Barot Boyqobilov yana Egam Raximni Avaz Oʻtardan keyin Xorazmning eng katta shoiri deya baholagan edi.
Darhaqiqat, Egam Raxim oʻzining serqirra ijodiy faoliyati bilan oʻzbek matbuoti, sanʼati, madaniyati, adabiyotining gullab-yashnashiga munosib hissa qoʻshgan shoir, dramaturg, koʻplab shogirdlar tayyorlagan ustoz va arbob edi.
Biz — sinfdoshim Bekposhsha Xoʻjayeva bilan matbuot sohasidagi ijodiy qadamlarimizni dastlab «Xorazi haqiqati» gazetasidan boshlagan edik. U paytlar maktabda oʻqirdik. Toshkent Davlat universiteti(Bugungi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ga yoʻllanmani esa «Xorazi haqiqati» gazetasining oʻsha paytdagi bosh muharriri Egam aka Raximov bergan edilar. Ustozning oxirati obod boʻlsin.
Men bugungi maqolamda Egam Raximning oilasi, biologiya oʻqituvchimiz Gavhar opa Fatxullayeva haqida hikoya qilmoqchiman. Chunki, bu ibratli oila haqida juda kam yozilgan.
Mahalladoshim va ustozim siyratiga bir chizgi
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi aʼlochisi, botanika, zoologiya, biologiya fanlari oʻqituvchisi Gavhar Fatxullayevani (oxirati obod boʻlsin) xotirlasam, uning timsolida xalqimizning goʻzal fazilatlari – mehnatsevarlik, izlanuvchanlik, bolajon, shuningdek, kamsuqum va kamtarinligi namoyon boʻladi.
Oltinchi sinfga oʻtganimizda maktabimiz 9-11 sinflar oʻqiydigan tajriba taʼlim maskaniga aylantirildi. Biz kichik sinf oʻquvchilarini esa yon-atrofdagi oʻquv dargohlariga tarqatib yuborishdi. Birinchi sentyabr kuni yangi maktabga borar ekanman, yoʻlda bola yetaklagan ayolni uchratdim. Bejirim va sodda kiyingan, yoqimtoy ayolning farzandi bilan qizgʻin suhbati eʼtiborimni tortdi. U bolasiga oʻsha kungi darslari boʻyicha savol berar, dilbandining javobidan qoniqmasa, loʻnda qilib tushintirar edi. U ayolning oʻqituvchi ekani soddagina koʻrinishida shundaygina aks etib turardi. Birinchi va ikkinchi sonli oʻzbek va rus tillarida taʼlim beruvchi ikki maktab yonma-yon joylashgan edi. Bolasini rus maktabga kiritib yubordi-da oʻzi men oʻqiydigan maktabga qarab yurdi. Bu manzara har kuni tong bilan takrorlanar edi. Har kuni deyarli bir vaqtda maktabga kirib borardik.
Yillar oʻtib, shu manzarani eslar ekanman, Gavhar opa nihoyatda kamsuqum ayol boʻlganligini anglayman. Ustoz “Xorazm haqiqati” gazetasi bosh muharriri, shoir Egam Rahimning rafiqasi edi. Uning viloyatdagi koʻzga koʻringan insonning rafiqasi ekanini biz oʻquvchilar bilmasdik. Bolalikda bunday narsalarga eʼtibor ham berilmaydi. Bola uchun hamma teng, hamma bir. Biroq, endi oʻylab koʻrsam, Gavhar opaning hayoti ham shunday bolalarga xos, bolalarga mos kechgan ekan. Muallimamizning maktabga erining xizmat mashinasida kelganini koʻrgan emasmiz. Yuqorida taʼkidlaganimdek har kuni maktabga farzandini yetaklab, suhbatlashib piyoda kelardi. Mana yillar oʻtib edi oʻylayman. Erining mashinasidan foydalansa boʻlar edi-ku!? Kamsuqumligi, turmush oʻrtogʻini avaylab-asrashi mana shu bitta misolning oʻzida ham yaqqol ifodalanar edi.
Ustoz Gavhar opaning feʼli juda yumshoq boʻlib, ohista gapirar, darslarini albatta, koʻrgazmali qurollar yordamida oʻtar edi. Oʻquvchilarga tanbeh berib, keskin gapirganini koʻrgan emasmiz. Oʻquv saboqlari hamisha qiziqarli kechardi. Sinfga har safar koʻrgazmali qurol bilan kirardi.
Bugungi kunda murabbiyni xotiramda tiklab, turmush tarzini turgʻun oqayotgan daryoga qiyoslagim keladi. Oila, maktab, uy, farzand! Uning turish-turmushi shu edi. Ustoz Urganch shahridagi 1-umumtaʼlim maktabida oʻqidi. Urganch pedogogika institutini (bugungi Urganch davlat universiteti) bitirgach, oʻzi oʻqigan maktabga ishga keldi. Va bir umrga shu maktabga, oʻquvchilarga bogʻlanib qoldi. «Daraxt bir joyda koʻkaradi» degan maqolga amal qildi. Oʻzi taʼlim olgan maktabda deyarli qirq yil faoliyat yuritdi va shu yerdan nafaqaga chiqdi.
Darhaqiqat, uning pedogoglik faoliyati insonparvarlikka asoslangan milliy qadriyatlarimizga hamohang edi. Bugungi kunda maxsus dastur yaratilib, yanada rivojlantirilayotgan “Maktab – oila – mahalla” dasturi asosida mehnat qilardi. Har bir oʻquvchining oilasi, mahallasi, turmush tarzini yaxshi bilardi. Zero, shu mahalladagi maktabda oʻqigan, shu mahalladagi maktabda ishlagani unga taʼlim-tarbiyada juda qoʻl kelardi. Muallima oʻzbekona qadriyatlarni ulugʻlab yashardi.
U botanikadan dars berayotganida vohamizda, shuningdek, mahallamizdagi ariq boʻylarida oʻsadigan oʻt-oʻlan-u daraxtlarga alohida toʻxtalib, gerbariylarini koʻrsatar edi. Zoologiyadan dars berganida, misollarni iloji boricha biz koʻrib yuradigan jonzotlardan keltirardi. Biologiyadan gapirayotganda rivoyatlar bilan uygʻunlashtirar edi.
Ustoz vohaning mashhur shoiri Egam Rahim bilan toʻrt nafar bolani tarbiyalab, ulgʻaytirdi. Ularning barchasi elga munosib farzand boʻlib kamolga yetdi. Ular injener, pedogog mutaxassisliklarini egallab, texnika va qishloq xoʻjaligi fanlari doktori boʻlishdi. Albatta, bu ahil va osoyishta hayot kechirayotgan oilaning dilbandlari boʻlgani uchun elga munosib farzandlar boʻlib yetishishdi, degimiz keladi. “Barkamol farzand – ahil oila mevasidir” degan bugungi shior goʻyo ularning hayotidan olingandek…
Bugungi kunda Gavhar opa hayot boʻlganida, Xotira va qadrlash kuni toʻqson bilan toʻqnashgan boʻlardi. Ustozlarning oxirati obod boʻlishini Yaratgan nasib aylasin!
Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist