Hikmat: DENGIZ VA INSONLAR

0
446
marta koʻrilgan.

Dengiz va inson bir-biriga uygʻun. Bu olamda ikkalasining ham oʻz oʻrni mavjud. Bir birini toʻldiradi, bir biriga koʻmaklashadi, vaqti kelsa bir birini yoʻq ham qiladi. Ikkalasining ham makoni bitta Ona Zamin…

Bir bolaning oyoq kiyimi dengizda yoʻqoldi. Bola qirgʻoqqa «bu dengiz oʻgʻri», deb yozib qoʻydi.

Dengizdan bir kishi koʻp baliq ovlardi. U ovchi qirgʻoqqa «bu dengiz saxiy», deb yozib qoʻydi.

Bir bola dengizda gʻarq boʻldi. Uning onasi «bu dengiz qotil», deb yozib qoʻydi.

Bir chol dengizdan koʻp marvarid olib chiqardi. U qirgʻoqqa «bu dengiz joʻmard», deb yozib qoʻydi.

Soʻngra bir baland toʻlqin kelib barcha yozuvlarni yuvib ketdi. Hayot davom etaverdi.

Birinchi dars: Baʼzilarni qanchalik urinma rozi qila olmaysan. Agar ularga oʻnta barmogʻingni sham qilib yoqsang ham ular: “Nega buning nuri past?”, deya nolishadi. Agar ular uchun togʻda nina bilan chuqur kovlasang senga: “Nega kechikding?”, deya dagʻdagʻa qilishadi. Agar ularning yoʻllarini kipriklaring bilan supursang ham senga: “Bundan yaxshiroq qilishing kerak edi”, deya oʻdagʻaylashadi. Odamlar oʻzi shundoq. Oldin ham shunday boʻlishgan. Bundan keyin ham shunday boʻlishadi. Oʻzingni qiynama. Hammaning koʻnglini olish yetib boʻlmas qoyadir. Bu yoʻlda hech kim muvaffaqiyat qozonmagan, hatto paygʻambarlar ham. Atrofingdagi kishilarga qarasang koʻpchiligining hatto Allohdan ham norizo ekanligini koʻrasan. Sendan qanday rozi boʻlishsin! Shoira Saida Zunnunovaning bir sheʼri bor. Xulosasi shunday: Atrofimdagi barcha odamlar meni yaxshi deyishsa, xafa boʻlardim.  Qanday qilib yaxshiga ham yomonga ham birdek yaxshi boʻlish mumkin?…

Ikkinchi dars: Qanchalik urinmagin boshqalarni oʻzingni nusxangga aylantira olmaysan. Xilma-xillikka oʻzingni oʻrgat. Agar hayotga diqqat bilan nazar solsang chor –atrofning hayotning goʻzalligi turfaligida ekanligini anglaysan. Agar narsalarning ziddi boʻlmasa uning qiymati ham boʻlmaydi. Haqning goʻzalligini biz botilning qabihligidan anglaymiz. Adolatning  odilligini zulmning yovuzligidan anglaymiz. Tinchlikning orambaxshligini urush olovidan anglaymiz. Bu dunyo fikrlar, qarashlar va yoʻnalishlardan iboratdir. Oʻz fikringni xotirjam ayt. Qarashlaringni tushuntir. Istaganningga ishon. Ammo muxolifingga oʻzingni qurbon qilib yuborma. Baʼzi bir ixtiloflar boylikdir. Gohida biz oʻzimizga oʻxshaganlardan koʻra koʻproq muxoliflarga ham muhtoj boʻlib qolamiz.

“Yunus Sodafiy deydi: “Shofiʼiydan aqlliroq insonni koʻrmaganman. Bir kuni u kishi bilan bir masalada tortishib kelisha olmay qoldim. Keyin meni bir joyda koʻrib qolib shunday dedi: “Ey Abu Muso! Bir masalada ixtilof qilsakda, birodar boʻlib qolaverishing toʻgʻri emasmi?!”.

Uchinchi dars:    Xusumat paytida eng kuchli raddiya haqida oʻylama. Balki, eng goʻzal raddiya haqida oʻyla. Insonlarning qalbini egallash oʻrin-mansab egallashdan muhimroqdir. Bir kishi Xolid ibn Valid roziyollohu anhuni soʻkdi. Xolid roziyollohu anhu unga: “Sahifa seniki, uni istagan narsang bilan toʻldiraver!”, dedi.

Biz uchun Rasululloh sallollohu alayhi va sallamda hayot tarzida ibrat, namuna bor. Baʼzi toiflar u kishini toshboʻron qilishdi. Qonlari oqdi. Bir joyda soyada oʻtirganlarida Jabroil alayhis salom bir farishta bilan keldilar va dedilar: “Bu farishta togʻlarga vakil qilingan farishta. Istasangiz mana bu ikki togʻni bularning ustiga tashlaydi”. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam jarohatlaridagi qonni artib turib dedilar: “Men ularning naslidan Allohga ibodat qiladigan insonlar chiqishini umid qilaman!”.

Tufayl ibn Amr roziyollohu anhu Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning oldilariga kelib dedi: Ey Allohning Rasuli! Davs qabilasi halok boʻldi. Ular osiy boʻlib Allohdan yuz oʻgirishdi! Shunda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: Allohim! Davs qabilasini hidoyat qil. Ular sababli insonlarni toʻgʻri yoʻlga boshla!

Toʻrtinchi dars:    Dengiz kabi boʻling. Siz haqingizda insonlar gapirgan yomon gaplarni oʻchirib yuboradigan oʻchirgʻichingiz boʻlsin. Manzilga yetishmoqchi boʻlgan odam biroz oʻzini bilmaslikka solishi kerak. Agar siz haqingizda aytilgan har bir gapga toʻxtayversangiz oldinga qarab bir qadam ham yura olmaysiz. Insonlarning gapi yoʻldagi chuqurga oʻxshaydi. Yoʻlda chuqur koʻrsangiz uning ichiga tushmaysiz-ku! Uni chetlab oʻtib yoʻlni davom ettirasiz. Bu chuqurlar bizni maqsadimizdan chalgʻitmasligi lozim. Chuqurga tushsak u yerdan toza holatda chiqmaymiz.  Baʼzi birovlarga raddiya bersak eng avvalo oʻzimizga yomonlik qilgan boʻlamiz. Ulardan yuksakroqda turaylik!

Xulosa: Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni oʻqiganimda men ularni ana shu mavjli dengizga qiyos etaman. Unday paytlarda donishmand xalqimizning hikmatini xayolimdan oʻtkazaman: “Kengga keng dunyo, torga tor dunyo!”

 Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.