Matbuot anjumani va kitoblar taqdimot

0
45
marta koʻrilgan.

Tahririyatdan: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida «Doʻstlik» ordeni sohibasi, shoira Farida Afroʻz ijodiga bagʻishlangan matbuot anjumani va kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.  Shoiraning 4 jildlik — badiiy adabiyotning toʻrt yoʻnalishini ifodalagan «Saylanma» kitoblari anjumon qatnashchilarida qiziqish uygʻotdi. Tadbir savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.

Ikkinchi bosqich tadbirda esa Oʻzbekiston qahramoni Ibrohim Gʻofurov, professor va yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, “Jahon adabiyoti” bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev   va boshqalar soʻzga chiqib, shoira ijodi haqida  oʻz fikrlarini  ifodalashdi.

Quyida  OʻzA da shoira ijodiga bagʻishlab yozilgan  filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Shuhrat Hayitovning adabiiy sharhini eʼtiboringizga havola qilamiz.

*** ****

Adabiyotda turli qoidalar, mezonlar bor. Ammo shoir qalbi qoidalarga koʻpam boʻysunavermaydi. U yurak amri bilan yozadi. Eng muhimi, bunday ijodkorlarning ijodi zamonlar oʻtsada oʻqilaveradi, qalblarda mangu yashab qoladi. Nazarimizda, Choʻlpon, Usmon Nosir, Rauf Parfi kabi betakror shoirlar ijodi bunga misoldir. Adabiyotimizda buyuklar silsilasini davom ettirayotgan va oʻz yoʻnalish, uslubini yaratgan ijodkorlar koʻp. Ana shunday oʻz yoʻnalishi, soʻzi va uslubiga ega boʻlgan zamonamiz adabiy siymolaridan biri Farida Afroʻzdir.

U 1956 yilning 5 martida Fargʻona vodiysi, Uchkoʻprik tumanining Xonxoʻja qishlogʻida dunyoga kelgan. Qoʻqondagi 10-oʻrta maktabda taʼlim olgan. Soʻng Muqimiy nomidagi Qoʻqon davlat pedagogika institutini tamomlagan. Farida Afroʻz Rumiy, Alisher Navoiy, Nodira va Uvaysiylar qatori Bobur ijodini sevishini aytadi. Bu sevgi uning sheʼrlarida ham koʻrinadi. U sheʼr yozishni mashq qilishda ham Boburga tengdoshdir. U ham oʻn bir, oʻn ikki yoshlarida sheʼrlar yoza boshlagan. Shoiraning shu paytga qadar “Qirqkokilligim”, “Iztirob koʻylagi”, “Tunlar isyoni”, “Koʻzim manim”, “Oʻzimdan oʻzimgacha”, “Ushshoq”, “Tasbeh” kabi sheʼriy kitoblari chop etilgan. Qator asarlari oʻndan ziyod tillarga tarjima qilingan. Tasavvuf adabiyotiga oshno boʻlgan shoira Rumiy, Navoiy, Nodira, Uvaysiy, Choʻlpon, Rauf Parfi ijodini qadrlaydi va ularni oʻziga pir deb biladi. 

Farida Afroʻz adabiyotga oʻtgan asrning 90 yillarida kirib kelgan boʻlib, 2000 yillardan oʻziga xos yoʻnalish va soʻziga ega ijodkor sifatida tanilgan. Uning sheʼriyati haqida Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qoʻshjonov, Norboy Xudoyberganov, Ibrohim Gʻafurov, Umarali Normatov, Qozoqboy Yoʻldoshev, Yoʻldosh Solijonov, Noʻmon Rahimjonov kabi olimlar goʻzal fikrlarni aytishgan. Bundan tashqari, Rauf Parfi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi ustoz shoirlar goʻzal taʼriflar yozishgan. Farida Afroʻz sheʼriyati haqida shu kunga qadar koʻplab dissertatsion tadqiqotlar, ilmiy-publitsistik maqolalar yozilgan, shuningdek, qator radio va televizon materiallar tayyorlangan. Ammo sheʼriyat shunday kuch ekanki, bu ijodga munosabat hali ham davom etmoqda, shoira qalbi, u demoqchi boʻlgan fikrlar tizgini qulfini ochish uchun koʻplab kalitlar suqilmoqda. Darhaqiqat, sheʼriyat – kuch. U ochilmagan qulf. Har doim ham, hammaga ham oʻz bagʻrini ochavermaydi. Oʻzi sevgan xos bandasigagina nasib etadigan ilohiy neʼmat. Adabiyotshunos Noʻmonjon Rahimjonov taʼkidlaganidek, Farida Afroʻz sheʼrlarida kechinmalar hayoti – hayrat, taajjub, nafrat, ehtiros, sevinch, surur, qaygʻu, oʻkinch, yigʻi, afsus-nadomat, sabr, alam, armon, qanoat, gʻurur va hakazo turfa his-tuygʻular silsilasi birga yashaydi. 

