Mehr gulining ifori

0
660
marta koʻrilgan.

Ona qalbini, mehrini dengizga mengzasa arziydi. Hammamiz bilamizki, dengizning tubida oppoq marjonli chigʻanoqlar yashiringan. Ona mehri beqiyos va mangu boʻlib, sirli-sinoatli dengiz tubidagi chigʻonaqlar ichiga berkingan oppoq marjonlardek maftunkor boʻlib, uni ramziy ravishda mehr guli deb atasak arziydi. Mehr guli – mangulikdan sipqirib voyaga yetgan bolaning oldiga katta imkoniyatlar ochiladi. Zero, ona qalbida mangu porlab turadigan mehr guli bor ekan, uning ifori farzand uchun muntazam ortsa ortadiki kamaymaydi. Ana shu ifordan qonib oʻsgan bola yurtga tayanch, oilaga suyanch boʻlib ulgʻayadi. Ona qancha azobu uqubatlar chekkmasin bolasi uchun xokisorligicha qolaveradi. Farzand va oila tashvishlaridan kuvonib, uni shirin yumishlar deb bilib, shukrona bildirib yashagan kamtarin, soddadil ayol, onaga, insonga bir kun u ezgulik boʻlib qaytaveradi. Shirin tashvishlarga shukrona bildirib yashash deyarli barcha onalarga xos fazilat. Unday onalarning aytgan har bir soʻzi hikmat, qilgan ishlari ibrat boʻlib farzand qalbiga oʻrnashib boraveradi!

Rahima opa Zokirova ikki nafar oʻgʻil, bir qizni el-yurt qatoriga qoʻshdi. Ayolning katta farzandi zahiradagi polkovnik, qizi musiqashunos, professor, skripka ijrosidan yoshlarga saboq beradi. Kichkina oʻgʻli esa kompozitor. Koʻplab musiqiy tanlovlarning gʻolibi. Albatta bu yutuqlarning oʻzi kelmadi. Bolalarini yoshligida toʻgaraklarga olib bordi. tinim bilmadi. Hamma uyining yonidagi maktabga farzandlarini oʻqishga bersa, u Toshkent shahrining mashhur maktablariga uzoq boʻlsada erinmasdan olib borar edi. Ularning qobiliyatini bilish, nimaga moyilligini aniqlash uchun bolalar bogʻchasida yurgan paytidayoq turli toʻgaraklarga berib koʻrdi. Ogʻiri bitta xulosaga keldi. Katta oʻgʻli sport toʻgaraklariga qatnadi, qizi maktabdan boʻsh vaqtlarida sport toʻgaragi bilan birga skripka chalishni mukammal oʻrganishga boshladi. Kichik oʻgʻli esa Shermat Yormatov yetakchilikdagi bolalar ansambliga muntazam qatnay boshladi. Hech bir ona oʻz farzandiga yaxshi tarbiya berish va odob oʻrgatishdan ortiq hadya qila olmaydi deyiladi, hadislarda. U hayoti davomida ana shu hadislardagi oʻgitlarga monand yashadi.

Bugungi kunda uchala farzandi ham sanʼat olamiga oshno, musiqa asboblaridan biror turini chala oladi. Qoʻshiq ayta olishadi. Biroq, bari ham sanʼat yoʻlini tanlamadi. Katta oʻgʻli Sobitjon Zokirov institutni tugatib, harbiylik kasbini tanladi. Turkiston harbiy okrugi Oʻzbekiston harbiy qoʻmondonligiga aylantirilgan kezlarda yosh mutaxassis sifatida oʻzligini namoyon qildi. Qizi esa musiqashunos olima boʻlib yetishdi. “Men ularning intilishlarini tabiiy qabul qildim. Zero, ularning hammasi sanʼatkor boʻladi, deb oʻylamas edim. Umidim qalbida ezguliklarni uygotish, yaxshilarga ergashtirish edi, dilida hamisha musiqa ohanglari kezib yurgan inson goʻzal inson boʻlib voyaga yetadi, deb hisoblardim. Ayni paytda Oʻzbekiston mustaqil boʻlib bolalarga katta imkoniyatlar yaratildi. Yurt bolalari jaxonda boʻlayotgan fan olimpiadalarida, sport musobaqalarida, musiqa tanlovlarida faol qatnasha boshlashdi. Men ham bolalarimning ana shunday tanlovlarda qatnashishini istardim. Bu albatta ularning dunyoqarashining yuksalishiga munosib xizmat qildi, deb hisoblardim” – deydi bolalarini alqab Rahima opa.

