Xalq ogʻzaki ijodi ruhiyatida yozilgan ushbu sheʼr qoʻshiqdek koʻngillarga oqib kiradi. Yurt tinchligi, dalalar fayzi, qir-adrlar chiroyi, shildirab oqqan ariqlar sadosi, zaminning shukri boʻlib, yurtimizning yozi taʼrifu tavsifida mehrlarni mehrlarga ulaydi.
Aylanayin sendan soʻzi donishmand xalqimizni, momo-yu bobolarimizning qalb qoʻrini eslatadi. Aylanayin sendan, yurtimning yozi! Boʻliq bugʻdoyzorlar – dalalar rozi. Bu satrlar qoʻshiqning naqorati boʻlishga arziydi.
YURTIMNING YOZI
Shildirab-shildirab oqqan ariqlar,
Angladim, zaminning shukri, ovozi.
Olov atirgullar – soʻlim oshiqlar,
Aylanayin sendan, yurtimning yozi.
Alvon shafaq kabi yuzi qizarmish,
Va yo bu shunchaki, olmalar nozi.
Qushchalar tilida sanoyi xonish,
Aylanayin sendan, yurtimning yozi.
Charos – bogʻ-rogʻlarning munis nigohi,
Bir hikmat xabari olcha-gilosi.
Taʼrif-tavsifingni topolmam gohi,
Aylanayin sendan, yurtimning yozi.
Men mehr koʻraman quyosh taftida,
Boʻliq bugʻdoyzorlar – dalalar rozi.
Osmon ham eʼzozda daryo kaftida,
Aylanayin sendan, yurtimning yozi.
Ey magʻrur togʻlarim, ibrat maktabi,
Dilbandlar quvonchi dillar bayozi.
Neʼmatlar shukridan qalblar matlabi,
Aylanayin sendan, yurtimning yozi.
Iftixor hissidan dillar nurafshon,
Tuganmas yuraklar fayzi, fayozi.
Men munojot aylar kuychi shoirman,
Aylanayin sendan, yurtimning yozi…
YASHAMOQ KURASHDIR…
Shoirning quyidagi sheʼri olamning kengliklari, goʻzalliklari ila kemtiklari ifodalanganligi bilan fikrlashga undaydi. Darhaqiqat, shoir kuylaganidek, Hech nega qodirmas bu tosh xudolar…
Tong sahar.
Dehlida koʻrib qoldim men,
Bahaybat toshsanam qarshisida qiz.
Koʻrdimu koʻp gʻamgin oʻyga toldim men,
Sanamga yigʻlardi choʻkkanicha tiz.
Taassuf, tilini bilmayman uning,
Bilmayman, ne uchun chekmoqda figʻon.
Toshlarni parchalab yuborgudek mung –
Shundoq kiprigida turgandayin jon.
Balki jon talashib shifoxonda,
Mehribon onasi yotgandir bemor.
Muqaddas, munis zot – ona, ona-da,
Shifolar tilayman koʻzlari xumor.
Axir, bor narsa-ku qazoi qadar,
Hammasi oʻtkinchi, sarobdir dunyo.
Olamda muborak zot erur padar,
U ham otasidan ayrilganmi yo.
Ehtimol, yorga dil berib, nadomat,
Koʻrmaganmikin yo sadoqat, vafo.
Baribir muhabbat pokiza neʼmat,
Baxtiyor qay dilda bersa u sado.
Ming afsus, tilini bilmayman uning,
Ne oʻzi qalbini oʻrtagan armon.
Toshlarni parchalab yuborgudek mung –
Shundoq kiprigida turgandayin jon.
Alloh bor,
Madadkor,
Yigʻini bas qil,
Koʻksim yorib chiqdi oʻtligʻ nidolar.
Yashamoq kurashdir,
Boʻl bardam, dadil,
Hech nega qodirmas bu tosh xudolar.
ILTIJO
Har ne qilsang, oshiq qilgʻil, parvardigoro.
Xoja Ahmad Yassaviy
Shoir kuylaganidek, maftunkorlik koʻngillarni yayratadigan qoʻshiq. Yashash, maftun boʻlish sheʼrda kuylaganidek yalpizlarning iforidek yoqimli, uning yaprogʻidek oʻtkinchi — bahoru yozlik! Yassaviyona oshiqlik koʻngillar osoyishtaligi, oxirat, abadiyat! Oshiq qilgin, Xudoyima, oshiq qilgin!
Borimsan-ku, dunyo menga borliqmidir,
Yoki umrim zulmatlarga tortiqmidir.
Yozuqlarim dil qatli-chun yorliqmidir,
Oshiq qilgin, Xudoyima, oshiq qilgin,
Bu barhayot koʻngullarda qoʻshiq qilgin.
Duldullarim yulduz sochar tuyogʻidan,
Qutulmadim hamon dunning siyohidan,
Mening umrim yalpizlarning yaprogʻida,
Oshiq qilgin, Xudoyima, oshiq qilgin,
Bu barhayot koʻngillarda qoʻshiq qilgin.
Alvon-alvon gullar oqar dildaraga,
Yolvoraman dilim boʻl, deb dildoraga.
Qachon rahming keladi-yey bechoraga?
Oshiq qilgin, Xudoyima, oshiq qilgin,
Bu barhayot koʻngullarda qoʻshiq qilgin.
Nima kelsa, sendan kelsin, qahring gulim,
Nima tutsang neʼmat hatto zahring, gulim.
Koʻkayimnnng koʻzlarida qahring, gulim,
Oshiq qilgin, Xudoyima, oshiq qilgin,
Bu barhayot koʻngullarda qoʻshiq qilgin.
Nigohimda miltillagan hayratim – jon,
Izillagan izgʻirinlar yo imtihon.
Aslim oʻzim, faslim oʻzing, vasling qachon,
Oshiq qilgin, Xudoyima, oshiq qilgin,
Bu barhayot koʻngullarda qoʻshiq qilgin.