Madinai munavvara ziyorati

0
285
marta koʻrilgan.

Madinai munavvaraga yuzimiz tushganidan-oq, Salavoti Ibrohimiyani guruhimiz bilan joʻr boʻlib aytdik. Madinai munavvarada uch kun turdik, «Ravzatul jannat»da guruhimiz bilan  namoz oʻqish baxtiga muyassar boʻldik. Uch kun Masjidi Nabaviyga ziyorat qildik.  Biz tushgan mehmonxona Masjidi Nabaviy ziyoratgohining yonginasida edi. Besh mahal  namozga chiqib kelish imkoniyati borligidan biz yanada xursand boʻldik.

Qoʻlimizda barcha ziyoratchilarga  davlatimiz tomonidan berilgan muftiy Nuriddin domla Holiqnazarovning  “Umra – ulugʻ amal” kitobi. Oʻqigan sari oʻqimoq istaysiz. Unda shunday satrlar bitilgan: Ey, imon keltirganlar! Ovozingizni Nabiyning ovozidan baland koʻtarmang va unga bir-biringiz bilan soʻzlashgandek baland soʻzlamang, oʻzingiz sezmagan holda amallaringiz habata boʻlib qolmasin. Albatta, Rasulullohning huzurida ovozlarini pastlatganlar – ana oʻshalar Alloh qalblarini taqvo uchun imtihon qilgan zotlardir. Ularga magʻfirat va buyuk ajr bordir” (Hujurot  surasi, 2-3-oyatlar). Qurʼoni karimda taʼkidlanganidek, ravzai munavvarada minglab ummatlar ziyorat qilayotgan boʻlsa-da, goʻzal sukunat hukmronlik qilar va ziyoratchilar yuzi koʻzida samimiylik, osoyishtalik ifodalari!  Oʻng oyoqni tashlab, duolar oʻqib kirgan sari kirging keladi, vujuding nurlarga toʻladi, qalb osoyishtaligini his qilasan…

Saharlab bomdod namoziga chiqdik. Assalomu alaykum va raxmatullohi va barakatuh, deya masjidi Nabaviyaga oʻng oyoq bilan qadam tashladik. Namozlarimizni oʻqib oldik. Yana ikki rakat namoz oʻqib, farzandlarimning salomini yetkazdim. Yana ikki rakat namoz oʻqib doʻstlarimning salomlarini  yetkazib, iltijo qildim. Boqiy olamga oʻtgan ota-onam, aka-ukalarim, oʻzimdan ikki yosh katta boʻlgan 18 yoshida vafot etgan opaginamning  oxiratini soʻrab, duolar qildim. Alloximning oʻzi duolarimizni qabul etsin. Koʻnglimizdagini, dilimizdagini Allohim ijobat kilsin. Oʻzi koʻrguvchi eshitguvchi, bilguvchi!

Shu kuni Madinayu mukarramada qurilgan birinchi masjidni, mushriqlar bilan jang boʻlgan Uxud togʻini va paygʻambarimiz xush koʻrgan xurmozorga sayohat uyushtirilgan edi. Masjidi Nabaviydan mehmonxonaga kelsak hali avtobus kelmagan ekan. Uyga kirib kiyimlarimni oʻzgartirayotsam, eshik taqillab qoldi. Hamxonam keldi, oʻzi ochib kiradi, deya oʻyladim. Biroq, kirmadi. Kalitini yoʻqotib qoʻyibdi deb oʻyladim va kiyinib boʻlgach, eshikni ochsam hech kim yoʻq. Pastga tushsam, avtobus joʻnab ketibdi. Meni yoʻqlab kelishganini tushindim.

 Soʻngra,  Oʻzbekiston va Arabiston bayrogʻi turgan stol yoniga yaqinlashdim.  U yerda oʻzbek tilini biladigan bir paytlar kelib qolgan oʻzbeklarning avlodlari ishlaydi. Oʻzbekistondan kelgan ziyoratchilarning rahbariyati bilan telefon orqali ulashini soʻradim. Shavkat degan vakil bilan uladim dedi vakil. Maqsadimni tushintirdim. “Oʻzingiz ishongan, oʻzingiz bilgan biror taksiga chiqarib yuborsangiz” deya iltimos qildim. Hozir ellikboshi bilan gapirishay opa deya javob qildi u.

 – Opa, bugungi uyushtirilgan sayohat Umra ziyoratiga kirmaydi. Guruhdoshlaringiz rejalashtirilgan birinchi masjid bilan tanishib boʻlib, ikkinchi sayohatga yoʻl olishayotgan ekan. Yetib borganingiz bilan bitta sayohatni oʻtkazib yuborasiz. Yaxshisi sizni ertaga boshqa guruh bilan qoʻshib yuboraman.

 –  Ertaga biz Makkayu munavvaraga ketamiz-ku.

