Kavkaz togʻlarida: OʻZBEKISTON

0
896
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgustda mustaqil deb eʼlon qildi. Oʻsha paytda Rossiyadagi mamlakatimizning bir parcha yeri – “Oʻzbekiston” sihatgohida edik. Biz oʻzbekistonliklar xabarni telefon orqali eshitgan boʻlsakda, kechqurun “Vremya” teledasturini intiqlik bilan kutdik. Yoʻlakdagi dam olish maydonchasiga qoʻyilgan televizorga barchaning nigohi qadalgan, xonaga sukunat choʻkkan edi. Moskva orqali xushxabar eʼlon qilinganida barcha yurtdoshlarimiz qarsak chalib yubordi. Bir-birini qutlashdi. Yonimda turgan oʻgʻlim quvonchimiz sababini soʻradi. “Oʻgʻlim, xalqimizning yuz yillik orzusi amalga oshdi”, dedim koʻzlarimda beixtiyor yosh qalqib. Oʻzbekiston mustaqilligi Ona xalqimizga XX asr soʻngida nasib etgan ulkan tarixiy gʻalaba ekanligini tushuntirdim.

Darhaqiqat, oʻtgan yigirma olti yil xalqimiz mustaqil taraqqiyot yoʻlini belgilab olgani, tanlagan yoʻli – tinchlik, bosqichma-bosqich taraqqiyot yoʻli toʻgʻri yoʻl ekanligini isbotlay oldi. Bugungi kunda rivojlanishning “oʻzbek modeli”ni dunyo eʼtirof etmoqda. Oʻzbekiston 250 dan ortiq davlat bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida bayrogʻimiz hilpirab turibdi. Mustaqillik yillarida respublikada paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, pillachilik, meva-sabzavotchilik sohalari, sanoatning gaz, neft, qimmatbaho metallar qazib chiqarish turlari keng rivoj topdi.

Men Rossiyaning Stavropol oʻlkasida joylashgan Kislovodsk shahridagi “Oʻzbekiston” sanatoriysiga yigirma uch yil oʻtib borganimda buni yana bir marta qalbdan his etdim. Millatimizning mashhur sarkardalari Jaloliddin Manguberdi va Amur Temur bobolarimizning qadamlari yetgan togʻlar bagʻrida mamlakatimizning bir parchasi – dam olish maskani borligi va u yanada obod boʻlgani dillarni yashnatadi.

“Minvoda” aeroportidan chiqiboq, “Oʻzbekiston” sanatoriysi” deb yozilgan mashinaga koʻzimiz tushdi. U koʻngillarga yorqinlik bagʻishladi. Dam olish maskanining peshtoqida ona tilimizda yozilgan “Oʻzbekiston” sanatoriysi yozuvi va yurtimizning ramzi – bayrogʻi va gerbini koʻrganimizda qalbimizni beixtiyor faxr tuygʻusi chulgʻab oldi. Soʻlim maskanda hordiq chiqarayotgan yurtdoshlarimiz oʻzbekona lutf bilan “xush kelibsiz” deganlarida yanada yayrab ketdik.

Tabiat moʻjizasi, shifo manzili, kurortlar shahriga aylangan – Kislovodskda oʻttiz sakkizta sanatoriy joylashgan. Ularning biri – “Oʻzbekiston” sihatgohidir. U oʻrmon-parkning xushmanzara joyida bunyod etilgan. Havosi rohatijon, yam-yashil archalar hidi ayvon orqali xonalarga ufurib, dilga xushkayfiyat baxsh etadi. Sharqiroq soyning toshlarga urilib, billurdek tovlanib oqishi ruhiyatga osoyishtalik olib kiradi.

