Uch oʻgʻil tarbiyalab, uylantirib, alohida uyli-joyli qilganmiz. Kunlarning birida katta oʻgʻlimning uyiga bordim.
Ertalab bomdod namoziga tahorat olish uchun kelinimdan suv olib kelishini soʻradim. Tahorat qildim. Namozimni oʻqidim. Qolgan suvni yotgan oʻrnimga toʻkdim. Kun yorishganida kelinimni chaqirib:
– Qizim, qarichilik! Oʻrnimni hoʻl qilib qoʻydim, – dedim uzrli ohangda.
Uning asablari buzildi. Eng yomon soʻzlarni toʻkib solib, choyshablarni yuvishni buyurdi. Boshqa bu ishni qaytarmasligimni talab qilib, aks holda uyga qoʻymasligini taʼkidladi. Choyshablarni yuvib, quritib, dazmolladim.
Ikkinchi kun oʻrtancha oʻgʻlimnikiga bordim. Ayni ishni takrorladim. Kelinim oʻgʻlimga zarda qilib, qilgan ishimni aytib berdi. Oʻgʻlim unga bir ogʻiz soʻz soʻzlamadi.
Uchinchi kuni kenja oʻgʻlimning uyiga bordim. Oʻsha ishni yana takrorladim. Kelinim tongda yonimga keldi. Unga ham oʻrnimni hoʻl qilganimni aytdim. U:
– Oyijon, xijolatga oʻrin yoʻq, bu oddiy hol. Goʻdakligimizda biz- farzandlar onalarimizning liboslarini hoʻl qilib qoʻyardik. Sizlar ijirgʻanmasdan tozalardingiz. Hech qisi yoʻq, oyijon. Endi navbat bizga keldi, endi biz farzandlar tozalaymiz. – deya, koʻrpa — toʻshakni yuvib tozaladi. Mehribonligidan minnatdor boʻldim.
– Qizim, bir dugonam mendan uning uchun uzuk sotib olishimni iltimos qildi. Men barmogʻining oʻlchamini bilmayman. Uning qoʻllari taxminan siznikichalik. Oʻlchamingiz nechi? – deb soʻradim.
Oʻgʻlimning uyidan chiqib, toʻgʻri zargarlik doʻkoniga bordim. Bor mablagʻimga uzuklar, taqinchoqlar oldim.
Uyimga oʻgʻillarim, kelinlarimni chaqirdim. Tilla taqinchoqlarni ularning oldiga qoʻydim. Boʻlgan voqeani bayon qildim. Men koʻrpa — toʻshakni hoʻllab qoʻymaganim, sinov uchun suv toʻkkanimni aytdim. Tillalarni kichik kelinimning qoʻllariga tutqazib:
– Qarilik paytimda xotirjam suyanishim, birga yashashim mumkin boʻlgan qizim – kichik kelinim. Qolgan umrimni u bilan kechiraman, – dedim ikki katta oʻgʻlimga qarab, – xuddi shu kundagidek nadomatga tayyor turing! Chunki, sizning menga munosabatingiz albatta, farzandlaringizdan qaytadi. Men siz ikkingizga chiroyli tarbiya beraman deb harakat qilganim, zahmat chekkanlarim besamar ketganidan afsusdaman. Insha Alloh sizlarning ukangiz oʻz ahli ila bu dunyoda masrur yashab, Robbisiga yorugʻ yuz bilan yoʻliqadi. Afsuslar boʻlsinki, sizlar onangiz qadr — qiymatini ayolingizga bildira olmaginingiz uchun bundan mahrumsizlar! Har qanday vaziyatda qoʻllaringni qoʻyib yubormaydigan yaqining boʻlishi baxt ekan…Buni meni yoshimga yetganda tushinasizlar…
Nasihat uchun, saboq uchun bu gapni aytdim-u yana Allohga murojaat qilib ich-ichimdan yigʻlab, ularni kechirishni, soʻzlarim qargʻishga aylanmasligini, ularga mehr-oqibat, insof-tavfiq inom etishini iltijo qildim. Boshqa nima ham qilardim, onamanda. Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, deya ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan.
Dildora MAVLYANOVA tayyorladi.