Urushning uchinchi yili edi. Qishloq dalalarida ishlashga, ekin-tikin ishlarini olib borish uchun yaroqli ishchi kuchi deyarli qolmagan edi. Shu bois dalalar huvullab qolgandi. Yigitlarni frontga, ayollarni front ortida ishlashga olib ketishardi. Ovullar boʻshab qoldi. Har kuni ovulda yigʻi tovushi eshitilardi.
Xat tashuvchi Habib ota poyi-piyoda yurib, frontdan xat-xabar yoʻq va afsuski, koʻproq qora xat kelardi… Hech bir gunohsiz, shoʻrlik odam koʻplarga yomon koʻrinib boʻldi. Ayrim xonadonlarda «Ana, qadami sovuq keldi» degan shivir-shivirlarni ham eshitib, qattiq iztirob chekardi, bechora otaxon. Izidan otilgan toshlarga, yomon shivir-shivirlarga ham dosh berib, uyiga borganda toʻlib-toʻlib yigʻlab, hovuridan tushib olardi.
Ana shunday dolgʻali yillarda dalani aylanib yurgan keksa rais, uh tortib, boʻsh yotgan ekin maydonlariga nadomat bilan nazar soldi.
– Jamila, qani ishchi kuchi boʻlsa-yu, dalaga vaqtida ekin-tikin qilib, undan hosil yigʻishtirib olsak.
– Rais ota, boʻsh dalalarimiz qancha gektarni tashkil qiladi?
– Kecha aniqlashtirdik. Naqd 115 gektar yerimiz bu yil boʻsh qolyapti. Ishchi kuchi yetmayapti, qizim. Dalada faqat keksalar, bolalar va ayollar ishlashyapti.
– Yoʻldosh ota, bir taklifim bor. Biroq unga qoʻshilasizmi, yoʻqmi, bilmayman.
– Xoʻsh, nima taklif ekan?
– 115 gektar yerni imkoniyatlariga qarab, oilalarga taqsimlab bersak. Doni ham, mehnati ham oʻzlaridan. Suvini vaqtida nazorat qilib, yetkazib turamiz. Xirmonning teng yarmi – oʻzlariga, qolgani frontga yordam sifatida topshiriladi. Ular bilan kelishib olamiz, albatta.
Raisning rangi oʻchib ketdi.
– Qizim, nimalar deyapsan? Kolxozning yerini odamlarning ixtiyoriga berib boʻlarkanmi? Yuqoridagilar eshitsa bormi, hecham rozi boʻlishmaydi. Bu aniq. Taklifing menga sirayam maʼqul emas…
– Ota, agar biror ishkali chiqsa aybning hammasini menga agʻdaring. Ish oʻngidan kelishiga ishonaman. Mana koʻrasiz. Natijasi zoʻr boʻladi.
– Agar odamlar pand berib qoʻyishsa-chi. Ularga ishonib boʻlarmikan?
– Har bir uyda oʻlim boʻlyapti. Kimdir otasidan, kimdir oʻgʻlidan, yana kimdir ukasi va akasidan judo boʻlyapti. Hammaning yuragi ezilib qolgan. Buning ustiga oʻtgan yili koʻrdingiz, qanday ocharchilik boʻldi. Bu yerda yerlarimiz boʻsh yotibdi. Adolatdanmi shu? Keling, oʻtinaman sizdan, bu yil ham shu xatoni takrorlamaylik.
– Yoʻq, qizim, yoʻq. Gaping sirayam toʻgʻri kelmaydi. Bu haqda ogʻzingni ham ochma. Men surgunda oʻlib ketishdan qoʻrqaman. Davlatning yeridan oʻz manfaating yoʻlida foydalanib boʻlmaydi. Zinhor…
– Qanday manfaat?! Bu yerda odamlarning, butun xalqning taqdiri turibdi-ku!
