Milliy kiyimlar oʻzlikni asrash timsolidir

0
62
marta koʻrilgan.

Men xoh oʻzbek milliy kiyimlari, xoh mamlakatimizdagi boshqa xalqlarning milliy liboslari boʻlsin milliy bezak va mentalitetni aks ettiruvchi ustki kiyimlar kiyishni ommalashtirish taklifini qoʻllab-quvvatlayman. Bizning milliy kiyimlarimiz butun dunyoga mashhur. Masalan Oscar De La Renta, Balenciaga, Christian Dior, Tom Ford, Gucci va Ralph Lauren kabi jahon moda uylari oʻzbek matolari va bosma naqshlarining goʻzalligini azaldan qadrlab keladi. Oʻzbek dizaynerlarni Parij va Nyu-York koʻrgazmalarida namoyish etilgan koʻplab kolleksiyalarni yaratishga ilhomlantirgan. Masalan, Ralf Loren bir necha yil avval oʻzining bahorgi kolleksiyasini oʻzbek mato va bezaklaridan tikilgan kiyim-kechaklarga bagʻishlagan edi, 2020 yilgi Parijdagi moda haftaligida esa dizayner Giorgio Armani oʻzbek milliy matolaridan tikilgan liboslarini taqdim etgandi.

Biroq, zamonaviy hayotda ommaviy madaniyat milliy anʼanalar oʻrtasidagi chegaralarni tobora xiralashtirmoqda. Zamonaviy texnologiyalar va butun dunyo bilan muloqot qilishning cheksiz imkoniyatlari berilgan davrda inson oʻz vatanining anʼanalari va madaniyati haqida unutmasligi kerak. Bu taklif hayotda ijobiy samara beradi va olimlar tomonidan asoslab berilgan xilma xillikni va oʻziga xoslikning ajoyib namunasidir.

Boshqa mamlakatlarda bu tushuncha faol qoʻllab-quvvatlanadi. Masalan, Vengriyada «Tansxaz» folklor harakati nafaqat anʼanaviy raqslarni targʻib qiladi, balki milliy liboslarni ham ommalashtiradi, ushbu yoʻnalish esa ularning madaniy oʻziga xoslikni saqlashdagi ahamiyatini taʼkidlaydi. Janubiy Koreyada esa milliy libosda kelganlarga tarixiy joylarga borishi bepul qilib qoʻyilgan. Rossiyada ham mamlakat kuni munosabati bilan aholini milliy libos yoki uning elementlarini kiyishga chaqiruvchi “Milliy libos kiying” aksiyasi oʻtkaziladi. Bu kabi tajribalar koʻplab xalqlar, jumladan, biz uchun ham ilhombaxsh va ibratli boʻlishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, barchaga milliylikka eʼtibor qaratishni va kundalik hayotimizga milliy libos elementlarini kiritib, oʻziga xos mazmun berishni tavsiya qilamiz. Bu tarixiy madaniyatni zamonaviylik bilan uygʻunlashtirishga yordam beradi. Ushbu tashabbus faqat davlat xizmatchilariga tegishli emas, u hammaga tegishli.

Demak, bundan asosiy maqsad madaniyatimizning milliy liboslar bilan bogʻliq noyob qismini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga eng yaxshi shaklda yetkazishdir.

Biz ham janubiy Koreya tajribasini qoʻllashdan manfaatdormiz. Baʼzan yurtimizga kelgan sayyohlar qadimiy obidalar hududida milliy libosda yurganiga koʻzimiz tushadi. Biz oʻzimiz ham bunga odatlansak nimasi yomon?  Tarixiy joylarga sayohatga borganda obidalar hududida betakror milliy ustki kiyimlarda boʻlishingiz, sizning milliy madaniyatni, maʼnaviyatni rivojlantirish va saqlashga qoʻshgan hissangiz boʻladi.

Birgalikda milliy liboslarimizni zamonaviy va ommabop qilaylik. Bu madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va kelajagimiz yuksalishiga qoʻshgan munosib ulushimiz boʻladi.

Manzura BEKJONOVA                                                                                                                                                                                                                        

Tahririyatdan :Biz ham ushbu fikrni qoʻllab quvvatlaymiz.  Juma kuni milliy  kiyimlar kuni deya eʼlon etilgani ayni muddao boʻldi. Oʻsha kuni tashkilotlarga borib qolsangiz  oʻzlikni namoyon boʻlishini koʻrib xursand boʻlasiz.  Shu bilan ushbu tadbir milliy matolar, keyim kechaklar  ishlab chiqarayotgan karxonalarni qoʻllab quvvatlash ham demakdir. Oʻz navbatida bu  iqtisodiyotimizni yuksaltirishga munosib hissa qoʻshish hamdir.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.