Jahonda korrupsiyaga qarshi kurash usullari

0
4199
marta koʻrilgan.

Korrupiya bu oʻylamay bosilgan qadamlar. Nafsni tiya olmaslik. Bu illat pirovardida jamiyat, davlat zarar koʻradi. Ushbu yoʻlga kirgan inson  oʻzligini yoʻqotadi, atrofidagi yaqinlariga zarari tegadi. Onalar azoblanadi, bolalar qarovsiz qoladi. Shuning uchun ushbu illatga qarshi butun dunyo ahli birgalikda kurashadi.

Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning quyidagi usullari mavjud.

Ichki nazorat — bu usul boshqaruv apparatining oʻzida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar  yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki axloq qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan.

   Tashqi nazorat — bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning erkinligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Yaʼni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish, ommaviy axborot vositalariga koʻproq erkinlik berish va h.k.

 Saylov tizimi orqali kurashish —demokratik davlatlarda saylangan vakillarni korrupsiya uchun jazolashning asosiy usullaridan biri keyingi saylovlarda unga ovoz bermaslik hisoblanadi. Korrupsiyaga saylovlar orqali taʼsir oʻtkazish ham  eng samarali usul hisoblanadi. Ushbu illatga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini oʻrganish shuni koʻrsatadiki, avvalo, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish muhimdir. Xalqaro miqyosda va yurtimiz Oʻzbekistonda ham yuqorida keltirib oʻtilgan salbiy holatlarga qarshi kurash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Har bir mamlakat uchun ham, jahon hamjamiyati uchun ham nomaqbul jinoiy bozor iqtisodiyotining alohida turi shakllanishiga olib kelishini oldini olishdir.  BMT tomonidan 2003-yil 9-dekabrda Meksikaning Merida shahrida korrupsiyaga qarshi kurashishda davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish maqsadida 3 kunlik konferensiya tashkil etildi. Bu konferensiya davomida 100 dan ortiq davlat tomonidan korrupsiyaga qarshi xalqaro konvensiya imzolandi. Konferensiyaning birinchi ish kuni (9 dekabr) BMT tomonidan ”Butun dunyoda korrupsiyaga qarshi kurash kuni” deb eʼlon qilingan. Ushbu konvensiyaning qabul qilinishi va kuchga kirishi dunyo mamlakatlarining ushbu illatga qarshi kurashdagi hamkorligini yangi pogʻonaga koʻtardi. Ushbu Konvensiyaning maqsadi quyidagilardan iborat:

— korrupsiyaga qarshi qaratilgan yuqori samarali chora tadbirlarni qabul qilish va ularni mustahkamlash;

—ushbu illatga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kengaytirish.

Birlashgan Millatlar tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr)  Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 7-iyuldagi OʻRQ-158-sonli Qonuni bilan qoʻshilgan boʻlib, ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligi korrupsiyaning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa Ishtirokchi davlatlarga yordam koʻrsatishi mumkin boʻlgan organlar sifatida belgilab qoʻyilgan. Ushbu Qonunda Konvensiyaning 42 moddasining 1 va 3 bandlari boʻyicha nazarda tutilgan qilmishlar milliy qonunchilikka muvofiq jinoiy jazolanadigan qilmishlardir va ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining yurisdiksiyasi tadbiq etilishi belgilangan.

Xulosa shuki, ushbu illatni ildizi bilan yoʻq qilish uchun birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligini yaʼni huquqiy ong, huquqiy bilim, huquqiy madaniyatini oshirish, nafsni tiya bilishga oʻrgatish, fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish lozim boʻladi.

Islombek Nurmetov,

«Urganch aeroporti» chegara bojxona posti katta inspektori

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.