Farzandingizni oxirgi marta qachon kutubxonaga olib bordingiz? Farzandingiz bilan kutubxonada oxirgi marta qachon mutolaa qildingiz? Afsuski, bu savollarga javob hamisha ham ijobiy emas. Nega shunday? Xalqimizda farzandini kutubxonaga mutolaa uchun olib borish koʻnikmasi shakllanmaganmi yoki kutubxonalarimizda kichkintoylarga mos faoliyat yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganidanmi?
Taqdir taqozosi bilan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri – AQSHda bir oz muddat boʻlib, mamlakatimiz kutubxonalari bilan AQSH jamoat kutubxonalarida yosh kitobxonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni qiyoslab, shunday xulosaga keldimki, mamlakatimizdagi kutubxonalarning, ayniqsa bolalar kutubxonalarining faoliyatini rivojlantirish ehtiyoji mavjud. Chunki, jahonning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va uni milliy qadriyatlarimiz asosida yanada rivojlantirish koni foyda albatta. Ayniqsa mamlakatimizda har bir mahallada kutubxona tashkil etishga Prezidentimiz tashabbusi bilan eʼtibor berilyapti. Bu kutubxonalarni haqiqiy ziyo maskaniga aylantirish kerak. Bu borada AQSHdagi jamoat kutubxonalari faoliyatidagi men kuzatgan bir qancha namunali jihatlarni keltirish niyatidaman:
Avvalo, kutubxonalarning moddiy bazasi boy. Kitob zahirasi ulugʻvor. Har bir tumanda bir necha jamoat kutubxonasi mavjud. Bugun AQSHda 16 mingdan ziyod jamoat kutubxonasi bor. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, jamoat kutubxonasi deganda davlat byudjeti tomonidan moddiy taʼminlanadigan va barcha uchun ochiq boʻlgan kutubxonalar tushiniladi. Undan tashqari, mamlakatda maktab kutubxonalari, akademik kutubxonalar, turli davlat hamda nodavlat idora va tashkilotlarning ziyo maskanlari mavjud boʻlib, jami mamlakatda 119 mingdan ziyod kutubxonalar faoliyat yuritadi.
Kutubxonalarning kitob zahirasida mavzular boʻyicha keng koʻlamli. Bu yerda turli yoshga va turli qiziqishga mos necha millionlab kitoblar bor. Ular bolalarning yoshiga, qiziqishiga mos tarzda javonlarga boʻlingan. Masalan, bir javonda uch yoshgacha boʻlgan bolalarga katta-katta suratli, rang-barang, qattiq va oppoq qogozda ishlab chiqarilgan kitoblar joylashtirilgan boʻlsa, yana bir javonda endi oʻqishni oʻrganayotgan bolalarga, yana bir javonda esa oʻzi mustaqil kitob mutolaasi bilan shugʻullana oladigan bolalar uchun kitoblar oʻrin olgan.
Yodimda, Vashingitonga endigina borganimizda, farzandimni yangi sharoit, yangi maktab, yangi doʻstlarga koʻnikishi jarayonini oson oʻtkazishi uchun kutubxonachidan shu mavzuga doir biror kitob tavsiya qilishini soʻradim. Ziyo maskani xodimi maktabga yangi borganda, yangi doʻstlar orttirish, oʻqituvchi bilan doʻstlashish haqida yuzlab kitoblarni koʻrsatdi.
Kichkina qizim uchun tuvakka oʻrgatish, kiyinishga oʻrgatish kabi kitoblarni soʻraganimda, jajjilar uchun belgilangan javonga yoʻlladi. Javondan esa jajji bolalar uchun oʻz kiyimini oʻzi kiyishga daʼvat etuvchi yuzlab kitoblar terilganini koʻrdim. Yana bir toʻplamda bolakaylarni tuvakka oʻrgatishga qaratilgan koʻplab kitoblar mavjud edi, yana birisida esa soch oldirish unchalik ham qoʻrqinchli emasligini sodda, tushunarli va juda qiziqarli tilda tushuntirilgan kitobchalar terilgan edi. Xullas, javonlardagi kitoblar ham ana shunday tarzda mavzular boʻyicha joylashtirilgan edi. Ularning bari katta-katta suratli va rang-barang bezaklar bilan ishlangan oppoq qogʻozlarga chop etilgan rangli muqovali kitoblar boʻlib, bolaning oʻzi qiziqish bilan tomosha qiladigan darajada edi.
Yana bir jihati — uyga 50 tagacha kitob, 20 tagacha audio yoki video materiallarini olib ketishingiz mumkin. Taʼlim sohasida faoliyat yurituvchilar uchun esa imtiyoz berilgan boʻlib, soha vakillari 100 tagacha kitob olib ketishlari mumkin. Yana bir yaxshi jihati, kutubxonalarning on-layn xizmati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Quyida unga oid misollarni keltiramiz: Kitoblar 21 kunga berilib, agar yana koʻproq ushlab turishni istasangiz, uyda oʻtirgan holda kutubxona saytiga kirib, muddatini yana 21 kunga 10 martagacha uzaytirishingiz mumkin. Bu esa zahiraning nihoyatda boyligini ifodalab turibdi. Kitobni topshirish sanasi yaqinlashganida avtomatik tarzda elektron pochtaga eslatma xabari yuboriladi.
