Guliston Matyoqubova: OTAM OCHGAN SOʻQMOQLAR

0
106
marta koʻrilgan.

Guliston Matyoqubova: Ota-ona umr qoʻrgʻoni. Ular tiklagan bu qoʻrgʻon farzandlar hayotiga umrbod ota-ona mehridek iliq, pokiza, oydin nurlarni quyosh kabi sochib turadi.

Umr bayoni taʼrifida

…Oyoqlarim yerga tegdi Yerni sevdim,

Koʻzim osmonni tanidi Koʻkka endim.

Xayollarim yulduzlarning orasida,

Bir qiz oʻsdi mehr-muhabbat qalʼasida.

Umr bayonimning boshi nurga toʻlgan,

Otam-onam orzusiga maqsad boʻlgan.

Umrim otam ochib bergan soʻqmoqlarda,

Kunlar oʻtdi ertaklar, topishmoqlarda.

Ariqlarda oqqan suvga yuzim chaydim,

Nihol oʻssa boʻyi bilan men ulgʻaydim.

Kitoblardan yorugʻ nurga toʻldi koʻksim,

Goh Kuntugʻmish, goh Alpomish yonda oʻzim.

Goh Qirq qizga oʻzim sardor boʻlib yurdim,

Goho Guliqahqah boʻlib xayol surdim.

«Ming bir kecha» ertaklari ummon edi,

Oy toʻlishgan oqshom siri armon edi.

Onam sochim qirqta oʻrib qoʻyar edi,

Har oʻrimin mehr bilan silar edi.

Zavqlanardi men toʻqigan qoʻshiqlardan,

Loy paxsali uyim goʻzal koʻshklardan.

Goʻyo baland saroy edi – oydin-oydin,

Soʻqmoqlari kengayardi ufqlarga teng.

Soʻqmoqlarda katta hayot barq urardi,

Tushlarimda faqat nurlar koʻrinardi.

Nurlar toʻkdi yosh dilimga muhabbatni,

Sevib, ardoqladim Safarmuhammadni.

Nurlar ichra orzularim toʻlib toshdi,

Toʻrtkoʻl osmonida sevdim oy, quyoshni.

Radioda Toʻrtkoʻl boʻlib soʻzladim men,

Toʻlqinlardan oʻzligimni izladim men.

Otam tutib qoʻllarimdan Toshkent sari,

Boshlab ketdi umidlarimdan ilgari.

Orzularim, maqsadlarim sezdi otam,

Men intilgan soʻqmoqlarda kezdi otam.

Jurnalistlik taqdir ekan, odamlarning,

Taqdiriga hamdam boʻldi qadamlarim.

Toʻrtkoʻl roʻznomasi sevgan, qarorgohim,

Xalq ichida boʻldi oʻtgan har dargohim.

Shahar, tuman deputati qildi xalqim,

Soʻng poytaxtga yoʻllab duo qildi xalqim.

Ota makon ishonchini oqlash uchun,

Oʻz kasbimga sadoqatni saqlash uchun.

Poytaxt Nukus-Chimboydan, to Ustyurtgacha,

Soʻngra Amu boʻylaridan Toshkentgacha.

Oliy Majlis minbarlari kutib oldi,

Senator boʻl, qizim deya xalq ishondi.

Goh mashaqqat, goh xiyonat sinovlari,

Sabr, iroda berdi umr har onlari.

El yurtimga kerakli taqdirdosh boʻldim,

Odamlarga dardkash boʻldim, sirdosh boʻldim.

Sadoqatim sheʼriyatga oshno qildi,

Satrlarga ajdodlarning ruhi singdi.

Xalqqa xizmat qildim ilhom, mehr topdim,

Satrlarga vafo toʻla sehr topdim.

Har onimni kitoblarga baxsh ayladim,

Soʻzdan yurtni, yurtdan soʻzlarim sayladim.

Qoraqalpoq sahrosida gulday undim,

Issigʻiga, sovugʻiga birday koʻndim.

Kitoblarim tugʻildi qalb parchasiday,

Vatan ruhi yashnab turdi barchasida.

* * *

Umrim «Hayajonning yetti rang»1i boʻldi,

Umrim mening «Nurli kunlar» 2 tongi boʻldi.

Umrim mening ochdi keng, «Oydin ostona» 3,

«Baxt keltirgan bahor» 4 boʻldi hur omona.

Umrim mening «Yurak bilan yuzma-yuz»dir5,

Umrim ochgan uzun «Yoʻllaringga chiqdim» 6.

Umrim dedi: «Ayt menga Toʻrtkoʻl haqida» 7,

Dedi: «Sevib qolgin»8 koʻp hikmat, aqida.

Umrim rusiyzabon boʻlib tilga kirdi,

«Prekrasnoye chuvstvo» 9 tugʻyon boʻldi.

Boʻldi «Zemlya otsov» 10 otalarning Yeri,

Umr «Daryoga botayotgan quyosh» 11 nuri.

Soʻngra, ruscha ikki «Izbrannoye»12,

Har jildida sheʼru doston tizildi.

Umrim «Oyboldoq» 13da – suluv qizlar ichra,

«Qalb zuraati» 14 oʻzim yurgan izlar ichida.

Umrim 70 bahor boʻlib aylanadi,

«Saylanma» 15ning uchta jildida saylanadi.

