Bolaligimizda kim bilan yaqin dugona boʻlishni xohlasak jimjiloq barmogʻimizni tutib, “Kel, oxirigacha chiqon boʻlaylik”, deya doʻstligimizni barmoqlar orqali muhrlab qoʻyardik. Qizlar shu bahona oʻrtadagi ginalarga, arazlashlarga ham chek qoʻyishardi.
Xotira uygʻonsa goʻzal, deyishadi. Bir zum yoshlikka qaytdik. Jimjiloq barmoqlar orqali ahdu-paymonimiz dugonamiz bilan hamisha yaxshi munosabatda boʻlishni, har qanday holatda ham urishib-janjallashib qolmaslikni eslatib turardi. Oʻylayman, oʻshanda kichkina-jimjiloq barmoqlarning sehri oʻtkir, hikmati shunchalik baland boʻlgan ekan-da.
Goʻzal xotiralar haqqi-hurmati bolalikda qalbimizning tubidan chuqur oʻrin olgan ushbu begʻubor oʻyinlar yillar oʻtgan sari esimizga tushaveradi. Bugun barcha shoʻxliklar orta qolgan boʻlsa-da, baʼzan begʻubor bolalikni qoʻmsab, yana oʻsha ezguliklarga bot-bot qoʻl urgimiz keladi. Gavharjon Ibodullayeva bilan bir-birimizni yaxshi tushunishimiz, oʻzaro hurmatimiz samimiy ekanligiga quvonaman. Hamisha, har joyda shunday doʻstim borligini faxr bilan gapirgim keladi. Baʼzan, dugonam menga “Mehrijahon qiyomatligim, jimjiloqjonim, oʻzimni oltinim, dilbarim, goʻzalim, asalim, Ganga daryom, azizim, dugonam” deb alqasalar, hayolimda men ham dugonamga yetarli mehr, eʼtibor, ehtirom koʻrsatyapmanmi, degan savollar tugʻiladi. Oʻshanda men ham dugonamga yaxshi soʻzlar aytishga taraddudlanaman. Yovuzliklardan, gʻazab va nafratlardan yiroqda, yaxshi soʻz va mehrga tashna Gavharjon dugonamga omonlik tilayman. Men uchun salomat boʻling, uzoq umr koʻring. Ijoddan charchamang.
Gavharjon opani 1998 yili Xorazm viloyati maʼnaviyat va maʼrifat markaziga rahbarlik lavozimida ish boshlagan kunlaridan taniyman. Oradan koʻp oʻtmay Oliy Majlis deputati boʻldilar. Juda yaqindan tanishganim, 2000 yilning qish fasli edi. Gavharjon opa viloyat hokimligidan chiqib, ishxonasiga borayotgan edi. Hokimiyat va markaz yonma-yon binoda joylashgan. Men uni uzoqdan koʻrdim va tez-tez yurib yaqinroq keldim. Oppoq qorda oyoq izlari tushgan yerni oyogʻim bilan bosib, yaxshi niyat qildim. Shu ayolga oʻxshashni, doʻstlashishni oʻzimga orzu qilib, izma-iz yuraverdim. Opa sezmadilar. Bino zinapoyasiga yetganida tabiiyki, oyoq izlar tugadi va Gavharjon opa ichkariga kirdi. Endi oʻzlari bilan yaqindan tanishaman, dedim-da qabulxonasiga kirdim. Meni darrov qabul qildi. Oʻzimni tanishtirdim. “Oila va jamiyat” gazetasining viloyatdagi muxbiri ekanligimni aytganimda, kulib, “Sizni juda yaxshi taniyman, “Xorazm haqiqati” da ishlagan davringizdan ijodingiz bilan tanishman” dedilar.
Shu-shu biz bir-birimizni koʻrsak, yaxshi soʻrashadigan, dildan suhbatlashadigan boʻldik. Yanada yaqin dugonalar boʻlishimizga Shakarjon opa Xoʻjaniyozova ham sababchi boʻlganlar. Opa rahbarligida viloyatda qator tadbirlarni oʻtkazib, dasturlar, maʼruzalar tayyorlashga kirishib ketdik. Hamkorlikdagi ish jarayonida Shakarjon opa va Gavharjon Ibodullayevadan koʻp narsalarni oʻrgandim. Yaqin dugona boʻlib qolganimizning sabablari juda koʻp. Ish, umumiy fikrlar, dunyoqarashlar mushtarak tilaklar, benazir orzu-umidlar bizni bir-birimizga yanada yaqinlashtirdi.
