Eng yaxshi ifor

0
205
marta koʻrilgan.

Qizlar bir-biriga navbat bermay maqtanardi: — Chanel 5 super! Lyuboy atiringga dam beradi. Hidi voobshe ketmaydi.
Kulgim keldi. Chunki men bundanda zoʻrrogʻiga egaman. U menga 5-6 oyga yetadi. Narxi… Narxini bilmayman! Xayolim oʻzim tuygan iforga ketdi.

Umrimning yarmi shaharlarda oʻtyapti. Yilda ikki marta uyga qaytaman, Uyga boraman-u buvimlarnikiga shoshaman. U  qadrdon goʻshaga borgach, doim bir manzarani koʻraman: Buvijonim doimo  ish bilan band… Bir martayam uxlayotganlarida bormabman. Uxlarmikinlar?!

Yonlariga talpinaman. Ana shu payt, buvim meni quchgan payt oʻsha ifor dimogʻimga uriladi. Nimaning ifori ekanligini haligacha bilmayman. Balki, hovlida oʻsayotgan rayhonlari hidi… Balki, burchakdagi tandirning hidi… Balki, hovlida bilqillab turgan tuproqning hidi… Balki, hammasining umumlashmasidir…

Zumda yosh bolaga aylanaman. Bu ifor menga chaqaloqligimdanoq tanish. Quchogʻiga singib ketaman. Onajon! Meni kechiring. Men buvimni Sizdan saaaal koʻproq yaxshi koʻraman…

Xayollarim oxushidan chiqaman.
— Chanelingdanam dahshatliroq bitta duhi bor! Bahs haliyam davom etardi…
Endi oʻzimni tahlil qila boshladim: Yoki men qishloqiman, yoki bu qizlar hech qachon buvisi bilan achomlashmagan…

Dildora MAVLYANOVA tayyorladi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.