OʻzAda xalqimizning sevimli nashri haqida ustozlar va hamkasblarning chiqishlarini oʻqib jim turishning iloji boʻlmadi.
Haqiqatan ham koʻp gapirildi, koʻp yozildi. Biroq matbuotning kelajagini uzil-kesil hal qilmaslikning iloji qolmadi hisob. U endi yo yashab qoladi, yoki jomboylik doʻstimiz yozganidek, dinozavrlar kabi qirilib ketadi. Tan olish kerak, haqiqatan ham gazetalarning aksariyati jar yoqasiga kelib qolgan. Ularni qutqarib qolish yoki qolmaslik masalasi har qachongidan ham koʻndalang boʻlib qolmoqda.
Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, dunyoda har qanday bosma nashr, u qanchalik erkin va mustaqil boʻlishga urinmasin, albatta, biznes doiralar yoki siyosiy kuchlar, qolaversa hukumat bilan bevosita hamkorlikda faoliyat olib boradi. Albatta sof nazariy jihatdan ommaviy medianing tabiati buni inkor etadi. Chunki OAV uchun har tomonlama mustaqil boʻlish uning kuchi-qudratini belgilaydi.
Biroq amaliyotdagi sharoitlar har doim ham biz istagandek oson kechmaydi. Iqtisodiy jihatdan emin-erkin faoliyat yuritish konseptual yondashuv hamda koʻp tomonlama bahamjihatlikni talab etadi. Shu sababdan hozirgi davrda gazetalar turli strategiyalarni ishga solmoqda. Misol uchun, nashrlarni bepul tarqatish orqali auditoriyani ushlab qolishga harakat qilmoqda. Tahririyatlarning ayrimlari reklama beruvchilarga tayansa, baʼzilari hukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni afzal bilmoqda.
AQSH tajribasi. New York Times Co. kompaniyasi Bostondagi bepul gazetalardan biriga 16,5 million dollar sarmoya kiritgani bejiz emas. Chunki amaliyotda bepul gazeta chop etish yangicha biznes strategiya ekanligini mamlakatdagi ayrim noshirlar soʻngi yillarda isbotlashga ulgurdi. Shundan soʻng “The Washington Post”, “Chicago Tribune”, “Chicago Sun-Times” va “The Dallas Morning News” ham bunday gʻoyadan chetda qolib ketmadi. Ular gazetalarni tekin tarqatish yoʻli bilan raqobatchilarni yengish va yoshlarni gazeta oʻqishga qaytarishga urinmoqda. Qolaversa, yoshlar auditoriyasini jamlash orqasidan yangi reklama beruvchi hamkorlarni topish nihoyatda muhim vazifa hisoblanadi.
Toʻgʻri, anʼanaviy OAV auditoriyasi yosh jihatdan qarib bormoqda. Shu sababdan ham bepul gazetalarning koʻpaytirilishiga samarali va kerakli strategiya deb qaralmoqda. Yoshlarning gazeta oʻqimay qoʻyganliklari dastidan koʻrilgan zarar boʻyicha ayrim statistik maʼlumotlarga eʼtibor beraylik. AQSH gazetachilarining “Newspaper Association of America” (NAA) assotsiatsiyasi oʻtkazgan ijtimoiy soʻrovlar natijasiga koʻra, hozirgi paytda yoshlarning bor-yoʻgʻi 17 foiz gazeta obunachilari ekan. Shu sababdan 2000 yilda rekord darajaga chiqqan, yaʼni umumiy yillik hisobla 48 milliard dollardan iborat boʻlgan gazeta reklamalari miqdori 2004 yilga kelib 46 milliardga tushib qolgan va undan keyingi yillar davomida esa keskin kamayib ketgan. Albatta aholining yosh va faol qatlami gazeta oʻqimas ekan unda beriladigan reklamalarning kutish mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.
Ana shunday vaziyatda bepul gazetalar tarqatish orqali qanday naf koʻrish mumkin? Bu savolga aniq javob hozircha yoʻq. Biroq Belo Corp. kompaniyasining Dallasda chop etiladigan va tekinga tarqatiladigan “Quick” gazetasiga 200 dan ortiq yangi reklama beruvchilar hamkorlik qilishni taklif etgan va natijada 10 million dollar daromad olingan. Amerikalik gazeta iqtisodchisi Maylz Grouv (Miles Grove) eʼtiroficha, bepul gazeta uchun bu koʻrsatkich yomon emas.
Mamlakatda keyingi 20 yil ichida 18-24 yoshli gazeta oʻquvchilari soni 55 foizga kamaygan. Noshirlarning umid qilishlaricha, bepul gazeta tarqatish orqali yoshlarni gazeta oʻqishga qiziqtirish va eng asosiysi, ularni kelajakda potensial obunachiga aylantirish mumkin.