– Oʻtgan yili qoʻshni qishloqda bir odam besoʻroq 5 gektar yerga ekin ekkan edi, nima boʻldi, deb oʻylaysan… Shu odam baraka topdimi? Yoʻq, shoʻrlikni oyogʻini yerga tekkizmay olib ketishdi.
– U boshqa masala. Axir biz hosilning yarmisini davlatga topshiramiz.
– Qarigan paytimda boshimga balo orttirmay deyapman, qizim. Bu boʻladgan ish emas…
– Menga tashlang. Nima boʻlsa-da men turaman. Javobgarlik mening zimmamda, – qatʼiy gapirdi qiz. – Siz hech narsa bilmaysiz. Eshitmadingiz, koʻrmadingiz.
– Ey, bor-ey, ketdim, – rais bu taklifga ichidan jon-jon deb rozi boʻldi-yu, ammo baribir qoʻrqdi.
Jamila ovulning har bir xonadoniga kirib chiqdi. Aholini yigʻdi. Ularning roziligini oldi. Kimda nima bor, oʻrganib chiqdi. Roʻyxat qildi. Ikki kun davomida hammasini rejalashtirdi. Fevral oyi oxirlab, bahor eshik qoqmoqda edi. Sugʻorish, goʻng chiqarish ishlarini boshlab yubormasa, ikki yildan beri tarashadek qotib qolgan yerlarni tobiga keltirish qiyin. Dehqonchilik sir-sinoatlarini otasidan puxta oʻrgangan qiz barini chuqur oʻylab va rejalashtirib oldi. Unga otasi bu gal ham yaqindan yordam berdi. Bu yil bahor qanday kelishi, urugʻni qachon ekish, tuproqni ishlash, sugʻorish ilmini yaxshi bilgan Hojiboy bor bilim va tajribasini qiziga erinmasdan oʻrgatdi.
«Kimgadir bosh boʻlmoqchimisan, avval oʻzing shu sohani puxta oʻzlashtir. Nazorat qilish hamisha zarur. Dehqonchilik – katta ilm. Uning ilmini bilishing muhim», – derdi Hojiboy aka. Zero, uning oʻzi dehqonchilik ilmini shu darajada puxta bilardiki, bir hovuch tuproqni kaftida ushlab turib, unga qanday ishlov berilsa, qancha hosil olish mumkinligini oldindan ayta olardi.
Yerlarini kolxoz ixtiyoriga berib boʻlganidan soʻng ham ancha yillarcha brigada boshliqlari undan maslahat olib turishardi. Yerning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, don ekish, ularga ishlov berish masalasida kolxozda uning oldiga tushadigani yoʻq edi.
– Mana, bir hovuch tuproq, u rizq. Uni ardoqlasang, toʻydirsang, ertaga u ham seni boqadi.
– Ota, bu sifat menga qayerdan oʻtib qoldi desam, xuddi oʻzingizdan olgan ekanman…
– Qizim, senga hamisha ishonganman. Toʻgʻri va halolsan. Alloh bunday insonlarni hamisha oʻzi qoʻllab-quvvatlaydi. Sen toʻgʻri va xayrli ishning boshidasan. Qoʻrqma, qizim, qiyinchliklar boʻlishi tabiiy, lekin sen ortga chekinma…
Otasining ishonchi qizga doimo kuch bagʻishlardi. Bundan ortigʻi boʻlmaydi. Bu gal ham xuddi shunday boʻldi. Oilalarga boʻlib berilgan 115 gektar yerda kishilar tunu kun ishlashdi. Oyogʻida kuchi bor odam-ki, dalaga chiqdi. Negaki, taqchillik, ocharchilik barchaning tinkasini quritgan edi. Odamlar jon deb, rozi boʻlib dalada ishlashdi.
