Ne-ne kitoblar bor, ulugʻ, muhtasham,
Barchasin shaʼniga munosib taʼrif.
Biroq Unga loyiq soʻz topolmasman,
Eng nodir soʻzlar ham qoshida gʻarib.
Davlatim shaʼni ul, shoni, muqarrar,
Fuqarolik qadrim sharaf gultoji.
Bor insoniy huquq Unda muxtasar,
Undandir xalqimning ravnaq-rivoji…
Men tugʻilib, toki yetgum kamolga,
Har onim, har lahzam qoʻrgʻoni oʻshal,
Oʻqi, bilim ol, deb tole iqbolga
Chorlagan daʼvatlar Farmoni oʻshal!
Otamning Qadri U, Onam-mushtipar,
Bolam kulgularin kafolatidir.
Buyuk Sohibqiron – Adolatparvar,
Temur Tuzuklarin dalolatidir…
Shu Ulugʻ Kitobdan, shonli Kitobdan,
Xalqimning qalbini koʻraman goʻyo,
Uning qiyosini topdim Oftobdan,
Har bobi Muruvvat, har bandi Ziyo…
Qonunlar mehvari – gʻurur nomusim,
Hayotim ,Baxtimga metin poydevor.
Naqadar ulugʻsan, shonli Qomusim,
Xalqim baxtiga boʻl, to abad poydor!