Ayni paytning oʻzida ham daromadni oshirish mumkin. Chunki “X va Y” avlodi gazeta oʻqiy boshlasa, oʻz-oʻzidan reklama beruvchi firmalar ham koʻpaya boradi. Natijada yaxshigina foyda qoʻlga kiritiladi. Ammo ekspertlar fikricha, gazetalarni bepul tarqatishning salbiy oqibati ham bor. Misol uchun, oʻquvchi yangiliklarni tekinga olishga koʻnikib qolsa, payti kelib unga pul toʻlashni istamasligi mumkin. Yana bitta salbiy tomoni: odatda bepul gazetalar tili pullik gazetalarga nisbatan ancha sodda va joʻn boʻladi. Bunday holatning koʻp davom etishi nafaqat kontentning, balki jurnalistikaning ham sifatiga jiddiy zarar keltirishi ehtimoldan holi emas.
Rossiyadagi holat. Rossiyada birinchi bepul gazeta –ingliz tilidagi Moscow Times 1992 yildan boshlab chop etila boshlagan. 2007 yilga kelib mamlakatdagi tekin gazetalar bozori ancha rivojlandi. Chunki ular bir tomondan oʻquvchilar orasida ommalashdi, ikkinchi tomondan esa reklama beruvchilarning eʼtiborini tortdi.
Moskvada keyingi yillarda bepul gazetalar oʻz pozitsiyalarini mustahkamlab oldi. Masalan, 2006 yilning sentyabr oyidan boshlab chop etilayotgan ushbu yoʻnalishdagi eng yirik “Moy rayon” gazetasining hozirgi tiraji 1 million 400 mingga yetdi. U asosan mamlakat poytaxti tumanlarida va Sankt-Peterburg shahrida tarqatiladi.
Yana bir ommabop bepul gazeta “Metro” anʼanaviy “Moskovskiy komsomolets” va “Komsomolskaya pravda” bilan bellashmoqda. Ushbu gazeta Moskva metropolitenining 108 ta bekati, “Sedmoy Kontinent”, “Perekrestok” va “Ramstor” kabi yirik supermarketlarda tarqatiladi. Ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻlgan yana boshqa jihatlar ham bor. “Metro” gazetasi kontent va dizaynni muntazam ravishda modernizatsiya qilib boradi. Shuningdek, tarqatish hududlarini kengaytirish barobarida reklama boʻyicha nostandart takliflar bilan chiqmoqda. Shu bois u bilan hamkorlik qilish istagidagi kompaniyalar soni kamaymayapti.
Yuqoridagi bepul gazeta qatoriga “Sobesednik. Moskovskiy pochtoviʼy viʼpusk”, “Roditelskiy dom” va “Vmeste” kabi nashrlar ham qoʻshildi. Aytmoqchi “Roditelskiy dom” gazetasini tashkil etish gʻoyasi Moskva shahrining meriga tegishli boʻlib, u 110 ming tirajda bosib chiqarilmoqda.
Bolalar uchun moʻljallangan “Vmeste” gazetasi esa Xalqaro bolalar kuniga bagʻishlab chiqarila boshlangan. Adadi 10 mingdan ziyod. Har ikkala gazeta “Moskovskiy komsomolets” nashriyot uyi tomonidan Moskva shahar jamoatchilik bilan aloqalar qoʻmitasi bilan hamkorlikda chop etilmoqda. Umuman olganda Moskva prefekturalari va tumanlari (uprava) tomonidan 130 xildagi bosma nashrlar bir martalik 4 million tirajda bosmadan chiqariladi. Bepul gazetalar Rossiyaning chekka hududlarida ham faoliyat olib bormoqda. Federal boshqaruv organlari aynan shu kabi gazetalar orqali oʻz gʻoyalarini targʻib qiladi. Shuningdek, ularga siyosiy-ijtimoiy axborot manbai sifatida qaraydi.
Gazetaning tiraji qancha koʻpaysa, nafaqat tahririyat xodimlarining moliyaviy ahvoli yaxshilanadi, balki nashrlarni tarqatuvchi pochta va boshqa kuryerlik xizmatlarida ham qoʻshimcha ish joylari paydo boʻlishiga zamin yaratadi.
Biroq media makondagi axborot bosimi shu qadar kuchayib ketdiki, oddiy oʻquvchi, ayniqsa, media savodxonligi boʻlmagan inson, oqni qoradan ajrata olmay, ana shu axborot girdobiga gʻarq boʻlib ketishi hech gap emas. Shu maʼnoda taniqli oʻzbek olimi va yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad aytganidek, “insoniyat tarixida tosh asri, bronza asri, temir asr va yana boshqa asrlar koʻplab boʻlgan. Eng achinarlisi, ular oʻz-oʻzini birin-ketin, ich-ichidan kemirib tamom qilgan. Shu sababdan hozirgi asrda axborotni boshqaruvini, uning jilovini oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, u ertaga bizni boshqaradi, oʻziga qul qilib qoʻyadi. Bunga esa aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”.
Rossiyada hukumat olib borayotgan siyosatga qarshi boʻlmagan barcha nashrlar davlat koʻmagiga tayanadi. Ayniqsa, hududlarda yashaydigan aholining 65 foizi gazeta oʻqishga qiziqishini eʼtiborga olib, hatto ular uchun keng moliyaviy-iqtisodiy preferensiyalar berib kelinadi.
