Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Guliston Matyoqubovaning QISMAT QISSALARI (Dostonlar, sheʼrlar) nomli yangi kitobi «Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etildi. Ushbu kitobga bitilgan soʻngsoʻz muallifi Oʻtkir Rahmatning fikru eʼtirofini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Haqiqiy sheʼriyatni chamanzorga, gulistonga qiyoslash mumkin. Gulzor betakror ifori bilan yon-atrofni xushboʻylarga burkaganidek yuksak did bilan yaratilgan sheʼr ham necha-necha dillarga ana shunday xushboʻylarni yetaklab kiradi. Shu sabab boʻlsa kerakki, gulzor oshuftasi boʻlmish bulbul bundan sarmast boʻlib, berilib kuylashga tushadi. Uning har xonishidan ishq va muhabbat ohanglarini tuya boshlaysiz. Bu ohanglar Vatanga, elga muhabbat va shu zaminga sadoqat tuygʻulari bilan uygʻunlashib ketganligi bois ulardan oʻzgacha rohat olasiz.
Har safar Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, senator Guliston Matyoqubova (Annaqilicheva)ning sheʼrlarini, magʻzi toʻq dostonlarini, goʻzal esselarini, hikoyalari va badialarini mutolaa qilganimda, oʻzimni beixtiyor shu adabiyot boʻstonida kezayotgandek, bu bogʻdagi har bir guldan bahra olayotgandek his etaman oʻzimni.
Hamon yodimda, bundan koʻp yillar burun xizmat safari bilan yoʻlimiz Qoraqalpoq zaminiga tushgandi. Gulistonni oʻshanda ilk bora koʻrgandim. Kamsuqum, kamtarin, ammo koʻz va soʻzlaridan oʻt chaqnab turgan yoshgina shoira qiz berilib sheʼr oʻqidi. U sheʼr oʻqirkan, nafis gullarning xushboʻy ifori dimoqqa kelib urilgandek boʻldi. Shoira sheʼrining mayin atri boshqalar qatorida meni beixtiyor oʻziga asir etdi va qalbimizga yorugʻlik olib kirdi. Shundan buyon Guliston sheʼrlarining shaydosiman, shundan beri uning xush iforlarga yoʻgʻrilgan sheʼriyati adabiyot ixlosmandlari koʻnglini ezgulikka yoʻllab turadi va azaliy qadriyatlarga oshno etib, ruhini oppoq tuygʻular, boqiy fazilatlar bilan toʻyintirib keladi.
Guliston Matyoqubova Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl shahrida tugʻildi. Bu qadimiy oʻlkada oʻzbeklar, qoraqalpoqlar, qozoqlar, turkmanlar azaldan bir yoqadan bosh chiqarib, ahil-inoq, totuv yashab keladi. Ular bir-birining tilini ham, dilini ham yaxshi biladi. Shu bois turli millat vakillari oʻzaro qiz olib, qiz beradi, oʻgʻil uylantiradi, quda-anda boʻladi. Farzandlari koʻhna Jayxun boʻylarida, tarixiy ildizlari chuqur ketgan qoʻrgʻonlarda, bir tomoni bugun odamlardan imdod kutib ogʻir nafas olayotgan Orol dengiziga, bir tomoni Qizilqum choʻllariga tutash bepoyon kengliklarda birga oʻynab, doʻst boʻlib, yelkama-yelka mehnat zavqini tuyib ulgʻayadi. Bir-biridan oʻrganadi, bir-biriga oʻrgatadi. Inchunin, ular oqil, dono, bagʻrikeng, sabotli, matonatli elning farzandlaridir. Bu xalqlarning bugungi kunda ham katta sinovlarga bardosh berib, tabiat injiqliklariga qarshi mardona kurashib kelayotganliklari soʻzlarimizning yaqqol isbotdir.
Alqissa, Guliston mana shunday sifatlarga ega xalq orasida oʻsib, kamolga yetdi. Ona tili va adabiyoti bilan birga, qon-qardosh qoraqalpoq xalqining betakror qadriyatlari, urf-odatlari, tili va ogʻzaki ijodiyotini, dostonu matallari, termalari chashmasidan suv ichib ulgʻaydi. Shevalaridagi eng nafis ifodalarni, eng nozik qochirimlarni-da puxta oʻzlashtirdi. Shu bois shoira ijodida donishmandlik va teranlik hamda soʻzning bor viqoru qudrati yorqin namoyon boʻladi.
