LOLALARDAN SOʻZ UNDIRGAN ShOIR

0
211
marta koʻrilgan.

Nurafshon shahrida Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Sher 80 yoshga toʻlishi munosabati bilan adabiy-musiqiy kecha boʻlib oʻtdi.

Adabiy anjumanni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir olib bordi.
Tadbirni Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari Otabek Sultonbekov ochib berdi.

Soʻzga chiqqanlar, jumladan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, taniqli shoir Botirjon Ergashev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, shoir Minhojiddin Mirzo, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova, Chirchiq davlat pedagogika universiteti prorektori, shoirning shogirdi Bahodir Husanov, taniqli jurnalist, shoirning doʻsti Irismat Abduxoliqov va boshqalar shoirning ijodiy faoliyati va sheʼriyatining ahamiyati, tarjimonlik faoliyati toʻgʻrisida fikrlarini bildirib, yubilyarni tabrikladi.

– 12 yoshda edingiz, otamizdan yetim qolganimizda Sizga oson boʻlmaganini his qilardim, – dedi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, shoirning singlisi Habiba Sherova. – Birinchi sheʼringiz «Chinoz hayoti» gazetasida bosilganidan soʻng katta ijodiy quvvat bilan yozishga kirishdingiz. Uyimizning shundoq roʻparasidagi oʻsha gazeta tahririyatida mehnat qila boshladingiz. Rahmatli buvim, onam el eʼzozidagi ardoqli inson boʻlishingizga ishonardilar. Mana, bugun shu kunlarga yetib turibmiz. Dunyo turguncha turing, aka!

Tadbirda goʻzal kuy-qoʻshiqlar yangrab, adabiy kechaga yanada fayz bagʻishladi.

Abdulla Sher ijodiga bagʻishlangan adabiy anjumanlar Toshkent viloyati boʻylab davom etadi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati

Abdulla Sher ijldidan armugʻon:

Men shoirman, Yegishe Charens…
Yegishe Charens

Men shoirman, men — Abdulla Sher,
Barloslarning sarkash farzandi.
Aytgil Osmon, aytgil ona Yer:
Oʻz asrimga menmi asrandi?!

Dedilarki: «Zoʻrdir ganj kuchi,
Egilib ol, unda shon, mulk bor!»
Egildimu, qalamim uchi
Yuragimga qadaldi ilk bor.

Laʼnat aytib bunday ustozga,
Tutdim, shunday, yoʻllar baridan.
Koʻklamlarni yetaklab yozga,
Chiqmoq boʻldim Vaqtning qaʼridan.

Yuksaklar deb yondim oshufta,
Somon yoʻli hushimni oldi.
Ammo kiprik sanchilgan shiftda
Chatnab ketgan yosh yulduz qoldi.

Qah-qah urdi umr boʻshligʻi,
Oʻt qoʻyganda orzuga armon.
Yalligʻlangan yillar qoʻshigʻi
Yondiradi boʻgʻzimni hamon.

Men yonaman: na yov, na doʻstim
Qoraytolgan ufqimni yerda.
Men olovman: zulmatni toʻsdim, —
Vatanim deb choʻgʻlandim sheʼrda!

MUQADDIMA

Qishga toʻqiy deya qasida
Doʻst tutindim bugun osmonga.
Oq faslning hikmat darsida
Boqdim umr degan karvonga.

Fasllarni oralab oʻtgan
Shu karvonga yana yuk ortdim.
Balki, menmas, oʻzgani kutgan
Sheʼriyatning yengidan tortdim.

Kulib boqdi menga sheʼriyat,
Ranglarini koʻrdim bor-yoʻqning.
Chulgʻadi-yu olovli niyat,
Tafti boʻldim qordagi choʻgʻning.

Qorga oʻrab ilhomni, qishjon
Keltirganda yashnadi baytim.
Men kuyladim, engashdi osmon,
Osmon boʻlib qoʻshiqlar aytdim.

GUJUM.UZ cayti jamoasi ham shoir Abdulla Sherni qutlugʻ yoshi bilan qutlaydi. Sihat salomatlik, bardavom ijodiy kayfiyat tilaydi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.