Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevaga bagʻishlayman.
Mehringiz sheʼr bilan etganda izhor,
Mening yosh koʻnglimda koʻz ochgan bahor,
Tangrimdan oʻtinchim, Siz chekmang ozor,
Oʻzim bormagan kun sheʼrim boradi…
Siz deysiz, sheʼr keltir, moʻl keltiraman,
Dasta-dasta qizil gul keltiraman,
Gulga qoʻshib yoniq dil keltiraman,
Oʻzim bormagan kun sheʼrim boradi…
Satrlarda yorqin soʻzlar toʻqiymiz,
Yana davralarda sheʼrlar oʻqiymiz,
Koʻnglimizda zarra alam yoʻq deymiz,
Oʻzim bormagan kun sheʼrim boradi…
Entikib oʻqiymiz bir-birimizni,
Baxt bilan bezatib qalb qoʻrimizni,
Diydor-la poklaymiz shuurimizni,
Oʻzim bormagan kun sheʼrim boradi…
Ustozim, katta bogʻ yangligʻ yashnarsiz,
Saksondan, yuz yoshdan oshib yasharsiz,
Muborak kunlarga qadam tashlarsiz,
Oʻzim bormagan kun sheʼrim boradi…
Kelmoqda Ustozim, doʻstlar siylarga,
Salovotlar aytib, qushlar siylarga,
Muqaddas, oʻtnafas soʻzlar siylarga,
Oʻzim bormagan kun sheʼrim boradi…
Farogʻat XUDOYQULOVA, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Farogʻat Xudoyqulova oʻz sheʼrida adabiy tilda deyarli ishlatilmaydigan soʻzni qoʻllab, oʻzbek tilini boyitgan. Sheʼrda ishlatilgan siylamoq soʻzi xalq tilida yaʼni shevalarda koʻp ishlatiladi. Shuningdek, xalq dostonlarida ham uchraydi. Shoira Farogʻat Xudoyqulova oʻz sheʼrida ishlatilgan ushbu soʻzni shunday sharhlaydi: “Siylamoq – tabriklash, eʼzozlash, koʻnglini koʻtarmoq maʼnosida aytiladi”.
Xorazm shevasida ham shu manoda ishlatiladi, hurmat-u izzat qilish maʼnosi xam bor. “Qaynonangini siylayver, bir kun oʻzigga qaytadi” deya oʻgit berishadi ota — onalar uzatilayotgan qiziga. Oydin opani ham Alloh siylasin!!! Oxiratini obod qilsin!!!