Bu ahil xonadon farzandlarining kamolatiga qarab, tarbiyada yurt bilan oila eʼtibori uygʻunlashgan oilalarda salohiyatli farzandlar voyaga yetishiga yana bir karra ishonch xosil qilasiz.

Shu bilan birga oiladagi namunali intizom ham katta ahamiyatga ega. Yoshligida Rahima opa qaynona-qaynota xizmati, farzandlar kamolati, xizmatchilik deb yelib-yugirdi. “Bolalarim yoshligida hamisha ikki qoʻlimda soʻmka, yelkamda ryukzak boʻlardi. Darsga, turli xil toʻgaraklarga qatnardik. Oʻzimga televizor koʻrishni taqiqlab qoʻygan edim. Farzand tarbiyasidan diqqatim boʻlinishini, xayollarimni chalgʻitishni istamasdim. Keyinchalik shu saʼy – harakatlarimni nevaralarimga bagʻishladim”. – deydi u. Farzandlari hayotda qaddini tiklab oʻz oʻrnini topgan sari Rahima opa ham qaddini tiklab bordi. Ularning yutuqlari kuchiga kuch qoʻshar edi.

Kompozitor Shuxrat Zokirov bolaligidayoq yurtimizda va xorijda oʻtkazilgan bolalar va oʻsmirlarning musiqa tanlovlarida qatnashib bir necha marta gʻolib boʻldi. Belorusiya, Rossiya, Germaniya kabi mamlakatlarni kezib, saxnalarida kuylash, pionino chalish baxtiga erishdi. Oʻzbekiston degan mustaqil mamlakat borligini murgʻak qalbi bilan chet elliklarga namoyon qildi… Oʻzi xam el-yurt tanidi. Institutning namunali tolibi sifatida ustozlarining nazariga tushdi. Oʻzbekiston Davlat konsorvatoriyasiga oʻqishga kirgan yili fransuz professori Bernard Ringayzindan oʻz sohasida taʼlim olish uchun Germaniyaga yoʻllanma berishdi. Bular bari unga katta maxorat maktabi boʻldi.

Bugungi kunda bastakor sifatida oʻzligini namoyon qilmoqda. U bastalagan kuylar sanʼatkorlar tomonidan Navroʻz, mustaqillik bayramlari va boshqa tantanalarda Nasiba Abdullayeva, Ulugʻbek Otajonov, Ravshan Komilov kabi sanʼatkorlar tomonidan jaranglamoqda.

Shuxratbek 2006 yili “Bir kam dunyo” qoʻshiqi uchun sovrindor boʻldi. Bastakor 2010 yilda respublikamizda yosh ijodkorlar orasida oʻtkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi bastakori” va “Eng yaxshi musiqa sayqalchisi” nomiga sazovor boʻldi. 2016 yil esa “Estrada sanʼatiga qoʻshgan xissasi uchun” diplomi bilan taqdirlandi. Shuningdek, Moskvada boʻlib oʻtgan xalqaro tanlovda Dilmurod Musoqovning “Geolog” filmi eʼtiborga tushdi. Filmning musiqasini esa Shuxratjon bastaladi.

Rahima opa bilan Rixsivoy akaning kenjasi yaʼni uchinchi farzandi Shuxratbekga sanʼatga boʻlgan qiziqishi ota meros, onasi Rahima opadan esa qatʼiyatlilik va fidoyilik oʻtgan desak arziydi. Otasi Muqimiy nomidagi musiqa va dramatik teatrda ishlagan va ayni kunda nafaqada boʻlsada koʻzi ojizlar maktab-internatida musiqadan dars beradi.