Bizning dam olish maskanimiz ham oʻz navbatida kelinchakdek bezangan oʻrmon hududiga alohida koʻrk bagʻishlab turibdi. Jonajon Vatanimizning bir boʻlagi boʻlmish Kislovodskdagi “Oʻzbekiston”imizning hayratomuz goʻzalliklari bepoyon moviy osmonga intilgan, togʻlar bilan boʻylashgan sarvqomat daraxtlar, oy bilan chiroy talashgan gullar, milliy ruh bilan bezatilgan yoʻlaklar soʻlim oromgohga yanada koʻrkamlik baxshida etgan. Dam olish maskanining orqa eshigidan shunday oʻrmonga yoʻnalasiz va “Billur buloq” yodgorligiga duch kelasiz. Uning bir tomonida ikki buyuk ijodkor Pushkin va ikkinchi tomonida esa Lermontovga qoʻyilgan yodgorlik qad rostlagan. Bu yerlar ulugʻ shoirlarning qadami yetgan va ijod manbai boʻlgan makondir.

Ijodkorlarning poyqadamida gullarning bellashib, chiroy talashib turishi ham tasodif emas, albatta. Oʻrmon tabiati – gulzorlaru bogʻ-rogʻlar, xush manzaralar inson va uning qadoq qoʻli, qaynoq qalbi hamda nozik didining mahsulidir. “Oʻzbekiston” sanatoriysi esa oʻzbek xalqining baxtli turmushi, farovonligi va ijodkorligi, tashabbuskorligi timsolidir! Zero, tabiat oʻz quyoshi bilan, inson tafakkuri, ijodiy faoliyati bilan ajralib turadi.

“Oʻzbekiston” sanatoriysining oʻziga xos anʼanalari bor. Ularning avvali toza havo, shifobaxsh “Narzan” bulogʻi suvi hamda tibbiy muolajalardir.

Oromgohning orqa eshigidan oʻrmonga chiqib, billurdek tovlanayotgan soy yoqalab borib shifobaxsh suvdan qonib ichamiz. Bu borada vrachlar ham dam oluvchilarga hamfikr, hammaslakdir. Xizmatga shay sanatoriy xodimlari turli millat vakillari boʻlib, ularning maqsadu muddaosi yagona – millatning yuzi boʻlgan bu maskanda buyuk Vatanimizga munosib xizmat koʻrsatish, sihatgohning goʻzal, rang-barang gullariga hamohang yaxshi kayfiyat baxsh etishdir.

OROMGOHLAR ShAHRI. Kislovodsk Kavkaz togʻlari bilan oʻralgan shahar boʻlib, kavkaz-abazin tilida maftunkor degan maʼnoni anglatadi. Kavkaz togʻlarining adrlarida joylashgan Kislovodsk nafaqat Stavropol oʻlkasida, balki butun jahonda eng mashhur kurort shaharlardan biridir. Yessentuki, Pyatigorsk, Jeleznovodsk shaharlari u bilan yonma-yon joylashgan. Kislovodskning shahar shaklida tashkil topganiga koʻp boʻlmadi, endigina ikki yuz yil toʻldi. Uni Kislovodsk kurort-shahar maʼmuriyati boshqaradi. Bu yerda 95dan ortiq shifo va dam olish maskanlari mavjud. Oʻttiz sakkizta sanatoriy, 12ta pansionat, 4ta klinika va 39ta mehmonxona va undan tashqari mini mehmonxonalar ham mavjud. Kurortlar makonida mamlakatimizning shifo maskani ham borligi, albatta, bu yerga kelgan yurtdoshlarimiz qalbini gʻururga toʻldiradi.

Aholisi. Kislovodsk nafaqat shifo maskanlari bilan mashhur, balki koʻp millatli aholisining doʻstona yashayotgani bilan ham eʼtiborga molikdir. Bu yerda turli mazhab va millat vakillari yashaydi. Asosiy aholisi diniy mazhab boʻyicha nasroniy va musulmonlardan tashkil topgan. Shaharda 13 ta milliy madaniyat markazi bor. 2 ta slavyan, nemis, qorachoy, grek, osetin, abazin, ozarbayjon, arman, dogʻiston, yahudiy, adigey va gruzin xalqlarining madaniy markazlari faoliyat yuritadi.

