Lesya Ukrainka asarlari shoira Zulfiya tarjimasida

0
1475
marta koʻrilgan.

Bugun ustoz Zulfiyaxonim tavallud topgan kun! Oʻzbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiyaxonimning sheʼrlarini oʻqisangiz u qalblarga qoʻshiqdek oqib kiradi. Tarjimalarichi? Undanda goʻzal! Ustozning  birgina  Lesya Ukrainka asarlari tarjimasini oʻqib bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz. Ustozning oxirati obod boʻlsin!

Larisa Petrovna Kosach (adabiy taxallusi – Lesya Ukrainka) 1871 yil 25 fevralda Novgorod-Volinskda ziyoli oilasida tugʻilgan. 1893 yili birinchi toʻplami– “Qoʻshiqlar qanotida” nashr etilgan. Bunga Qrimda davolanib yurganida yozgan “Qrim xotiralari” turkumidagi sheʼrlari kirgan.

Lesya Ukrainka goʻzal, erkparvar, ozodlikka chorlovchi asarlari bilan faqatgina ukrain adabiyotida emas, balki butun jahon adabiyotida mashhur. Shoira oʻz asarlarida Ukrainaning keng dalalarini, tabiatini, oddiy mehnatkash xalqini toʻlib toshib kuyladi. Shuningdek, uning asarlarida oʻzi sayohatga borgan, maʼlum muddat yashagan italyan, nemis xalqining, jumladan ishchilarining xaroba kulbalarini,  Misr dehqonlarining zahmatli hayotini, tarixini koʻramiz. Adiba oddiy mehnatkash xalqlarning hayotiga achinibgina qolmay, ularning kelajagiga, istiqboliga ishonch bilan qaradi. U xalqlarning birligida, ahilligida, tinchligida katta haqiqat, ezgulik borligiga ishondi. Barcha xalqlarning dardini  oʻzinikidek bila oldi. U butun hayotiga, ijodiga ana shu qadriyatlarni singdirdi.

Shuning uchun ham uning asarlari faqat ukrain xalqigagina emas, butun jahon xalqlarining yuragiga yaqin va aziz tuyuladi.

Shoiraning asarlari oʻzi hayotligidayoq jahon tillarida yangray boshlagan edi. 1890-yildanoq,  rus, chex, polyak matbuotida oʻzining bir qancha maqolalari bilan bevosita qatnasha boshladi. Uning asarlarini nemis kitobxonlari 1916 yil, amerikaliklar 1917 yildayoq oʻz tillarida oʻqigan edilar.

Shoira Zulfiyaning hayoti qanchalik  jasoratlarga boy tarzda oʻtgan boʻlsa, ukrain xalqining shoirasi Lesya Ukrainkaning hayoti va adabiyot olamidagi izlanishlari ham ana shunday kechgan. Bizning mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti boʻlsa, Ukrainada ham Lesya Ukrainka nomida bolalarga atab yozilgan asarlar uchun Davlat mukofoti mavjud.

Shoira asarlarini oʻzbek kitobxonlariga yetkazishda oʻzbek adiblaridan 14 kishi ishtirok etdi. Ular tomonidan “Magʻoralarda” dramatik poemasi, “Bir soʻz”, “Ulkan bahodir haqida ertak” poemalari va 50 yaqin sheʼrlari oʻzbek tiliga rus tilidan tarjima qilindi. Oʻzbek xalqining mashhur shoirasi Zulfiya Ukrainkaning 25 ta sheʼrini oʻzbek  tiliga oʻgirgan. Lesya Ukrainka asarlarining oʻzbek tiliga oʻgirilgan eng goʻzal tarjimalari shoira Zulfiya qalamiga mansub desak arziydi.

Ustoz Zulfiya oʻz tarjimasida asliyatning mazmunini berish bilan birga sheʼrning shakliga ham katta eʼtibor qilgan. Asliyatning ruhini, ohanggini, butun jozibasini, ritmini berolgan. Shoira Zulfiya Ukrainka sheʼrlarini oʻzbek tiliga barmoq vaznida tarjima qilgan. Shuningdek, ikkita oq sheʼrini ham barmoq vaznida oʻgirgan. Lekin u barmoq vaznidayam shu ohangni berishga erishgan. Oq sheʼr hozirgi paytda bizning poeziyamizga ham kirib kelgan. U sheʼriy shaklda koʻpgina asarlar yaratilgan. Shoira Zulfiya ham bu shaklda tarjima qilishi mumkin edi. U oʻzbek xalqining diliga yaqin boʻlgan barmoq vaznini tanlagan.

