Mumtoz adabiyot olamining beqiyos obidasi “Qisasi Rabgʻuziy” asari milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan. Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻy, ezgu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan yozma yodgorlikda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan.
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan ikki jildli ushbu bebaho asarning zamonaviy oʻzbek tiliga Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova va Toshkent davlat sharqshunoslik instituti oʻqituvchisi Nodira Saʼdullayeva oʻgirgan.
Durdona asarning navbatdagi qismini eʼtiboringgizga havola qilamiz.
Sora bir yuz oʻttiz yoshda ekanligida, Jabroil bashorat keltirdi. Qurʼoni karimda shunday deyiladi: “Biz unga bashorat berdik. Isʼhoq bilan va u paygʻambar boʻlar. Bashorat berdik u xotinga Isʼhoq bilan va Isʼhoqdan keyin Yoqub bilan. Biz unga Isʼhoqni berdik va ziyoda qilib Yoqubni ham berdik va hammalarini solih bandalardan qildik”. Isʼhoq yalovach Ibrohim yalavochning oʻgʻli edi.
Bashoratu karomat tufayli Ibrohim yalavoch bilan Sora bir-birini sevib, suyib yashadilar. Uzoq vaqt farzandlari boʻlmaydi. Shuning uchun Sora Ibrohimga oʻz joriyasi Hojarga uylanishiga ruxsat beradi. Biroq, Soraning Hojar bilan munosabati buziladi. Ibrohim yalavoch Soraning topshirigʻi bilan Hojarni jami oziq-ovqatini berib, uzoq bir choʻlga tashlab keladi. Ibrohim yalavoch Hojarni va farzandi Ismoilni koʻrgani borganida ham jufti haloli Soraga bergan soʻzi tufayli otdan tushmaydi.
Sora yuz yoshdan oʻtgach, farzand koʻrishdan umidini uzgan edi. Jabroil adashgan Lut qavmini mudhish harakatlari uchun halok qilgani kelganida Ibrohim yalavochga mehmon boʻldi. Oʻshanda Jabroil farishta Soradan Isʼhoq otligʻ oʻgʻil boʻlishini bashorat etdi. Farishta bashoratidan yetti kun oʻtgach, Sora homilador boʻldi.
Isʼhoq tugʻilgan kuni koʻkdagi ming yulduz Ibrohim alayhissalomning uyi tegrasiga yigʻildi. “Ey, Ollohim, bu ne alomat”, – deb murojaat qildi Ibrohim yalavoch. Xitob keldi: “Isʼhoq oʻgʻlingdan ming paygʻambar dunyoga keladi”. Ibrohim paygʻambar shukrona bildirdi. “Isʼhoqqa bu karomatni berding, Ismoilga ne berarsan?”, – yana murojaat qildi u.
Yana xitob keldi: “Ey, Ibrohim, Ismoilni menga topshirgʻil. Ketidan bir Muhammad Rasululloh yalavoch bergayman. Uning nuri tufayli yuz ming yigirma toʻrt yalavoch ham, sen ham yaratilgansan. Aslida odam ahlini uning suyukligi tufayli yaratdim. Ibrohim sevindi. Hojarga xabar berdi. Barcha shod boʻldi. Avlodlariga shukrlar bildirib, ming qoʻy, yuz sigir, yuz teva sadaqa qildilar.
Isʼhoq ulgʻaygach, Ilyos oʻgʻli Batvilning Ruqʼa otliq qiziga uylandi. Undan Iyaz va Yoqub nomli ikki egiz oʻgʻil koʻrdi. Yoqub Iyaz oyogʻining tovonini ushlab tugʻildi. Shuning uchun nomini Yoqub deb qoʻyishdi. Iyaz oʻsib-ulgʻayib ovchilikka mehr qoʻydi. Isʼhoq Iyaz oʻgʻlini ortiq suyar edi. Bir kuni Isʼhoq oʻgʻli Iyazga kiyik ovlab kelib qovurdoq tayyorlash lozimligini, uni tanovul qilgach, duo qilishligini gapirdi. Isʼhoqning koʻzi ojiz edi. Xotini Yoqubni koʻproq yaxshi koʻrardi. Bir qoʻy soʻyib toʻnini Yoqubga kiygizdi. Chunki Iyaz serjun edi. Yoqub terini kiyib ota huzuriga kirdi va soʻradi: “Ota, kiyik goʻshtidan qovurdoq keltirdim. Duo qiling”.
Otasi ovqatni yegach, Yoqubning qoʻlini ushlab, duo qilishga chogʻlanganida ajablanib, dedi: “Qoʻling Iyazga, ovozing Yoqubga oʻxshaydi”. Ota oʻgʻliga dunyoning jami duosini qildi. Oʻgʻlining keti paygʻambarlar avlodi boʻlishligini Allohdan soʻradi. Alloh Isʼhoqning duosini ijobat qildi.
Undan keyin Iyaz keldi. Unga ezgu tilaklar qildi, biroq paygʻambarlik duosini qilmadi. Shu–shu ikki oʻgʻil oʻrtasida adovat paydo boʻldi. Isʼhoq ularning adovatidan qoʻrqib Iyazni Rum viloyatiga joʻnatdi. Rumliklar Iyaz avlodidir. Yoqub yalavoch avlodi Isʼhoq yalavoch duosi bilan yalavochlar avlodiga aylandi.