Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining «Insonni oʻzgartirish orqali jamiyatni oʻzgartirish gʻoyasi» qanchalik ustuvor ekanligini bugun davrning oʻzi koʻrsatib turibdi. Ayniqsa, xalqimiz uchun bugungi sinovli damlarda inson oʻzini taftish qilishi, oʻziga chetdan nazar tashlashi, kerak boʻlsa oʻzini oʻzi qayta isloh qilishi kabi ogʻriqli kechadigan ruhiy va maʼnaviy tozarish jarayoniga ehtiyoj katta.
Bugun butun dunyodagi “faqat oʻzim boʻlay” qabilida yashashga oʻrgangan odamizod, oʻzidan ancha uzoqlashib ketdi. Oʻziga yana qaytishi oson kechmayapti. Zero, hozir dunyoning koʻplab eshiklari, chegaralari yoppasiga koronavirus oqibatida yopilayotgan bir paytda oʻzimizni imtihon qilish, vijdonimiz qoʻyadigan savollarga javob berish, vaziyatdan toʻgʻri xulosa chiqarishning ayni fursati.
Qolaversa, bugun qalbimiz, ruhiyatimiz, eʼtiqodimiz, fikrimizdagi oʻzgarishlarni bayon etish, bu borada bir-birimizni eshitishga har qachongidan koʻproq andarmonmiz.
Shu bois, yana bir xayrli ishga qoʻl urdik. Muloqotning manzil makonini ijtimoiy tarmoqqa koʻchirdik.
Shunday ekan, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzosi Farida Afruz tashabbusi bilan yangi “Fikrlar chorlovi” loyihasini eʼlon qiladi va shoiraning mazkur masala yuzasidan quyidagi murojaatini sizga yoʻllaydi.
Salom azizlarim!
Fayzi Bogʻimizdagi doʻstlarim!
Mana, bir necha kundirkim, uydamiz. Bu baxtmi, imtihonmi, musibatmi, sinovmi, xali unchalik tushunib yetganimiz yoʻq. Bunga biroz vaqt kerak boʻladi. Hammaga goʻzal sabr tilayman!
Men uyda oʻtirib, bu pandemiya muammolarining mohiyatini anglamoqchi boʻldim. Ammo savollarim koʻpayib ketdi. Javob esa…?!
Shuning uchun “Fikrlar chorlovi” guruhini tuzishga qaror qildikki, zora….
Oʻzi azaldan ayon, insoniyatning xatolari koʻp. Buning ustiga millatlarga xoslari ham bir talay.
Oʻzbeknikichi?! Toʻgʻri, yutuqlarimizning ham cheki yoʻq, aytaylik, mehmondoʻstmiz, bolajonmiz, mehribonmiz, sahiymiz, goʻzalmiz……. va ..va hokazolar. Kelinglar, bugun doʻppimizni yerga qoʻyib, oʻzimizni maqtamasdan, xato va qusurlarimiz haqida gaplashaylik. Til va dil birligi haqida qaygʻuraylik. Axir shu emasmi, bani basharni xarob etgan?!… Nega dunyo shu halokatga duchor boʻldi?! Xullas, gap koʻp…
Zero, chin iqror – tavbalarning onasi!
Endi vaqtimiz bor, endi hech narsani bahona qila olmaymiz.
Fikrlashaylik! Hamfikrlar dunyolar yaratgan! Fikrlar almashish maqsadida “Fikrlar chorlovi” guruhini yaratdik. Shuningdek, telegramda ham “Fikrlar chorlovi” guruhini tashkil etdik. Siz ham qoʻshiling va oʻzaro fikrlaringizni biz bilan oʻrtoqlashing.
Maqsad: vatandoshimizni, millatdoshimizni ravnaqini koʻrish.
Loyiha doirasida bildirilgan eng sara fikrlar Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy nashri “MILLIY TIKLANISH”da hamda partiyaning elektron manbalarida chop etiladi. Shuningdek, gujum.uz elektron nashrida yoritilishini ham kelishib oldik. Loyiha doirasida eng faol fikr yetakchilari shoira qalamiga mansub ijod namunalari bilan ragʻbatlantiriladi hamda ular bilan alohida koʻrsatuv tayyorlanadi. Shuningdek, eng sara fikrlar “FIKRLAR CHORLOVI” toʻplamida chop etiladi.
Feruza MUHAMMEDJONOVA, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi oʻrinbosari