Biroq har qanday sharoitda matbuot tashqi yoki ichki iqtisodiy koʻmaksiz oʻzicha faoliyat yuritishi qiyin. Jurnalistika sohasi amaliyotda biznes yoki siyosat bilan birgalikda, hamohanglikda, teng hamkorlikka tayangan holda erkin faoliyat yuritishi mumkin.
Shunday ekan, gazetalarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi biznes doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar yoki hukumat institutlari albatta boʻlishi kerak”.
Ammo real hayot buning aksini koʻrsatayotgan holatlar juda koʻp. Misol uchun, matbuot va soʻz erkinligini taʼminlash boʻyicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatorida kelayotgan Finlyandiya gazetalariga davlat byudjetidan muntazam ravishda subsidiyalar ajratib keladi. Demak, koʻrinib turibdiki, ushbu mamlakat hukumati davriy nashrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlasa-da, tahririyatlarning ichki ijodiy ishlari mundarijasiga aralashmaydi.
Muhimi, Finlyandiyadagi gazetalar bizda hozir urf boʻlgan “loyiha” uchun emas, balki gazetaning oʻzi uchun davlatdan moliyaviy yordam oladi. Bu mamlakatda aholini davriy nashrlar bilan taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratish orqali xalqqa sifatli va ishonchi axborot yetkazib berilmoqda.
Afsuski, keyingi yillar davomida respublikamizda matbuotni oʻquvchilarning uylariga yetkazib berish tizimida yuz bergan sunʼiy toʻsiqlar, pochta xizmatlarining qimmatlashuvi vaziyatni bir muncha chigallashtirdi. Bu qimmatlashuv oʻz-oʻzidan obuna narxiga ham salbiy taʼsir oʻtkazishi oqibatida doimiy obunachilar soni keskin kamayib ketdi. Negaki, ayrim gazetalarning bir yillik obunasi qariyb besh yuz mingdan bir milliongacha yetib qoldi.
Tasavvur qiling, respublikada eng oʻqimishli 200-300 ta nashrimiz borligini inobatga olsak, bir oila hech boʻlmasa ulardan 3-4 tasiga obuna boʻlishi uchun 1-2 oy davomida olgan maoshini, hatto non yemasdan toʻliq obunaga oʻtkazib yuborishi kerak boʻladi. Demak, obuna narxlarini maksimal darajada tushirish kerak. Uni faqat pochta xizmati hisobidan emas, balki qogʻoz, bosmaxona va ofis xarajatlari hisobidan ham umuman qayta koʻrib chiqish kerak.
Yana bir muhim jihat. Ming maqtanmaylik, reklama bozori ham biz kutgan darajada rivojlanib ketmadi. Ular bor-yoʻgʻi tabriklar va eʼlonlar darajasida qolib ketmoqda. Kelinglar, jomboylik hamkasbimiz yaqinda kinoya bilan yozganidek gazetalarning dinozavrlar kabi qirilib ketishiga jimgina qarab turmaylik. Chunki texnika va texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, bosma soʻzning kuchi-qudratini hozircha hech kim inkor etgani yoʻq, eta olmaydi ham.
Matbuot yashab qolishi, jamiyatga foyda keltirishi, ishonchli axborot yetkazishni davom ettirishi kerak. Nahotki… shunchalik befarqmiz? Qani hotamtoy ogʻaynilar? Savobtalab ishbilarmon, tujjor, gazetxon xalqni oʻylaydigan bir azamat yoʻqmi? Axir bu nashrni faqat poytaxtdamas, butun Oʻzbekiston boʻylab oʻqiydigan mushtariylar koʻp edi-ku. 101 yildan buyon chop etib kelinayotgan tarixiy va shu bilan birga ilgʻor “Hurriyat” endi kerak boʻlmay qoldimi bizga?
Esimda… oʻtgan sentyabr-oktyabr oylarida Andijondan tortib, to Nukusgacha borganimda qanchadan-qancha jurnalistlar gazetaning har bir sonini intiqlik bilan kutishlarini, berilayotgan maqolalarning ular uchun “juda qiziqarli va foydali” ekanligini eʼtirof etishgandi. Bundan tashqari, xabaringiz bor, nashrning dizayni ham ancha zamonaviylashtirilgandi. Nahotki, uni shunday ogʻir sharoitda oʻz holiga tashlab qoʻysak?
Bosh muharrir “hali bularni yangi yil sonlarida beramiz, oʻquvchilarimiz bir rohatlanib oʻqishsin!” deb ancha-muncha yangi materiallarni yigʻib qoʻygandi. Bu soʻzlarni voqelikdan bevosita xabardorligimdan, gazetaning ashaddiy muxlisi ekanligimdan va azbaroyi achinganimdan yozyapman. Uzr, milliy jurnalistika tarixi bizni ertaga kechirmasligi mumkin.