Tabiati ham oʻziga xos. Kechqurun yomgʻir yogʻib, ertalab quyosh porlab turadi. Shuning uchun ruslar bu yerni quyoshli oʻlka deyishadi. Diyorimizdagi kabi toʻrt fasl toʻrt fazilatni oʻzida namoyon etib, turli koʻrinishda tovlanib koʻzni quvontiradi. Kishilari yil davomida archalar ifori ufurib turgan havodan nafas oladi. Mamlakat tabiatida, aholisining urf-odatlarida, turmush tarzida betakror rang va ohanglar mavjud. Kavkaz xalqining shiori goʻyo ”Birdamlik – rang-baranglikda” degandek tuyuladi.

Tili. Koʻp millatli shahar xalqlarining umumiy tili – rus tili. Shahar xalqining koʻp tilli ekanini oʻrmonning malikasi turli-tuman archalarga mengzayman. Turfa millatli doʻstona yashayotgan xalqni rus tili uygʻunlashtirib turadi. Archalarga kelsak, turli tuman shaklli, rang-barang archalar bitta yashillikda mujassamlashgan. Ularning baʼzilari baxmal guldek turli xil tovlanadi, faqat yam-yashil, baʼzilari baxmaldek yumshoq, baʼzilari bizning oʻlkalarda koʻp oʻsadigan nina bargli daraxtlardir. Ular goʻyo yuqorida taʼkidlaganimizdek Kavkazning turli feʼlli, turfa tilli odamlariga oʻxshab ketadi.

Shahar kezar ekansiz, bozoru doʻkonlarining peshtaxtalarida turkiy tilimizga oʻxshash soʻzlarni ham uchratish mumkin. Sotuvchilari bilan oʻzbekcha suhbatlashamiz, deyarli koʻpchiligi tushunadi.

ATIRGULLAR VA ARCHALAR VODIYSI. Inson turfa tilli, turfa shakl-shamoyilli boʻlganidek atirgullar ham turli-tuman ekanligini ana shu vodiyda his qilasiz. Bu yerda atirgulning yuzlab turlari mavjud boʻlib, barchasi qizil va oq rangda. Bu ikkala rangning koʻpligini koʻrib lol qolasiz. Ular bir-biridan na faqat shakli-shamoyili balki, qizil va oq-sariq ranglarining turfaligi bilan ham ajralib turadi.

Ularni oʻrab turgan bulut bilan boʻylashayotgan archalar ham atirgullardek shakl-shamoyilga ega. Ushbu qaddi tik archalarning shoxlariga eʼtibor bersangiz, ular ham atirgullardek qat-qat tovlanib oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Beixtiyor hayratga tushamiz. Bu moʻjizamikan yoki inson qoʻli bilan yaratilgan yangi bir daraxt navi?! Bu yerda archadan gʻorlar yasalgan. Bu maskanda archadan tonnellar bunyod etilgan. Archadan yana betakror ayvonlar qad rostlagan boʻlib koʻzni qamashtiradi. Ularning biri nina bargli, biri yashil gulga oʻxshaydi, biri yashil archaga tonggi qirov tushgandek kayfiyat uygʻotadi. Yana birining ulugʻvorligidan koʻz uza olmaysiz. Soyasida yuzlab odam dam olishi mumkin. Tanasiga oʻnlab quchoq birlashsa yetmaydi. U donishmand nuroniyni eslatadi. Ularning yonida pastakkina dum-dumaloq pufakdek boʻlib oʻsgan archalar koʻzga tashlanadi. U “donishmand archa”ning yonida boʻy choʻzayotgan bolani yodga soladi. Betakror manzarani kuzatar ekanman, beixtiyor biz bilan birga dam olayotgan, sobiq tuzum zamonida Pskent tumanida ishlagan rus ayoli Larisaxonimning soʻzlari xayolimga keladi. “Men Oʻzbekistonda uch yil yashab, donishmand xalqingizdan uch hikmatni oʻrgandim: mansab – sarob. Choʻlda sarob suvdek koʻzga tashlanadi, uning ketidan borsang aldaydi, adashtiradi. Boylik – qoʻlning kiri. Vaqtida yuvib tashlamasang xastalik chaqiradi. Dunyoning ustuni – mehr-muhabbat! Mehrli oilada sogʻlom avlod kamol topadi. Boylik aslida salomatlik va farzandlardir. Zero, farzandlar kelajakda tarix gʻildiragini aylantiradi.

