Erkin Vohidov sheʼri: SAKKIZINCHI MART

0
2212
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh fidoyi, zaxmatkash ayollarni mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Farmonga koʻra birinchi marta elga munosib xizmat qilgan mashhur olim va ijodkorlarning ayollari ham mukofotlanishi yoʻlga qoʻyildi. Albatta, bu tahsinga loyiq. Buyuklarning mehribon, fidoyi rafiqalari safida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning turmush yoʻldoshi Vaxidova Gulchexra Gulyamovna ham «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi!

SAKKIZINCHI MART
Bukun oʻzgachadir jilvai olam,
Bukun oʻzgachadir borliqda xanda.
Bukun koʻzlarimga goʻyo quyosh ham,
Shafaq gulxanida tarang chirmanda.

Bukun tong egnida atlasdan koʻylak,
Shafaqqa oʻralgan qizlarday gulgun.
Ilk bora koʻz ochib chiqqan boychechak
Sanamlar qoʻliga intizor bukun.

Bukun goʻzallikning qutlugʻ ayyomi,
Qizlarning koʻklamga mosligidir bu.
Yuraklar limmo-lim muhabbat jomi,
Bahor kelganining rostligidir bu.

Ha, bukun elda ham, dilda ham bahor,
Shodlik xandalari falakka tutash.
Bukun ertalabdan yigitlar qator,
Attor doʻkonida atirlar talash.

Otaxon chollar ham tavoze bilan
Yetmish yillik yorin sizlab turibdi.
Bukun shoirlar ham oʻz bisotidan
Eng yaxshi baytlarni izlab turibdi.

Ovora boʻlmang, ey hassos shoirlar,
Ayol tasviriga ojiz erur sheʼr.
Chunki yor zulfining bir tolasiga
Tashbih topa olmay oʻtgan Alisher.

Sevgi asrorini izlamay qoʻying,
Topilmas narsani qidirmoq nechun?
Muhabbat sirini bilolmay oʻtgan
Karbalo dashtida ovora Majnun.

Ming yilcha muqaddam Hofizi Sheroz
Bir goʻzal xoliga boʻlgandi banda.
Tasavvur qilolmam, ne der edi u
Bukun anjumanda oʻzi boʻlganda.

Balki aytar edi u bir loyiq soʻz,
Balki tashbihlari boʻlar edi fosh.
Chunki, koʻzingizga teng qaysi yulduz,
Yuzingiz oldida nimadir quyosh?

Siz, axir, siynasi samoni quchgan,
Sizning izmingizda zaminu zamon.
Siz oy kemasida oy boʻlib uchgan,
Yorugʻ chehrangizdan olam charogʻon.

Bukun oʻzgachadir jilvai olam,
Bukun oʻzgachadir borliqda xanda.
Bukun koʻzlarimga hatto quyosh ham
Shafaq gulxanida tarang chirmanda.

Bukun ayyomingiz muborak qilib,
Zumurrad sepini yoyibdi bahor.
Bahoriy qizlarning husniday toʻlib
Olam goʻzalligi boʻlsin barqaror.

1971 yil

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.