Rahima Zokirova ellik ikki yil tibbiyot sohasida ishlagan boʻlsa, oxirgi 25 yilda Sogʻlikni saqlash vazirligi Tibbiyot sanitariya birlashmasining Markaziy poliklinikasida faoliyat yuritdi. U yerga ishga faqat katta tajribaga ega kishilarni taklif qilishardi. Shu yerda ishlab yurganida Makkaga Umra ziyoratiga boruvchilar uchun vrach-hamshira qilib joʻnatishdi. “Oʻshanda ellik yoshimda edim. Bu meni ona shahrim Toshkentdan, oilamdan, farzandlarimdan birinchi marta uzoqlashishim edi. Bolalarimni tashlab ketishga koʻzim qiymas, biroq katta masʼuliyatni ham his qilib turarlim, unday joyga hammani ham taklif qilishaverishmaydi. Ketma-ket ikki yil Umra ziyoratiga boruvchilarning va ketma-ket ikki yil Haj ziyoratiga boruvchilarning sogʻliklarini asrash – avaylash maqsadida joʻnatishdi. Kechasi bilan uxlamasdan yurtdoshlarimning sogʻligini muhofaza qilaman va kunduzi ular bilan birga yurib ziyoratni amalga oshiraman. Avtobusda yoʻlda uxlab olardim, yana qush uyqusida boʻlardim. Odamlarning ogʻirini yengil qilish, yugir-yugirlar menga mashaqqat boʻlib tuyulmasdi, aksincha kuch bagʻishlardi”, deydi hojiona.

El-yurt, oilam deb yelib – yugirgan Rahima opa yetmish yoshgacha el xizmatida yurdi. Nafaqada boʻlsada ishladi.

Bizni uyga taklif qilganida, avvalo oʻgʻlining ijodxonasini koʻrsatdi. Hovlidan yertoʻlaga tushiladi. U xuddi studiyadek bezatilgan. Qoʻshiq aytadigan, ovoz yozib oladigan, xullas bir bastakorga nima-ki, kerak boʻlsa burchasi muhayyo. Katta studiyaga kirishdan oldin yoʻlakdagi moʻjazgina koʻrgazma bilan tanishib oʻtasiz. Unda Shuxratbekka nasib etgan faxriy yorliqlari, sertifikatlari, xalqaro tanlovda olgan diplomlari aks etgan. Ular bilan tanishish uchun ancha vaqt sarflaysiz. Maqolada sanab chiqish undanda qiyin. Milliy bayramlarimiz mustaqqillik va navroʻz tantanalarida ishtiroki uchun berilgan tashakkurnomalar xam u yerdan oʻrin olgandi.

Soʻngra biz ayollarni mehmonxonaga taklif qildi, mehmonxona yoʻlakidagi toʻrt devor fotoga toʻla boʻlib, goʻyo moʻjazgina koʻrgazmani eslatardi. “Bu fotolar qizim Feruza Qodirovaning mehnatlari, har taʼtil mavsumida meni ham chorlab va oilasi bilan xorijdagi goʻzal maskanlardan birida dam oladi va meni suvratga olishni xush koʻradi. Bu suvrat birinchi marta dengizga borgan paytim, nevaramga qarab suzishni oʻrganyapman. Birinchi marta 55 yoshimda dengizni koʻrganman, Oʻrta yer dengizida suzishni oʻrnanganman. Bizni qizim suvratga olganini ham sezmaganman” – deydi zavq-shavq bilan Rahima opa.

Yana bir suvratda parashyutdan tashlayapti. “Bu birinchi marta osmonlarni quchishim, unda 56 yoshimda edim. Turkiyada dam oluvchilarga maxsus shunaqa xizmat yoʻlga qoʻyilgan”. Izoh beradi u.

Yana bir suvratda dengiz tagida baliqlar bilan birga suv parisidek suzib ketyapti. Yana bir guruh fotolarda Parij manzaralari aks etgan boʻlsa, birida Misr eh romlari, birida Volga daryosining xushmanzara joylari ifodalangan edi. Italiya va Ispaniyaning tarixiy qadamjolari aks etgan suvratlar ham oʻziga xos olingan. Yana birida esa Oʻzbekistonning xushmanzara koʻchalarida Rahima opa mashina haydab ketyapti. U bolalari bilan birga oʻqib haydovchilik huquqini olgan boʻlsada 65 yoshida mashina rulini ushladi. “Bolalarim menga xizmat qilish uchun shofer yollashdi. Bu bolalarimga ortiqcha chiqim dedimda oʻzim rulga oʻtirdim” deydi u.

