MASʼULIYAT va FIDOYILIK

0
190
marta koʻrilgan.

Masjidu haram Yer yuzidagi birinchi masjid! Butun Islom olami uchun qibla boʻlgan Kaʼbai muazzamani oʻz bagʻriga olgan ziyoratgoh!  

Kaʼbai muazzamani tavob qilib, mehmonxonaga  qaytsak, hamxonam, mahalladoshim Qunduz opa derazadan Kaʼbai muazzamaga qarab tilovat qilib oʻtirgan ekan. “Raʼnoxon, iltimosimni ellikboshiga aytdingizmi?”– deya soʻradi. Ha aytdim, bezovta boʻlmas ekansiz ertaga oʻzlari aravada aylantirar ekanlar. Onaxonlarimizni begonaga ishonmayman, deya javob qiganlarini gapirdim.

Telefonim telegrammga xabar kelganini bildirdi. Ochdim. Ota-onamga, ahli oilamga bagʻishlab Masjidu haramga qayta-qayta ziyorat qilib tavob qilish niyatim borligi va menga qonun- qoidasini oʻrgatishni ellikboshimiz – Bekmirza Ziyoyevdan iltimos qilgandim. U kishi telegrammga domlalardan birining video oʻgitini tashlabdi. Tezkor ishlashiga  hamma narsani oldindan oʻylab qoʻyganiga minnatdor boʻlib ketdim.

Ellikboshi ikkinchi kun hamxonamni oʻzi vaʼda berganidek aravada Masjidu haramning ikkinchi qavatida ziyoratini amalga oshirishga koʻmaklashdi. Chunki, ziyoratni, tavobni kolyaskada  faqat ikkinchi va uchinchi qavatida amalga oshirishar ekan. Men ham ularga yoʻldosh boʻldim. Padaribuzrukvorim uchun ziyoratga chiqdim.

 Masjidu haramning ikkinchi qavati ulugʻvor ayvon boʻlib, Kaʼbai muazzamani oʻrab olgan mahovatli  maskan. Aravada aylanuvchilarga  imkoniyat yaratilgan. Aravachada aylanuvchilar yoʻlagi oʻrtada boʻlib, uning ikki chekkasidan namoz oʻquvchilar va mutola qiluvchilar uchun joylar ajratilgan. Erkaklar va ayollarning mutolaa joylari plastmasa erganaklar bilan toʻsilgan, javonlarga «Qurʼoni karim» kitoblari  koʻyilgan. Namoz vaqti kelganida ziyorat yoʻlaklari ham toʻsilar, barcha namozga egiladi, imomga qoʻshiladi. Barcha zallarda zam-zam suvlari mavjud,  

Kaʼba atrofini yetti marta aylanib tavob qilgach, Safo va Marva togʻi ziyoratiga oʻtdik.  Baland tepalikka koʻtarilayotganda kolyaska orqaga ketar uni sudrash uchun katta kuch talab qilinardi.   Ushbu holatni kuzatar ekanman, aravakashlar  ushbu xizmat uchun 100-150 dollar olishi bejiz emasligini angladim. Ellikboshimiz ushba xizmatni Alloh rizoligi, savob umidida bajardi. Mahalladoshimni kolyaskada ertalab aylantirgan boʻlsa, peshin namozidan keyin ikkinchi 81 yoshli momoni ziyoratga olib chiqdi. Kamtarligi, fidoyiligi, zimmasiga yuklatilgan vazifani astoydil bajargani uchun  Alloh u kishidan rozi boʻlsin.

Durdona kitob,  deyarli yetti asr avval yaratilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarida kamtarligu xokisorlikka daʼvat etuvchi quyidagi satrlar mavjud: Odam Atoni tuproqdan yaratmoqning hikmati ne edi? Qachonki, Mavlo Azza va jalla Odamni yarataman deb xitob qilganida, barcha narsalar mendan yaratgil, deb taʼma qildilar.

 HIKMAT: Togʻ aytdi: “Men haybatliman”. Dengiz aytdi: “Men hayotbaxshman”. Oltin aytdi: “Men azizman”, Koʻk aytdi: “Men ulugʻvorman”. Barcha narsalar oʻzlaridan faxrlanib maqtandilar. Faqat Yer tavoze ila dediki: “Men barcha narsadan zaifman. Menda quvonchli hech vaqo yoʻq.” Shunda xitob keldi: “Men odamni tuproqdan yarataman” va Odamni tuproqdan yaratdi.

HIKMAT: Yahyo ibn Maoz – al-Roziy deydilar: Hajga bordim. Tun qorongʻusida ovoz eshitdim. Uni izladim. Sas tikonli oʻtlar orasida kelardi. “Nega yigʻlayapsan”, deb soʻradim.” “Nega yigʻlamayin? Farishtalarga ustoz edim. Oxiri laʼnatga uchradim”. Bildimki, Iblis soʻzlayapti. Dedim: “Nega sajda qilmading?” Aytdi: “Menga sajda qil dedi, qilmadim. Odamga bugʻdoyni olma dedi. Uni oldi, yedi. Biroq, uni kechirdi. Meni kechirmadi. Savol berdim: Odamni kechirdi, seni kechirmadi. Hikmat ne edi. Javob: “Azalda odam taqdiri haqida inoyat bor edi, meni xaqimda yoʻq. Azalda boʻlgan inoyat boʻlur”.

Paygʻambarlar qissasini koʻplab qalblarni nurlantirgan, koʻplab ijodkorlarga ilhom bagʻishlagan uvaysiy ustoz Nosiruddin Burhonuddin Rabgʻuziyning ham oxirati obod boʻlsin. Ushbu asardan ruhlanib, uni tarjima qilish baxtiga muyassar boʻlgan  bizlarni ham Allohning oʻzi  har qadamimizda, har damimizda madadkorimiz boʻlsin!

Qutlugʻ roʻza ayyomida yurtimizga tinchlik, farovonlik  va oilalarimizga osoyishtalik hamda qut-baraka  tilab qolamiz!

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Muallif olgan suvrat. Masjidu haram Kaʼbai muazzama. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.