Biror yurtning ayolini bilmoqchi boʻlsangiz, oʻchogʻidagi qoʻrini koʻring, – deydi xalqimiz. Chunki, ayolni avvalo oiladagi tutimi bilan baholashadi. Samarqandliklarda aziz mehmonning oyogʻi ostiga qoʻy soʻyib, qaynatma shoʻrva pishirish anʼanasi bor. Yana shunisi, eʼtiborga molikki goʻshtning eng shirin joyini aziz mehmonga qoʻyishadi.
Professor Dilorom opa Yormatova ota-bobolarimiz urf- odatlariga monand yashayotgan ayollardan biri. Necha marta mehmondorchilikka chorlagan boʻlsa, dasturxonida qishloqcha shoʻrva, laganlar toʻla goʻsht hamisha boʻladi.. “Toshkentda tursak ham samarqancha shoʻrva qildim. Totib koʻring” – deya mulozamat qiladi. Ona qishlogʻiga borsa, Samarqand nonidan albatta doʻstlariga ilinadi. «Non yopganda buvilarim qishloqning keksalariga yoki oʻziga biror hunarni oʻrgatgan ustozlariga olib chiqardi. Bu udum insonni qadrlash bilan birga goʻzal ezgu -tilaklarni ham oʻzida ifoda etadi. «Issiq nondan berilgan sadaqa el-yurtga kelayotgan balo-qazoni qaytaradi, oilani koʻzgu suqdan asraydi» deya oʻziga xos falsafa bilan mushohada qiladi va ajdodlarning urf-odatlariga sadoqat bilan yashaydi.
Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universitetida yoshlarga ekologiyadan saboq beradi. U qishloq xoʻjaligi sohasining fidoyisi. Yurtimizda soya, zaytun, bugʻdoyning yangi navlarini yetishtirish borasida katta ishlarni amalga oshirgan olimaning respublikamizning barcha viloyatlarini, qishloqlarini, dalalarini piyoda kezgan desak xato boʻlmaydi. Oʻtgan yillar ichida yuzlab yoshlarni fan olamiga yetakladi, ularning ilmiy izlanishlariga koʻmaklashib, ustoz maqomiga erishdi. Biroq u oʻzining ustozi oldida hamon shogird, vaqti-vaqti bilan hisobot berib turadi. Zero u boqiy olamga oʻtgan boʻlsa-da…
Ayollar davrasida ustozlar haqida gap ketdi. Baʼzilar aspirantlarning rahbarlari koʻp narsalarni talab qilishi haqida gapirishdi. Dilorom opa eshitib turdi-da, guruchning ichida ham kurmak bor, barcha ustoz ham bir xil emas deya, oʻz ustozi haqida gapirib berdi:- Nomzodlik ishimga yordamlashayotgan ilmiy rahbarim, ustozim Govrilov Yevgeniy Potopovich qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor edi. Faoliyat boshlagan paytimizda bir soʻmka narsa koʻtarib borganimni eslayman. Soʻmkani oldimda ochdi. Ichidan ikki nonnigina oldi. Va boshqasini qaytarib berdi va shunday dedi: “Nondan ulugʻ narsa yoʻq, mayli uni olaman. Boshqasini olib ketib bolalaringga yedir. Bolalaring rizqini menga olib kelishing notoʻgʻri. Ikkinchi marta buni takrorlama”.
Yillar oʻtdi Men ularning rahbarligida fan nomzodi unvonini oldim. Yana ularning maslahati, koʻmaki bilan fan doktori boʻldim. Biz ustoz bilan oʻtgan yillarda ota-boladek boʻlib ketdik. U kishining soʻzlari, maslahatlari xalq hikmatlarini eslatardi. Ustozim hayotdan oʻtib ketgan boʻlsa ham uning oʻgitlari hamon hayotimni yoritib turadi. Mana ulardan baʼzilari:
-Yon atrofingdagi odamlardan yaxshi fazilatlarni izla, afsuski. ularning yomon tomonlarini sendan boshqa aytuvchilar ham bor.
-Hayot juda qisqa ekanligini unutma. Uning omonatligini his qil. Toki uni senga omonatga bergan Olloh elchisini yuborganida oʻtgan umringdan afsuslanma.
-Hayotingda ilohiy deb hisoblagan va muqaddas sanagan narsalaring boʻlsin. Yaqinlaringni ziyoratiga borishdan vaqtingni ayama.