Shoira Zulfiyaning sanʼatkorona tarjima qilgan sheʼrlaridan bittasi bu “Umid”dir. Unda mazmun bilan shakl uygʻunligini koʻramiz. Original sillabik sheʼr shaklida yozilgan. Bu sheʼriy uslub xususiyati jihatdan oʻzbek adabiyotidagi barmoq vazniga yaqinroq turadi. Sillabik sheʼr misralardagi hijolarning teng miqdorda boʻlishiga aososlanadi. Misralar juft-juft qofiyalanadi, yaʼni oʻzbek tilidagi masnaviy kabidir. Koʻpincha, qofiya ikki boʻgʻunli boʻlib, urgʻu ikkinchi hijoda boʻladi. Bunday qofiya rus sheʼriyatida jenskaya rifma deyiladi: —  a) sheʼrning har misrasi oʻn bir boʻgʻindan iborat; b) urgʻular soni har misrada toʻrtta; v) masnaviydek qofiyalangan, g) doimiy turoq 5 yoki 6 boʻgʻindan keyin keladi, d) har bir misra toʻrt qismga boʻlinadi, yaʼni toʻrtta pauza.

                     Ni doli/ ni voli/ sudboy/ ne dano,

                     Odnoy lish/ nadejdoy/ mne jit/ sujdeno.

                              Uvidet/ opyat/ Ukrainu/ moyu/

                              I vse,/ chto mne lyubo/v rodimom krayu/.

Tarjimada: a) boʻgʻinlar soni asliyatdagidek 11 (6-5); b) asliyatdagidek juft qofiyalangan; v) doimiy turoq asliyatdagidek 6 boʻgʻindan keyin keladi; g) hatto har misradagi toʻrtta pauzani ham aks ettira olgan.

                     Na tole/ na xoʻrlik/ bermadi/ hayot/,

                     Faqat/ umid bilan/ yashayman,/ hayhot/.

                     Goʻzal/ Ukrainam/ erk olsa/ yana/,

                     Aziz, shoʻrlik/ xalqim,/ qilsa/ tantana/

                     Moviy/ Dneprga/ toʻymayin/ boqsam/,

                     Oʻlsam ham/ mavjida/ sollanib/ oqsam/.

Hatto, tarjimon koʻpchilik misralarda qofiyani rus tilidagidek 2 boʻgʻindan iborat qilishga erishgan. Bular Ukrainka sheʼriyatining ruhini, ritmini berishga juda mos kelgan. Misradagi turoqlarning bir xilligidan tashqari ohangdosh soʻzlarni qoʻllagani yutuqni taʼminlagan. Oʻzbekchadagi “na” ruschadagi “ni”ga, “doli” – “tole”ga uygʻun kelgan.                                         

Tarjimonning asliyat ruhini, mazmunini uygʻunlashtirib juda mahorat bilan ifodalay olganligini “Marvarid yoshlar” turkumidagi “Oh, oʻlkam!” – “O milaya rodina” sheʼrida ham koʻrish mumkin. Shoira bu sheʼrida zanjir ichida ingrayotgan Ukrainasini achinib, yonib kuylaydi.

                            O milaya rodina! Kray moy jelanniʼy!

                            Zachem vse umolklo v tebe, onemelo?

                            Lish ptashka v lesu otzovyotsya nesmelo,

                            Predchuvstvuya buri poriʼv uraganniʼy,             

                            I snova umolknyot. Kak gluxo, kak tixo!

                                                         Oy lixo!

                            Oy, gde je tiʼ volya? Zvezdoy neprimetnoy

                            Zachem ne soydyosh tiʼ s dorogi vozdushnoy?

                            Poradovat zemlyu nechastnuyu nujno!

                            Tiʼ vidish: vse skriʼto zdes tiʼ moy besprosvetnoy.                        

                            I pravda bessilna s nepravdoyu v spore.

                                                         Oy, gore!

