DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa) – Vaʼdasi puch sevgi(davomi)

0
35
marta koʻrilgan.

Shukurjon ena kelini Bibijonni chaqirib, maslahat qildi. Nevarasi Jamilani qoʻshni ovuldagi dugonasi oʻgʻliga soʻrab yurganidan xabari bor edi. Bir maktabda oʻqigan bolalarini dugonalar oʻzaro kelishib, yaxshi niyat qilib qoʻyishgandi. Ammo Bozorboy koʻpchilik tengdoshlari qatori urushning birinchi kunlaridayoq jangga otlandi. 

– Qizim, Bozorboyning enasi Xolbibi mening ham dugonam edi, rahmatli. Kelini Norjonoy oʻgʻlini kuni kecha  urushga joʻnatdi.

– Ha, shunday ena, xabarim boʻldi, – dedi xomushlik  bilan kelini.

– Bilaman, Bozorboy juda yaxshi yigit. Urushdan sogʻ-salomat qaytib kelishini Allohdan tilaylik. Koʻpning tilagi qabul boʻladi. Qizingga ham ayt, uning uchun har kuni duo qilsin.

– Jamila, hoy Jamila, kalla pishdimi? – Ena nabirasini baralla chaqirdi.

– Nevarangiz, kecha shahardan kech qaytdi. Yoʻlda charchaganmi, uxlab qolgan chamamda.

– Qayerda uxlaydi, gapga aralashdi Hojiboy. – Kechasi bilan nimalarnidir hisobini qilib chiqdi. Narigi uyda hali ham oʻtiribdi.

Jamila shu kunlarda toʻrtta qishloqning hisob-kitob ishlarini tayyorlayotgandi. Chunki qoʻshni qishloqdagi hisobchilar ham urushga ketib boʻlishgandi. Savodli, oʻz ishining ustalari deyarli qolishmagandi. Bechora qizning  kechasi bilan ishlashiga toʻgʻri kelayotgandi.

– Jamila, hoy Jamila, – Shukurjon ena yana chaqirdi.

Birpasdan soʻng qiz ichkaridan chiqdi. Ancha toliqqan va uyqusiragan koʻzlarini qattiq yumib-ochib enasining huzurida paydo boʻldi.

– Ertalab turib choyni  vaqtli ichishingga oʻrganib qolibmiz, qizim, kel, nonushta tayyor.

– Ena, ozgina ishim qoldi. Tugatib olay, darrov chiqaman.

Dasturxon ustida gap yana Bozorboy masalasiga borib taqaldi. Norjonoy bilan ahdu-paymon qilgan dugonalar haqidagi gapni Jamila ham enasidan kam bilmasdi.

– Qizim, har kun duo qilaylik. Bozorboy  ham akalaring qatori sogʻ-salomat qaytsin. Qiz bolaning duosi  ijobat boʻladi. Tilakni kanda qilma.

– Xoʻp, ena, xoʻp. Jamila shundoq ham har kun oʻn martalab akasi, amakilari va yaqinda urushga ketgan Bozorboyning haqiga duolar qilayotgan edi. Bozorboy aqli-hushi joyida, tadbirli yigit. Bir maktabda oʻqigan yoshlar onalari dugonachilikda oʻzaro orzu-niyatlar qilishganini juda yaxshi bilishardi. Shuning uchun bir-birini uzoqdan koʻrishlari bilan yuzlariga tabassum inib, bir-biriga kulib qarashgan. Biroq biron marta uchrashib, suhbatlar qurishmagan. Maʼnoli qarashlar bilan bir-biriga termulib, oʻtib ketishgan, xolos. Yigit ham jurʼat qilib, qizning oldiga kelgan emas, hecham…

Bir kun onasi qattiq hayajonda uyqudan uygʻonib ketdi. Tush koʻrganini aytib, urushdagi yaqinlariga duo qilishni qizidan soʻradi.

– Tur, qizim, tur, uygʻon, – tush koʻrdim, yaxshilikka boʻlsin. Bomdodda tilagimiz qabul boʻladi. Turaqol, nomozni birga oʻqiymiz, – dedi Bibijon opa. Oʻsha kundan boshlab, ona-qiz har bomdod Allohdan soʻrashdi. Jangga ketgan yaqinlari, hamqishloqlari haqiga duo qilib, urush tezroq tugab, sogʻ-omon qaytishlarini tiladilar.

Shu zaylda  oradan ikki yil oʻtdi. 1943 yilning qishida Bozorboy bir oyogʻidan ayrilib, uyiga qaytdi. Ona-bolaning quvonchi cheksiz edi.  Har tugul salomat qaytdi, Allohga shukur, tilagimizni ijobat qildi, deya quvonch koʻz yoshlari bilan  kutib olishdi ayollar.

– Shu zaylda kunlar oʻtdi. Hamma urushda boʻlsa-yu, toʻy qilib oʻtirish yarashmaydi, degan qarorga kelgan  kattalar oʻsha tinch va farovon kunlarni intizorlik bilan kutishdi.

Kunlarning birida Jamilaga qayerdandir shumxabar yetib keldi.

– Jamila, dugonajon, senga bir gapni aytib qoʻyishim kerak, – dedi eng yaqin dugonasi. – Bozorboy  «Jamilaga borib aytinglar, men ot minib yurgan qizga uylanmayman. Turmushga chiqsa chiqaversin, meni kutib oʻtirmasin», – deganmish. Yana oʻzing surishtirgin. Bu gap naqadar toʻgʻri yo notoʻgʻri. Men ham birovdan eshitdim. Sening shaʼningga tegadigan gap aytilgani uchun  dugonajon, menga ogʻir botdi.

