Muhammadali Qoʻshmoqov: SHEʼRLAR

0
103
marta koʻrilgan.

Muhammadali Qoʻshmoqovni eslab: Olim va xassos  shoir, bosh muharrir Muhammadali Qoʻshmoqov bilan “Sogʻlom avlod uchun” jurnali tahririyatida 2-3 yil birga ishlaganman. Tahriyatimiz Bobur Mirzoning bobosi qurdirgan qadimiy madrasa yonidagi toʻrt qavatli binoda joylashgan edi. Bu yerda  doimo ijodkorlik, samimiyat, fikrlashib va maslahatlashib ishlash kayfiyati kezardi. Moʻjazgina jamoamiz orasida ayollardan — Gulchehra Muhammadjon va men. Tushlikni jamoamiz bilan birga oʻtkazardik. Roʻzgʻor uchun barcha sharoit yaratilgan edi. Gulchehra ovqat pishirardi, men yordamlashardim. U paytlarda tashqariga chiqib tushlik qilish uchun “maosh va choʻntak” koʻtarmasdi. Men  bolalarga atalgan uyning kreditini toʻlardim. Dasturxon atrofiga yoshu keksa barchamiz yigʻilardik. Adabiy gurung yanada qizir edi. Jurnalimizning texnik va ijodiy ishlarini ham shu yigʻinda  kelishib olardik. Jurnal atrofiga koʻplab olim, shoir, xullas ijodkorlar yigʻilgan, uyushgan edi.

Shoir Abdulla Sherning tashbehga boy sheʼrlarini, Shomirzoning  olimona terang fikrlarini joni dilimiz bilan tinglardik. Men shu anʼanani, bir dasturxon atrofida oʻtirib fikrlashishni  keyinchalik “Sogʻlom avlod” jurnaliga bosh muharrir boʻlganimda davom qildirdim.

Muhammadali Qoʻshmoqov olim, shoir, rahbar boʻlish bilan birga sermulohazali, oʻzganing fikrini hurmat qiladigan, diqqat bilan tinglay oladigan, serfikrli, sermulohazali, samimiy inson edi. Inson kishilik jamiyatida uygʻunlikda yashar ekan, atrofidagi kishilardan nimanidir oʻrganadi, ezguliklarni oʻziga singdirishga  harakat qiladi. Muhammadali aka Qoʻshmoqov oʻzidan baxshilarga xos sheʼrlar va chuqur ilm bilan sugʻorilgan publitsistik asarlar, ilmli, salohiyatli goʻzal farzandlar qoldirdi. Xalqona qilib aytsak, yaxshi izlar qoldirdi. 

Muhammad akaning oxirati obod boʻlib, yotgan joyi nurga  toʻlsin!

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Raʼno Zaripova

Xurshid Davron oʻzining kh-davron.uz saytida Muhammadali Qoʻshmoqovni shunday xotirlaydi: «Muhammadali aka haqida roppa-rosa 10 yilcha avval mana buni yozgan ekanman: Men Muhammadali Qoʻshmoqovni oʻzbek sheʼriyatining mazmuni, ohangi va tafakkuriga oʻzgartirish kiritmoqni maqsad qilgan, shu niyatda tinimsiz izlangan, koʻpincha ayni shu izlanishlari tufayli «kaltaklangan» shoirni oʻz avlodining yorqin vakili deb bilaman. U oʻzbek sheʼriyatida milliy zaminga oyoq tiragan — bugun koʻp tilga olinadigan atama bilan aytsak — modern shoir, yaʼni oʻziga xos shoirdir. Adabiyot taraqqiyoti hamisha oʻz ovozini, oʻz soʻzini izlab, sheʼr biyobonini adashib kezgan, yoʻl izlab dunyoning toʻrt tomoniga barobar koʻz tikkan ayni shunday shoirlar ijodiga ham bogʻliq ekanini unutmaslik kerak…» .

Muhammadali Qoʻshmoqov: YOMGʻIRDAN KEYINGI UMR…

Yoshim — oʻn uch,

Sentyabr.

Paxtazorda,

koʻsakdek mudrab ketibman;

bir bulbul tushimga kirdi.

…Onamdan oʻrgangan duoni

pichirlardim, koʻzlarimda yoshlar qalqardi;

«Yomgʻirdan keyingi

atirgulga aylanib qolsin qoʻllarim:

mayli, qoʻlimning faqat bittasi

atirgulga aylansa ham…

Shu bulbul qoʻnsin qoʻlimga;

mayli, men uni tutib olmayman,

Axir, atirgul boʻlib qoldi-ku qoʻllarim,

men tutolmayman,

bir qoʻnsin shu bulbul qoʻlimga,

mayli, soʻngra, uchib ketsa…»

Oʻsha bulbul haliyam tushlarimga kirar;

qoʻllarim boʻlsa,

zoriqib kutarlar atirgulga aylanishlarini…

***

Yomgʻir esa umr degani — shu toza chaman uzra yogʻa-yogʻa ado boʻlsin:

oftob esa hayot degani —shu toza chaman uzra yorga yolchigan yigit koʻngliday toʻlsin;

osmonli, bahorli, bulbulli yorugʻ jahon bodomday erta gullagan mening umidlarim bilan

shu toza chaman ichra birga-birga bogʻi koʻkarib kulsin…

***

Majnuntolning chilvir novdalarini

Qorasuvlar koʻzi bilan koʻrsangiz —

Anglardingiz meni.

