Oʻsha yillarda shoʻrolar davlatida har xil bahonalar bilan aybsiz kishilarni qatagʻon va qirgʻin qilish boshlangandi. Xalqni oʻz ortidan ergashtira oladigan kuchli, maʼrifatli, ziyoli insonlar qatorida tadbirkor, ishbilarmon va qoʻli gul kishilar ham «xalq dushmani» , «millatchi» degan tamgʻa bilan qamalib, olis oʻlkalarga surgun qilinayotgan edi.
Eri va akasini olib ketishganda Bikajon yettinchi farzandiga homilador edi. Singlisi Poshshajon «dod» deya erining bagʻriga otildi. «Erimning ne gunohi bor? Nimaga olib ketyapsizlar», – deya oldi u. Roʻzmatboy bir zum xotinini bagʻriga bosarkan, qulogʻiga shivirladi. Bu gapni faqat ikkalasigina eshitishdi…
– Nima deyasiz, nimalar boʻlyapti? – Poshshajon NKVD xodimlarining qoʻliga yopishdi va shu savollardan nariga oʻtolmadi. Xotini eri qulogʻiga shipshigan gaplarni tahlil qilib koʻrishga ham ulgurmasdan harbiycha kiyingan kishilar aka-ukalarning qoʻllariga kishan solishdi.
– Mumkin emas, mumkin emas, yur, chiq, tezroq, – deya NKVD chilar ularning qoʻllarini orqasiga qayirib, kishanband qilishdi.
Oradan biroz vaqt oʻtar-oʻtmas, uyni tintuv qilishga tushdilar. Yuk mashinasida kelib, xonadondagi sandiq, toza kiyim-kechaklar, roʻzgʻor buyumlarini ham butkul yigʻishtirib olishdi. Uy ship-shiydam, endi bolalarning eski kiyimlari va unniqib qolgan idish-tovoqlar va yirtiq koʻrpachalardan boshqa narsa qolmagandi.
Opa-singillar nafas olishga ham qoʻrqib qolishdi. Keyin biror kun oʻtar-oʻtmas ularni uydan chiqarish jarayonlari boshlandi.
– Uyni boʻshatib qoʻyishingiz kerak, zudlik bilan, topshiriq shu, aks holda, sizlarni ham avaxtaga olib ketishga toʻgʻri keladi, – shunday deb, qurollangan ikki kishi ayollar oʻtirgan xonaga kirishdi hamda bolalarning qiy-chuviga ham quloq solib oʻtirmasdan doʻq-poʻpisaga oʻtishdi.
– Tezroq boʻlinglar, boʻshatinglar uyni. Muhrlashimiz kerak.
Qoʻrquvdan dir-dir titragan ayollar bolalarining har yerda sochilib yotgan kiyimlarini yigʻib olishga urinishardi xolos.
– Endi nimamiz qoldi? Qayerga boramiz? Aqalli eski kiyimlarimizni olishga ruxsat beringlar, – Poshshajon opasi va jigarlarining zarur narsalarini yigʻishtira boshladi. Bikajonning esa gapirishga ham holi-madori qolmagandi. Boyaqish oilasini oʻz uylaridan zoʻravonlarcha haydab chiqarishayotganidan dahshatga tushib, butkul dovdirab, esankirab qolgandi. Shunday ersa-da, oyogʻini arang sudrab bolalarining qoshiga keldi. Poshshajon esa bir tomonda bolalar, bir yoqda ogʻiroyoq opasi – jigargoʻshalari bilan ovora edi.
Katta qizi Toʻpajon 16 yoshda, oʻgʻli Zarifboy 14 yoshda, keyingilari – Rajabboy, Rahimboy, Jumaboy, Xoʻjaboylarning farqlari bir-ikki yosh.
– Xola, yuklarning ogʻirini menga bering, – kichkintoy ukasini orqasiga opichlab olgan Zarifboy ikkala qoʻliga ham sigʻgudek yuklarni oldi. Bolalar eski boʻlsa-da, oʻzlariga tegishli boʻlgan narsalarning birortasini ham tashlab chiqqisi kelmasdi.
– Toʻpajon, sen onangning yonida boʻl, – dedi bazoʻr tugunchalarini qoʻliga ushlagan opasiga qarab, Poshshajon. Bolalarning barchasi qoʻlida yuk bilan, xomush va mungʻaygan bir holatda oʻz uylarini tark etishdi.
Kichkintoy Xoʻjayoz, Jumayozlar esa uylaridan nima uchun chiqib ketishayotganini unchalik anglashmasalar-da, bu holatdan norozi kayfiyatda chinqirib yigʻlab yuborishdi. Bu armonli koʻchish, issiqqina xonadonni tashlab chiqish har bir oila aʼzosini yuragini larzaga keltirgan edi.
Zarifboyning boʻyi ancha choʻzilib, moʻylabi sabza urgan, endi-endi kuchga toʻlib, ishga yarab qolgan edi. Shu bois otasi kasbini puxta oʻrganib, roʻzgʻorga yarayotgandi. Zavodga yangi kelgan ishchilar bilan yonma-yon ishlab, otalariga yaqindan koʻmakchi boʻldi. Eng muhimi, otasining kasbu korini puxta oʻrganib olgandi.