Rossiyaga qaytgach, bu katta donishmandlik ekanligini angladim. Zero, mansab ham, boylik ham oʻtkinchi, qariganda belingni quvvati, koʻzingning nuri farzandlaring ekan. Kengroq sharhlasak, mamlakatning tayanchi, suyanchi ham oʻgʻil-qizlarimizdir.

– Men Oʻzbekistonni, uning donishmand, bolajon xalqini qoʻmsaganim uchun “Oʻzbekiston” sanatoriysiga keldim. Bu imkoniyatni bolalarim tuhfa etdi – dedi u samimiy.

Darhaqiqat, jahonni oʻrganmay, dunyoni tanimay turib kishi, oʻzligini tan olmaydi. Oʻzligini tanigan odam har taraflama uygʻun rivojlangan insondir. Barkamol shaxs va sogʻlom avlod xalqlarning goʻzal tajribasidan, umuminsoniy qadriyatlaridan oʻrganib, oʻzining ildizlariga – xalq salohiyatining munosib oʻzanlariga, asrlar davomida qaror topgan axloqiy mezonlarga suyanib, oʻziga xos, oʻziga mos yoʻlni tanlab oladi. Agar eʼtibor bersangiz nafaqat odamzotning, balki millatlarning, davlatlarning ham yashash tarzi, yuksalish aʼmollari ana shundan iborat. Izlanish, oʻrganish, yaratish… deyman unga.

Darhaqiqat, Larisaxonim soʻzlarini amalda isbotlaydi. Dam olish maskanida muntazam Botir Zokirov qoʻshiqlari yangrab turardi. U oʻzbekcha xirom bilan ohista raqsga tushadi. “Bu mening sizning xalqingizga boʻlgan mehr-muhabbatim ramzi”, deya tabassum bilan tavoze koʻrsatadi.

Dombay – Elburs togʻlarining etagi. – Qorachoy-Cherkas Avtonom respublikasining sharqida joylashgan bu qishloq Kavkazdagi eng baland Elburs choʻqqilariga tutashib ketadi. Bu yerdan yozning jaziramasida toʻrtta osma yoʻl orqali 3 ming metr balandlikka chiqib, saratonda qish bilan uchrashasiz. Oppoq qor kechsiz quvonch baxsh etadi. Togʻ bagʻrida 25 ming turdagi giyohlar bilan tanishasiz, – deydi sanatoriyning oshxonasi foyesida doimo dam oluvchilarni sayohatga chorlab turuvchi ekskursavod.

Domboyga Qumboshi dovoni orqali oʻtiladi. Qumboshi dovoni xushmanzara joy boʻlib, tamaddi qilish, biroz yoʻl charchogʻidan forigʻ boʻlish uchun qulay sharoitga ega maskan.

Sayohatchilarga qorachoy millatiga mansub yigit-qizlar xizmat qiladi. Ular bilan bemalol ona tilimizda suhbatlashdik, goʻmmadan isʼtemol qildik. Mahalliy oshpazlar tayyorlagan taomlarning nomlari ham aynan tilimizdagidek. Masalan, goʻmma, ayron…

Yoʻl-yoʻlakay Yevropadagi eng toza suv deb nom olgan billurdek tiniq Uli Muruju daryosi bilan tanishib oʻtdik. Eʼtibor bersak, Xorazm shevasida ham ulli soʻzi boʻlib, u katta, ulugʻ, degan maʼnoni anglatadi. Yana shu sayohatda togʻlar orasidagi Qorakoʻl havzasi boʻyida toʻxtab dam oldik. Uning suvi shu qadar tiniqki, suzib yurgan baliqlarini kuzatish mumkin. Darhaqiqat, u mamlakatimizning butun dunyoga mashhur qorakoʻl terilaridek tovlanib turadi. Ulli Murujoy, Qorakoʻl, Qumboshi, goʻmma, ayron… bularning bari qorachoylarning nafaqat tili, balki, urf-odatlari, taomlarida ham oʻxshashlik borligini anglatadi. Yoʻlboshchimiz Andrey ularning tarixi, insonparvarligi, mehmondoʻstligi haqida toʻlqinlanib hikoya qildi.