Qoraqalpoq zaminida insonni hayotning oʻzi tarbiyalaydi, sinovlarda toblab, ulgʻaytiradi, desak mubolagʻa emas. Bu Gulistonning ijodida ham ochiq sezilib turadi.
Shoiraning 1965 yilda, endi 17 yoshga qadam paytda bitgan «Yoshligim» nomli ajoyib bir sheʼri bor. Undan hali turmush zarbalaridan peshonasi «gʻurra» boʻlmagan, turfa xil chigalliklar tufayli sarson-sargardonliklarga uchramagan murgʻak qalb kechinmalari oʻrin olgan, unda ifoda etilgan yoshi ulugʻ, tajribali ijodkorlarda uchraydigan donishmandlik va teranlikdan hanuz taajjubga tushaman.
Yoshlik, sen umrimning koʻrkam faslisan,
Quvnoq hayotimning bahorisan sen,
– deydi shoira sheʼr avvalida. Uning davomidan yoshlikka xos shoʻxlik, oʻyin-kulgiga esh oʻtkinchi hissiyotlar ifodasini kutasiz. Biroq shoira qalam tutgan boshqa tengdoshlaridan umuman farq qiladi. Hayot, borliqning oʻzi «quyoshdek nur sochib» fikrini yoritgan, qalbi hayajondan xuddi dengiz kabi mavj urib tursa-da, dilida dilrabo kuylar yangrasa-da, umrining eng yorqin pallasiga zalvarli soʻroqlarni beradi:
O, yoshligim, buncha qayga shoshasan,
Hali ekin ekib, bogʻ yaratdingmi?
Daryodek mavjlanib, qayga oqasan,
Hali xalq ishonchin ado etdingmi?
Yoshligidayoq bunday muhim savollarga javob izlagan va ularga oʻz amali bilan javob berishga intilgan shoiraning iqbol yulduzi porlashi kerak edi va shunday boʻldi.
Guliston Matyoqubova yarim asrdan moʻlroq joʻshqin faoliyati davomida nafaqat ulugʻ choʻqqilarga mengzagulik ijodiy marralarni zabt etdi, ayni chogʻda necha-necha qalblarda ezgulik bogʻlarini yaratdi, undan muhimi, soʻzi va amali bilan xalqimizning ishonchini qozondi. Buni u 1984 – 2005 yillarda, 4 chaqiriqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, 2005 – 2010 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputat sifatida saylangani misolida ham koʻrsa boʻladi. Hozirda u «Qoraqalpoq adabiyoti» gazetasi bosh muharriri boʻlish bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.
Guliston Matyoqubovaning ijodi qanchalik samarali ekanligini bilish uchun uning chop etilgan kitoblarini bir qur yodga olishning oʻzi kifoyadir. Shu paytga qadar ijodkorning «Hayajonning yetti rangi», «Oydin ostona», «Sevib qolsin», «Daryoga botayotgan quyosh», «Izlaganlarim», «Oybaldoq», «Muhabbat yurti», «Saylanma», «Koʻksimdagi nur» kabi kitoblari yorugʻlik yuzini koʻrgan boʻlib, ular allaqachon mutolaasevar xalqimizning maʼnaviy merosiga aylanib ulgurgan.
Shoiraning koʻp yillik oʻquvchisi va bir ijodkor oʻlaroq, uni oʻquvchiga sevimli qilgan jihat haqida xoʻp oʻylaganman. Anglaganim va bor haqiqat shuki, Gulistonning tuygʻularida yolgʻon yoʻq, hammasi tabiiy va samimiy, har bir misrasida boshqalarnikiga oʻxshamaydigan oʻziga xos yuksak did, badiiyat mujassam. Albatta, yuksak insoniy tuygʻularning bunday badiiy talqinlari misralar orqali shoira qalbidan boshqa yuzlab qalblarga koʻchib oʻtadi.