Aynan biror mavzudagi kitob kerak boʻlib qoldimi? Unda uydan chiqmagan holda onlayn tarzda kutubxona saytidan kerakli mavzuda va kerakli yoshga mos kitob izlash va siz uchun topib, alohida ajratib qoʻyishlari uchun buyurtma berish mumkin Bu usul esa vaqtingizni tejaydi. Jamoat kutubxonalarining barcha boʻlimlari bir tizimga birlashgan boʻlib, siz izlagan kitob siz boradigan kutubxonada mavjud boʻlmasa, boshqa boʻlimidan siz tashrif buyuradigan kutubxonaga olib kelib qoʻyadilar.
Jamoat kutubxonalari sayti turli oʻquv materiallariga juda boy. Kutubxonaga bormasdan, uyda oʻtirgan xolda matnli, audio, video oʻquv-ilmiy materillardan foydalanishingiz mumkin. Masalan, farzandingizga nima uchun kishi terisiga ajin tushadi, nima uchun kitlar suv purkaydi, nima uchun temir zanglaydi qabi savollarga javobni sodda tilda, koʻrgazmali tarzda tushuntirishni istasangiz, unda marhamat, kutubxonaga aʼzo boʻlib, saytning audio va video imkoniyatlaridan foydalanishingiz mumkin.
Yana bir afzalligi kutubxonalar yosh bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan pullik maʼrifiy saytlar bilan shartnoma tuzgan boʻlib, kutubxonaga tashrif buyurgan kitobxon ana shu saytlardan bepul foydalanishi mumkin.
Shu oʻrinda yana bir jihatni aytib oʻtish kerakki, kutubxonalarda internet xizmatlaridan bepul foydalanishingiz mumkin.
Shuningdek, ziyo maskanlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilishi aʼlo darajada desa arziydi. Kichkintoylarni mutolaaga oʻrgatishga boʻlgan munosabat ayniqsa eʼtiborga molik. Bularni mutolaa madaniyatining amaliyoti deyish mumkin. Kitobxonlikni targʻib qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida uzluksiz ravishda bolalar va kattalar uchun turli mavzularda tadbirlar uyushtiriladi.
Masalan, har haftaning dushanbasida ikki yoshgacha boʻlgan bolalar uchun “Ertaklar olami” soati tashkil etilsa, haftaning yana qaysi bir kunida 2 yoshdan 4 yoshgacha, navbatdagi kunda esa 4-6 yashar bolalar uchun tashkillashtiriladi. Tadbirlarda kutubxona xodimlari bolalarga turli oʻyinchoqlar yordamida ertaklar aytib beradilar, bolalar bilan birgalikda qoʻshiq kuylaydilar, raqsga ham tushadilar. Shuningdek bu yerda qiziquvchilar uchun toʻqish mashgʻuloti, kompyuter savodxonligi darsi, “Keling, jahon madaniyati bilan tanishamiz”, “Yozishni oʻrganamiz”, “Jajji olim va olimalar”, “Oilaviy mutolaa soati”, “Shaxmat oʻynaymiz” kabi mashgʻulotlar tashkil etiladi. Mashgʻulotlarning kunlari belgilangan. Belgilangan vaqtda muntazam boʻladi. “Oilaviy mutolaa” soatida esa muntazam kelgan jajji kitobxonlarga oʻzigi mos sovgʻalar berib, ragʻbatlantiriladi. Kutubxonaga kelgan jajji kitobxon mutolaadan charchaganida oʻyinchoqlar oʻynab bir oz dam olishi, soʻngra yana kitob mutolaasini davom ettirishi mumkin.
Umuman kutubxonaga kelgan bola hech qachon zerikib qolmaydi. Kichkintoylarga kitobni majburlab oʻqitish mumkin emas. Takror-takror “Kitob oʻqish kerak – kitob oʻqish kerak” deyavergan bilan bola kitobxon boʻlib qolmaydi. Bu jarayonni bolalikdan boshlash kerak. Bu esa farzandlarimiz bilan muntazam birgalikda mutolaa qilish, kutubxonalarga yetaklab borib, kitob olib berish va shu tariqa kitoblar bilan doimiy tarzda “muloqotda” boʻlish koʻnikmasini shakllantirish lozim.
Bizning kutubxonalarda kattalarga, maktab oʻquvchilariga turli tadbirlar bisyor, biroq maktabgacha boʻlgan bolalarga atalgan tadbirlar juda kam. Zero, mutolaa madaniyati koʻnikmasi ana shu davrdan maktab ostonasiga qadam qoʻygunicha paydo boʻlishi kerak. Ana shunda kichkintoy maktabda oʻqishga tezda koʻnikadi.
Buning uchun kutubxonalarimiz kitob zahirasini boyitishi,moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, maʼnaviy-maʼrifiy tashkiliy faoliyatini ham yanada yaxshilash zarur. Zero, jajji kitobxonlarimiz ziyo maskaniga borar ekan, koʻnglida yana borish istagi bilan qaytsin.
Oydin SAʼDULLAYEVA