F.Afroʻz soʻzning nozik latofatini chuqur anglaydi. Uning har bir kitobining nomi ham buni tasdiqlaydi. Shoiraning shu kunlarda nashrdan chiqqan toʻrt jilddan iborat asarlar toʻplami bu fikrga yana bir isbotdir. Toʻplam avvalo nomi, soʻng oʻziga xos dizayni va ichki bezaklari bilan har qanday oʻquvchini befarq qoldirmaydi, hayratlar olamiga tortib ketadi. Shoira mazkur toʻrt yirik kitobning har biriga alohida: «Meni kuting…», «Oʻzimni sogʻinib…», «Oʻlimi yoʻq hayot…» va «Pardani ochaylik…» deya nom qoʻyadi. 

Shoir borki, sheʼriyatga oʻz taʼrifi bor. Ushbu kitob muqaddimasida F.Afroʻz ham avvalo sheʼr va sheʼriyat, ijod va ijodkor olami tushunchalarini taʼriflashga urinadi. 

Sheʼriyat – baland togʻ choʻqqisidagi 

shifobaxsh buloqqa oʻxshaydi

Unga faqat oʻzing chiqib borasan

Buloqdan yuzqoʻlingni yuvib

bir qultum ichganingdan keyin esa 

ortga sira ham ketging kelmay qoladi.

Shoira nazarida, sheʼriyat olami – asrlarni tebratguvchi beshik. Unda ulgʻaygan qalb kishilari davrning tili, millatning yuzi, koʻngillarning tarjimoni boʻlib keladilar. 

Toki bunda ayriliqlar bor,

Nadomat bor, gʻamlar, armonlar,

Sen ham borsan, sen borsan ShEʼRIM!

Farida Afroʻz uchun sheʼr – fikrning guli, bir zarb bilan ochilguvchi gʻuncha. Shu bois ham uning toʻrt jilddan iborat kitoblarining birinchisida sheʼrlarini jamlagandir. Shoira “Meni kuting..» kitobiga gʻuncha sheʼrlarni ilhom bogʻlarida ayozdan pana qilib, koʻklamdan quvvat olib, yozning salqin oqshomlarini quchib, sumbulaning armonlari bilan sirlashib yozib taqdim etganini urgʻulaydi. Kitobdan joy olgan har bir misra baʼzan toʻkilib, goh sochilib, shoshilib, titrab yozilgani, shuningdek, ularda shoiraning iztiroblari, armonlari, muhabbati, hijronlari, quvonchlari, faxr-gʻururi va or-nomusi aks etgani koʻrinadi.

Toʻplamdan joy olgan «Oʻzimni sogʻinib…» nomli ikkinchi kitob aslo boshqa kitoblarga oʻxshamaydi. Chunki, tasbehlardan iborat bitiklar oʻzbek adabiyoti uchun yangilikdir. Bu yangilik ruhiy dunyongizning tub-tublarida uxlab yotgan hayratlaringizni uygʻotadi. Shoiraning bunday adabiy tajribalari, yangicha sheʼriy shakllari xususida taniqli olim, professor Qozoqboy Yoʻldoshev shunday taʼkidlaydi: “Farida Afroʻz tasbihlarida kam soʻzli misralar yordamida chuqur maʼnoni ifodalashga erishadi. Qizigʻi shundaki, barcha tasbihlar uch satrdan iborat boʻlsa ham ularning ichki qurilishi, joylashuvi yoʻsini va boʻgʻinlar miqdorida qatʼiy bir xillik yoʻq”. Shuningdek olim, “tasbeh” ilgari poetik atama sifatida qoʻllanilmagani, shoira Farida Afroʻz uchliklarini tasbeh shodasidek tizib, tasbehni sheʼriy janrga aylantirib badiiylashtirganligini taʼkidlab oʻtadi. Oʻylab qaraladigan boʻlsa, bu ham Farida Afroʻz uchliklariga xos bitta xususiyatni ifoda qiladi. 