U ona-Vatanning bebaholigi, tabiat goʻzalligi, muhabbat sehri, sogʻinchu visol baxti haqida yozadimi yoki ayriliq iztirobini yoxud Orol dardini qogʻozga tushiradimi, hayotning achchiq-chuchugi va chigalliklarini qalamga oladimi, farqi yoʻq, siyqasi chiqib ketgan iborayu soʻzlardan qochadi, aravani quruq olib qochmaydi. Aksincha, koʻngilga xush yoqadigan, yurakning tub-tubiga yetib boradigan ibora va soʻzlarni yuksak didli ijodkor sifatida topadi, topmagunicha tinim bilmaydi. Shu boisdan ham uning oʻxshatishlari jonli, istioralari goʻzal chiqadi, tasvirlari xuddi sevimli kinotasmasi yangligʻ koʻz oldingizdan bir-bir oʻta boshlaydi. Natijada adib quvonganida siz ham shod-xurram boʻlasiz, aksincha, gʻam-anduh chekkanida qaygʻuga botasiz, unga qoʻshilib yigʻlaysiz. Gapning boʻlarini aytganda, bunday iqtidor har bir ijodkorga-da nasib etavermaydi. Bunday qalamkashlarni Qalam Sohibining oʻzi ulugʻ qilib yaratgan boʻladi. Bundan boshqacha boʻlishi mumkin emas.
Shoiraning aksar sheʼrlarida hayotga cheksiz muhabbat nur sochib turadi. Bu jihatdan uning «Vaqt ertaklari» sarlavhali sheʼrini alohida ajratib koʻrsatish mumkin. Asarning boshlamasidayoq shoira:
Mening olamimda boʻshliqlar yoʻqdir,
Cheksizliklarida uzoq manzillar.
Zulmatlar yoʻq unda, nurlar toʻkilib,
Faqat bahor boʻlib qolgan fasllar,
– deya oʻquvchilarga farahbaxsh hislar ulashadi. Soʻngra lirik qahramon olamida mayin ohanglar hukmronligi, ishq toʻlqinida yulduzlar kuylashi, rangdor tonglar jilosi, vaqt ertaklari sehrga yoʻgʻrilishiga guvoh boʻlasiz. Uning yaxshiliklar gullovchi olamida yolgʻonlar yoʻq, hatto rashk ham nafis bir hikmatga yoʻgʻrilgan, dengizlar mohiyat yaratsa, daryolar aql nurlaridan toshadi.
Shoiraning pozitiv tuygʻulari shu qadar baland choʻqqiga koʻtariladiki, u bunday baland ruhni qayerdan oldi ekan, deya hayratga tushasiz. Buning siri asar yakunida ochiladi. Lirik qahramon qalbida sevgi olovi alangalangan – bu Yaratganga, Vatanga, yorga, yaqinlariga boʻlgan adoqsiz muhabbat. Shu bois uning hayratlari, hayajoni beqiyos, oppoq nurlarga toʻla:
Soʻz bilan hayratni chizib berolmam,
Soʻz bilan chizolmam muhabbatni ham.
Bir tomchi shudringda dengiz koʻrinsa,
Bir dona lolada yer kurrasi jam.
Ijodkorning vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat, xalqparvarlik tuygʻusi keng oʻrin egallagan, istiqlolimizning beqiyos qadri, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan hayotbaxsh oʻzgarishlar mohiyati ochib berilgan asarlari ham bisyor. Ulardagi oʻtli ruh, harorat tezda kitobxonga ham yuqadi. Chunki ularda bu oliyjanob tushunchalar, kechinmalar yuksak pardalarda kuylanadi. Shoiraning «Vatan, bagʻring quyosh, boshlaring osmon» turkumidagi va boshqa shu mavzuda bitilgan oʻnlab sheʼrlari xususida ham ayni shu fikrni aytish mumkin.
Ana shunday bitiklarining birida shoira aziz yurtga «Ona yuragidan boshlangan goʻsha», deya taʼrif beradi. Qarang, «Vatan ostonadan boshlanadi», degan gapni koʻp aytamiz. Ammo shoira bu tashbehni hamma bilganidek emas, yanada maʼnosi chuqurroq, zalvarliroq, taʼsirchanroq ifodalaydi.
