Isʼhoqxon Ibrat 100 yaqin kitoblarni sinch devor orasiga yashirib saqlab qolgan edi.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – mashhur shoir, adib, maʼrifatparvar Isʼhoqxon Ibratning koʻplab qoʻlyozmalari, hali tamomlab ulgurmagan asarlari, toʻplagan nodir qoʻlyozma va bosma kitoblarining barchasi Ichki ishlar xalq komissarligi (NKVD) xodimlari tomonidan toʻrtta qanor qopga joylanib, oʻzi xalq dushmani tamgʻasi ostida Andijon qamoqxonasiga olib ketildi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, Isʼhoqxon Ibratning soʻnggi yillardagi hayoti ancha tahlikali oʻtdi. Birinchidan, keksalik, ikkinchidan, 1935 yildan eʼtiboran hamma lavozimlardan ozod qilingan, qarilik nafaqasi ham tayinlanmagan edi. Buning ustiga mahalliy hukumat maʼmuriyati unga ishonchsizlik bilan qarar, Ibrat tepasida ham dahshatli qatagʻon bulutlari quyuqlashib bormoqda edi.
Isʼhoqxon Ibratning shogirdi Mulla Iskandar domla Abduvahob oʻgʻlining maʼlumot berishicha, Ibrat qamoqqa olinishidan biroz avval shogirdini chaqirib, yuzga yaqin nodir kitoblarini oʻz uyi mehmonxonasining orqasiga – qoʻshmsinch orasiga nobud boʻlmaydigan qilib terib, devorni suvab qoʻyishni aytgan. Yuqorida qayd etilganidek, oradan koʻp vaqt oʻtmay qatagʻon Ibratni ham ajdahoday oʻz komiga tortdi. 75 yoshni qoralagan keksa shoir va bir «qora mashina» toʻla kitob Andijon turmasiga olib ketildi. Faqat qoʻshsinch orasiga yashirilgan kitoblargina saqlab qolindi.
Isʼhoqxon Ibrat Stalin turmasida bir necha oy yotib, hayot bilan vidolashdi. Butun umrini xalqining maʼrifati, istiqloli uchun baxsh etgan 75 yoshli nuroniy shoir qamoqning ham jismoniy, ham ruhiy azoblariga bardosh bera olmadi.
Manbaa: OʻzA