Nihoyat hosilni yigʻishtirib oladigan fursatlar yaqinlashmoqda edi. Rais buvaning mazasi qocha boshladi. Yuqoridan keladigan qatʼiy choralardan xavotirda kunlarini oʻtkazdi. Biroq hech kimdan biror sas-sado chiqmadi. Hosil yigʻishtirib olinayotgan ikkinchi kuni raykomdan vakil keldi. Bukchayib qolgan, lekin ancha zuvalasi pishiq bu kishi har joyda qattiqqoʻlligi bilan tanilgan odam edi. Rais buva uni tanidi-da, tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi. Idoraga oʻziga xos vajohat bilan kirib kelarkan, birin-ketin savollar yogʻdirdi.
– Xoʻsh, Yoʻldosh ota, olamda nima gaplar?
Kolxoz raisi dabdurustdan berilgan bu savoldan dovdirab qoldi. «Hoynahoy, 115 gektar yerning taqdiridan xabar topgan koʻrinadi», – ichida oʻyladi, u. Bu qattiqqoʻl kishining yoshi Yoʻldosh otadan katta boʻlsa-da, raisga kinoya bilanmi, yo hurmat qilibmi, har holda «ota» deb murojaat qilardi.
– Urushni aytmaganda, Neʼmatjon aka, qishloqda tinchlik.
– Hosil nima boʻlyapti. Paxta, don-dun, deganday? Sabzavot, poliz ekinlari bu yil moʻl boʻldimi? Bu yil odamlarning ogʻzidagini tortib olmaymizmi, ishqilib?
– Yoʻq, bu yil hosilimiz chakki emas. Odamlarimiz baholi qudrat mehnat qilishdi. Yosh bolalar deysizmi, qariyalar bormi, hech kim uyida oʻtirmadi, hisob.
– Ha, yaxshi. Yur, unda foytunni hozirla, dalalarni bir aylanaylik.
Bu gapdan Yoʻldosh otaning yuragi naq qinidan chiqib ketay dedi.
– Hisobotlarni oʻz vaqtida beramiz. Yoshingizning hurmati bor, dala kechib yurasizmi. Hammasini oʻzimiz nazoratga olganmiz.
– Mayli, shunday boʻlsa-da yaraganimcha, bir aylanay. Yaqinda gazetada oʻqib qoldim. Men tengi qariya oʻz xohish irodasi bilan jangga kiribdi. Buni koʻrgan askarlar, ruhlanib, janglarda dushmanni yer tishlatishibdi. Bunga nima deysiz. Biz-ku jangda emasmiz. Oʻlim xavfini yengishimiz imkoniyati katta. Sal qimirlasak, harakat qilsak, rizqimizni topib, umr koʻryapmiz. Jangda-chi, jangda hozir borsan, birpasdan soʻng yoʻqsan. Ana shunday gaplar Yoʻldosh ota. Ketdik.
Har gal shashti baland Yoʻldosh otaning kayfiyatini koʻrib, biroz taajjubga tushdi, bir nimani sezganday boʻldi.
– Yoʻldosh ota, buncha shashtingiz past. Nima boʻldi? Betob emasmisiz?
– Ha, yoʻq,
– Foytun tayyormi?
– Ha, tayyor.
– Foytunda kim?
– Oʻzim.
– Qariya qani?
– Bolasidan qora xat kelganini eshitib, musibatga dosh berolmay, olamdan oʻtdi.
– Axir nima qilardingizlar, aytib?
– Habib ota bir yildan beri qariyaga indamasdan kelayotgan ekan. Kimdir aytibdimi, eshitib qolibdimi. Qoʻyarda qoʻymay, Habibni rosa… Otasi ham, onasi ham qolmabdi. Rahmatli, soʻkishni yaxshi koʻrardi. Habib otani esa rosa doʻpposlabdi. Yetib borganimda, Habib ota yerga chalqancha yotgan ekan. Har tugul, unga hech narsa boʻlmadi. Hammadan kaltak yeyaberib pishib ketgan, bechora. Ammo qariya judolikni koʻtarolmadi…
– Ha, urush koʻplarning yostigʻini qurityapti. Otalar, onalar farzandlaridan judo boʻlishyapti.