Domboy qishlogʻidagi mehmonxonalarning, oshxonalarning peshtoqidagi nomlar ham ona tilimizni, yurtimizni yodga soladi. Beixtiyor Nosiruddin Rabgʻuziyning “Paygʻambarlar qissasi” asarini esladim: “Dunyodagi barcha odamizot Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan” deya yozadi. Mamlakatimizdan uzoq joyda yurtimga, odamlariga, tiliga, urf-odatlariga xos belgilarni koʻrar ekanman, yuragim hapqiradi. Yurtga, elga boʻlgan muhabbat, sogʻinch tuygʻusi qalbimda joʻsh uradi…

Yoʻlboshlovchi Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkarda bobolarimiz bu joylarda boʻlganini gapirib oʻtdi. Darhaqiqat, Jaloliddin Manguberdi Kavkaz xalqlarini birlashtirib, tinchlik, osoyishtalik oʻrnatgani tarix kitoblarida ham bitilgan. Amir Temurning turkiylar saltanatini barpo etganini jahon yaxshi biladi.

Kavkaz xalqlarining rivoyatlarini yigʻib, ular asosida “Kislovodsk va Kavkaz rivoyatlari” nomli kitob yozgan yozuvchi Vladimir Savchenko Samarqandda uch yil yashagan. U shunday deydi: “Kavkazdagi koʻplab rivoyatlar turkiy xalqlar bilan bogʻliq boʻlgani, bizning oʻlkalarda Amur Temur, Jaloliddin Manguberdi haqida rivoyatlar ham mavjudligi, meni ana shu yurtni koʻrishga undadi. Samarqandda muxbir boʻlib uch yil ishladim”, – deydi u. Darhaqiqat, bu muallifning rivoyatlari bilan tanishsangiz ularning koʻpchiligi turkiylar hayotidan olib yozilganligini anglash mumkin.

Narzan” bulogʻi. Kislovodsk shifobaxsh suvi – “Narzan” bilan mashhurdir. Atirgullar vodiysi va hayotbaxsh “Narzan” bulogʻi haqida mahalliy aholi orasida koʻplab rivoyatlar yuradi. Shulardan biri “Burgut va Jahonoy” hikoyasi el orasida koʻp tarqalgan. Emishki, Burgut bilan Jahonoy oila qurib 6 qiz, 6 oʻgʻil farzand koʻrishibdi. Bu baxtiyor xonadonga zaharxanda jodugarning hasadi kelibdi. Botir Burgutboy va uning farzandlarini jodu qilib burgutga aylatirib qoʻyibdi. Suyangan togʻi va farzandlarining koʻzdan gʻoyib boʻlganini koʻrib, Jahonoy oh-faryod tortibdi. Kunlardan bir kuni uy tepasida ulkan burgut parvona boʻlibdi. Merganlikda tengi yoʻq ona miltiq bilan qushni urib tushiribdi. Jon taslim qilayotgan burgut nogoh insonga, Jahonoyning suyukli yori Burgutboyga aylanibdi. Visoldan soʻng Jahonoy farzandlari haqida soʻrabdi. Turmush oʻrtogʻi boʻlgan voqealarni soʻzlab beribdi. Jahonoy farzandlarini sogʻinib shunchalar figʻon qilibdiki, u chekkan nadomatlaridan, ohu zorlari sabab burgutga aylanib qolibdi. Togʻlar tomon parvoz qilib, farzandlarining diydoriga toʻyibdi. Soʻng ilon tusiga kirib olgan zaharxandani izlab topibdi. Qoʻqqisdan unga tashlanib, panjalari orasiga qisib olib, balandlikdan toshga uribdi.