– Bu gap qayerda aytilganmish?

– Kuni kecha urushdan qaytib kelgan joʻralar besh-olti nafari yigʻilishib qolishibdi.

– Bu yigʻinda Qodirbergan ham bormidi?

– Bilmadim. Frontdan qaytganlar, deyishdi.

Bu gaplar Jamilaning nafsoniyatiga qattiq tekkandi. Aniqlik kiritish uchun toʻppa-toʻgʻri sinfdoshi Qodirbergannikiga bordi.

– Qodirbergan, shu gaplar rostmi?

– Jamila,  bilasan, yolgʻon gapni yomon koʻraman. Bu gap yigitlar davrasida aytildi, – dedi u. – Biroq sen xafa boʻlma. Bozor sening  tirnogʻingga ham arzimaydi.

– Men bu gapni oʻzidan  ham eshitishim kerak. Qani nima derkan. Keyin oʻziga ham aytadigan gapim bor, – dedi u. Jamila har bir ishni pishiq-puxta bajaradigan,  soʻzning isboti va  dalilini afzal biladigan, qatʼiyatli qiz edi.

Qiz oʻsha kuni tong qanday otganini bilmadi. Onasiga boʻlgan voqealarni bir-bir gapirib berganida, Bibijon opa rosa hafa boʻlib yigʻladi. Shukurjon ena esa, oydinlik kiritaylik, ixlosimiz katta edi, ammo kutganimiz boʻlmadi, deya qattiq iztirob chekdi. Ayollarning yigʻlayotganini eshitgan Hojiboy kimdir olamdan oʻtibdimi, deb oʻyladi. Lekin gap nimada ekanligini unga hozircha aytishmadi. Albatta, koʻngillarni vayron qilgan  masalani oldin aniqlashtirish kerak edi. Buning uchun oʻsha gaplarni yigitning oʻz ogʻzidan eshitish qolgan edi, xolos.

Bibijon dugonasi bilan uchrashib, bor gapni toʻkildi. Bu gaplardan xabari yoʻq Norjonoy esa, «hang-mang» boʻlib, qotib qoldi.

– Kechqurun kelsin, oʻgʻlim bilan oʻzim gaplashaman. Bu yerda qandaydir,  tushunmovchilik bor, dugonajon. Axir u ham Jamilaga befarq emas. Frontdan yozgan xatlarida albatta Jamilani  alohida soʻrardi. Men bu gaplarga aslo ishonmayman, kimdir oramizni buzmoqchi, dugonajon, – dedi.

Bibijon  ahdu paymon qilgan dugonasining uyidan qaytarkan, qattiq hafa boʻldi. Tinimsiz koʻzlaridan yosh oqarkan, katta bir narsasini yoʻqotib qoʻygan kishidek, yuragining  tubida ogʻriq paydo boʻldi.

– Onajon, nega bosh urib bordingiz, nega unday  qildingiz. Koʻchada qolgan qizingiz bormi? – Jamilaning achchigʻi keldi.

– Axir, nima qilay, dugonamning bolasiga  ixlosim baland edi. Toʻy qilib, quvonmoqchi edim.

– Oʻrtada bir oʻlim yoʻq. Qoʻying ona. Nega yigʻlayapsiz? Kerak boʻlsa, men u choʻloqqa tegmayman. Men butunman, oʻzimga ishonaman, – bu gap qizning koʻksidan otilib chiqdi-yu, tomogʻiga nimadir tiqildi. «Tavba qildim. Uning nogironligini pesh qilayapman. Allohim meni kechirgin…» – dedi asta shivirlab.

Hammasi oydinlashdi. Jamila toʻppa-toʻgʻri Bozorboy ishlayotgan idoraga keldi.

– Siz ham odammisiz. Dardingiz bor ekan, mard boʻlib oʻzimga ayting, – dedi. – Mana men keldim. Ismingiz bozor, gapingiz ham  bozor. Juda mossiz.

– Nimalar deyapsan, Jamila, – dedi  yigit qizarib.

–Hamma narsadan xabarim bor. Ot minib yurgan qizni olmayman. Menga loyiq emas, debsiz. Toʻgʻri gapni ayting. Aytolmaysiz. Chunki, koʻnglingizga shubha va gumonlar oralagan. Unday odam bilan yashash oson boʻlmaydi.

– Jamila, men, men unday demoqchi emasdim. Kechirolsang, kechir, – duduqlandi yigit.

– Sizga bir gapim bor. Toʻgʻri, jon olib, jon berib keldingiz. Janggohlardan omon qaytdingiz, Alloh oʻz panohida asradi.  Umringiz bor ekan. Lekin  bilib qoʻying. Bizlar  ham bu yerda kam mehnat qilmayapmiz. Buni aytmoqchi emasdim. Koʻpam kerilmang. Sizni kechirib boʻlmaydi. Buvimning, onamning  ham ixloslarini bir pul qildingiz, bir ogʻiz gap bilan. Men butunman, ammo, siz choʻloqsiz. Men ham  sizdek choʻloqqa turmushga chiqishga aslo rozimasman. Men aqli raso va butun yigitga tegaman, – Jamila bu gaplarni qanday qilib aytganini oʻzi ham bilmay qoldi. Chunki butun qishloq Jamila va uning oilasi Bozorboyni intizorlik bilan kutishayotganini bilishardi. Or-nomus va andishaning kuchi bilanmi, ishqilib, Jamila ham yigitga boʻsh kelmadi.
        Shu bilan  vaʼdasi puch sevgi oʻz poyoniga yetdi.

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.