                            O bedniʼy narod moy! Stradaya nevinno,

                            V selyax moi bratya pochti bezdiʼxanniʼ.

                            Uviʼ, nezajivshiye strashniʼe raniʼ

                            Goryat na grudi u tebya, Ukraina!

                            Kto tyajkoye igo razbit nam pomojet?

                                                         Oy, boje!

                            Kogda je eto minet? Il schastya ne stalo?

                            Proklyatye rukam, onemevshim v bessilye!

                            Zachem i roditsya, chtob jit kak v mogile?

                            Uj luchshe b smertelnoyu mgloyu zastalo

                            Pechalniʼe ochi, chem jit nam v pozore!

                                                         Oy, gore!

Tarjimon, hatto, tasdiqlanib qofiyalangan har bandning oltinchi misrasini xuddi asliyatdagidek katta hayajon bilan ifodalagan.

                            Oh, oʻlkam bepoyon dalalar yurti,

                            Nechun hamma yoqqa choʻkmish sukunat?

                            Nechun guldirakni kutganday xuddi

                            Mungʻaygan oʻrmonda chirqirab faqat

                            Qushlar jim boʻladi… tuman hukmron?

                                                         Holimiz yomon!..

                            Sen qayda, ey koʻkning yulduzi – hurlik,

                            Osmoningdan pasga tushmaysan nechun?

                            Erkin nonday kutib bizning yer shoʻrlik

                            Qiynaldi… va hamon quyuqlashib tun

                            Haqiqatla yakkash riyo  qilar jang,

                                                         Ahvolimiz tang.

                            Butun xalq, oilam, onam va inim

                            Zanjirda ingraydi suyagi qaqshab,

                            Ukrainam tani tilim va dilim,

                            Yalligʻlanib yonadi olovga oʻxshab.

                            Zanjirni uzishga madad berar kim!

                                                         Bilmayman, tangrim!

                            Tole shunday boʻlur, yo kular taqdir?

                            Bu zaif qoʻllarga ming va ming laʼnat!

                            Nega qabr ichra tugʻildik axir,

                            Nahot qullik bordir qismatda faqat?

                            Gar shunday boʻlsa biz oʻlmakka hozir…

                                                         Naqadar ogʻir!..

Tarjimonning mahorat bilan sanʼatkorona oʻgirganini “Kuylarim” (Slovo moye, pochemu tiʼ ne stalo) sheʼrida ham koʻrish mumkin.

Tarjimada mazmun bilan shakl birligini “Oqshomdagi soatda” (“Vecherniy chas”), Goh shunday (Poroyu, yedva lish primus za rabotu), “Oʻtgan bahor” (Davnaya vesna) kabi sheʼrlarda ham koʻrish mumkin.

Shoira oʻtgan bahor sheʼrida bahor quvonchlariiing goʻzal manzaralarini mohirona chizgilarda aks ettiradi:

                   Biʼla vesna veseloy, miloy,

                   Luchom igrala rassiʼpala svet.

                   Ona letala s biʼstrotoy stokriʼloy,

                   I ptitsiʼ pevchiye za neyu vsled.

 Tarjimada:

                            Bahor edi, chaqnoq, saxiy va latif,

                            Nur torida oʻynab, gul sochdi cheksiz.

                            Naq ming qanotliday uchdi aylanib,

                            Sayroq erkin qushlar keldi izma-iz.

Shoira Zulfiya oʻz tarjimasida Lesya Ukrainka sheʼrlarida nechta boʻgʻin va qancha soʻz qoʻllagan boʻlsa, tarjimada ham ana shunday miqdorda boʻgʻin va  soʻz qoʻllashga harakat qilgani sezilib turibdi. Hatto, soʻzlar orasidagi pauzalarga ham eʼtibor qilgan:

                            Proch/ osenniye/ dumiʼ/ sediʼe/

                            Niʼnchi/ vremya/ vesniʼ/ zolotoy

 

                            Bas/ tarqaling,/ ogʻir/ xayollar/

                            Yer yuzida/ yashnadi/ koʻklam/.

 Xullas, shoira Zulfiya tarjimalari eng goʻzal ijod namunalaridan sanaladi. Asliyat ruhini, ohanggini, ritmini mazmun bilan uygʻunlashtirishga erisholgan.

Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.