-Qalbing gʻamlarga toʻlganda, hayot koʻzingga tor boʻlganda oʻtganlarning qabrini ziyorat qilib, ular haqiga duolar oʻqib qayt, toki koʻngling orom olsin.
Hozir Samarqandga borsam, ustoz qabrini tez-tez ziyorat qilaman. Oʻtgan oylar ichidagi yangiliklarni aytaman. Xuddi tirikligida meni eshitayotgandek gapiraman. Ovoz chiqarib gapiraman. Xuddi u kishi meni avvalgidek eshitib maslahat beradigandek tuyulaveradi. Aslida butun dardimni gapirib turib, shu yerda qatʼiy xulosaga kelaman. Bu ustozning ruhiy madadimikan, yoki mening mulohazalarimmikan? Buni oʻzim ham bilmayman. Lekin u yerdan dardlarim toʻkilib, maslahatlashayotgan mavzuda bir qarorga kelib, ruhim yengil tortib chiqishim aniq.
Ana shunday paytda ustozimning oʻgiti esimga keladi. Tez-tez oʻtganlarni ziyorat qilib turish kerak ekan. Shunda odam bu dunyo oʻtkinchiligini anglaydi. Oyogʻi ostiga qarab yurishga oʻrganadi.
Darhaqiqat, qora yer bilan bitta boʻlib yotgan buyuklar oʻzligimizni anglashga yordam beradi. Qabriston sukunatida kezib, ularga nazar tashlasangiz biri marmar bilan bezatilgan. Biriga bahaybat haykal oʻrnatilgan, biri oddiygina loy suvoqda, biri atrofiga turfa gullar ekilgan. Oʻylashimcha hayotda ham odamlar ana shunday yashayapti. Eng asosiysi ular eʼtiqodiga monand umrguzaronlik qilishyapti. Ana shu parvarishlarni shogirdlar, farzandlar, ularning ajdodlari amalga oshirgan. Bu mehr, oqibat, oʻtganlarga hurmat, insoniy eʼtiqod boʻlib, aslida dunyoni ushlab turgan ana shu ezguliklardir.
Dilorom opa donishmandlarga monand falsafaona mushohada qiladi. Bu albatta, xalqimiz udumlariga ishonib, anʼanalarini ulugʻlab, ustozlarni eʼzozlab yashab kelayotgan turmush tarzidandir.
Qut-barakali oila yetakchisi Dilorom opaning bir kelini, ikki kuyovi bor. Nevaralarini sanashga qoʻrqadi.
Olimaning omadi va yutuqlari izlanishlarini pirovard natijada elga foydasi tegishini koʻzlashishidadir. Yana sogʻlom avlod tarbiyalashda xalqona udumlarni avaylab-asrab kelayotganligida deb hisoblaymiz. Dilorom opa yoshlarga oʻrgatadi: «Bodom kamyob, chunki, u juda foydali. U ozuqa boʻlish bilan birga, shifobaxsh, har kuni 15 donadan yegan kishining koʻrish quvvati oshadi, xotira yaxshilanadi. Ayniqsa, achchiq bodom yogʻi buyrak va qovuqdagi tiqilmalarni tozalaydi. Bodom magʻzining qand bilan aralashtirilgani darmonsizlik, nafas siqishi, bosh aylanishi va yoʻtalga davo sifatida ishlatiladi».
Dilorom opa yangi tugʻilgan chaqaloq nevarasini, shogirdlarining farzandlarini «bismilloh» deya qoʻlga olgandan keyin «Elga bugʻdoydek baraka, soya va zaytundekdek meva bergaysan» deya alqab, tanglayini koʻtaradi. Chunki, bir umr zaytun va soya oʻsimliklarini mahalliylashtirish va ulardan olinadigan shifobaxsh neʼmatlar haqida izlandi “Zaytun tarkibida odam organizmi uchun zarur boʻlgan 102 xil modda bor. Uning yogʻi oshqozon ichak kasalliklariga, yurak faoliyatini yaxshilashga, odam tanasidagi xolestirinni kamaytirishga yordam beradi. Uning bargi damlamasi angina, nafas yoʻllari kasalligiga foyda qiladi. Mevasini istimol qilinsa turli xil shamollashlar hamda bod kasalligining oldini oladi, – deb tavsiya qiladi .