Taqdir bizni yana oʻsha- bolaligimizni qoʻmsab, ajib xotiralar bilan eslaydigan hikmatli bir kunga yetkazdi. Gavharjon opa, Madina opa (Madina Matyoqubova-filologiya fanlari nomzodi, ogahiyshunos olima) va yana bir necha qizlar jimjiloqlar orqali doʻstligimizni mustahkamlashga ahd qildik. “Qiyomatli chiqon tutinganimiz” zimmamizga tagʻinda katta masʼuliyat yukladi. Bu endi bolalikdagi oʻyin emas, qalblarimiz amri bilan ado qilingan jiddiy ahdu-paymon, beqiyos darajadagi oʻzaro doʻstlik rishtalarini, opa-singillik mehr-muhabbatini mustahkamlash sari qoʻyilgan muborak qadam edi. Bir-birovga boʻlgan tashnalik, “opayachilikka” boʻlgan kuchli xohish-iroda boshlarimizni bir joyga keltirgan boʻlsa ne ajab. Izlaganim-bu mehr, oʻzaro ishonch bizni aminmanki, koʻp martabalarga koʻtardi, koʻngillarimizga muhtashamlik hadya qildi.
Xorazmning sevimli shoirasi Gavharjon Ibodullayevaning nazmdagi goʻzal mahoratini aziz oʻquvchi juda yaxshi biladi. Uning asarlaridan bahra olmaslikning iloji yoʻq. Soʻzlar sizni asta-sekin oʻz ortidan ergashtiradi, quvontiradi, goho yigʻlatadi va baʼzan oʻylantiradi. Bir ogʻiz soʻz bilan aytganda, qalblarni junbushga keltiradi. Kichkinagina yuragingizni katta-katta orzu-umidlarga, yaxshi niyat va shukronaliklarga, kuch va irodalarga toʻldiradi.
Shoira toʻgʻrisida yuqorida juda koʻplab tahlillar, goʻzal sharhlar keltirilgan. Uning ushbu toʻplamga kiritilgan “Bagʻishlov”, Vatan”, “Adabiyot oʻqituvchisining xitobi”, “Vatangadolar”, “Gʻofillar”, “Xudo qaytib bergan” turkumi ostidagi “Istak”, “Tarona”, “Elim” kabi sheʼrlarini hayajonsiz, haroratsiz, shu bilan birga dardsiz oʻqishning iloji yoʻq.
Har bir sheʼrning oʻz tarixi bor. Gavharjon opa sheʼrlarini farzandidek ardoqlaydi, alqaydi. Ularning dunyoga kelishini kuchli hayajon bilan ifodalaydi. Sheʼr tugʻilishiga kimlar va nimalar sabab boʻlganini chiroyli voqealarda koʻrsatadi. Bu juda nafis va zamonaviy yondoshuv. Tabiiyki, sheʼrning paydo boʻlishiga koʻpchilik kitobxon, muxlis qiziqadi. Oʻquvchiga savol qoldirmasdan, armugʻon etilgan asar albatta goʻzaldir, dilga yaqindir.