“Qizim Feruza bir kuni “Ona, tezroq katta boʻlsaydim” deb qoldi. Katta boʻlib nima qilasan. deya soʻradim. Sizni dunyo kezdiraman, deya javob berdi. Oh oʻzimning mehribonginam oʻsha kunlarga yetaylik, degan edim. Oʻshanda farishtalar omin degan ekan. Endilikda sermashaqqat yoshlikdan, oilaning shirin tashvishlaridan keyin faraxli onlarim boshlanganiga Ollohga shukronalar bildiraman.”-deydi farzandlarini, qizini alqab Rahima opa.

Kuzatib tursangiz Rahima opa nimaniki birinchi koʻrgan, his qilgan boʻlsa bari nafaqaga chiqish yoshida sodir boʻlgan. Bu davr Rahima opaning ikkinchi umrning boshlanishi desak boʻladi. Keyingi oʻn besh yil uning uchun hayotining tub burilishlar davri – goʻzal qanot qoqishlar davri boʻldi. Donishmandlar aytganidek oltin kuz, Ollohning baxmal payondozlar toʻshagan goʻzal pallasi boʻldi.

Rahima opa yosh bolaga oʻxshab hayratlanib va hayratlar ichida yashashni xush koʻradi. Shuning uchun ham u yetmish uch yoshni qarshilab turgan boʻlsada, hamon yoshlarga xos gʻayrat – shijoatga toʻla. Uning har bir damdan quvonch topib yashashiga havasim keladi, fikrimni unga hurmat-ehtirom bilan bildiraman. U xulosamni eshitib turib, maʼqullaydi va yana donishmandona qoʻshimcha qiladi… “Toʻgʻri hayrat bilan yashash, mudom saʼy-harakatda boʻlish, intilish kishini yashartiradi, biroq bu yerda boshqa narsa ham bor – yoshlarga xos gʻayrat-shijoat mavjudligi, hayratlanib yashashim mustaqil Vatanimiz sharofati! Agar Oʻzbekiston mustaqilligi boʻlmaganida men xizmat safari bilan Umra va Haj ziyoratiga bora olarmidim. Kuyovim bilan qizim xorij universitetlarida dars bera olarmidi va meni ana shunday joylarni kezdira olarmidi?!. Oʻgʻlim Sobitjon Zokirov qisqa davr ichida harbiy sohaning podpolkovnigi, mutaxassisi boʻlib yetisha olarmidi. Sovet davrida harbiylar asosan oʻzga millat vakillari edi. Vatan mustaqilligi Olloh bergan buyuk neʼmatdir va u mening taqdirimda aks etadi. Uning qadrini bilishimiz kerak. Men hamisha ana shuni qalbdan his qilib, yurtim bilan faxrlanib, shukrona bildirib yashayman”, – deydi u.

Qizi Feruza onasini alqab shunday deydi: “Bolaligimda onamning tinimsiz yugir — yugirlarini koʻrib, yuragim achirdi. Bizni ulgʻaytirish yoʻlidagi saʼy-harakatlari yetmaganidek, keyinchalik nevaralarining tarbiyasini ham oʻz zimmasiga oldi. Meni hayotda oʻz oʻrnimni topib ketishim, institutni tugatgach, asperanturada yana oʻqishni davom qildirishim uchun nevaralarini qanotiga oldi. Men doimo oʻqishda boʻlardim, onam ham ishlardi hamda bolalarimga qarardi. Ushbu nevaralar hozir xorijning mashhur oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishmoqda. Unda onamning saʼy – harakatlari kattaligini his qilaman”. Oʻsha daqiqada Amerikada tahsil olayotgan nevarasi hol-avhvol soʻrab telefon qilib qoldi. Ularni kuzatib farzanddan oqibat kutmoqchi boʻlsang avval oʻzing unga mehr koʻrsat degan matal tagida olam-olam hikmat yashiringanini his qildik. Mehr – oqibat oʻzbek xalqi uchun goʻzal qadriyat. Hech bir millat bolasi ota onasiga oʻzbek bolalaridek mehr-oqibatli boʻla olmaydi. Bu oila ayolining maʼnaviyati mevasi desak arziydi.

