Oʻzbekistonda uch yildan beri barcha jabhalarda ulugʻvor yangilanishlar kechmoqda, xalqimiz buni xurramlik bilan kutib olmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti bor kuchi bilan xalqning mutolaa madaniyatini va intelektual salohiyati yuksaltirishga harakat qilmoqda. Kitobxonlikni turli yoʻllar bilan xalq ongiga sindirish va kitobga boʻlgan qiziqishni oshirish yoʻlida uzluksiz yangi usullar qoʻllanilmoqda.
Ajdodlarining ilmga boʻlgan qiziqishi va tadqiqotlari jahon fan olamida alohada iz qoldirgan allomalarimizning bugungi farzandlari, albatta bu borada yangi yutuqlarga erishadi.
Yaqinda taqdir taqozasi bilan Amerika qoʻshma shtatlariga safar qildim. Ushbu yurtda kitob oʻqishga boʻlgan qiziqish qanday ekanligini bilishga juda qiziqdim. Buning uchun AQSHning kutubxonalariga bordim. Sharlotta shahrining parkida joylashgan kutubxonaga borishni oʻylaganimda darhol oʻzimizdagidek pasportlarimni yonimga oldim, chunki bizda qaysi kutubxonaga borsang albatta pasport soʻrashadi.
Kutubxona binosi ikki qavatli edi, birinchi qavatda eshik oldida hech kim yoʻq, birov bizdan kimsizlar nega kelayapsizlar degan savolni bermadi, meni hadikim biroz tarqaldi. Men bilan birga borgan sherigim birinchi qavatdagi yosh bolalar uchun mutola qilinadigan maxsus zalga kirib ketdi, men esa hadik va hayajon bilan ikkinchi qavatga koʻtarildim. Sekin kirib kelib tevarak atrofimga qaradim, uch nafar kutubxona xodimlari xizmatda edi. Kitobxonlar esa kompyuter oldida, stolda yoki oddiy yumshoq oʻrindiqlarda bemalol oʻtirib olib mutaola bilan band.
Sekin yurib, kutubxona xodimlari yoniga borib, menga rus tilidagi adabiyotlar kerak desam, birdaniga ikki xodima menga yordam berish uchun rus tilidagi adabiyotlar joylashgan boʻlinmalar yoniga yetaklashdi va ruscha kitoblarning ikkita boʻlinmasi bilan tanishtirishdi.
Men u yerdagi kitoblarni koʻzdan kechirib, oʻzimga maʼqul kelgan olti dona kitobni tanlab oldim. Endi yana oʻyladim menga bular kartochka ochishi kerak, u xolda albatta rasm soʻraladi, oʻzim bilan rasm olib kelmabman degan savol meni qiynab turardi. Kitoblarni olib yana kutubxonachilar yoniga keldim, shunda ular “siz birov bilan kelganmisiz” deb soʻrashdi. Ha, yonimda bu yerda toʻrt yildan beri yashayotgan Sharlottalik sherigim borligini aytdim. Shunda ular siz kitoblar bilan tanishing, shu yerda foydalanish mumkin boʻlganlarini qarab chiqing, zarurat boʻlsa uyga olib ketasiz deb meni tinchlantirishdi. Faqatgina ketishdan oldin sherigingiz bizga kelsin kitoblarni biz u kishining nomiga rasmiylashtiramiz degan soʻzlarni aytib meni xotirjam qilishdi.
Men oʻzimga qulay boʻlgan yumshoq mebelli joyni tanladim va kitoblarni koʻzdan kechirdim. Yonimdagi kitobxon oʻzining shahsiy kompyuterini quvvatlantirib ishlab oʻtirardi. Rozetkalar shunlaygina gilamdan chiqib turibdi, faqat temir qopqogʻi bor boʻlib, oʻz mutolaasini tugatgan odamlar keyinchalik mavjud temir qopqoqni yopib qoʻyisharkan.
Men uch soatlar chamasi kitoblarni oʻqib koʻzdan kechirib boʻldim va oʻzim bilan uchtasini olib ketmoqchi boʻldim. Shunda sherigimni izlab pastki qavatga tushdim, birinchi qavatda xojatxona joylashgan boʻlib, ozoda, yorugʻ barcha zaruratlar-qogʻoz, sovunlar bilan taʼminlangan edi. Bolalar kutubxonasi yoʻlagi esa turli xil kichkintoylar chizgan rasmlar bilan bezatilgan va bolalar oʻyinchoqlari quyilgan edi. Demak shu joydan bolalar kutubxonasi boshlanadi, koʻnglimdan kechdi. Aslida bu bolalar hali maktabda oʻqimaydi ham, barchasi kichik yoshda, men bilan borgan qizcha ham toʻrt yoshda boʻlib hali maktabga bormagan, ammo barcha harflarni taniydi, yozishni ham biladi. Bolalar kutubxonasi boʻlimida bolalar uchun rangli qalamlar, boʻyoqlar, rangli qogʻozlar, turli xil kitoblar, oʻyinchoqlar mavjud, bu yerda ushbu narsalardan jajji kitobxonlar bepul foydalanish imkoniga egadirlar.
Otalari yoki onalari, baʼzilari buvilari bilan kelishgan boʻlib, ular birgalikda, jamoa boʻlib yoki yakka holda suratlar chizib oʻynashmoqda. Kutubxona xodimlari eʼtibor koʻrsatib, qogʻozlarni kesib gullar yasashni oʻrgatmoqda. Zalning ikkinchi tomonida esa bir guruh bolalar rasm chizish bilan band. Yoshi katta kitobxonlar esa bolalarini mashgʻulotlarga qoʻyib, oʻzlari uchun moʻljallangan keng xonaning bir tomonida bemalol kitoblarini olib, yumshoq divanlarda oʻtirishib oʻqishmoqda.
Men bunday qulayliklardan hayratga tushdim. Nega-ki, kutubxonaga tashrif buyuruvchilarga eʼtibor katta, oilaviy mutola uchun imkoniyatlar yuksakligidan hayratlandim. Kattalar kitob oʻqigunicha, bolalarni turli mashgʻulotlar bilan taʼminlab, oʻynatib oʻtirishsa kitobxon oila uchun bundan ortiq baxt bormi! Ota-onaning vaqtlari, bolalarning qiziqishlari eʼtiborga olingan. Oilaviy mutolaning eng goʻzal namunasi shu boʻlsa kerak deb oʻyladim. Axir bu muhit har qanday bolani mutolaa madaniyatini yuksaltirishga, kitobga mehr qoʻyishga oʻrgatadi. Axir bizning ota-bobolarimiz momolarimiz kitobxonlik kechalari uyushtirishgan va unga oʻz bolalari bilan birga borishgan. Masalan, Alisher Navoiy kitobxonlik davralariga onasi bilan borganligini, Hamid Olimjon bobosi bilan borganligini mehr-muhabbat bilan eslab yozib qoldirishgan. AQSHda koʻrganim esa oilaviy mutolaning zamonaviy koʻrinishi edi.
Dilorom Yormatova, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, prfesssor