– Obeddan keyin ketasizlar ungacha sayohatdan kelasiz, – deya tushintirdi. Ertasiga ellikboshimiz meni narigi guruh joʻnaydigan mehmonxonaga kuzatib qoʻydi. Shavkatjon bilan tanishtirdi. Kutib turgan ekan xursand boʻldim. Uchtepa tumanining imomi sayohatdosh guruhimning ellikboshisi bilan tanishtirdi. Qaytgach, yana oʻzimning yonimga olib kelasiz, deya tayinladi. Mamlakatimiz vakillarining jonkuyarligidan, har bir ziyoratchiga eʼtibori kattaligidan juda xursand boʻldim.

Paygʻambarimiz Madinaga kelgach, qurilgan birinchi masjidga ziyoratga bordik “Paygʻambarimiz tuyasi choʻkkan joyda birinchi masjid qurilganligi haqida biz tarjima qilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarida yozilgan edi. Ellikboshi taʼkidlaganicha, dastlabki masjid buzilib ketib yonidan yangisi  qurilgan ekan. Ellikboshi masjid haqida gapirayotganda, masjid nozimalari ayollarni olib ketib, chor atrof bilan tanishtirishdi va namozgohga boshlab borishdi. Biroq ular imo- ishora bilan gapirishardi. Chunki, yigʻilgan ayollar turli mamlakat ziyoratchilari boʻlib, biz arab tilini bilmaymiz ular bizni tilni. Bittagina gid – ayollardan ham sayohatboshi boʻlganida yanada yaxshi boʻlardi. Men-ku qayerga kelganimni bildim, tushundim, biroq hamma borgan joyini anglashi, bilishi kerak, deb hisoblayman.

Baland-baland minorali, oppoq sutdek marmarlar bilan jilo berilgan, ziyoratchilarga tahorat uchun  barcha sharoitlar yaratilgan masjidda ikki rakat namoz oʻqib, sayohatimizni davom qildirdik.

Undan Uxud togʻiga oʻtdik. Ellikboshi tarixiy joy haqida, Uxud jangi haqida maʼlumot berdi. Qadamjoyda  “Qisasi Rabgʻuziy” asaridagi manzaralar koʻz oldimda qayta jonlandi.  Uxud jangida paygʻambarimizning tishi singani, oyogʻi lat yegani, amakisi Hamza qahramonlarcha halok boʻlgani va Abu Soʻfyonning xotini Hind uning qornini yorib, bagʻrini chaynagani, islom yoʻlida koʻplab sahoba va ansorlar jon fido qilgani bir-bir koʻz oldimdan oʻtdi.

Bir paytlar katta jang boʻlgan dargoxda  bugungi kunda tinchlik ramzi kaptarlar inson qoʻlidan don yeb yuribdi. Goʻyo ular shoxidlarning ruhidek tuyuldi, menga. Shohidlarning joyi jannatdan boʻlib, oxirati obod boʻlsin. Bir chekkaga oʻtib, tilovat qilib, shohidlarga bagʻishlab yubordim.

Uchinchi sayohatimiz  xurmozorlar bilan tanishuv edi. U yerda Arab Birlashgan amirligi  bilan Turkiya mamlakatining bayrogʻi osigʻlik ekan. Demak, osmon bilan bellashayotgan ulugʻvor xurmo daraxtlari, xurmozor bogʻlar va  xurmo  bozori hamkorlikda yaratilgan ekan. Koʻpchilik xurmoni koʻrmagan. Ulugʻvor koʻrkam bogʻda esdalik uchun suvratga tushyapti. Afsuski, xurmolar yigʻib olingan payt ekan.  Bozorchada xurmoning turfa turlarini tomosha qilish bilan birga Qurʼoni karimning turli shaklda chop etilgan, turli tilda izohlangan nusxalarini topish mumkin edi. Joynamoz-u tasbehlarning ham turfaligi sayohatchilarni qiziqtiradi. Ayniqsa, paygʻambarimiz xush koʻrgan ajva  nomli xurmoning turli  kattalikdaligini topish mumkin edi. Ha, dunyoning ajoyibotlari koʻp. Olmadek keladigan ajvaning quritilganlari ham sotilayotgan edi.

Yana shuni taʼkidlash kerak-ki, onasini niyatiga yetkazish maqsadida aravacha olib yurgan yurtdoshlarimizga tasannolar aytdik.

Shu bilan sayohatimiz tugab, ertalab joʻnagan mehmonxonamizga qaytib keldik. Shavkatjon kutib turgan ekan, (Alloh undan rozi boʻlsin) bir vakil qoʻshib berdi, oʻz mehmonxonamga yetib keldim. Eshik tagida oʻzimizning ellikboshimiz kutib turgan ekan, unga topshirib orqasiga qaytdi. Barchasidan Alloh rozi boʻlsin. Duolarimizni Alloh oʻz dargohida qabul aylasin! Allohim, qutlugʻ dargohlarga, Qurʼoni karim nozil boʻlgan shaharlarga,    Arshi aʼloning tagida joylashgan, Arshi aʼloning soyasi – KAʼBAI muazzamaga, «ALLOHNING YERDAGI UYI»- deb aytiladigan muqaddas dargohlarga yetkazganingga shukronalar aytamiz!

R. ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 Muallif olgan foto suvrat

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.