Umri davomida Dilorom opa oʻnlab, yuzlab shogirdlarga ustozlik qildi. Biroq ustozimdek yoshlarga ustozlik qila oldimmi deya oʻziga savol beradi. Va ustozidek namunali hayot kechirishga intiladi. Qizi- Husnobod Xushvaqtova ham ona izidan borib, fanga mehr qoʻydi. Bugungi kunda iqtisod fanlari nomzodi boʻlib, Dilorom opa bilan yonma yon faoliyat yurityapti. Husnobod onasini ham onam ham ustozim deb alqaydi. Oʻz kasbi haqida toʻlib toshib gapiradi. Men yosh olimaning soʻzlarini tinglar ekanman, ezgulik avvalo onalarning qalbida, vujudida kurtaklaydi. Soʻngra avlodlarga koʻchadi. degim keladi.
Dilorom opa adabiyot sohasida ham qalam tebratadi. U ”Aylanayin ishq” asarida ayol haqida shunday deydi: “Seni eng buyuk soʻz tuzuvchilar minglab yillar davomida tuproqqa tenglashtirib keldilar. Tuproq kabi xokisor deb taʼrif ayladilar. Ayol kel senday ulugʻni, senday muhtaramani Quyoshga tenglashtiray. Sen borliq tabiatga jon ato etuvchi Quyoshning bir boʻlagisan. Dunyoni abadiylik sari yetaklovchi, goʻzallashtiruvchi, ayol, koʻzlaringdagi kulgu bilan yaxshiliklarga undaysan.
Bu satrlar olimaning oʻziga ham tarifu tavsifdek. Uning feʼli tuproqdek xokisor, intilishlari, ezguliklari quyoshdek yuksak!
Keng qamrovli ijodiy faoliyat.
Dilorom Yormatova issiqsevar oʻsimlik zaytunni Oʻzbekiston tuproqiga, iqlimiga, umuman sharoitga moslashtirib koʻpaytirish fikrini koʻtarib chiqdi. Buning uchun Oʻzbekiston hukumatidan loyiha ham oldi. Avvalo, Surxondaryodagi fermer xoʻjaligida oʻstirib koʻrdi. Bir qishdan chiqqandan keyin ushbu xoʻjalikka borsa, novdalari kesib olingan, zaytun daraxtlari faqat tayoq boʻlib qolgan ekan. Sababini fermerdan soʻrasa, nihol soʻrab kelishgan dehqonchilikka ishtiyoqmand odamlarga boʻlib-boʻlib berib yuborganini taʼkidlagan. Olima ilmning qadriga yetadigan odamlarni izlay boshladi. Zokirjon Mashrabovni ana shu munosabat bilan yoʻqlab bordi, uchrashib fikrini tushintirdi.
– Menga Boburning «Boburnoma» asaridan zaytun haqidagi fikrlarini va zaytun oʻstirish haqidagi olimlarning kitoblarini olib keling,– dedi fond raisi.
Olima arxiv titkilab, zarur maʼlumotlarni turli xil olimlarning kitoblarini topib, olib bordi. Shunday qilib zaytunni ekishni boshlab yuborishdi.
– Hamkorligimiz yomon boʻlmadi. Yuring oʻz koʻzingiz bilan koʻring,– deya meni bogʻ sari boshladi Dilorom opa.
Men Bobur bogʻida gurkirab oʻsib turgan zaytun daraxtlarini kuzatib, hayratlandim. Dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan zaytunlar qishi qattiq yurtimizda ham bargini toʻkmasdan mana men deb turardi. “Daraxt nixollari uch qishni koʻrdi, yurtimiz iqlimiga, tuproqiga oʻrganishdi”, deya xursand boʻladi Dilorom opa. Olima yuzlab zaytunni kuzatib, bargini siypalab, oʻz farzandining kamolini koʻrgan onadek faxrlanadi. “Nihol ham parvarishtalab farzanddek gap, ularga alohida eʼtibor kerak. Shuning uchun Zokirjon aka zaytunlarga qaraydigan dehqonlarni ajratgan. Men ularga parvarishlashni oʻrgatib, ishlarini kuzatib boraman. Ilmning qadrini hamma ham bilavermaydi, shuning uchun ham u kishiga hurmatim baland”– deydi Dilorom Yormatova.