Gazanda yerga urilgach, kaltakesakka aylanib toshdek qotibdi. Bugungi kunda atirgullar vodiysidagi timsoh ana shu yalmogʻiz ekan.

Onaning oʻz bolalarini qaytadan insonga aylantirish orzusi xayolidan ketmabdi. Odamlar, parranda-yu darrandalar boradigan koʻplab suvlarni, bulogʻu chashmalarni totib koʻribdi. Intilish-izlanishlari behuda ketmabdi, atirgullar orasidan billurdek tiniq suv sizib chiqib turganini koʻrib qolibdi. Ular hayotbaxsh suvdan ichib insonga aylanibdi. Yana ahil-inoq, hayot kechira boshlabdi.

Bu rivoyat. Biroq, rus xalqining sevimli shoiri Lermontov bolaligida juda nimjon va kasalvand boʻlgani uchun buvisi yilda ikki-uch marta shu yerga olib kelib, “Narzan” bulogʻi suvidan ichirib unga choʻmiltirib durkun yigit qilib tarbiyalagani, yigit yoshida dvoryanlarga xos tarzda armiyada xizmat qilganini tarix sahifalari tasdiqlaydi.

Biz ham yaxshi tilaklar bilan ushbu shifobaxsh suvdan har kuni uch marta isʼtemol qildik. U shundaygina sanatoriyning yonida joylashgan.

“Oʻzbekiston” sanatoriysining old tomondagi darvozadan chiqsangiz xalq amaliy sanʼati mahsulotlarining yarmarka-bozori mavjud. U yerda asosan ayollar tomonidan toʻqilgan turli kiyim-kechaklar, ochiq rangdagi gazlamalardan tikilgan bejirim nimchalar, toza teridan ishlangan shippaklar sotiladi. Ularni bir-bir tomosha qilib, “Narzan” shifobaxsh bulogʻiga kirib borganingizni bilmay qolasiz. Xullas, bu yerdagi barcha yoʻllar shifobaxsh suv tomon olib boradi.

Musiqali favvora. Shifobaxsh neʼmat – “Narzan” suvidan bahramand boʻlgach, uning old tomonidagi maydonga qoʻyilgan supachalarda oʻtirib, biri-biri bilan boʻylashgan archa daraxtlari, qiygʻos gullab turgan lavanda ifori ostida dam olasiz. Maydon atrofidagi doʻkonlarni kezayotganda sharqona taqinchoqlarga mahliyo boʻlasiz.

Bu manzilga avval kelganimdan buyon 23 yil oʻtdi. Biz oʻzbekistonliklar u paytlarda shahar markazidagi rangli favvorani tomosha qilgani chiqardik. Ayniqsa bu favvoralar oʻgʻlim Ravshanjonga xush yoqardi. Turfa ranglarda tovlanayotgan goʻzal ohanglarga boy favvoraga tikilib, zavqlanardi. Zero, u paytlarda mamlakatimiz poytaxti Toshkentda hali rangli favvora yoʻq edi. Bu safar kelganimda ana shu bizni hayratga solgan favvorani izladim. Uning oʻrnida oddiy rangsiz favvora boʻlib, tiniq suvlarida bolalar choʻmilib yurishardi.  Aytishlaricha, favvora taʼmirlanayotgan ekan.

Bundan yigirma uch yil burun bizni hayratga solgan rangli favvoralarni bugungi kunda mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, viloyatlar markazlari, tumanu qishloqlarida koʻplab uchratish mumkin. Bir kuni oqshom tushganida “Sebzor” mahallasini nevaralarim bilan kezganim koʻz oldimdan oʻtdi. Bu yerdagi rangli favvoralar atrofida bir-birini quvalashib yurgan bolakaylarni, yoqimli taralayotgan musiqa ohanglari ostida dam olib oʻtirgan onaxonu otaxonlarni, muzqaymoqqa shaydo yoshlarni uzoq kuzatgan edim. Oʻshanda biz oʻzbeklar xush koʻrgan Kislovodskdagi favvora koʻz oldimda gavdalangandi…

Favvoralar bugungi kunda Toshkent shahriga koʻrk qoʻshib turgan yuksalish va obodlikning ramzidir. Koʻkka intilib, yana yerga tushib, atrofga orombaxsh salqinlik ulashayotgan, goʻzal tovlanib turgan favvoralar goʻyo yurtga baland shuhratu shukuh tilab turgandek, ular insonparvar, eʼzozli qadriyatlarimizni, anʼanalarimizni eslatadi.