Shoira yozadi: 

Yuzimni yuvib

Har sahar

Shukr sochigʻiga artaman…

Yoki

Umidimni uzolmadim,

Umidini uzmagan

Odamdan… deb yozadi.

Odatda kichik sheʼriy janrga moyillik ijodkorning tabiatida mavjud boʻlmogʻi lozim. Farida Afroʻz uchlik janrida ijod qilar ekan, uning hissiy fitrati avvalo shunga moyil boʻlgani ayon boʻladi. 

Osmonga intildim,

Chaqmoqlar chaqdi,

Yomgʻir yogʻaverdi kechayu kunduz.

Aslida, ijod ahlining qarashlarini, sheʼriy dunyosini ularning oʻzlari yozgan asarlar mohiyatidan kelib chiqqan holda munosabat bildirish oʻrinli boʻladi. Ijodkor soʻz izlash, yangi fikr aytish, oʻz qalbini namoyon etish fursatini poylaydi. Soʻz ustida mushohada yuritadi. Shoirlar soʻzning turli maʼno qirralari beeʼtibor boʻlmaydi. Shoira bir oʻrinda shunday yozadi: 

Chumchuq soʻysa, qassobi soʻysin,

Goʻrkov libos tikkani qiziq,

Noning kuyib ketdi, yamoqchi.

Zamonaviy adabiy jarayon mahsuli sifatida yuzaga kelgan bu kichik lirik shakllar struktural-semantik xususiyatlariga koʻra yangi badiiy-estetik hodisadir. Bu xususiyat Rauf Parfi, Xurshid Davron, Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir kabi ijodkorlar ijodida ham kuzatiladi. Sheʼriyatdagi bu kabi kichik lirik sheʼriy shakllar, bir tomondan, xalq ogʻzaki ijodi, ikkinchidan, jahon adabiyotining taʼsiri, uchinchidan, sharq mumtoz sheʼriyati anʼanalaridan ijodiy oziqlanish natijasida yuzaga kelgani koʻrinadi. 

F.Afroʻz uchliklarida ham jahon sheʼriyati va Sharq mumtoz adabiy anʼanalarning zamonaviy badiiy tafakkur kontekstidagi davomiyligi, shaklning ixchamlik tomon borilayotgani, shoira kam soʻz bilan koʻp maʼno bayon qilish yoʻlidagi badiiy izlanishlari va individual poetik mahorati oʻzbek sheʼriyatidagi shakliy izlanishlarning samaradorligini taʼminlab, sheʼriyatni vazn va mazmun tomondan yangilayotgan boʻladi. Bu kichik lirik shakllarning oʻziga xos ohangi, poetik tizimi, tuzilishi, badiiy sanʼatlardan foydalanish mahorati oʻrganilganda hikmatga, aforizmga yoʻgʻrilgani, ixcham misralar mohiyatiga ulkan maʼnolar jamlangani, ularda vazn, qofiya, ritm, band kabi sheʼr unsurlarida yangi izlanishlarning yuzaga kelgani koʻrinadi. Ayniqsa, xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan unumli foydalanilgani koʻrinadi. 

Sumbulayu, sumbula 

Sening koʻngling kim bilan? 

Men ketaman dil bilan.

Xalq ogʻzaki ijodida shunday ohangli oshiq va maʼshuq oʻrtasidagi ayriliq va visol onlarining iztirobli oʻylari ifodalangan qoʻshiq bor. Shoira undagi ayrim soʻzni oʻzgartirish bilan, xususan, Tashqi holatni ichkariga – dilga koʻchirish bilan originallikka erishadi. 

Qashshoqlik –

Davlatdir,

Nodonlikdan koʻra.

Farida Afroʻz oʻz uchliklari bilan ayni kichik janrning imkoniyatlarini kengaytirdi. Ularga xalqona pafos, hayotiy falsafiy mazmun bagʻishlaydi. Oʻqib tanishar ekansiz, bunday misralar oʻzbek mumtoz adabiyoti, xalq ogʻzaki ijodi hamda dunyo adabiyoti buloqlaridan bahramand boʻlganligi koʻrinadi. 

F.Afroʻz asarlari toʻplamning “Oʻlimi yoʻq hayot” nomli uchinchi jildida shoiraning nasrda bitilgan ilk asarlari jamlangan. Ikki tarixiy qissadan iborat boʻlgan hikoyalarda yurtimizning aziz insonlari taqdiri qalamga olinadi. Qissalarni oʻqir ekansiz, ajdodlarimiz boʻlmish aziz avliyolar bilan gʻorlarda yashaysiz, ular koʻrsatgan karomatlaridan boxabar boʻlasiz. Oʻlkamiz togʻlariyu bogʻlari va fidoyi insonlariga yanada mehringiz oshadi. Vatan qadri, vatan sogʻinchi ne ekanligini his qilasiz. Ushbu kitob muqaddimasida adiba shunday yozadi: “Sheʼr – bir zarb bilan ochiladigan, bir toʻlgʻoq bilan tugʻiladigan moʻjiza. Nasr esa ildizlari chuqur, tomirlari baquvvat, mevalari larzon bir ulkan daraxt. Bu daraxtni ekmoq va ayniqsa, parvarish etmoq kafilligini olmoq har kimning ham qoʻlidan kelmaydi, toʻgʻrirogʻi, peshonasiga bitilmagan. 

Men eʼtiboringizga havola etayotgan ushbu toʻplamdagi ikki qissam ham xujjatli voqealardir. Men ularni biroz tartibga soldim va mehrimni, hayajonlarimni qoʻshdim, xolos. Aslida ularni allaqachon qogʻozga tushirgan edim-u, ammo ichimdagi masʼuliyat yoʻl qoʻymas edi. Bir jihatdan toʻgʻri qilgan ekanman. Chunki men bugun ularga butunlay boshqacha nazar va ishtiyoq bilan boqdim.

Kulolning sanʼati loyining sof va pishiqligida boʻlgani kabi, nasrning jozibasi uning qayta-qayta ishlovida, mehnatida ekanligini yana bir bor his qildim. 

Mana hozir esa men peshonamdagi qora mehnat terlarini artib, ushbu moʻjaz kitobchamni bir oz hadik va bir oz gʻurur bilan qoʻlingizga tutmoqdaman”.

Farida Afroʻz asarlari bugun oʻndan ortiq tillarga tarjima qilingani barobarida shoiraning oʻzi ham jahon adabiyotining bir qator adabiyot namunalari tarjimonidir. Toʻplamdan joy olgan “Pardani ochaylik…» nomli toʻrtinchi kitobda shoiraning Qadimiy Misr-Bobil, Eron-Turon, Hind-Xitoy, yapon, nemis sheʼriyatidan qilgan badiiy tarjimalari aks etgan. 

Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov ushbu toʻplam haqida yozgan “Ehtiroslar olovi ichra” nomli maqolasida “Farida Boʻtayeva nimani yozmasin, qanday mavzuni koʻtarmasin, erkin va qiziq qilib yozadi. Uyqusiragan odamning koʻzi yalt etib ochilib ketadi, zerikib qolgan odamning shavqlari qayta uygʻonadi, hushyor tortadi”, deb eʼtirof etadi. Darhaqiqat, shunday. Shoiraning turli shakldagi sheʼrlari, adabiyotimizda yangilik boʻlgan tasbehlari, birinchi bor taqdim etilayotgan nasriy bitiklari va tarjimalari shubhasiz, oʻquvchini ana shunday hayratlantiradi. Oʻylaymizki, bu toʻplam Farida Afroʻz ijodida alohida sahifa ochishi barobarida adabiyot ixlosmandlari qalbidan chuqur joy olib, sevib, ardoqlab oʻqiladigan kitoblarga aylanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.