Ikkinchi jildida qator dostonlarim,

«Daryoga botayotgan quyosh» 16 li onlarim.

«Quyosh qizi yoki samo sadolari» 17,

«Gujumdan bir shoxa» 18 oʻtmish nidolari.

Doston boʻldi «Ziyoga botayotgan daryo» 19,

«Qismat qissalari» 21 esa dilga toʻtiyo.

Umr sadosi «Tafakkur tomchilari» 22da,

Umr toshar odamlar orzulariday.

 «Guloyim» 23ni sahnalarning guli qildim,

Jasur va mard qoraqalpoq huri qildim.

«Qoraqalpoq soz dunyosi sardori» 24 bor,

Yaxshilarning koʻngli toʻla bahori bor.

«El otasi» 25 bilan faxrlanar yurtim,

«Yangilangan Qoraqalpoq diyor» 26 koʻrki.

«Izlaganlarim» 27 bor «Vatanning ruhi»da28,

Farishtalar uygʻoq yurtning shukuhida.

Umr – «Jirov qalbi» 29 elning qoʻbizida,

Umrim davom etar har oʻgʻil, qizda.

* * *

Endi «Qaytmoq uchun ketmoqdaman men» 30,

«Ota uyi» 28 tomon yetmoqdaman men.

Meni kutib turar «Muhabbat yurti» 31,

«Uygʻonish nashidasi» 32da baxtimni koʻrdim.

Umrim «Jayxun yoqasida oʻsgan boyterak» 33,

«Guldasta» 34 har guli orzuli ertak.

Umrim «Koʻksimdagi nur»dan35 bezandi,

Yaxshilar angladi, mehrim qozondi.

Koʻksimdadir «Qoraqalpoq kengliklari» 36,

El-yurtimning dardu tashvish, shodliklari.

* * *

Umrim, mening soʻzda sheʼrim, dostonimdir,

Umrim mening murodlarim, armonimdir.

Umrim ona tuproq uzra bir tomchi qon,

Umrim Vatan mehri, umrim shu yurtga jon.

Taqdir azalning yozmishi umrim,

Men sevgan kengliklar yoz-qishi umrim.

Umrim bayoniga qoʻyilmas nuqta,

U bepoyonlikdir, u mangu ruhda.

Avlodlar mehrimni sezarlar dildan,

Avlodlar umrimni qoʻymaslar tildan.

Qizlar der, «Sizga oʻxshagim kelar» 37,

Avlodlar men yurgan yoʻllarda yurar…

* * *

Sevib derlar, «Gul bor Guliston ichra»38,

Sadoqat, fidolik mehrli kuchda.

«Maxtumquli» 39 soʻzlar oʻzbek tilida,

Ikki jild kitobi xalqim qoʻlida.

Ajdodlar birodar, doʻstdir azaldan,

Tarjimada besh yuz ellik gʻazal bor.

* * *

Umrim mening, hur, murodbaxsh hayotimdir,

Umrim mening sheʼrga tushgan bayotimdir.

Umrim zamonimdan sirli – hikoya,

Avlodlar hayoti – hur pillapoya.

Umrim bayonida yashar kitoblar,

Har satri avlodlar uchun xitoblar.

Umrim manguligi erur har kitob,

Oʻgʻillarim kitob ichida oftob.

Umrimning davomi suluv qizlarim,

Nevara, evara mening izlarim.

Umr bayonimda tugamas shuur,

Umr-tugʻyon, sabr, maqsad va orzu.

* * *

Umr bayonimni oʻqib koʻrdingiz,

Koʻnglim hikoyasin anglab bildingiz.

Ushbu hikoyaga qoʻyarman nuqta,

Ammo nuqta boʻlmas ruhda, shukuhda.

Mening hayotimda nuqtalar boʻlmas,

Asrlarga oʻtar har yoniq nafas.

Koʻp undovlar ichra yashab yurarman,

Qayta tugʻilajak baxtim koʻrarman.

Bilaman umrimning yoʻqdir poyoni,

Vatanga taqdirdosh umrim bayoni.

Mendan qolgan koʻngil nido boʻlajak ,

Yangi avlodlarga sado boʻlajak.

Kengayadi otam ochgan soʻqmoqlar,

Obod boʻlar nurli yaqin-yiroqlar.

Osiyo ufqida yangi Oy porlar,

Bu Oy Oʻzbekiston! Dunyoni chorlar.

Tuprogʻiga singar jon bilan tanim,

Menga Ona boʻlgan ota Vatanim.

«1-38» – Muallifning kitoblari, dostonlari va muallif toʻgʻrisidagi kitoblar.

Tahririyatdan: Darhaqiqat, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq shoirasi Guliston Matyoqubovaning ushbu dostoni ota-onaga, Vatanga bagʻishlangan  goʻzal va otashin qasida. Ushbu muhabbatni muallif oʻz asarlarining nomi orqali ifodalagani yanada  zavq-shavqlidir. Shu bilan birga  shoiraning ijodiy faoliyati, sheʼriyatda oʻziga zos uslubi mavjudligi ham   aks etib turibdi. Shoira Guliston Matyoqubova (Annaqilicheva)ga yanada yuksak ijodiy choʻqqilar va sihat-salomatlik tilab qolamiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.