Kasbdoshlar bilan tanishuv. Mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Shu kun munosabati bilan biz kasbdoshlarimizni koʻrish uchun “Kislovodskaya gazeta” tahririyatida boʻldik. Nashrning bosh muharriri, Kislovodsk kurort-shahar dumasi deputati Natalya Ivanova bilan milliy va jahon jurnalistikasi xususida uzoq suhbatlashdik. Tajriba almashdik. Soʻz orasida u oʻzi Navoiy shahrida tugʻilib katta boʻlganligini va bizning tashrifimiz qadrdon joylarini yana bir bor eslatganini quvonch bilan taʼkidladi: – Ota-onamning qabrini ziyorat qilgani u yerga tez-tez borib turaman. Har borganimda Oʻzbekistondagi ulugʻvor oʻzgarishlardan lol qolaman. Ayniqsa, mening kindik qonim toʻkilgan Navoiy viloyati sanoat shahriga aylanganligi, bu joyning erkin iqtisodiy hudud deb eʼlon qilinganligi meni bagʻoyat xursand qildi. Qayerda yursam men Oʻzbekistonda tugʻilganligimni faxr bilan aytaman, – deydi u. Biz kasbdoshlar huzuriga kirganimizdan, Oʻzbekiston tarbiyalagan farzandlar oʻzga yurtlarda qanot qoqib, oʻsha shaharning yuzi-koʻzi boʻlib yurganidan faxrlandik. Vatanimizning suvi ham, nonu havosi ham muqaddasligini his qildik.

Darhaqiqat, sayohat – ulkan, beqiyos kuch. U dunyo kezishga, xalqlarni, elu yurtlarni tanishga koʻmak beradi. Odamlarning tafakkurini boyitadi, aqlu zakovatini charxlaydi, iroda va imkoniyatini baquvvat qiladi. Maʼnaviy barkamollikka undaydi. Bejiz xalqimiz, “Yurgan – daryo, oʻtirgan boʻyra”, deya naql keltirmaydi…

Bu yerda Oʻzbekiston mustaqilligining 26 yilligi keng nishonlandi. Maxsus bayram dasturxoni yozildi va sanʼatkorlar ishtirokida konsert namoyish etildi. 

Keyingi yillarda mamlakatimizlagi yirik karxona va tashkilotlar oʻz hodimlarining mazmunli dam olib, sogʻliklarini mustahkamlashlariga alohida eʼtibor berishyapti.Biz bilan fotoga tushgan buxorolik va andijonlik qizlar bankda ishlashadi. Tepadagi suratdagi qizlarga oʻz sohasida yigirma yildan ortiq ishlagani va namunali xizmati uchun Oʻzbekiston sanatoriysiga  yoʻllanma 2014 yilda imtiyozli  berilgan. Fargʻonalik Matlyubaxon Abdullayeva bilan Shohnozaxon Abidova esa (pastdagi suvratda)  «Asaka» bank maʼmuriyati tashkil etgan «Balli mutaxassis qizlar» tanlovida gʻolib boʻlib, sanatoriyga ragʻbatlantiruvchi yoʻllanma olishga muvaffaq boʻlishgan. Ular mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan eʼtibordan benihoyatda xursand boʻlishdi. «2017 yil bizning hayotimizda unitilmas iz qoldirdi. Ham tanlov gʻolibi boʻldik ham Kavkazning goʻzal joylarini koʻrib, katta taassurotlar oldik»,-deydi ular.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Muallif olgan suvratlar

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.