Qish pallasi. Issiqxonada oʻstirilayotgan zaytunlar bilan tashqaridagi zaytunlarni solishtiraman. Plenka ostidagilari uch yilda juda balandlab ketgan. Shundan ham ularning issiqsevar ekanliklarini bilish mumkin. “Biroq, tashqaridagilari ham tutib ketdi. Barglarini ushlab koʻring. Issiq oʻlkalarda bular archalardek yozin-qishin bargini toʻkmaydi, Bizda ham shunday turibdi. Shoxchalarining uchini qayirib koʻring, u ingraydi, chunki tirik”–deydi fikrimni uqqanday Dilorom opa.
Men ham Dilorom opa avaylab ushlaganidek ushlab koʻraman. Dilorom opa hamkorlik qilayotgan Bobur nomidagi fondning faoliyati juda keng qamrovli ekanligiga tan beraman. Beixtiyor Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi Muhammad Alining Andijonga Zahriddin Muhammad Bobur tavalludining 534 yilligiga bagʻishlangan tantanani ochayotganida aytgan soʻzlarini eslayman. ”Kishida isʼtedod-u yurtga mehr-muhabbat boʻlsa, elga nafi tegadigan koʻp ish qilishi mumkinligini Zokirjon aka misolida koʻrib turibmiz”. Darhaqiqat, bu aynan Zokirjon Mashrabov uchun oʻz oʻrnida topib, aytilgan soʻz edi. Men bu soʻzlarni Mashrab aka Dilorom opa kabi yurtimizning har bir fidoyilari uchun aytgim keladi.
INTILISH VA IZLANISH
Dilorom opa meni shogirdi ilmiy izlanishlar olib borayotgan genetika ilmiy tekshirish institutiga taklif qildi. Olima shogirdi Muzaffar bilan eaytunlarni genidan koʻpaytirib sovuqqa chidamli navini yaratish uchun harakat qilayotgan ekan. Mittigina kurtakdan olingan oʻsimlik kichkina yopiq shishachalarda parvarishlanar, unga tegishli dorivorlar solinib, olti oy unib chiqishiga koʻz tikishar ekan. Unib chiqqandan keyin u koʻzlangan natijani beradimi yoʻqmi bu ham muammo ekan. U yerda yuzgʻa yaqin shishachada zaytunlar tajriba qilinayapti. Ulardan bir foiz maqsaddagi nihol unib chiqsa ham marra olimlar tomonida ekan. Ana oʻshandan koʻchat koʻpaytirisharkan.. U yerda uzumning, paxtaning boshqa meva oʻsimliklarning sovuqqa chidamli navlarini yaratish ustida ish olib borishar ekan. “Uzum bizda azal-azaldan oʻsadi, nega yangi navini yaratish kerak ekan”, deyman beixtiyor, “Olimlar agar sovuqqa chidamli navini yaratishsa, qishda uzumlarni tuproqqa koʻmish shart emas” dedi olima.
Dilorom opa juda jansarak oʻzi ishlaydigan Oʻzbekiston Jahon tillari universitetida zaytunzorlar yaratdi. Mana uch yil boʻldi ular oʻsib turibdi. Faqat ularni qishda plenkaga oʻrab ildizining ustiga qipiqlar tashlab avaylaydi. “Bu meni shaxsiy tajriba maydoncham”,- deydi olima.
Fan olamda mashhur qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatovani respublikaning barcha fermerlari Soya opa, Zaytun opa deb erkalab aytishadi. Darhaqiqat, olima hatto oʻzining elektron pochtasiga soya-oliviya deb nom qoʻygan. Shuningdek, loyiha asosida fermerlar bilan shartnoma tuzib, bugʻdoy arpa kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini hosildorligini oshirish, iqtisodiy samaradorligini yuksaltirishga harakat qilib yuradi. Notanish fermerlar ham telefon qilib, turli xil oʻsimliklarni parvarishlash borasida maslahatlar soʻrashadi. Fermerlar olimani “eng bilimdon, samimiy, begʻaraz yordam beradi” deya bir-biriga tavsiya qilishadi.