Shoira «Jannat yurtim – Oʻzbekistonim» sheʼrida Vatanga muhabbatni qanotli tulporga oʻxshatadi. Uning shiddati ona yurt shaʼnini yangilashini, kuchli, ulugʻvor, zalvarli qadamlari nafaqat hur zaminni, balki butun olam gulshanini bezashini badiiyat tilida uqtiradi:
Vatan muhabbati – qanotli tulpor,
Shiddati yangilar ona yurt shaʼnin.
Zalvarli qadaming kuchli, ulugʻvor,
Bezagay hur zamin – olam gulshanin.
Toʻgʻri, shoiraning vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlarining ayrimlarida baʼzi balandparvoz jumlalarni, hammamizga yod boʻlib ketgan oʻxshatishlarni, badiiyatdan xoli iboralarni ham uchratamiz. Lekin bu tuygʻular shoiraning qalb tugʻyonlari ekanini, har bir insonning ularni oʻz ovozi bilan qogʻozga tushirishga haqqi borligini hisobga olsak, bu holni kamchilik sifatida emas, balki fazilat oʻlaroq qabul qilish mumkin boʻladi.
Oʻtgan asrning 90-yillarida zamonaviy sheʼriyatimizning choʻqqilaridan biri – Zulfiya Guliston Matyoqubova ijodiga yuqori baho berib, quyidagi fikrlarni yozgandi:
«… Guliston oʻzining boy mulkiga ega shoir. Bu shunday mulkki, unda tugʻyonlar alangalanib, teranlikka va mahoratga aylangani sabab, sheʼrlari dilimizga yaqin».
Albatta, bu eʼtiroflar bejiz emas. Yillar oʻtsa-da, bu bahoning ohori toʻkilgani, qimmatini yoʻqotgani yoʻq. Guliston sheʼriyati masofa bilmas fazilati, sehri, jozibasi oʻquvchilar qalbini toʻlqinlantirishda davom etmoqda.
Shoirani bugun nafaqat oʻzbek va qoraqalpoq xalqi sevib-ardoqlaydi, balki u «Zemlya otsov», «Jurek penen juzbe juz», «Nurliʼ jollar», «Prekrasnoye chuvstvo», «Amioʻ jagʻasiʼnda osken bayterek», «Intizarliʼq» va boshqa kitoblari, rus, turk, turkman, nemis tillariga tarjima qilingan asarlari bilan turli xalqlar adabiyot ixlosmandlari uchun ham yaxshi tanish. Shu bois xalqaro mutaxassis va adabiyotshunoslar eʼtirofiga sazovor boʻlib kelmoqda.
Uning Moskvadagi «Tvorchestvo narodov mira» xalqaro assotsiatsiyasi laureati boʻlgani ham, oʻylaymanki, bu boradagi taʼrifu tavsifimiz bejiz emasligi tasdiqlaydi.
Guliston Matyoqubova milliy adabiyotimiz, madaniy-maʼnaviy hayotimiz rivojidagi hissasi, yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari inobatga olinib, «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi», «Qoraqalpogʻiston xalq shoirasi» faxriy unvonlari bilan mukofotlangan.
Gulistonning hayoti ham, feʼl-atvori ham, jismi ham ismiga monand. Guldek koʻrkam, nafis va beozor. Birovlarga zulm qilgani, firib berganini hech eshitmaganmiz. Goʻzallikka oshufta, boshqalarga qoʻldan kelgan yordamini ayamaydigan shoira bir sheʼriga «Gulday yasha», deya sarlavha qoʻygani ham bu shior uning hayoti tuzugiga aylanib ketganidan dalolat beradi.
Umuman, Guliston ijodkor sifatida qanchadan-qancha dillarga ezgulik urugʻini qadab, ulkan bogʻ yarata oldi. Bunday baxt har kimga ham nasib etavermaydi. Shu maʼnoda, sheʼriy guliston yaratgan Guliston singlimizga adabiyot bogʻidagi mashaqqatli faoliyatida hamisha muvaffaqiyatlar yorligini tilab qolamiz.
Oʻtkir RAHMAT, jurnalist
TAHRIRIYATDAN: Guliston opani yangi asarlari bilan muborakbod qilamiz. Izi koʻpaysin deya, ezgu tilaklar bildirib qolamiz.