Hayot murakkab, sinovlarga hamisha boy. Ana shu sinovlar va mashaqqatlar asnosida ona hech qachon bolasini unitmaydi. Chindan ham oilaning fayzu barakasi koʻp jihatdan ayolga bogʻliq. Halqimiz ayollarni uy bekasi, xonadon farishtasi deb ulugʻlashi bejiz emas. Biz buni Rahima opaga qaraganda yanada his qilamiz. Bir umr koʻp qavatli uyda yashagan Rahima opa yaqinda hovli oldi. Uyni taʼmirlash ishlarini yaʼni devorlarga gul qogʻoz yopishtirishni oʻzi amalga oshirdi. U shunaqa did bilan bezatilgan ediki ularning ulangan joyi sezilmasdi. Avval ham bu ish bilan shugʻullanganmisiz soʻradik biz. “Yoʻq. Yaqinda shunga oid kitoblarni oʻqib chiqdim. Oʻgʻil – qizlarimni bir yangilik bilan kutib olay dedim” javob qiladi u. Soʻzlarini tinglab beixtiyor xalqimizning “Ayolning sarishtasi roʻzgʻorning farishtasi” degan matali yodga keladi. Men bu ayolnig yuragida bemisl tovlanuvchi ming bir ranglarni koʻraman. Atrofidagi farzandlari, turmush oʻrtogʻi va doʻstlari ana shu ranglardan quvvat olib yashnaydi. Yuragidagi goʻzal ohanglar, kamalak nusxa ranglar ayolning chehrasiga goʻzallik, ulugʻlik bagʻishlaydi. U hamon orasta va sarishta, hamon el xizmatida qoʻni-qoʻshni-yu doʻsti yoronlarga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Shunaqa tajribali-ki, ukol qilganida bemor uni sezmaydi. Bemorning vena tomirlarini ham juda osonlik bilan topadi. Shuning uchun hamisha yordamga chaqirishadi. Doʻstlar huzuridan kela solib, yengini shimarib ishga tushib ketadi. Kichkina teshacha bilan moʻjazgina bogʻchasiga oroyish beradi, yovvoyi oʻtlardan tozalaydi Kaftdek hovliga turfa gullar ekkan, ularning ifori koʻngillarga osudalik bagʻishlaydi. Goʻzalligi dillarni xushnud qiladi. Hovlining bir parchasida xovuzcha salqinlik bagʻishlab tursa, ayvondagi xontaxta va divan – kreslo ustidagi oppoq dasturxonu yopinchiqlar dillarni yayratadi. U saranjom sarishtalikni va yaqinlariga kutilmagan sovgʻalar ulashishni juda yoqtiradi. Bolalari, doʻstlari yigʻiladigan boʻlsa, hovliga suvlar sepib, junnat guli-rayxonning hidlarini taratib qoʻyadi. Oilani, vatanni insonni ulugʻlashni u kishidan oʻrganish kerak. U dilkash, samimiy maʼrifatparvar inson. Rahima opaning turish-turmushiga eʼtibor berib, ayol – iroda, oriyat, shijoat timsoli deymiz. Chunki u hayoti davomida ishxonasida tajribali tibbiyot xodimi sifatida obroʻ-etibor topdi. Oilada zaxmatkash, jonkuyar ona, mehribon rafiqa, sifatida oʻz oʻrniga ega boʻldi.”Rahimaxon tinch oʻtirishni bilmaydi, hamisha biror yangilik topib, tashabbus koʻrsatadi. Hovlida ekilgan gullar koʻp edi, yanada koʻpaytirib, boshqacha yanada goʻzal shakllarni barpo etdi”, – deydi eri Rixsivoy aka Zokirov.

Darhaqiqat, Rahima hojiona aytganidek, Vatan mustaqilligi Olloh bergan buyuk neʼmat boʻlib, u har birimizning baxtli taqdirimizda aks etadi.

Raʼno Zaripova, zbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.