– Opajon, qoʻlingizdagi yuklarni bering bolalarga, oʻzimiz koʻtarib olamiz. Siz ehtiyot boʻling, – ogʻiroyoq opasining koʻnglidan nimalar oʻtayotganini Poshshajon juda yaxshi bilardi. Hali vaqti bor. Ishqilib, bemahal tugʻib qoʻymasin-da. Har gal opasining harakatlarini kuzatar ekan, singlisining koʻnglidan shular oʻtaverardi.
Zarifboy qayerdandir topib kelgan gʻaltak aravaga yuklarni joylashtirdi. Aravaning gʻildiraklari temirdan boʻlib, uni tortishning oʻzi azob edi. Boyadan beri yelkasidan opichlab olgan Xoʻjayoz aravaga minaman, deya tixirlik qilayotgani uchun uni oʻtqazib, qoʻliga tugunchani berdi. Kichkintoy aravaga oʻtirganidan quvonib, akalariga jilmayib qaradi. Zarifboy aravaning ikki uzun tayoqdan ishlangan dastaklari orasiga kirib, xuddi aravaga qoʻshilgan otdek uni torta boshladi. Yuk ortilgan temir arava bazoʻr oʻrnidan siljidi. Zarifboy uni bor kuchi bilan torta boshladi.
– Toʻxta oʻgʻlim, uni arqon bilan mahkamlab olmasak, hamma narsamiz tushib qoladi-ku, – Poshshajon ancha tadbirli ayol boʻlgani uchun arqonning gʻamini ham yeb qoʻygan edi. Zarifboy oʻzining bu antiqa «ulov»iga narsalarni tartib bilan joylashtirdi. Xolasi uning pishiq-puxtaligini koʻrib, quvondi. «Jiyanim yosh boʻlsa-da, juda tartibli, puxta, aqlli yigit boʻlibdi», xayolidan oʻtkazdi u.
Ne baxtki, bu olamda hamisha yaxshi insonlar topiladi. Masjidga yetib olgan «kichik karvon» ni koʻrib, masjid imomining xotini ularga peshvoz yugurib chiqdi. Poshshajon chaqqonlik qilib, oldindan Nuri ena bilan ishni pishitib ketgan edi.
– Nuri ena, biz keldik, – Bikajon xoʻngrab yigʻlab yubordi. – Peshonamizda bu koʻrgiliklar ham bor ekan, ena, nima qilaylik. Yuzimiz qora boʻlib qoldi. Biz boy xotinlarning yaxshi yashashga, oʻynab-kulishga haqqimiz yoʻq ekan. Biz «oʻgʻri, kazzob, muttaham» emishmiz. Gʻing desak, bu kunimizni ham koʻrmas ekanmiz.
– Ona, haligi badbashara odamlar nega otamizni olib ketishdi? – qiziqib soʻradi Rajabboy. Bikajon churq etmadi. Nimadir desa, bolalariga yomon boʻlishini bilgandek, singlisiga qaradi. – «Devorning ham qulogʻi bor», – asta shivirladi. Keyin esa ogʻzidan chiqib ketgan gapidan oʻzi ham qoʻrqib ketdi.
– Oʻgʻlim, katta boʻlib olaylik, hamma narsani oʻrganamiz. Qani kelinglar. Narsalarimizni joylashtiramiz, – dedi xolasi ularga javoban. Bir kundamas, bir soatning oʻzida «Shoʻrolar» hukumati, «NKVD chilar» kabi soʻzlarni ishlatishga qoʻrqib qolgan ayollar bolalarini barcha xavf-xatarlardan himoya qilishga tayyor edilar. Bolalarning oldida nimadir deb qoʻyishdan oʻzlarini tiyishga qanchalik harakat qilishmasin, goho dilidagilar bexosdan chiqib ketaverardi.
Bikajon shu ikki kun ichida azbaroyi iztirobning zoʻridan, ozib-toʻzib ketdi. Yuragining urishi oʻziga eshitilayotgan qoʻrqinchli kechalarda singlisi va bolalarini bagʻriga bosib, tunlarni uyqusiz oʻtkazdi. Eshik tiq etsa, qoʻrqib qolgan opa-singillar taqdirning har qanday ayanchli qismatiga matonat bilan dosh berishga harakat qilishardi. Negaki, ortida farzandlari bor. Ular uchun yashashda davom etish kerak.
Ertasiga Bikajon yettinchi farzandi – qizini kechasi oilasi bilan kelib joylashgan masjidda dunyoga keltirdi. Poshshajon opasiga oʻzi doyalik qildi. Nuri ena unga koʻmakchi boʻldi. Qizchaning ismini Gavharjon deb qoʻyishdi. Topganimiz gavhar boʻlsin, qadami qutlugʻ boʻlsin deya, niyatni yaxshi qilishdi.