Govard Kelli ota-onadan yetim qolgan juda kambagʻal oʻsmir bola edi. Non topish va oʻqish uchun uyma-uy yurib buyurilgan xizmatlarni bajarar, evaziga unga turli mayda-chuyda narsalarni berishardi.
Bir kuni choʻntagida bir sent ham qolmadi. Ochlikdan qiynalib ketdi va eng yaqin uyga borib, ovqat soʻrashga qaror qildi. U juda xijolat boʻldi, lekin uyga yaqinlashganda, uni qatʼiyat tuygʻusi egalladi: ular rad etadilar yoki nimadir berishlari mumkin. U qatʼiyat bilan qoʻngʻiroqqa qoʻl choʻzdi va tugmani bir necha marta bosdi. Ammo yosh va chiroyli qiz eshikni ochganda, Govard birdan jim boʻlib qoldi. Yaqinda paydo boʻlgan qatʼiyatdan asar ham qolmagandi. Shunchaki u qizdan ovqat soʻrashga uyaldi. U hayajondan duduqlanar ekan dedi:
– Sizdan… bir stakan suv soʻrasam boʻladimi? Qiz yigitning qorni ochligini tushundi va unga bir stakan sut olib keldi. Xovard uni sekin ichdi va soʻradi:
– Sizdan qancha qarzim bor?
– Siz menga hech narsa qarzdor emassiz, – deb javob berdi qiz. – Oyim menga hech qachon yaxshilik uchun hech haq olmaslikni oʻrgatgan.
–Unday boʻlsa, katta rahmat! – javob berdi Xovard.
Govard Kelli bu ostonani tark etgach, oʻzini nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham kuchliroq his qildi. U shunga amin edi: dunyoda shunday saxovatli, mehribon insonlar bor ekan, hammasi yaxshi boʻladi!
Koʻp yillar oʻtdi. Va bir kuni shu shaharda yashovchi yosh ayol ogʻir kasal boʻlib qoldi. Mahalliy shifokorlar nima qilishni bilmasdilar. Oxir-oqibat, uni tajribali mutaxassislar koʻrigidan oʻtkazish uchun katta shaharga yuborishga qaror qilishdi. Maslahatga taklif qilinganlar orasida doktor Xovard Kelli ham bor edi. Bu ayol kelgan shaharning nomini eshitib, yuzi yorishib ketdi. U darhol oʻrnidan turdi va ayol yotgan xonaga bordi. Yoʻldan charchab kelgan ayol uxlab yotardi. Doktor jimgina xonaga kirib, uni darhol tanidi. Ha, bu uni bir stakan sut bilan mehmon qilgan qiz edi. Kasallik tarixi va tahlil natijalarini oʻrgangach, shifokorning yuzi qorayib ketdi.
– U halokatga mahkum! Doktor oʻz kabinetiga qaytib, bir muddat jim oʻtirdi va nimalarnidir oʻylar edi. U oʻsha ayol haqida, unga yordam berishga ojizligi, taqdirning adolatsizligi haqida oʻyladi. Ammo, qanchalik koʻp oʻylasa, qarori shunchalik qatʼiylashdi. Nihoyat, u stuldan sakrab turdi va: «Yoʻq, men uni qutqarish uchun hamma ishni qilaman, bu mumkin emas!» dedi.
Oʻsha kundan boshlab doktor Xovard Kelli bemorga alohida eʼtibor qaratdi. Va qariyb sakkiz oylik uzoq va mashaqqatli kurashdan soʻng, doktor Kelli dahshatli kasallikni magʻlub etdi. Yosh ayolning hayotiga endi kasallik xavf solmasdi. Doktor Kelli shifoxonaning buxgalteriya boʻlimidan ayolning davolanishi uchun toʻlov hisobini soʻradi. Hisobni unga olib kelishganda, koʻrdiki, toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻ juda katta edi. Va bu ajablanarli emasdi — uni narigi dunyodan tortib olindi, deb aytish mumkin. Doktor Kelli ruchkani oldida, hisob varaqaning pastki qismiga nimadir yozdi va qogʻozni ayolning xonasiga olib borishni soʻradi.
Toʻlov qogʻozini olgan ayol uni ochishga qoʻrqdi. U bu toʻlovni amalga oshirish uchun umrining oxirigacha tinimsiz mehnat qilishiga ishonchi komil edi. Oxir-oqibat, oʻzini yengib, hisobni ochdi. Va uning eʼtiborini tortgan birinchi narsa qoʻlda yozilgan «Toʻlangan» degan yozuv edi.
Yozuv tagida shunday deyilgan: “Bir stakan sut bilan toʻliq toʻlangan. Doktor Xovard Kelli». Ayolning koʻzlaridan quvonch yoshlari oqdi, yuragi iliqlik va minnatdorlikka toʻldi.
Bu rivoyat yoki uydirma hikoya emas: Doktor Kelli (Hovard Kelli, 1858 — 1943) taniqli terapevt, Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi birinchi Jon Xopkins tibbiyot tadqiqot universiteti asoschilaridan biri. Doktor va unga berilgan bir stakan sut haqidagi hikoya ham haqiqat. Bu uning kotibi tomonidan qayd etilgan.
Internetdan Manzura BAXTIYOR tarjimasi.