Shoiraning Alloh bergan benazir ijodiga tasannolar aytasiz. Xalq oʻz elining shoirasiga yuksak baholar, martabalar berdi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, koʻksidagi “El-yurt hurmati ordeni, “Shuhrat” medali uni yanada muhtasham qildi. Gavharjon opa bilan qayerga borsak, uning qutlugʻ tashrifidan odamlar nihoyatda quvonib ketishlarini koʻraman. Muxlislari juda koʻp. Shoirani hamisha intizorlik bilan kutishadi, sheʼrlarini hayajon bilan tinglashadi. Ular orasida men ham borman…
Gavharjon Ibodullayeva nafaqat shoira sifatida, balki bosma ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan qator publitsistik maqolalari, lavha va suhbatlari orqali gazetxonlar mehrini va eʼtiborini qozondi. Ularda voqealarning kuchli tahlili, jarayonlarga oʻtkir nazar, mantiq va tarbiyaviy-taʼsirchanlik, aniq maqsad, goʻzal va tashbehli insoniy tuygʻular, milliylik oʻz ifodasini topgan. Gavharjon Ibodullayevaning ijodiga xos boʻlgan yana bir jihat- badiiy-publitsistikasining nihoyatda taʼsirchanligidir. Vatansiz, elsiz, xalqsiz qolgan kunlari oʻzini koʻngli yarim, kemtik xis qiladigan shoira nasrda ham soʻzlarini duru-gavharlardek qogʻozga tushiradi. Insonning dilidan tiliga koʻchgan gaplar hamisha samimiyat kashf qilgan. Ijodkorning samimiyat bilan yozilgan koʻlami keng publitsistika yoʻnalishidagi qaydlarida Vatan mehri, yurt tinchligi, istiqlol bergan ulugʻ va tengsiz neʼmat, zamon kishilari, fidoyi insonlar ruhiyati, yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannum etiladi. Ushbu munavvar kunlarning qadriga yetib yashash lozimligi ifodalanadi.
Ijodkor oʻzining “Eʼtiqod va maʼnaviyat” maqolasida maʼnaviyat tushunchasiga quyidagicha toʻliq va munosib baho bergan:
“Maʼnaviyat esa, avvalo, oʻzni anglamoqdir. Hazrat Navoiyda shunday misralar bor:
El netib topgay menikim,
Men oʻzimni topmasam…
Oʻzni topish, nimalarga qodir ekaningni anglash, qodirlikka oʻzingni sozlash, oʻzingni taftish qila bilish, feʼlingda mavjud qusurlarni tan ola bilish, oʻzingni yetaklash, mudroq tuygʻularni uygʻotish, oʻzingni uygʻota bilish…
Alloh suyib yaratgan bandasi-inson gardaniga yuklagan vazifalar uchun masʼullikni tuyib yashash… maʼnaviyatdir”.
Ha, birgina soʻzning qadrini doimo baland tutgan ijodkor qay yoʻnalishda yozmasin, ularda “inson qadr-qimmati”, “oʻzligi ulugʻlanishini”, “bandasi munosib ishlar qilishi” ni, “oʻzingni taftish qila bilish” ni istaydi. “Xorazmda “Adabiyot kunlari” turkum maqolasining “Qodiriy bogʻidagi uchrashuv” qaydlarida “Soʻz sanʼatining eng muhim fazilati-ulugʻ gʻoya va maqsadlar atrofida insonlarni birlashtirish ekani, yozuvchining odamlarni ezgulikka chorlab aytgan haroratli soʻzi oʻrnini hech narsa bosolmasligi” ni alohida taʼkidlaydi.
“Ozodlik shukuhi”, “Toʻyxona boʻlsin xonadonim”, “Xush ayyomlar muborak” kabi maqolalarida mustaqillikning benazir neʼmati, shu kunlarning tinchligiga shukronalik, uning qadri nihoyatda qimmatli ekanligi, shu yurtga toʻylar yarashajagi, goʻzal milliy urf-odatlarimiz ifoda etiladi.
“Mustaqillik…Soʻzimning bezagi emas, u ich-ichimdan silqib, vujudimni orziqtirib, dildan tilga qalqadigan muqaddas shukronam!
Shukronani esa shunchaki, til uchida aytib boʻlmas, uni yurakdan, muqaddas oyati kalima yangligʻ pichirlab, shivirlab aytmoq yarashiqlidir.
Bu kalomni tilga olar ekanman, dilim oynasida bir savol balqiydi: “Mustaqillik — nima oʻzi?”…
Xayollarim jafokash adabiyotimiz sahifalari boʻylab safar boshlaydi.
Oʻtgan asrning oqu qora baravar chaplashgan zulmkor zamonida turmush oʻrtogʻi Said Ahmaddan voz kechsa, katta imkonlar vaʼda qilingan Saida opaning hasratli qarogʻi, shikasta ovozidagi boʻhronning, isyonning ismi Mustaqillik emasmidi?
