Islom madaniyatiga oid memoriy ahamiyatga ega Jaloliddin Manguberdiga mansub yada toshi bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanadi.
Mazkur tosh oʻymakor va gravyurali ishlanish texnikasiga ega boʻlib, sangtaroshlik uslubida tayyorlangan. Islom madaniyatiga oid ushbu toshning boʻyi 29,00 sm, kengligi 50,00 sm, qalinligi 32,00 sm, ogʻirligi 42,50 kg boʻlgan ushbu tosh Eron hududidan topilgan va aksiya orqali sotilgan.
Ushbu eksponat №1990.06.12.1 raqami bilan qayd qilingan. Milodiy 1230/1231 yilda ishlangan deb qaraladi. Eksponatga “mazkur toshning 1230/1231 yillarda, yaʼni Jaloliddin Xorazmshoh umrining oxirgi kunlaridagi sharqiy Turkiya, shimoli-gʻarbiy Eron va Ozarbayjondagi harbiy yurishlaridan xabar beradi”, — degan taʼrif berilgan.
Bu toshga sangtarosh Mahmud bin Muhammad ismli Rashid nomi bilan mashhur boʻlgan muhrkan va zargar ishlov bergan. Rashid asli kelib chiqishi Sharqiy Eronning uzoq Nishopur shahridan boʻlib, aftidan moʻgʻullar bosqinidan Gʻarbiy Eronga qochib kelgan boʻlishi mumkin.
Anvar Matniyazov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim