻzgʻorimiz butun boʻladi. Ukalari qatorida katta oʻgʻli Rahimboyni ham urushga olib ketishgandi.

– Allohga shukur, kecha ukamdan kelgan xatni oʻqib juda quvondim. Dnepr daryosidan oʻtib, fashistlarga qattiq zarbalar berishayotgan ekan.

–Ishqilib,  mehribon va rahmdil Allohim farzandlarimizni oʻz panohida asrasin. Har kun duodaman. Qoʻlimdan shundan boshqasi kelmasa…

– Onajon, kecha kolxoz raisi frontga deb bugʻdoy, arpa soʻrab chiqdi. Sal tejasak, bahorga chiqib olamiz. U yogʻiga rizqimizni Xudoning oʻzi beradi. Inshaalloh. Toʻrt xaltasini berib yubordim.

– Ha, bolam yaxshi qilibsan.

– Jamilaning oʻqishiga deb boqib yurgan molimizni ham frontdagilarga deb berib yubordim. Qizing tushmagur, oʻqishni vaqtincha toʻxtataman, urush tugasin, akamlar sogʻ-salomat qaytib kelishsin, oʻqish keyin boʻladi, deyapti.

– Rais kecha qizingizni  bir oylik hisobchilikda oʻqitsak, tezda eplab ketadi. Hisob-kitobga oʻtkir, maktabdan tavsiya qilishdi, dedi. Nima deysiz? Bir oy shaharda oʻqib qaytadi. Haftada bir marta kelib-ketib oʻqiydi.

– Oʻgʻlim, qiz bola narsa, qanday boʻlarkan?

– Ona, bu nevarangiz asli oʻgʻil boʻlib tugʻilishi kerak edi. Dadilligini koʻrmayapsizmi?

– Toʻgʻriku-ya… – biroz taraddudlandi Shukurjon ena. – Shaharda qayerda yashaydi. U yerda yashashning oʻzi boʻlarkanmi?

– Poshshajondan iltimos qilamiz.

– Oʻzlarining yuki bir dunyo,  ularga yana ogʻirlik qilasanmi?

– Barcha oziq-ovqatlarni yetkazib turaman. Rozi boʻlishadi. Nevarangizni ham olib ketaman.

– Jamila, ho Jamila. Tayyormisan? Tezroq chiq. – Jamila allaqachon tayyorgarliklarini koʻrib, hovlida tagʻin qandaydir ishlar bilan band edi. Maktabni tugatib, pedagog boʻlishni orzu qilgan qiz oʻz ixtiyori bilan oʻqishni toʻxtatdi. Urush boshlanishidan oldin Urganch pedagogika institutining matematika fakultetiga oʻqishga kirganida,  nihoyatda quvongan qiz, bugun hamma narsadan toʻgʻri xulosalar chiqardi va oʻqishni keyinroq ham tugatsam boʻladi, degan qatʼiy qarorga keldi. Qizining bu qaroridan ota ham xursand.  Urush ketayotgan bir paytda bu juda toʻgʻri qaror edi. Kecha raisning taklifiga darrov koʻngan qiz: «Shunday ogʻir davrda men ham oʻz burchimni bajarishim kerak», – deya oʻylagandi.

– Barcha urushga ketgan. Oʻtgan haftada  kolxoz xisobchisi  ham frontga joʻnagan. Hozir kolxozning hisob-kitob ishlarini kimga berishni bilmay boshi qotayotgan keksa rais oʻylanib qolibdi.  Maktabda unga Jamilani juda chaqqon va matematikaga oʻtkir qiz ekanligini aytishganida,  masalani yechganday, quvonib ketganmish, – deya, Hojiboy oʻz qizi bilan faxrlandi.

Ha, haqiqatan ham Jamila zehni oʻtkir, abjir va tadbirli qiz edi. Oʻn yettiga  yoshga ham toʻlmagan bu qizga hammaning ishonchi, mehri baland. Ayniqsa, otasining.

– Oʻgʻlim,  kelinim nima derkan? Axir qiz uniki boʻlsa, sen bilan men xukm chiqarib qoʻya qoldik.

– Aslida bu fikr undan chiqqan, onajon, biz bu yoqda qolib ketdik-ku, – dedi xoxolab kulib Hojiboy. Bibijon bu haqida qizi bilan juda uzoq suhbatlashgan edi. Aqli raso kelinidan shunday dono fikrlar chiqishidan  Shukurjon ena hamisha hursand boʻlgan. Ammo, masalahatni birga qilishga oʻrganib qolgan qaynona bu gapdan biroz xafa boʻldi.

– Bunday gaplarni birinchi boʻlib, men bilan maslahatlashardi-ku, kelinim, – dedi u.

– Onajon, siz hafa boʻlmang. Ularning niyati yaxshi. Kecha shu qarorga kelindi. Siz uxlab qolgandingiz. Bezovta qilmaylik, dedik. Hali Bibijon bilan yana maslahatlashib olasizlar. Siz rozi boʻlsangiz, shu bahonada qalʼaga tushib,  hujjatlarni topshirib qaytamiz.

– Mayli, roziman, bolam. Roziman. Boʻladigan ishni vaqtida boʻlgani maʼqul. Jamilaning qoʻlidan keladi.

– Buvijon, sizga oʻqishimni urush tugagandan soʻng yana davom qildirish niyatim borligini aytganimda rozi boʻlmagandingiz.

– Asal qizim, axir oʻqishga hamma ham kirolmaydi. Zehning, aqling joyida ekanki, kirding. Oʻsha kungi xursandchiligimni hech narsaga tenglay olmayman. Men bu kunlarni qanchalar kutgan edim, – Shukurjon ena nevarasining orzularini ham yana bir bor esiga soldi. Lekin bu yoqda urush ketyapti. Nailoj…

– Enajon, Xudo xohlasa, yana oʻqishni davom etdiraman. Sizning ham, oʻzimning ham orzularimni amalga oshiraman.

– Mayli, qizim, shunga qaror qilibsan, yana nima deyin. Omadingni bersin. Salomat boʻlgin. – Shukurjon ena nevarasining institutga kirib, katta odam boʻlishini juda-juda orzu qilgani uchun dili biroz xijil boʻlib, uning izidan uzoq qarab qoldi…

Hojiboy Shobbozga oʻtib, oshlangan mol terisini aravaga yuklab, shahar tomon ot jilovini burdi. Jamila hamisha otasi bilan birga yurib, odamlarni taniyotgani, muomalaga oʻrganayotgani  otaga hamisha qoʻl kelgan. Negaki, biron yumush bilan qalʼaga borib qolishsa, ishning yarmini uddasidan chiqish qizining gardaniga tushgan. Hojiboy qizidagi shijoatni, gʻururni kuzatarkan, unda doimo oʻzini koʻrardi. Oʻgʻillari ogʻir va bosiqlik bilan harakat qilishsa, bu qiz yonib turgan olovning oʻzginasi.

Ota-bola shaharga kelishganida, kech kirib qolayotgan edi. Toʻppa-toʻgʻri doʻstining xonadoni tomon yurishib, torgina usti ochiq ayvonli uyning eshigini qoqishdi.

Ilgari hamisha Sapaboy doʻstini aytib chaqiradigan Hojiboy eshik oldida biroz taraddudlanib turdi, Jamila vaziyatni darrov anglab, ichkariga kirib, Poshshajon opani chaqirdi. Eshikdan moʻralarkan, kichik tegirmonda  bugʻdoy  yanchayotgan bolalarga koʻzi tushdi. Ular orasida eng balandi toʻngʻich oʻgʻil – Zarifboy edi.

– Poshshajon opa, Poshshajon opa…

– Ha, doʻrmiyan, kir, kir, – dedi Zarifboy qizga  hazil qilgisi kelib. Jamila juda kichkinaligidan bu xonadonga kelib, bolalar bilan birga oʻynagan paytlarini esladi. Oʻshanda ham unga «doʻrmiyan» , yaʼni doʻrmonlik deya koʻp hazillashishardi.  Oradan oʻtgan uch yil ichida bular oʻzgarishmabdi.

Ichkaridan oppoq yuzli, xushqomat  ayol yugurib chiqdi.

– Jamila, kel, qizim, kel. Shu mahalda nima qilib yuribsan?

– Otam bilan keluvdik. – Doʻrmoncha talaffuz bilan gapirgan edi, tegirmon aylantirayotgan bolalar gurra kulib yuborishdi. Ularga juda qiziq tuyuldi, chogʻi, biroq Jamilaga ogʻir  botdi.

– Ey sartlar, nimangga kulasan, – dedi u ham boʻsh kelmay.

–Bolalar, boʻldi-boʻldi. Bas qiling. Jamilani tanimayapsizlarmi?

– Men tanidim, – dedi Zarifboy qizga kulib. Allaqanday iliqlik bilan yana doʻrmonlik qizga koʻz ostidan qayta nazar soldi.

Ha, bolalar katta boʻlib qolishgandi. Ularning shoʻxligidan Hojiboy ham kuldi, xursand boʻldi.

– Hojiboy aka, kiravermaysizmi, kiring, – dedi Poshshajon. Xonadonning aziz mehmoni, marhum  erining qadrdon doʻstini koʻrib, ichkaridan Bikajon ham yugurib chiqdi.

– Poshshajon, bolalarga hosildan uvshir kavsar olib keldik. Aravadagilarni,  bolalarga aytsang, ichkariga kirgizishsin.

– Zarifboy, ukalaring bilan yuklarni tushiringlar. Baraka toping, Hojiboy aka, umringiz ziyoda boʻlsin. Farzandlar rohatini koʻrib, uzoq yashang.

– Enam, Bibijon ham sizlarni soʻrab qolishdi.

– Ularni ham olib kelmabsiz-da.

– Keyingi gal, nasib etsa, kelishar. Hozir daladagi hosilni yigʻishtirib yotishibdi.

– Mayli, salomat boʻlishsin.  Bizning ham salomlarimizni yetkazing. Rizqingiz ziyoda boʻlsin. – Bikajon koʻzlariga yosh olarkan, shunday qiyinchilik, ocharchilik damlarida oilasiga mehr-muruvvat qilayotgan Hojiboyga uzundan-uzoq tilak qildi.

– Bikajon, Poshshajon Jamila bir oy hisobchilik kursida oʻqimoqchi.  Hujjatlarni topshirdik. Ertadan oʻqishni boshlaydi. Kechga qolib ketadigan kunlari sizlarnikida qolib oʻqiydi. Rozi boʻlsangizlar.

– Bosh ustiga Hojiboy aka. Jamila bizning ham qizimiz. Qiynalmaymiz, – opa-singillarning roziligi bir joydan chiqdi.

– Hozir urush ketyapti. Institutdagi oʻqishini vaqtincha toʻxtatdi. Kolxozga buxgalter kerak. Kecha rais maktabga kelib Jamilaning hisob-kitobga usta ekanligini eshitib, oʻzi tanlab olibdi. Qiz tushmagur, oʻqishni urushdan soʻng ham davom qildiraveraman, amakilarim, akam urushda boʻlsa, men oʻqib yursam toʻgʻri kelmaydi, deyapti. Xudo xohlasa, qisqa vaqt ichida oʻqib, qishloqda ish boshlaydi. Hammamizga shunisi maʼqul.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.