Adabiyotda Sulton Jaloliddin siymosini yaratgani uchun taʼqibu tazyiqlarga mahkum etilgan Shayxzodaning boshiga tushgan qaro kunlar zavolini qaysi toshu, qay tarozu bilan oʻlchash mumkin?…
Yoza turib, xontaxtaga bosh urib, “Kumush oʻldi!”-deya boʻgʻzidan dod otilgan Qodiriyning sabil qolgan isteʼdodi, muhabbat osmonida porlagan yulduz –Choʻlpon faryodi emasmi Mustaqilik?
Toʻmaris yuragini sher qilgan, Shiroqni chinakam er qilgan tuygʻu –qalb iymoni emasmidi u?”
Darvoqe, soʻz-muqaddas. Aks holda insonlar ongu tafakkuriga ezgulik birla yaxshiliklar qay yoʻsin jo boʻlardi. Yuqoridagi iqtiboslardan taʼsirlanmay, hayajonlanmay boʻlarkanmi?! Men dugonamning ijodiga tobora chuqurroq kirganim sari, uning qahramonlari bilan yashayotgandek, ularga hamdard, ular bilan birga kulib, birga yigʻlayotgandek boʻlaman. Va haqiqatan ham, shu kunlarga yetkazganiga shukronalik qilib, “muqaddas oyati kalima yangligʻ pichirlab”, Mustaqillikning qadriga yanada koʻproq yetishga oshiqaman.
G.Ibodullayevaning yetuk rahbar, tashabbuskor inson sifatidagi fazilatlariga ham alohida toʻxtalmoqchiman. Vohada har yili oʻtkaziladigan “Adabiyot kunlari” haftaligi, shoir va yozuvchilarning tavallud kunlari doirasidagi turli tadbirlarda Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbarining alohida xizmatlari bor. Ayniqsa, respublikamiz boʻylab Ogahiy hazratlarining 210 yilligi oʻtkazilishida shoiraning beqiyos mehnatlarini koʻrishimiz mumkin. Xivada Ogahiy ijod maktabining ochilishi, uy muzeyi, qabrining obod qilinishi, Ogahiy bogʻining qayta qad rostlashi tashabbuslarida G.Ibodullayevaning ham hissasi katta boʻldi, desam mubolagʻa emas.
Doʻsting ming boʻlsa-da oz, bitta boʻlsa-da koʻp, deydi dono xalqimiz. “Opaya” tutinganimiz haqqi-hurmatigina emas, dildan aytilgan yuqoridagi soʻzlarim, dugonamga aytgan tilaklarim yuragimning tub-tubidan chiqdi.
Rahmatlik onam yoshligimda koʻp nasihatlar qilardilar: “Qizim, men iz-izidan koʻp farzandlar tugʻib, ularning taʼlim-tarbiyasi bilan ovora boʻldim. Koʻp chiqon orttiraolmadim. Umringning oxirigacha dugonalaring koʻp boʻlishiga harakat qil, ular bilan aloqalarni uzma. Yaxshi doʻst-hayotingni bezaydi, doʻst bilan koʻngling toʻladi. Ayniqsa, qariganingda yaxshi chiqonlaring seni yoʻqlab kelishsa, bundan ortiq baxt bormi. Hali-yam, Xajga borib, dugonalar orttirgan ekanman. Ular bilan birga oʻtirib qolsak, yayrab ketaman” dedilar.
Onajonim qutlugʻ 93 yoshga kirdilar. Umrlarining soʻnggi yillari hali eskirib bitmagan koʻylaklarini oldimga qoʻyib, “Qizim, bularni menga oʻzing tikib bergansan, sendan roziman, chunki oʻrgatganimdek, maromiga yetkazib tikding. Shuning uchun tikkanlaringni maza qilib kiyganman. Koʻylaklarim juda koʻp. Ularni yana qachon va qayerga kiyaman… Endi vaqtida bularni mendan ol.
Onajon, bu koʻylaklarni oʻzingiz hali koʻp kiyasiz. Menga berib oʻtirmang. Har kun bittasini kiyib chiqing,-dedim suhbat magʻzini chaqqan boʻlsam-da, boʻgʻzimga nimadir tiqilib.