Turnalar koʻchganda,

Mezonlar uchganda,

Simob kabi erib, balqib tursangiz —

Anglardingiz meni.

Nozanin teraklar barg yozgan lahza

Koʻzingiz namlansa zavqning zoʻridan —

Anglardingiz meni.

Oʻt boʻlib qoʻlimdan tutgan chogʻingiz,

Tushunsangiz toshlar, yulduzlar tilin —

Anglardingiz meni.

Bemahalda bosgan sel, jalalardan

Asrolsangiz gʻuncha bokiraligin —

Anglardingiz meni.

***

Boshoq tortar bugʻdoy…

Shabnam jon berguday uning poyida.

Boshoq tortgan bugʻdoy zsa,

quyosh oʻyida.

Odamzod yuragidir —

boshoq torttan bugʻdoy.

Oʻzaniga qaytadi toshgan suv;

U, goʻyo koʻz —

tushlardan toliqqan;

och qashqirning jagʻidek qarishmish

xayollari—

toʻlqinlar choliqqan.

Odamzodning qaygʻusidir bu.

Oʻrik beshiklarning ustida

oʻrgilib oʻtirar juvonlar,

qoratol beshiklar ustida

gul boʻlib oʻtirar juvonlar —

odamzodniig shodligidir bu.

***

Oydan yogʻdingizmi?..

Kundan yogʻdingizmi?..

Muhabbat deganlari

Sizmidingiz, yorugʻlik?..

Shu kungacha yashab ulgurganlarim,

yashab ulgurmoqqa shaylanib turganlarim

Sarxushlik edimi —

tarqadi-ketdi;

Shu kungacha topganlarim,

ekkanlarim, tikkanlarim, yoʻqotganlarim

topmaganlarim, ekmaganlarim, tikmaganlarim,

yoʻqotmaganlarimmidi ? —

ha desam — ha degulik emas,

yoʻq desam — yoʻq degulik emas…

Oydan yogʻdingizmi?..

Kundan yogʻdingizmi?..

Muhabbat deganlari

Sizmidingiz, yorugʻlik?..

ShOIR HAMZA YODI

Bir kuni tong oldi eshitdiki,

bir chinor novdasiga derdi:

«Novdalik ham evi bilan,

Endi chinor boʻl, boʻtam!»

Shunda u qalban undi.

Qarasa, bir qizil gul — chakkaga taqsa taqqulik,

uzdiyu chakkaga taqdi:

Lekin kuni dasturxoni tegrasida oʻtadigan musicha

Tumshugʻini qanoti ostiga berkitib turib:

«E, yurtbuzuqi…» — dedi —

Shunda u dunyoga qarab, sal jilmayib, xoʻrsindi.

Quyoshi tikkaga kelgan sari

Nahrlardan oshdi,

Choʻllarda daryoday shoshdi —

Shunda: «Endi olamga kelgandekman, —

degan xayol eltdi uni.

Ulugʻ sharsharalar oqimiga

koʻzini, soʻzini, yulduzini tutdi,

Shunda: «Endi olamga kelgandekman», —

degan xayol eltdi uni.

Bu bogʻlarni u oʻn toʻrt kunlik oylatib qoʻydi,

Bu gulzorini u taraqqos boylatib hoʻydi,

Shunda: «Endi olamga kelgandekman», —

degan xayol eltdi uni.

****

Shudring boʻlib qalqar toshlar yangi oy chiqqan kecha,

Yoʻl boshlar qayrilma qoshlar yangi oy chiqqan kecha.

Uvoqqina bu jahon mezon-mezon chuvolib,

Koʻkimda sollona boshlar yangi oy chiqqan kecha.

Boshlanur yulduz quyuni bu sunbula koʻngilda,

Simobday erir bardoshlar yangi oy chiqqan kecha.

Nigoronlik zavqiga sira ham chidam yetmas —

Kiprikka sizadi yoshlar… Yangi oy chiqqan. Kecha.

Tahririyatdan: Ustozlik maqomiga erishgan, koʻplab shogirdlarni keng yoʻlga yoʻllagan Muhammadali aka Qoʻshmoqovning oila aʼzolariga,  yaqinlariga, doʻstlariga chuqur taʼziyamizni  bildiramiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.