DILBAR BEKCHANOVA: OQIBAT MEHROBI (Qissa)

0
58
marta koʻrilgan.

Muhtaram bobolarim, buvilarim  hamda  ardoqli ota-onamning  porloq xotirasiga bagʻishlayman.

 1983 yil. Toshkent-Urganch poyezdi yeldek uchib, manzilga shoshadi. Dilorom sessiyalar tugab, amaliyotga va shundan soʻng  yozgi taʼtilga Urganchga – oʻzi tugʻilib oʻsgan shaharga oshiqyapti. Bu gal uyga qaytishda mehribon onajonisi unga hamroh ekanidan qiz juda xursand. Poyezd Urganchga 24 soatda yetib borishini eʼtiborga olib, u yoʻlda aynimaydigan, onasiga yoqadigan yeguliklarni tayyorlab olgan edi. Ularni vagondagi moʻjaz stolning bir chekkasiga qoʻyar ekan, choynakni ham olib, sochiq bilan yopdi. Kupedoshlar – yoshlari qirqdan oshib qolgan ikki nafar kishi galma-gal sumkasidan non, bodring, pomidor, kolbasa, soʻngra esa hech bir istiholasiz aroq olib, stol  ustiga «doʻq»  etib  qoʻyishdi. Ona-qiz hayron qolib,  ularni kuzatishar ekan, hech  nima deyishmadi.

– Xola, sizlar ham ovqatlanib olasizlarmi, – deya soʻradi  sal ozgʻinrogʻi.

– Sizlar bemalol ovqatlanib olinglar, biz uydan ovqatlanib  chiqqanmiz, – dedi Jamila opa, – peshin oʻtib ketyapti, men  namozimni oʻqib olaman.

Kishilar namoz soʻzini eshitishlari bilan, koʻzlari olayib, bir-birlariga maʼnoli qarash qilishdi.

– Sizlarga xalaqit bermayman, oʻtirib oʻqib olaveraman.

– Ona, poyezdda namoz oʻqimay qoʻyaqoling, meni yomon uyaltiryapsiz. Onasi qoloq ekan, deyishmaydimi, qarang, – deya qiz onasining qulogʻiga shivirladi va yon-atrofga qaradi.

– Yonimda oʻtirishga or qilsang, nariroqqa borib oʻtir, – dedi,  arazlaganday Jamila opa va namozini oʻqiy boshladi. Dilorom onasiga beixtiyor qoʻpollik qilib qoʻyganini anglab,  uyalib ketdi. Ikki barzangi esa onaxonning namoz oʻqiyotganiga parvo qilmay, aroqni oʻzlari bilan olib kelgan rang tusi oʻchib ketgan piyolalarga quyib, icha boshlashdi.

Dilorom onasining dilini ogʻritib qoʻyganiga xijolat boʻldi-da, bir chekkaga kelib oʻtirdi. Ammo atrofdagilar namoz oʻqiyotgan onasiga gʻalati  qarashayotganini koʻrib, achchigʻi keldi. Buning ustiga hozir provodnik kelib, onasini urishib berishidan xavotirga tushdi. Yaxshiyamki, provodnik ularning kupesiga  biron marta ham bosh suqmadi.

Qizning shu topda bezbetlarcha ogʻizlari tinmay kavshanayotgan hamda javrayotgan  barzangilarga qattiq-qattiq gapirgisi keldi. Lekin onasi qizining vajohatini koʻrib, sekin boshini chayqab, «qoʻy, gapirma, kerakmas», deganday imo qildi. Dilorom esa baribir chiday olmadi.

  – Ogʻalar, shu aroqni  olib qoʻysangizlar yaxshi boʻlardi, – dedi qatʼiy ohangda.

  – Nega unday deyapsiz. Menimcha, onangizga xalaqit berayotganimiz yoʻq, – dedi baqaloq, oshkora norozilik bilan.

   Jamila opa esa hech kimga parvo qilmay, hamon namoz oʻqirdi.  Shu orada  ular ovqatlanib,  shishadagi zahri qotilni ham simirib boʻlishdi. Onasi yuziga fotiha tortib soʻnggi duolarini oʻqir ekan, qiziga yuzlandi. Kupedosh erkaklar onani zimdan kuzatishardi.

