DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Shaharlik kelin(davomi)

0
64
marta koʻrilgan.

Garchi urush nihoyasiga yetib, yurtda osuda hayot boshlangan boʻlsa-da, xalq hamon ogʻir ahvolda kun kechirayotgan edi. Urush asoratlari kishilarning tinkasini quritib, murakkab iqtisodiy mushkulotlarni keltirib chiqargandi.

Jamila urush yillaridagi chaqiruv qogʻozlari sabab boʻlib, toʻrtta kolxozda ishlashiga toʻgʻri kelgandi. Endi oʻz qishlogʻiga qaytdi. Ana shunday osoyishta kunlarning birida shahardan Bikajon va Poshshajon opalar sovchilikka kelishdi. Hojiboy aka  qizining ham koʻngliga quloq solib koʻrishini, yana bir maslahatlashib keyin javob aytishini bildirdi. Hojiboy bu oilani juda yaxshi bilgani uchun, ichidan rozi boʻldi-yu, lekin  taomilga koʻra, buni darrov bildira qolmadi.

Otasi Jamiladan rozilik soʻraganida, u otasiga yaxshi koʻrgan ishini tashlamasligi, institutdagi oʻqishini davom qildirmoqchi ekanligini aytdi. Yigit va qiz uchrashganida bu haqida uzoq suhbatlashishdi. Tabiatan ogʻir va sokin, aqli raso Zarifboy qizning barcha takliflariga rozi boʻldi. Opa-singil Bikajon va Poshshajon toʻyni unchalik choʻzib oʻtirishmadi. 1946 yilning may oyida yoshlarning toʻylari boʻlib oʻtdi.

Toʻyga vohaning taniqli sozanda va xonandalari taklif qilindi. Toʻy-toʻydek boʻlishi kerak edi. Qishloqda «Jamila shaharning eng chiroyli, eng aqlli yigitiga turmushga chiqayotgan ekan», – degan mish-mishlar tarqaldi. Bu gap Bozorboyning  ham qulogʻiga yetib bordi. Jamila shaharga kelin boʻldi.

Haqiqatan, Zarifboy juda koʻrkli, mehnatkash yigit edi. Jamila, taqdiri, toleiga shunday yigit bitilganidan Allohga shukronalar aytdi. Otasining eng yaqin doʻsti, rahmatlik Sapaboy otaning oʻgʻliga turmushga chiqishga rozilik berib yanglishmagandi. Yangiliklar, rivojlanishlarga mayli kuchli Jamila uchun shaharda yashash maʼqul edi. Yoshlikda birga oʻsgan  Zarifboy va uning oilasi Hojiboy ota xonadoniga ham begona emas edi. Shukurjon ena, Bibijon ham Hojiboyning qarorini shu sababli xursandchilik bilan qabul qilishdi.

Uydagi reja koʻchaga toʻgʻri kelmas ekan. Birin-ketin farzandlar dunyoga keldi. Sevimli ishini qoʻydi, oʻqishini ham davom qildira olmadi. Bir-biridan shirin oʻgʻil-qizlarning tarbiyasi, roʻzgʻor tashvishi bilan mashgʻul boʻldi. Baxtini farzandlarining kamolotida koʻrgan Jamila ularning taʼlim-tarbiyasi, kelajagi bilan jiddiy shugʻullana boshladi. Er-xotinning inoq-ittifoqligi, ogʻzibirchiligida oʻrnatilgan oila yanada koʻrkam, fayzli va baxtli boʻldi.

Urushdan keyingi qiyinchiliklar bu oilani ham chetlab oʻtmadi. Jamila qoʻlidagi yana bir hunarini ishga solib, uyida tikish ishlari bilan shugʻullandi. Har yakshanba kuni hafta davomida kiyim-kechaklar-palto, yaktak, nimcha tikib, bozorga olib chiqib sotdi. Urushdan soʻnggi yillar odamlarning usti yupun, ishlab chiqarish toʻxtab qolgan, lekin kishilar zoʻr berib mehnat qilishardi. Jamila tikkan bejirim va sifatli  kiyimlarning ham bozorda oʻz  xaridori bor edi. Mehnati ortidan topilgan moʻmay-moʻmay daromad oilani yanada fayzli, toʻkin va farovon qildi.

Shu zaylda oylar, yillar oʻtdi, mehnatu zahmatga qorishib Jamila oʻzi oʻqishni davom qildirolmagani armon boʻlib qolgani uchun, erining oliy maʼlumotli boʻlishini juda-juda xohladi. «Farzandlar ham oʻz otalariga oʻxshashga, ziyoli boʻlishga harakat qilishadi»  deb oʻyladi u. Zarifboy Toshkentdagi Nizomiy nomidagi pedagogika institutining ximiya va biologiya fakultetini tugatib, maktabda muallim sifatida yoshlarga dars bera boshladi. Jamila eri ish boshlagan oʻsha kunlarda xuddi oʻzining orzusi amalga oshgandek, benihoya faxrlandi,  quvondi. Tabiatan ogʻir va sokin, har qanday vaziyatda ham oʻzini tuta bilgan,  kasbining fidoyisi va bilimdoni Zarifboy farzandlari bilan hamisha gʻururlanar va faxrlanardi. Ularga munosib tarbiya berish uchun kezi kelganida qattiqqoʻllik ham qilgani rost. Zero, bu tadbirlar kelajakda yaxshi samara berganini hayotning oʻzi koʻrsatdi. 

  Oila yildan-yilga toʻlishib, mustahkamlanib bordi. Farzandlar soni 11 nafarga yetdi. Er-xotin ularni munosib tarbiyalashdi. Barchasi oliy maʼlumotli, muhimi odobli-ahloqli insonlar boʻlib voyaga yetishdi. Erkinboy, Rozajon, Raʼnojon, Qadamboy, Sharifboy, Oʻktamboy, Ahmadjon, Olimjon, Dilbarjon, Solijon, Shoirajon. Farzandlarining ismlariga jon, boy soʻzlarini qoʻshib aytishga oʻrganishdi.

Hali 60 yoshga toʻlmagan oila boshi Zarifboy 1981 yilda bu yorugʻ dunyoni tark qildi. Xudo bilganini bandasi bilmas ekan. Joylari jannatda boʻlsin…

Erining oʻlimidan soʻng Jamila belni mahkam bogʻlab, yeng shimarib, oʻgʻil-qizlarining tashvishlari bilan yashay boshladi. Farzandlarining kelajagini oʻylashdek masʼuliyatli vazifa uning gardaniga tushdi. Tabiatan chaqqon Jamila oldda turgan bu qiyinchiliklarni mardonalik bilan yengib oʻtdi. Hammasining uddasidan chiqdi. Alloh unga benazir kuch-quvvat, sabr-toqat hadya qilgan edi. «Shukur, shukur, Oʻzingga shukur. Menga sabr ber, kuch-quvvat ato qil» . Ushbu soʻzlar uning dilida har kun, har soniya takror-takror aytilardi….

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.