-Qizim, mehnatlaringni koʻrib turibman. Ishni ham tashlamading. Qoʻshimcha hunaring-tikishni ham joyiga qoʻyib, roʻzgʻoringni butun qilding. Toʻgʻri bular koʻp. Balki oʻzingga yaqin dugonalaringga meni eslab yurishlari, haqqimga duo qilib turishlari uchun berarsan. Ammo, qadriga yetadiganlarga ber, xoʻpmi? -dedilar.
Oramizdagi ushbu suhbatdan soʻng, onajonim olti oy yashadilar. Oʻsha kuni kiyimlarini olmadim. Har kuni oʻzlariga yangi-yangi kiygizib turdim. Mehribonim bu dunyoni tark qilganlaridan soʻng, koʻp vaqtlargacha koʻylaklarini qoʻlimga olib, tikinlarigacha kuzatib, koʻzimda yosh bilan onajonimning hidlarini qalbimga joyladim.
Oradan yillar oʻtgach, Gavharjon opa bir kun biznikiga yotadigan mehmon boʻlib keldilar. Ishdan chiqib kelganimiz uchun uyda kiyadigan koʻylak berishim kerak edi. Onajonimning koʻylaklaridan bittasini tugunchadan oldim-da, shuni kiying, onajonimning hidlari bor. Eng yaqin, bu koʻylakni qadriga yetadigan dugonangga ber, haqqimga duo qilib yursin, degan edilar. Sizni munosib bilaman, Gavharjon opa, kiying-chi, yoqarmikan, dedim. Gavharjon opa sal toʻlaroq boʻlgani uchun loppa loyiq keldi. Xuddi ularga tikilgandek, tavba, shunaqasi ham boʻlarkan, hayratlandim. Onajonimning koʻylaklarini oʻzlari nasihat qilganlaridek, yaqin dugonalarimga taqdim etdim. Ushbu tuhfa orqali Gavharjon opa bilan doʻstligimiz yanada mustahkamlandi, “jimjiloq dugona” masʼuliyati tagʻinda oshdi. Gavharjon opa bu muborak koʻylak voqeasini tez-tez eslab turadilar.
G. Ibodullayeva nafaqat davlat ishlarida, balki oilada ham munosib kelin, vafodor turmush oʻrtoq, mehribon ona, munis buvijon sifatida barchaning birdek mehr-muhabbatiga sazovor boʻldi. U erishgan muvaffaqiyatlarida eng avvalo yaqin insonlarining benazir mehnatlari borligini koʻp bora taʼkidlaydi. Nimaga erishibdiki, barcha yutuqlarda qaynonasi Roʻzibika ena hamda qaynotasi Yoqub xoʻja otaning mehnatlarini koʻradi. Turmush oʻrtogʻi Saʼdulla aka esa uning ijodini, salohiyatini doimo qadrlagan inson edilar. Armonli dunyo ekan, Gavharjon opa Saʼdulla akaning vafotidan soʻng qattiq iztirobga tushib, yuragining bir parchasini yoʻqotganday boʻldilar. Qadrli insoningdan ayrilish nihoyatda ogʻir. Ammo farzand va nevaralarining qiyofasida turmush oʻrtogʻining mehrini, chehrasini koʻrdi, shukrona qildi. Gʻulomjon, Sardorbek, Sarvarbek, Nargizaxon hamda bir-biridan shirin nevaralar bagʻrida qalbiga yana yaxshi kunlarning orzu-umidini tuydi. Yashash davom etadi, oʻlmakning izidan oʻlmak yoʻq. Allohning buyrugʻiga itoat qilmay ilojimiz qancha. Dugonajon, endi, siz-u bizga barcha oʻtganlarimizni goʻzal xotiralar bilan eslab, ular ruhiga duo qilmoqlik joiz…
Chiqonjon, kemtik koʻnglingiz doʻstlar diydori bilan yanada muhtasham boʻlsin. Donishmandlar taʼkidlaganlaridek, “Doʻst bilan obod uying, gar boʻlsa kulbang vayrona ham”. Men Gavharjon Ibodullayevadek, qadrdon doʻstim, qalbdoshim boʻlganidan faxrlanaman. Yuragimdan joy olgan, koʻnglim koshonasiga aylangan dugonam Gavharjon opadek insonlar bor boʻlsin. Doʻstlik abadiy boʻlsin!
Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist