Matnazar ABDULHAKIM sheʼrlari samodan soʻylar

0
3697
marta koʻrilgan.

Bugun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir, tarjimon va publitsist Matnazar Abdulhakim (1948–2010) tavallud topgan kun. Adib oʻzi tugʻilib oʻsgan eli Xorazmda yashab  ijod qildi. 

Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov (oxirati obod boʻlsin) adib haqida shunday yozadi: “Matnazar bilan koʻrishgach, keyingi koʻp suhbatlar davomida uning chindan ham donishmand, oʻta halol, toʻgʻri soʻz, bagʻri keng va ayni chogʻda nihoyatda nozik fikrlaydigan inson ekanini bildim. Bizning oʻrtamizda koʻzga tashlanib turmasa-da, doʻstlik, ajib bir fikrdoshlik rishtalari paydo boʻldi”.

“Ofarin” mukofoti sovrindori Matnazar Abdulhakim  «Tiniq tonglar» (1982), «Fasllar qoʻshigʻi» (1984), «Qor qoʻshigʻi» (1990), «Yonimdagi daryolar» (1993), «Qorachikdagi dunyo» (1994), «Bir kuchoq gul», «Oydinlik» (1997), «Soʻnggi yaproq» (1999), «Javzo tashrifi»(2008), «Koʻprik»(2009) kabi kitoblari nashr qilingan. Shayx Najmiddin Kubro, Shayx Majdiddin Bagʻdodiy, Pahlavon Mahmud, Mirzo Bedil, Ogahiy, Komil Xorazmiy, Munis, Rojiy asarlarini forsiy va qadimiy turkiydan oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Xorazm viloyati Xonka okrugidan deputatlikka nomzodim qoʻyilgan  2004 yilning qahraton sovuqida  saylovchilar bilan uchrashuvlarda Matnazar ogʻa yonimda qoʻllab quvvatlab turdi.  Uchrashuvlarda adibning asarlari elimiz odamlarining qalbidan chuqur joy olganining  guvohi boʻldim. Katta-yu kichik unga «ustoz» deya murojaat qilishardi. Xalqning mehrini qozonish, ayniqsa, ustoz maqomida boʻlish esa  oson ish emas. Albatta bu adibning sheʼrlari, asarlari qalblarga qoʻshiqdek oqib kirganligining va namunali hayot kechirganligining samarasidir. Sheʼrlari haqida qancha soʻylasak, shuncha kamdek.  Uning sheʼrlari osmondek bepayon samodan soʻylar.

Doʻstlari, muxlislari,  safdoshlari yodida  yorqin xotiralar qoldirgan zahmatkash ijodkor, kamtarin inson Matnazar Abdulhakimning ruhi shod, oxirati obod boʻlishini Ollohdan soʻrab qolamiz.

 Raʼno Zaripova, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Adib  «IRODA» sheʼrida oʻzbek xalqining tarixi, shoni-shuxrati buyukligini, uni sindirib boʻlmasligini, oʻtmishdagi parvozlari jaranglab turishini  oʻziga xos goʻzal satrlarda ifoda qiladi.

Fasl tanlamaymiz. Hammasi bahor,
Qovjiraydi faqat yolgʻon-yashiqlar.
Biz abadiy nekbin. Mangu umidvor.
Biz — koʻngli sovishni bilmas oshiqlar.

Qishlar va bahorlar, yozlar va kuzlar
Biz uchun barobar yangroq torlardir.
Yerga yogʻa olmay yongan yulduzlar
Bizlar qalovini topgan qorlardir.

Togʻdek toqatlardan mumiyodek sirqib,
Doʻstlarga atalgan dil rozlarimiz.
Qanotimiz poʻlat. Hech boʻlmas qirqib.
Jaranglab turadi parvozlarimiz.

Adib  «TARJIMAI HOL» sheʼrida qadimiy turkiy soʻzlardan qofiyadosh ohanglar tizadi: doʻndim(aylandim) —koʻndim, halak(ovora) —charxpalak. Bu esa uning har bir sheʼrida uchraydigan oʻziga xoslikdir.

Koʻrinmasdim har kim-har kimga,
Men — saharlar ufurgan nafas.
Gardsizligim, tozaligimga
Cheksizliklar qilardi havas.

Bir tong nogoh boʻldim men shabnam,
Soʻng bulutga, yomgʻirga doʻndim.
Maysalarga aylandim kam-kam,
Tuproq boʻlish dardiga koʻndim.

Ming yilliklar turkum va turkum
Qorildilar zulmat, ziyoga.
Saodatli qandaydir bir kun
Daraxt boʻlib keldim dunyoga.

Hayot bir yoʻl — soʻngsiz, betimsol,
Ming tirilib, ming oʻlib chopdim.
Nasib boʻldi noyob bir visol,
Jonzot boʻlib tavallud topdim.

Qanoatlar, toqat, sabrlar
Gʻildiragi aylandi gir-gir.
Kechdi necha tuman davrlar,
Inson boʻlib tugʻildim axir.

Endigina orom topib jon,
Yetdi desam tolega xush gal,
Har toʻkisda — necha ming nuqson,
Har toʻkisda — necha ming ishkal.

Zulmat toʻydi, yutib ziyoni,
Zulmatlarga ziyo ham toʻydi.
Diydoriga toʻydim dunyoning,
Diydorimga dunyo ham toʻydi.

Qoʻying, soʻylab boʻlmay men nolon,
Siz ham tinglab boʻlmangiz halak.
Shu oʻzingiz bilgan toʻpolon,
Shu oʻzingiz bilgan charxpalak.

Nomard boʻlay agar nolisam,
Boshqa tirilmayman, oʻlmayman.
Bir qutulsam, bir ketib olsam,
Dunyoga men boshqa kelmayman.

Shoir «IMKONIYAT» sheʼrida tim-tirslik(jimjitlik, sukunat) ham Ollohning bir sinovi boʻlib, yashashga, kurashga oʻziga xos bir tarzda oʻrgatganini taʼkidlaydi. Adabiyotshunoslar uni faylasuf inson, ajoyib shoir deb taʼriflashadi. Mazkur falsafaga toʻla  sheʼrlari ham buni ifodalab turibdi.

Gʻamginlik kam emas qullikdan,
Lekin mahbusman deb nolish — uyatdir.
Har lahza, har nafas bu tutqunlikdan
Xalos boʻlmoq uchun imkoniyatdir.

* * *

Parvoyim yoʻq hozir xom, puxtalarga,
Unutdim dunyoning nasya, naqdlarin…
Yurakning olis bir nuqtalariga
Qaytib kelayotir shoir vaqtlarim.

Arang miltillaydi olisda ovul,
Tim-tirs… ilgʻanadi bezovta ruhlar.
Oynakoʻl tushiga kiradi dovul,
Har bargda bir shamol dong qotib uxlar.

Har lahza qaʼriga bekingan ming yil,
Sukunat hayqirar qutlugʻ otingni.
Butun borliq qattiq biriktirgan til
Soʻndirmaslik uchun yodingni.

Munavvar bir dastyor yogʻdular mulki,
Tinim bilmaydi hech osmonda quyosh.
Nur taratar yoding — lablarda kulgu,
Yogʻdu sochar yoding — koʻzlardagi yosh…

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.