Doʻrmon – onamning kindik qoni toʻkilgan qishloq

0
535
marta koʻrilgan.

Doʻrmon –  bolalik xotiralarim bilan bogʻliq goʻzal maskan. Mevali bogʻlar bilan oʻralgan hovuzli  goʻsha. Turdiy oʻz sheʼriyatida turkiylarning toʻqson ikki  urugʻi mavjudligini aytib oʻtadi, Ana shu sheʼriyatda tilga olingan 92 oʻzbek urugʻining biri – Doʻrmon. Ayni kunda ushbu nomli qishloqlar respublikamizning koʻpgina viloyatlarida uchraydi. Masalan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida, Navoiy viloyatining Karmana tumanida, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida shu nom bilan yuritiluvchi qishloqlar mavjud.

Urganch tumanida yigirmadan ortiq qishloq boʻlib, eng kattasi – Doʻrmon. Bir tomoni shahar boʻlsa, bir tomoni Amudaryo boʻyidagi toʻqayzorlarga tutashib ketadi. Urganchliklar sholini asosan shu yerda – daryo boʻylarida yetishtirishadi. Doʻrmon qishlogʻiga uchta jamoa xoʻjaligi joylashgan. Qishloq katta boʻlgani uchun bu yerliklar uni uchga boʻlib: Yuqori Doʻrmon, Oʻrta Doʻrmon, Oyoq Doʻrmon deb atashardi. Zero, anjirchilar qishlogʻi desa ham hamma shu yerni tushunadi.

Qishloq odamlariga eʼtibor berilsa, aksariyatining koʻzlari qiyiq, harakatlari samimiy va sodda. Ularning uncha-munchaga jahlini chiqarish qiyin. Bu yerdagi janjal poytaxtgacha kelganini hali hech kim eshitmagan. Albatta, toʻpolonchilar hamma joyda topiladi. Nizolar chiqib turishi mumkin. Biroq tezda tinchishadi. Ular juda kechirimli kishilar. Bir paytlar Xorazm viloyati ijroiya qoʻmitasining xat va shikoyatlar boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan ukam Sharifboy Bekchanov shunday deb ajablangan edi: «Yil oxirida gʻalvirni koʻtarsak, Doʻrmon qishlogʻidan bitta ham shikoyat tushmabdi. Holbuki, viloyatdagi eng katta qishloqlardan biri!»

TILI. Xorazm shevasi turkiy tillar klassifikatsiyasining oʻgʻiz guruhiga kiradi. «Galdi-getdi» deb gapirishadi. Doʻrmonliklar tilida esa goʻyo «G» harfi yoʻqdek. Vohadagi Gurlan, Yangibozor tumanlari va Doʻrmon qishlogʻi shevasi bir-biriga yaqin. Ular ogʻizlarini toʻldirishib, salmoqlab gapirishni xush koʻrishadi. Lahjasi ham adabiy tilga yaqin turadi.

Doʻrmanliklarning tilida qadimiy soʻzlar hozir ham saqlanib qolgan.

Bugun qalʼaga borasam-a? Sartlardan qizil chit keltir menga ham, – deydi biri ikkinchisiga.

Qizingni boyga berding-ma? Kelin olding-ma? – soʻrashadi ular bir-biri bilan uchrashganida.

Boyingni aytganidan chiqma, seni davlatboshing shu, – oʻrgatadi momolar kelinchaklarga. Ularning tilida qalʼa – shahar, sart – shaharlik, boy – er degan maʼnoni anglatadi.

URF-ODATLARI. Momolari yaqin-yaqingacha lachak oʻrashardi. (Lachak – boshiyu boʻyinlarini oʻrab turadigan oppoq roʻmol). Lachakning uchida sandiqning kalitlari jaranglab yuradi. Koʻylaklarining yenglari uzun. Qoʻllari koʻrinmaydi. Yoz kunlarida hatto koʻylakning yengi yelpigʻich oʻrniga oʻtadi. Buvim Bibijon enam (joyi jannatda boʻlsin) koʻz oldimda ana shundayligicha qolgan. Bugungi kunda lachak oʻraydigan momolar sanoqligina. Shuning uchun lachak oʻrash marosimlarini oʻtkazish urfga kirayapti.

Sartlarning kelinlari enalari bilan gapirishmay, tars yorilib ketmay-ma, – deydi oʻzaro suhbatda ular.

Xorazm xalqining aksariyatiga xos boʻlgan qaynona-kelinning gapirishmaslik anʼanalari ularda yoʻq.

Viy-biy, enajon, boʻyginangdan aylanayin, desa boʻlmay-ma, yayrab gaplashsa boʻlmay-ma, – ajablanadi ular.

Yana doʻrmonliklar orasida gʻassol yoʻq. Ular suyagini birovga tutqazishni uyat hisoblashadi. Marhumni oxirgi yoʻlga kuzatishdan oldin pokizalashga oʻz yaqinlari kirishadi.

Shuningdek, ular qizlarini «sart»larga uzatishsa-da, oʻlganidan keyin suyagini ularning qavmida(xilxona) qoldirishmaydi. «Shuncha yil xizmatda tik turgani yetar, oʻgʻil-qiz tugʻdi, farzu qarzini bajardi. Boqiy olamda hur boʻlsin», deyishadi. Marhumani oʻz qavmiga(xilxonasiga) qaytarishadi. Hurlikni eng oliy neʼmat hisoblashadi.

Ularning urf-odatlarini, muomala-madaniyatini kuzatib turib, xalqimizning “Uchratgan har bir odamingni Xizir bil” degan hikmatli soʻzlari esga tushadi. Qishloqning begʻubor kishilarini kuzatganimda beixtiyor har bir odam oʻzi bir olam deyman!

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.