Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi gʻazalxonlik bobida qadimiy goʻzal anʼanani innovatsion davrga moslab davom ettirmoqni niyat qilibdi. Fozil Farhod «Sharq yulduzi» jurnalining telegram guruhida shunday deb yozadi:
«Xalqimiz gʻazal oʻqishni yaxshi koʻradi. Bizda qadimdan gʻazalxonlik kechalari gʻoyat fayzli tarzda oʻtganiyam chin.
Turkiy tilda gʻazal yozishni mumtoz shoirlarimiz boshlab bergan boʻlsa, anʼanani bugunning shoirlari davom ettiryapti. “Gʻazal gʻizoli” kitobiga ana shunday zamondosh ijodkorlarning asarlari jamlandi. Bu toʻplamni targʻib qilish maqsadida gʻazalnavis ijodkorlar oʻrtasida chorlov oʻtkazishni niyat qildik. Uning tartibi shunday: mazkur bayozga asari kirgan ijodkor oʻz gʻazalini oʻqiydi va navbatni ushbu toʻplamga taalluqli boshqa shoirga uzatadi.
Chorlovning ilk qatnashchisi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid boʻldi. Ustoz ijodkor oʻzining “To Navoiy bor…”, “Chamandirsan” gʻazallarini ifodali oʻqib, yoddan aytib berdi hamda navbatni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabekka uzatdi».
Shuningdek, Sirojiddin Sayyid oʻz chiqishida “Gʻazal gʻizoli” kitobi sarlavhasining mazmun-mohiyatini ham sharhlab berdi. Darhaqiqat, sarlavha kitobning uzviyligini taʼminlab, mantiqini anglatib turibdi.
gujum.uz