“Hurriyat” muxlislari, qayerdasiz?

0
264
marta koʻrilgan.
Yangi yilning birinchi oyi yarimlab qoldiki, ammo koʻpchiligimiz uchun qadrdon boʻlib qolgan “Hurriyat” gazetasi negadir koʻrinmay turibdi. Bu muxlislarni tashvishga sola boshladi. Bozor munosabatlariga oʻtish davrida bunday uzilishlar boʻlib turadi. Negaki, buyogʻiga endi koʻrpamizga qarab oyoq uzatamiz, daromad-buromadimizni hisoblab yuramiz. Dunyoning hamma joyida bor bu qoida.
 
“Hurriyat” — istiqlolimiz mevasi. Bu gazetani nashr etish toʻgʻrisidagi hukumat qarorida uni muntazam chiqarish, keyinchalik rus va ingliz tillarida ham chop etish, mamlakatimizda kechayotgan demokratik jarayonlarning xolis koʻzgusiga aylantirish koʻzda tutilgan edi. Yangi nashrning nishona soniga katta umid bilan imzo chekkan muharrir sifatida bugungi holatdan boshqalarga nisbatan koʻproq tashvishga tushayotganimning sababi shunda.
 
Oʻtgan yigirma yildan ortiq vaqt ichida “Hurriyat” oʻz oldiga qoʻyilgan murakkab vazifani bajarish yoʻlida koʻp ishladi, yaxshi natijalarga erishdi, tanqidiy-tahliliy maqolalari, jurnalistik surishtiruvlari, topilma ruknlari bilan mamlakatimizning oʻqiladigan (shunchaki varaqlab qoʻyiladigan emas), taxlam qilib saqlab qoʻyishga arzirli gazetalaridan biriga aylandi. Gazetaning koʻpsonli muxlislari bilan birga, qalami oʻtkir, soʻzi jurʼatli, nigohi zukko mualliflari ham paydo boʻldi. Bugun milliy jurnalistikamiz, ijtimoiy publitsistika va boshqa janrlarning koʻzga koʻringan vakillari boʻlmish koʻplab faol mualliflarning eng sara maqolalari, ocherk va esselari ayni shu gazetada bosilgan.
 
Keyinga olti-yetti oy ichida gazeta oʻzining jurʼatli yoʻlini yanada mustahkamladi, ichki va tashqi qiyofasini oʻzgartirdi. Mavzularining qamrovi kengaydi. Bundan hammamiz xursand boʻlib turganimizda, 2019 yilgi obunani tashkil etishdagi baʼzi anglashilmovchiliklar ishning beliga tepdi. Birgina “Hurriyat”chilarga emas, hammamizga tegishli saboq bu! Negaki, gazetxonning ham, jurnalxonning ham didi, talabi oshib bormoqda.Eski andozalar, amal kursisini qimirlatib qoʻyishidan choʻchib, har jihatdan silliqlangan, tish-tirnogʻi olingan, pati yulingan, oʻqisa ham, oʻqimasa ham boʻlaveradigan maqolalar bilan ish bitmaydi. Muhtaram Prezidentimizning har bir chiqishida tanqid va tahlilga, sogʻlom raqobatga, fikr-mushohadaga, amaliy takliflar kiritishga, tashabbuskorlikka, bir soʻz bilan aytganda, ijodiy jurʼat va ijtimoiy faollikka daʼvat bor. Yozma matbuot faqat shu fazilatlari bilangina yashab qoladi, qolganlari safdan chiqadi. Umrining koʻp va xoʻb yillarini ortiqcha ehtiyotkorlik bilan oʻtkazayotgan hamkasblarim buni, kech boʻlmay turib, tushunib olishlarini xohlardim.
 
“Hurriyat” — hammamizga birday tegishli, birday qadrdon, milliy matbuotimiz roʻyxatini nomi bilan ham, mazmuni bilan ham bezab turgan gazeta. Uning taqdiriga befarq qarab tura olmaymiz. Unga yordam qoʻlini choʻzaylik. “Hurriyat”ni oʻqiylik, gazetaga bugungi kunimizning jahon eʼtiboriga tushgan yutuqlari haqida qiziqarli, oʻqishli maqolalar yozaylik. Shu maʼnoda, eng avvalo, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga, boshqa ijodiy tashkilotlarga, jamgʻarmalarga, bevosita Ibrohim Gʻafurov, Saydi Umirov, Xurshid Doʻstmuhammad, Abdusaid Koʻchimov, Yoqubjon Xoʻjamberdiyev, Karim Bahriyev, Umid Bekmuhammad, Mixli Safarov, Hakim Sattoriy, Bekqul Egamqulov, Murod Abdullayev, Farmon Toshev, Olim Toshboyev, Isajon Sulton, Rahmon Qoʻchqor, Qoʻchqor Norqobil va yana boshqa koʻplab peshqadam hamkasblarimga murojaat qilmoqchiman:“Hurriyat” atrofida birlashaylik, ijodiy jamoatni qoʻllab-quvvatlaylik. Obunachilar safini kengaytiraylik.
 
Bugun Oʻzbekiston adolatli ijtimoiy siyosati, yaxshi qoʻshnichiligi, bagʻrikengligi, ilm-fani, madaniyat va sanʼati, sporti, tinch-totuv hayoti bilan dunyoga chiqmoqda. Bu roʻyxatga erkin matbuot ham qoʻshilishi uchun qalamlarimizni qayraylik, aziz hamkasblar.
 
Ahmadjon Meliboyev,
“Jahon adabiyoti”
jurnali bosh
muharriri
 
Manbaa: OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.