Olima andijonlik fermer Alijon aka Axmedov bilan ertapishar va hosildor bugʻdoy navlarini ekib koʻrdi. Mana yetti yilki Qoʻrgʻontepadagi “Oq-suv” fermerlik xoʻjaligi bilan hamkorlik qiladi. “Biz olimadan xursandmiz, hamkorligimiz tufayli yirik — yirik bugʻdoy naviga ega boʻlish bilan birga, gʻallazorlarimizning hosildorligi ham 50 foizga oshdi,”-deydi fermer Alijon Axmedov minnatdorchilik bilan. Olima Xorazmda, Qoraqalpoqistonda, Qashqadaryoda samarali bugʻdoy navlarini ekib yaxshi natijalarga erishdi.
“Ayni kunda mamlakatimizda soya ekish borasida mamlakatimiz Prezidenti qarori chiqdi. Bu mening koʻp yillik orzuim”,- deydi olima. Hozir barcha viloyatlarda soya uchun erlar ajratilib, soya urugʻi tanlanayapti. Bu borada u fermerlarga yordamchi, ular tez-tez opani ekin maydonlariga taklif qilishadi. Ularga maslahatini beradi, agrotexnika xususida oʻzi yozgan kitoblardan koʻpaytirib tarqatadi.
Darhaqiqat, uning dehqonchilikka oid koʻplab kitoblari chop etilgan. Ularning baʼzilari fermerlarga, baʼzilari oʻquv qoʻllanma sifatida talabalarga moʻljallangan. Shuningdek, ayni kunda u shafran borasida ham fermerlarga koʻmakchi boʻlmoqda. Shafronzorlarni barpo etish toʻgʻrisida mamlakatimiz Prezidenti Qashqadaryoga borganida gapirib oʻtgach, yana fermerlar oʻzlari maslahat olib oʻrgangan olimaga telefon qila boshlashdi. Olima oʻsimlikning agrotexnikasi toʻgʻrisida maslahatlar berib, internetdan qoʻllanma chivarib tarqatmoqda. U dehqonlarning har bir iltimosiga eʼtibor bilan qaraydi.
Ilmiy safar
Olima iqtisod fanlari doktori Fotima Nazarova bilan ham hamisha hamkorlik qilib keladi. Biri ekinlarning hosildorligiga, ikkinchisi iqtisodiy samaradorligiga eʼtibor beradi. Ularni ana shu qiziqish birlashtiradi. Ular mamlakat dehqonchiligiga ilmiy yondoshish borasida bir- biri bilan maslahatishadi. Fan olamidagi ikki yoʻnalishning sohibasi boʻlgan olimalar hamkorlikligi albatta mamlakat taraqiyotiga munosib hissa qoʻshadi. Ular ilmni amaliyotga joriy etishda bir biriga yondosh. Fotimaxon Nazarova shunday deydi: Biz bir guruh olimlar bilan tajriba almashishga Britaniyaga bordik. Xorijlik kasbdoshlar barcha olimlarning ismi sharifini yozib ilmiy ishlari toʻgʻrisida internet orqali soʻrovnomalar yuborishdi. Ular orasida birgina Dilorom Yormatovaning ilmiy maqolalari chiqib keldi. U davr bilan hamnafas ishlaydigan olima boʻlib, ilmiy maqolalarini chet el nashrlarida chiqarishga ham alohida eʼtibor beradi.Internet bilan ishlaydi, Elekron pochtasi eng yaqin yordamchisi.
Dilorom opa hikoyasi
Oʻz umrini, oromini, tinchligini va hamma-hammasini mamlakat qishloq xoʻjaligini yuksaltirishga bagʻishlagan fidoyi insonning tafakkur olamini kengligini uning soʻzlaridan ham anglash mumkin.
Zokirjon aka bilan bir necha yillardan beri zaytun dardi-zaxmatida birgalashib ishlab kelmoqdamiz. Andijonga bir borganimda u menga fond tomonidan chop etilgan “Tarixi RASHIDIY” nomli kitobni sovgʻa qildilar.
Kitob jahon talablariga mos, tariximizga monand goʻzal tarzda juda serhasham, chop etilgan edi.,. Tarixchi olim boʻlmasamda uni qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Unda 13-15 asrlardagi Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixiga oid qiziqarli maʼlumotlarga duch keldim. Muhammad Haydar Mirzo yaʼni Hazrati Boburning jiyani “Tarixi Rashidiy” nomli kitobida Tugʻliq Temurxon davridan Humoyun podshoh davrigacha boʻlgan urush silsilalari, jangu-jadallar, xiyla-nayranglar, mehru oqibatlar va boshqalar bir-bir bayon qilinadi.
