Olima va yozuvchi Dilorom YORMATOVAning «NODIRABEGIM MUHABBATI» qissasidan inson ruhiyatini, insoniy hissiyotlarini va goʻzal sabru jamilini aks ettiruvchi bir parchani eʼtiboringizga havola qilamiz.
… Uvaysiy, Nodiraxonimdan faqat bir narsani soʻrardi, ul ham boʻlsa, tinimsiz gʻazallar yozishingiz kerak, deb uqtirardi. Baʼzan Oyimning jahli ketib, Umarxon bilan yana opoq-chopoq boʻlib ketganidan soʻng, oʻshal rashk va hijron kunlarida yozilgan gʻazalni oʻqib berardi. Bu vaqtda Nodirai davron oʻzi ham kulib gʻazalga quloq solardi.
Yoz kunlarining birida Oyim qoʻlida qalam va daftar bogʻni aylanib yurgan edi. Qarasaki, Umarxon qoʻlini yuvmoqchi boʻlib uzatmoqda, obdasta koʻtargan, yoshgina kanizak, uzoqroqdan hurkibroq, qoʻlini choʻzganicha obdastadan Umarxonning qoʻliga suv qoʻyish uchun chogʻlanmoqda. Nogahonda kanizakning qirq kokilidan biri Umarxonning qoʻliga tegdi. Bu vaqtda Umarxon kanizakning sochini asta ushlab, mehr bilan avaylabgina uning yelkasiga qaytarib tashlab qoʻyadi. Voqea shu bilan tugaydi, ammo Nodira bu holatni koʻz oldidan uzoq vaqt ketkaza olmadi. Bir oylar davomida, koʻz oldida kanizakning sochini avaylab ushlab orqaga tashlagan Umarxon qoʻlini koʻrardi va har koʻz oldiga kelganida alamidan koʻzlaridan tinimsiz yoshlar shashaqator boʻlib oqardi.
Bir kuni Oyimning yigʻlab oʻtirganini koʻrgan Uvaysiy: –“Nega kayfiyatingiz yoʻq, nima boʻldi, ayting, ozgina yengil tortasiz, deb ahvolini soʻradi. Nodirai davron sirdoshidan koʻngil sirlarini yashirmadi va bir oz boʻlsa-da yengil tortdi.
– Qani boʻling, eng harir kiyimlaringizni kiying! – Dedi Uvaysiy dalda berib va Umarxon ulugʻlagan ikki gʻazalni tanlab berdi. – Hukmdoringizni chaqiring kelsinlar, behuda arazlar ne kerak, u kishim xabardor emaslar bu ahvolinigizdan. Sheʼrlaringizni oʻqib bering, saltanat tashvishlari ularni shundoq ham charchatgan, ozgina orom olsinlar. Kayfiyatini koʻtaring, Umarxon uchun hayotida Sizdan aziz ayol yoʻq, Siz shoiram yakkayu-yagonasiz! – dedi yanada dalda berib. Yana: “Oʻzingizni ham, Amiriyni ham koyitmang”, degan gapi Nodirai davronga koʻtarinki ruh bagʻishladi.