Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK tomonidan xorazmlik shoir, tarixshunos, tarjimon va davlat arbobi Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy haqida hujjatli film suratga olinmoqda.
Ssenariy muallifi Goʻzaloy Matyoqubova, postanovkachi rejissyor Murodjon Odilov ijodkorligidagi filmni suratga olish jarayoni «Ichon qalʼa» tarixiy majmuasida davom etyapti.
Ogahiy taxallusi bilan ijod qilgan Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli 1809 yili Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻida mirob oilasida tugʻilgan va 1874 yili vafot etgan. Xiva madrasalarida tahsil koʻrgan shoir arab, fors, turk tillarini puxta egallagan. Sharq klassiklari asarlari, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan oʻrgangan.
1829 yilda amakisi va ustozi Munis vafot etgach, Xiva xoni Olloqulixon (1825—42) Ogahiyni Munisning oʻrniga mirob etib tayinlagan. Shu davrdan eʼtiboran Ogahiy xalq hayoti va saroy ishlari bilan shugʻullangan. Qizgʻin ijtimoiy-siyosiy mehnat bilan mashgʻul bir paytdaijodini ham tashlab qoʻymagan.
Ogahiy janr imkoniyatlariga ijodiy yondashib, ularni takomillashtirgan: oʻzigacha boʻlgan 7—8, 10—12 baytli gʻazal yozish tartibini 23 baytgacha yetkazgan, mustazod janrining qoʻsh orttirma misrali yangi shaklini kashf etgan. Shoir aruzning juda koʻp bahrlaridan foydalangan. Uning gʻazallari «Shashmaqom»ning hamma kuylariga tushadi, Xorazm xalq ohanglariga mos keladi.
Ogahiy «Riyoz ud-davla» («Saltanat bogʻlari», 1844), «Zubdat ut-tavorix» («Tarixlar qaymogʻi», 1845 — 46), «Jomeʼ ul-voqeoti sultoniy» («Sultonlik voqealarini jamlovchi», 1857), «Gulshani davlat» («Davlat gulshani», 1865), «Shohidi iqbol» («Iqbol guvohi», 1872) va boshqa tarixiy asarlarida Olloqulixon, Rahimqulixon (1843—46), Muhammad Aminxon (1846 — 55), Sayid Muhammadxon (1856—64), Muhammad Rahim II (1864—1910) hukmronligi davrida Xorazmda yashagan oʻzbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq xalqlarining tarixi, madaniy va ijtimoiy hayoti, Xiva xonligining boshqa xonliklar bilan munosabati va boshqa tarixiy voqealar aks etgan.
Hujjatli film ijodkorlariga omadlar tilab qolamiz.
GUJUM.UZ