Meni ushbu kitobda qiziqtirgan fikrlar podsholiklar yoki jangu-jadallar emas, balki shu davrdagi tabiat, ob-havo, bogʻlar, daryolar, togʻu-choʻllar, hayvonlar, gullar, imoratlar haqida tarixchining soʻzlari edi. Kitob 729 betli boʻlib, unda tarixiy ishonchli maʼlumotlar bilan birga shu davrning tabiatini- bogʻlarini, gullarini tasvirlovchi manbalar ham koʻp edi. Bu borada oʻzim kutganimdan ortiq goʻzal maʼlumotlarga ega boʻldim.
Bugungi global isish va iqlim oʻzgarishi davrida u maʼlumotlar juda muhimdir. Tabiiy fanlar olimi sifatida meni ikki narsa juda qiziqtirdi, Birinchisi genetikaga oid boʻlib, yozilishicha Yunusxon Bodoxshondan Iskandar avlodlaridan boʻlgan ayolga uylanadi. Kelib chiqishini qarang-a Iskandar avlodidan boʻlgan ona Yunusxonga aqlli, odobli, dono 5 qizni tugʻib beradi. Ushbu qizlarning ismlari bizga juda tanish, Qutlugʻ Nigor begim, Eson Davlat begim, Mehr Nigor begim va boshqalar.
Ikkinchisi, antropologiyaga oid boʻlib, 417 betda qabristondagi odam suyaklarini solishtirib koʻrganda, bugungi odamlar suyaklariga qaraganda ularning suyaklari yirik va katta ekanligi maʼlum boʻladi. AiF gazetasida professor Muldashevning Iroqda olib borgan kuzatishlarida gigant odamlar suyaklari topilganligi toʻgʻrisidagi maqolasiga toʻgʻri kelmoqda.
Shuningdek, kitobda, jannat misol bogʻlar, shirin mevalar, yovvoyi tuyalar, qoʻtoslar, qum sahrolari haqida juda koʻp xabarlar keltirilgan. Tibet gʻaroyibotlarini oʻqigan kishi oʻzini Tibetda boʻlgandek his etadi. Muxammad Mirzo Haydar Kashmir vodiysini 4 boʻlakka boʻladi, bu borada ishonarli maʼlumotlarni beradi. Tarjimonlarimiz, zaxmatkashlarimizga shunday goʻzal tarixiy kitobni mohirona tarjima qilganlari uchun uzoq umr tilab qolaman” deya alqaydi. Chunki kitob yozish mashaqqatini yaxshi biladi.
Olimaning qiziqishlari dunyoqarashlari juda keng. Biz olima bilan bir necha marta xorijga safarlarda boʻldik. U hamisha oʻsha mamlakatlarning nabotat olamiga katta eʼtibor beradi. Kamyob urugʻlarni, navlarni yurtga olib kelib ekib tajriba qilib koʻrishga ishtiyoqmandligi meni hayratlantiradi.. Yurtni qadrlashni undan oʻrganish kerak deb qoʻyaman. Hayotni, oʻz yurtini, kasbini sevgan kishi hamisha ulugʻlanaveradi.
Ayni kunda olima oʻzbek xalqining malikasi va shoirasi Nodirabegim haqida tarixiy badiiy asarni yozib tugatdi. “Raʼno siz adabiyotchisiz, shu bilan qadriyatlarni, tarixni yaxshi bilasiz, mana bu holatni shunday sharhlasam boʻladimi” deb tez-tez telefon qilib qoladi. Biz uzoq suhbatlashamiz. Fikr almashamiz. Telefonni qoʻyamiz. Yanada bir-birimizni sogʻinib qolamiz. Ikki viloyatda tugʻilgan kishilarning tugʻishgandek boʻlib ketishi, bir-birini istab, bir-birini izlab, bir-biriga ezguliklar tilab yashashi dunyo goʻzalligining bir zarrasi emasmi?!
Dilorom opa, qutlugʻ ayyom yetmish yoshingiz bilan muborakbod etaman. Yon-atrofingizga yaxshiliklar ulashib yashash tarzingizga koʻz tegmasin deyman! Oʻzingiz sevgan gullar va yuksakliklar bilan!
Raʼno Zaripova,
Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist
Muallif olgan fotolar.