– Qizim, odamzodga umr bir martagina beriladi. Ana shu qisqa umrda har qadaming savobdan iborat boʻlmogʻi kerak.  Odamlar nima deydi, deb emas, Alloh nima deydi, deb yashash kerak. Ertaga, Alloh huzurida har bir amaling uchun javob berishga toʻgʻri keladi. Bizdan birinchi soʻraladigani namoz, – deya nasihat qildi. Qiz ham  onasinining soʻzlarini  diqqat bilan tingladi.

Dilorom oilaning suyukli,  kenja qizi. Onasining iymon, halollik va pokizalik toʻgʻrisidagi mulohazalarini, pandu-oʻgitlarini koʻp eshitgan. Ammo negadir, namoz oʻqishga kelganida, jurʼati yetmaydi, yoki qunt qila olmaydi. Maktabda, oliygohda, umuman tevarak-atrofda ateistik ruh, kommunistik tarbiya toʻgʻrisida bong urilayotgan bir paytda musulmonchilik, Qurʼon kitobi haqida gapirish mumkin ham emas edi. Ayniqsa, yoshlarga bu mavzu gʻalati tuyulardi. Shunday bir davrda, turli taqiqlarga ham  qaramasdan, esini tanibdiki, onasi besh mahal namozni kanda qilmagan. 

Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy, Naqshbandiy, Soʻfi Olloyorlarni universitetda diniy mistik adabiyot namoyandalari sifatida yoʻl-yoʻlakay, shunchaki oʻrganishgan  boʻlishsa-da, qiz onasidan ularning tarbiyaviy, maʼrifiy hikmatlarini takror-takror eshitgandi. Baʼzi soʻzlarning maʼnosini unchalik tushunmagan paytlarida onasidan soʻrab-bilib olgan. Diniy kitoblarni oʻqiydigan otinoyilar davrasida tez-tez boʻlib turguvchi onasi oʻzi bilganlarini bolalari  bilan uyda baham koʻrardi. Oʻn nafar farzandini munosib tarbiyalashga doimo kuch-quvvat topayotgan onasiga qizning hamisha havasi kelgan. «Katta boʻlganimda sizga oʻxshab qatʼiyatli, shijoatli, lafzi halol, kuchli boʻlaman» – derdi qiz…

Jamila opa hech qachon, har qanday sharoitda ham besh vaqt namozni  kanda qilmagan. Chorjoʻyga yaqinlashganlarida, onasi bir muhim tarixni ochdi. «Shu yerga rahmatli qaynotam dafn qilingan»  – dedi-da, tilovatni boshladi. Shu tobda qiz onamning bu xudojoʻyligidan ziyon-zahmat yetib qolmasaydi, degan  xavotirda edi.

Kupedoshlar qilgan ishlaridan ozgina boʻlsa-da xijolat tortishdimi, uyalishdimi, har holda onaxonning gaplaridan soʻng shishaga boshqa qoʻl uzatishmadi. Aksincha, poyezd vagonida allanechuk xunuk koʻrinib, shayton suvi anqib turgan idishlarini olib chiqib, qayergadir gumdon qilib kelishdi. Xayollaridan nimalar oʻtdiykin, bilmadik, ammo onaxonning soʻzlaridan anchayin taʼsirlangan boʻlsalar neajab. Ehtimol, bu ayolni tinglab, oʻz onalari eslariga tushgandir. Axir ona farzandlariga faqat yaxshilik istaydi, ezgulik ulashadi.

Jamila opa ularni kuzatar ekan,»iloyim, bularga ham insof va  iymon bersin» , – dedi, pastroq ovozda. 

Chorjoʻyda dafn qilingan bobosi haqidagi voqealarni  ilgari  bir necha bor eshitgan Dilorom bu safar ham onajonisining hikoyasini  jon qulogʻi bilan eshitdi. Boz ustiga boyagi ikki nafar kishi ham kupega qaytib kelib, onaxonning gaplarini diqqat bilan tinglashardi…

Davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.