Neʼmatjon aka barcha kartalarni aylanishni ixtiyor qilgan edi. Aynan Jamila qishloqdagilarga taqsimlab bergan maydondan moʻl hosil yetishtirilganini oʻz koʻzi bilan koʻrmoqqa qaror qilgandi. Bundan bir hafta burun Jamila Neʼmatjon akani topib, unga bor gap-soʻzni yetkazgan. Aybni ham oʻz boʻyniga olgan edi. Vaziyatni bafurja tushuntirgan qiz Neʼmatjon akaning xonasidan kayfiyati chogʻ chiqqandi…
– Yoʻldosh ota, yuring, sizga bir narsa koʻrsataman, – dedi hazil aralash vakil.
Raisning tobi qochdi. Nahotki xabar topgan boʻlsa. Qayerdan, kimdan. Marra-marrada-ya? Yolgʻon soʻzlab oʻrganmagan Yoʻldosh ota yaxshisi, hech narsa demaslikka qaror qildi.
– Sen, ha deb dovdirayapsan. Nima boʻldi? – Vakil yana qistovga oldi.
– Ha, hammasi joyida. Yaxshiman…
– Yoʻldosh ota, qoʻying. Salomatligingiz kerak. Yolgʻon gapirolmasligingiz shundoq bilinib qoldi. Hammasidan xabarim bor. Yaqinda Jamila huzurimda boʻlgan edi.
Raisning rang-roʻyi quv oʻchib, ahvoli tamom ogʻirlashdi. «Rasvo boʻldim, meni badargʻa qilishadi, endi. Shunisi ham bormidi, peshonamda?» – Xayolidan oʻtkazdi u. Biroq vakilga yana indamadi. Ekin ekilgan maydonni koʻrishi bilan raisning ham chehrasi ochildi. Lekin baribir, qoʻrqdi.
– Jamila, sizdan yashirib, bir ish qilibmish, deb eshitdim. Biroq xayrli boʻlibdi. Dalada hosil moʻl-ku. Odamlarning kayfiyati ham aʼlo, Mosh, loviya, oshqovoq, sabzi, piyoz, sholgʻom, makkaxoʻxori, oqjoʻxori, turp… Gap yoʻq. Barakalla.
– Neʼmatjon aka, toʻgʻrisi men juda qoʻrqqan edim. Jamilaning gʻayrati, shijoati baland. Hech narsaga qaramasdan, aholining fikrini bir yerga jamladi. Ularning ogʻzibirchiligini taʼminladi. Suvga kelsak, oʻzim bosh boʻldim. Ilojim ham yoʻq edi-da…
– Bu gaplarni yuqoriga aytib oʻtirishning hojati yoʻq. Yerdan unumli va samarali foydalanib, rizq yigʻishtirib olingani muhim. Urush borayotgan paytda shunday qilmasak ham boʻlmaydi. Baʼzan tavakkalchilik ham yaxshi natija beradi. – Vakilning bu gapidan raisning kayfiyati koʻtarilib, koʻngli batamom tinchlandi.
Vakil hosilni yigʻishtirish bilan mashgʻul boʻlayotgan odamlarga yaqinlasharkan, ular bilan hol-ahvol soʻrashdi.
– Xirmonga baraka, hormanglar?
– Bor boʻling. Salomat boʻling.
Xalqning kayfiyati yaxshi edi. Bu yilgi qishni omonlikda oʻtkazishdan umidvor kishilar hosilni nes-nobud qilmay yigʻishtirmoqda edilar. Odamlar toʻplangan hosilning teng yarmini frontga joʻnatishga ahd qilishgandi. Bu askarlar, frontdagilar uchun ham muhim ahamiyatga ega edi.
Jamilaning shashti, shijoati bois xalqning qorni toʻyadigan boʻldi. Urush yillarida bunday vaziyatda keskin biron ish qilish juda tahlikali edi. Ammo qizning qatʼiyatliligi, xalqparvarligi hamma narsadan ustun keldi.
Davomi bor.