DUNYo – BIR BOZOR, AQLINGGA ISH BUYUR!

0
227
marta koʻrilgan.

 Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har  xil topadilar. Olloh ularga orzu-intilishlari, niyat va amallariga qarab rizq taqsimlagan. Kimdir shifokor, pedagog, jurnalist, quruvchi, oddiy ishchi va hokazo sifatida mehnat qilib, oʻz nasibasini yigʻadi.

 Baʼzan taqdir inson boshiga qattiq qiyinchiliklarni soladi. Ana shu sinovlar oldida dovdirab qolmaslik uchun harakat qilamiz. Oilamiz, bola-chaqamizni boqish uchun kunni tunga ulaymiz. Roʻzgʻor tashvishi hech bir insonga begona emas.

Chiroyli xulqi, xatti-harakatlari bilan inson koʻp narsaga erishadi, aksincha yomon amallari bilan anchayin narsalarni yoʻqotadi ham. Buni sezmasligingiz mumkin emas. Hayotingizni yaxshilab tahlil qilib koʻring. Nimalarga erishdingiz-u, nimalarni boy berdingiz?!

Bizning hayvonlardan farqimiz his-tuygʻularimizni, mayllar va xirsimizni jilovlay olishimizda. Olloh bizni qobiliyatli mavjudot qilib yaratgan ekan, albatta insoniylik burchlarimizni ado qilishimiz kerak. Goʻzal xulq egasi boʻlmoqlik – ulkan saodat. Chiroyli yashash uchun esa eng avvalo odamiylik ustuvor boʻlishi lozim.

Men hech kimga oʻrgatmoqchi emasman. Hayotni koʻrgan, turmush tashvishlari va roʻzgʻorning ogʻir yukini koʻtargan ayol sifatida fikr bildirishni burchim, deb bildim xolos.  

Madaniyatli, odobli va xayoli boʻlishga, har bir kunga shukronalik qilib, goʻzal xulq egasi boʻlishga nima yetibdi. Oʻzbekona hayo, milliy qadriyatlar, urf-odatlarimizga amal qilish burchimiz.

Rizqu nasibamizni topishimiz uchun shart-sharoitlar bor. Insonlar bir-biri bilan murosaga kelib yashasalar, yurt tinch boʻladi. Yurt egasi shu kunlarda boshqa mamlakatlar bilan ham diplomatik aloqalar oʻrnatish, oʻrtada oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustaqkamlash ustida bosh qotirib, yelib-yugurib yurgan bir paytda muomalali, chiroyli xulqqa ega va goʻzal sifatli insonlar boʻlaylik.

Oramizda kitob oʻqishni oʻzining hayot mazmuni deb biladigan kishilar juda koʻp. Yaqinda bozorga borsam, kartoshka sotayotgan ayol kitob oʻqib oʻtiribdi. Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romani. Kartoshkaning pulini soʻradim. Darrov kitobni qoʻyib, xushmuomalalik bilan, “Keling opajon, vaqtliroq uyga ketmoqchiman. Hammasini olsangiz arzon beraman”, dedi. Oʻlchadik, toʻrt yarim kilo chiqdi. Farishtali, xushmuomala bu qizdan qolgan  kartoshkalarini sotib oldim.

Jahldor, qovogʻi osilgan sotuvchining oldiga bormaslikka harakat qilamiz. Hammamiz shunday.   

 Dunyo – bir bozor. Har xil odamlar yashaydi, ishlaydi, mehnat qiladi. Rizq topish ham oson emas. Chaqqon, abjir boʻlmasangiz ogʻzingizdagini olib ketishadi. Barmoqlar ham bir xil boʻlmaganidek, Olloh  insonlarni ham har xil qilib yaratgan.

 Jahon marketologlarining taʼkidlashlaricha, biznes rivojida  80-90 foizni diplomatiya, yaʼni muomala madaniyati tashkil qilarkan. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, deydi dono xalqimiz. Oʻzaro xushmuomalalikda gap koʻp. Xaridorga ham, yon qoʻshningiz, hamkasbingizga ham xushmuomala boʻling.

Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har xil topadilar. Shukur qiling! Ehtimol, siz ham yoshligingizda qaysidir kasbga yoki hunarga astoydil qiziqib, uning etagidan mahkam ushlaganingizda, balki bugun bozorda emas, bitta stolda, soya-salqinda oʻtirib, rizqingizni toparmidingiz. Ammo oliy maʼlumotli, olim, professor boʻlish muhim emas, muhimi odamiylik, insoniylik fazilatlari bilan goʻzal hayot kechirish. Barakasini bersin.

Onamning urugʻi qishloqda yashaydi. Togʻamning qizi oʻz oilasi bilan moʻjazgina, shifer qilinmagan uyda kamtarona hayot kechiradi. Biroq biron marta ham noliganini eshitmaganman.  Tomorqasi, 2-3 ta moli, sigiri, tovuq va joʻjalari bor. Ularni oʻzi koʻpaytirgan. Oila aʼzolari bilan dalaga ishga chiqadi.  Kelinoyisining vafotidan keyin ikki nafar qizini qaramogʻida olib, ularga ham mehribonlik qildi, boshini siladi, ammo nolimadi. Oʻgʻlining ikki nafar farzandi bor, jami yetti kishi bir oilada tinchgina  yashashadi. “Bir burda non bilan qornimiz toʻyadi, shukur, hamma narsamiz bor”, deydi hamisha. Oʻtgan yili  Qurbon hayiti kuni qoʻy soʻyib, qurbonlik qilib, shu oilaga olib borsam, ertasiga oʻsha yuborgan goʻshtdan mahalladagi nochor oilalarni chaqirib, oʻtgan ota-bobolari ruhiga Qurʼon tilovat qildirib, sadaqa qilibdi. Jiyanimning kengligiga qarang… Bunday odamlar, shukurki oramizda juda koʻp. Siz ham ana shunday insonsiz. Rizqu nasiba topayotgan ekansiz, barakasini bersin. Oziga shukur qiling, jahlga erk bermang. Ota-onaning har bir xatti-harakati farzandlarda oʻz aksini  topadi, buni ham unutmang. Ertaga – qariganimizda  bolalarimiz bizni boqadigan boʻlishi uchun bugundan tayyorgarlik koʻraylik.

Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har xil topadilar. Mustaqillikning ilk kunlari – mamlakatimizda oziq-ovqat zahirasi tugab, ishlab chiqarish korxonalari yoppasiga toʻxtab qolgan yillar edi. Koʻpchilik rizqu nasibasini topishi uchun chet ellarga ishlashga majbur boʻlishgandi. Men ham shular orasida boʻldim. Qoʻlimda diplomim bor, mutaxassisman, ammo iloj yoʻq, elga kelgan toʻy. Taʼtil paytlarida yoki oʻz hisobimdan taʼtil olib Rossiya Federatsiyasiga va Qozogʻistonga  qatnadim. U paytlari  4-5 kun, uzogʻi borsa 15 kun  ichida  tijorat ishlarini qilib, yana qaytib kelardik. Shu bilan uy qurdik, tomini bostirdik, pol qoqib, asta-sekin bir xonani taʼmirlab koʻchib oʻtdik. Janjallashib emas, doimo murosa bilan, atrofdagilarga jahl qilmasdan ishladik. Oʻzga yurtda rizqimizni topishga majbur boʻldik. Hozir hayotimiz tinch, aqlimizni, mutaxassisligimizni ishga solib, mehnat qiladigan davrlar keldi, shukur.

 Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har xil topadilar. Rahmatlik onam 93 yoshda olamdan oʻtdilar. Hamisha “aqlingga ish buyur, qizim”, derdilar. Buni yoshligimda tushunmasdim. Keyin tushundim. “Oyogʻing bilan emas, avval aqling bilan yugur, yetti oʻlchab bir kes, har bir ishni chuqur oʻylab, keyin bajar”, deganlari ekan.

Oilaning ustuni boʻlgan ota-onaning nasihati, tanbehini eshitib, unga amalga qilgan kam boʻlmaydi. Xatti-harakatimizni sozlashimiz, toʻgʻri yoʻldan adashmasligimiz kerak. Ona-ona farzandi uchun jon kuydiradi.  Aqlga ish buyuraylik. Aql bilan mehnat qilsak, nasibamizni oson topamiz.

Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.