Munavvara USMONOVA: Oʻzbekiston xalq shoiri ZULFIYaga – YILLAR QANCHA OLIB KETSA, ShUNCHA YAQINMAN…

0
1131
marta koʻrilgan.

Xona toʻrida turgan shoira portretiga beixtiyor tikilib qolaman.  Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim.
Silliq taralib, oddiy turmaklangan sochlar, samimiy, ortiqcha pardozsiz chehra, oʻzlariga juda yarashiqli, shu bilan birga sipo liboslar… Mening nazarimda shu betakror suvratning oʻziyoq:
–Zulfiya abadiyati nimada? – degan savolning bitta javobiday tuyuladi.
Keyingi yillarda davralarda:
–Shoiraning shon-shavkatining asosi nimada, siri nimada, kabi savollar tez-tez aylanadigan boʻlgan. Bizningcha, ustoz Zulfiyaxonim eng avvalo  oʻz siyratida xalqimiz, millatimizga xos koʻrinishlarni beshikast, bezavol, butunligicha olib oʻtgan. Yillar toʻfonlarida turlanib, tuslanmagan. Zulfiyaxonim shaxsiga xalq, ayniqsa, ayollar hamisha yaqinroq borishga harakat qilgan, unga intilgan. Bugun ham – shu. Bu – shunchaki shoiraga intilish, shoiraga muhabbatning oʻzi emas. Zulfiyaxonim qiyofasidagi asl oʻzbaki suvratga boʻlgan sogʻinch, oʻsha qadrdon qiyofaga boʻlgan intilishdir, desak toʻgʻri fikr aytgan boʻlamiz.
Shoira faqat qiyofasi, suvratigina emas, ruhiyatida, sheʼriyatida ham xalqimizga xos boʻlgan eng goʻzal fazilatlarni asragan.
Ustoz shoiraning “Oʻrik gullaganda” sarlavhali mashhur sheʼri bor :

Seni qoʻmsab oqshom chogʻida
Kirib keldim shu tanish uyga.
Biz bir choqlar yashagan uyda
Tunab qoldim xayol-la birga…

Bunday intiqlik, bunday intizorlik, bu shakldagi qoʻmsashni oʻz juftidan bevaqt judo boʻlganlar yaxshi anglaydi. Lekin shunday hijronzadalikda ham, shunday ayriliqda ham shoira dod, faryod koʻtarmaydi, taskin, tasalli izlaydi va topadi.
…Bari hayot, muhabbat kabi,
Hamma yerda koʻrinar izing,
Parrandalar nagʻma kuyida
Jaranglaydi tovushing, soʻzing.

Meni oʻrab oldi hayajon,
Yana ortdi sevgining kuchi.
Sharq qizarib, chiqmoqda quyosh,
Oltinlandi terakning uchi.

Xalqimiz boshiga bevaqt ayriliq kulfati tushgan insonlarga:
“Sabr – goʻzal, sabr qil! Ikki qoʻlingni osmonga koʻtarib, faryod qilma, xudoga xush kelmaydi; deydi va sabr qilganlarni alqaydi.
Dunyo – keng. Ehtimol, yer yuzidagi baʼzi bir xalqlar ayolni yoʻqlikka ketgan juftiga qoʻshib oʻlimga hukm qilar, qaysi birlari uchun bir umr qora libosga burkanib, aza kiyimda oʻtgani sadoqat belgisi hisoblanar, lekin bizning xalqimizda: “Ketganning ketidan ketib boʻlmaydi”, – deydi. Shu ruhda tarbiyalangan, shu ruh bagʻrida ulgʻaygan shoira hijron satrlarini:

Sen kuylagan oʻrik shu kecha
Burkandi oq – oppoq chechakka.
Men qadrdon xotira bilan
Joʻnab ketdim uyimga yakka.
–deb tugallaydi. Zulfiya garchand dil kechinmalarini “yakka” soʻziga jo etgan boʻlsa-da, sheʼrdan oʻquvchiga koʻnglida yorugʻ izlar qoladi.
Zulfiyaxonim sheʼriyatidagi nekbinlik, hayotsevarlik ham aynan xalqimiz ruhiyatidan andozadir. Shoiraning har bir sheʼri, har bir satrida xalqimizga, faqat xalqimizga xos fazilatlar boʻrtib koʻrinadi. Agar ijodkor bilan satrma-satr birga yursangiz: “Yoʻq dushmanim” degan iboraga duch kelasiz. Nihoyatda oʻrinli, goʻzal topildiq. Xalqimiz tarixini varoqlang, kechagi kuni, bugunini… Kimlarga quchoq ochmagan, kimlarga uy toʻridan joy bermagan? Insoniyat borki, ulardan doʻstlik izlagan, doʻstlik kutgan. Xatto, kimdir ayyorlik qilib, pand bergan davrlarda ham oʻzining yaxshiligi bilan dushmanni doʻst qilishga intilgan. Shoira ijodi davomida ana shu xalqning chin farzandi boʻlib gavdalanadi va komil ishonch bilan “Yoʻq dushmanim koʻnglin etib shod”, deydi. Xalq orasida, el ichida yursangiz ham:
–Oʻzing yaxshi boʻlsang, senga hech kim yovlik qilmaydi;
–Sukunatga qarab tosh otmaydilar, – degan iboralar bor-ku, shoira ijodida takror – takror ana shu ruhiyatga egizlik koʻramiz. Onalarimiz, buvilarimizning koyishlariga eʼtibor berganmisiz?
–Uyingga bugʻdoy toʻlgur, –deb qoʻyishadi. Shoiraning “Nechun taʼna?” sarlavhali sheʼri:
Ey sen, bahoriga kuz boʻlgur yiroq,
Nechun taʼna ajin haqida? deya boshlanadi. Ikki koyishdagi oʻxshashlik – bagʻrikenglik har qanday oʻquvchining koʻnglini yorishtirib yuboradi. Xalq ruhiyatiga yaqinlik, xalqdan uzilmaslik kayfiyati ustoz sheʼriyatining har bir sahifasida seziladi.
Yalpi toʻyda oʻtmaydi umr… deydi shoira. “Oyning oʻn beshi qorongʻu boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ”, deydi xalq.
“Hadeb koʻz yosh toʻkaverma, koʻz yosh koʻz yoshni chaqiradi,” deydi xalq. Zulfiyaxonim esa “Oʻtli tomchi” sheʼrida:
Koʻz yoshiga ham boqayin beyosh… – deydi.
Faqat ijodda emas, hayotda, faoliyatda ham Zulfiyaxonimda halqimizning eng goʻzal fazilatlari mujassam boʻlganligini koʻramiz. Axir, bejizga ustoz Gʻafur Gʻulom shoira taʼrifida: “Muazzam sharq namoyondir sening pokiza joningda…” deya yozmaganlar. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Rahima Shomansurovaning shoira haqidagi xotiralaridan oʻqiymiz:
“… Zulfiya opamlar patnisga uyib qoʻyilgan gul yaproqchalaridan bir siqim olib boshimiz uzra sochdilar:
–Baxtingiz gulday ochilsin!
… Biz uchun maxsus ajratilgan joyga borib oʻtirgunimizcha gulyomgʻiri tingani yoʻq…”Rahima opaning xotiralari davomidan ayon boʻlishicha, Zulfiyaxonim: “Shunday qilaylikki, bu kun kelin-kuyovimizning esida bir umr qolsin,” deb gulyomgʻiri “operatsiya”sini oʻylab topgan ekanlar…
Qoʻshni uyda karnay-surnay chalinsa, darvozasini keng ochadigan eshik, derazalarini zich yopmaydigan, oʻzganing baxtiga oʻzinikidan ham koʻproq quvonadigan asl oʻzbaki yurakdan andoza emasmi bu?
Axir, Zulfiyaxonimning baxt tori ayni avjida uzilgan edi. U baxtiyor juftliklarni koʻrganda oʻz qaygʻusini eslamay deb, bunday saodatli davralardan olisroqda yurishi mumkin edi. Ammo u oddiy Zulfiya boʻlmagani, oʻzbekning Zulfiyasi boʻlgani uchun bunday davralarning boshida boʻldi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulugʻovaning “Muhabbat saroyida mangu qolganlar” risolasida “Ham kelin, ham oʻgʻil oʻrnida” sarlavhali xotiralar bor.
“– Komila buviday ayol boshqa boʻlmagan, — Zulfiya opa oʻz onalari qatorida gʻoyat aziz boʻlgan insonga hurmatlari koʻzlaridan balqib javob qaytargandilar,
– Hamid akaning vafotidan keyin bir yarim yil oʻtib, ayam hali yosh ekanligimni aytdilar, bir umr bunday yashab boʻlmasligimni tushuntirdilar, “turmushga chiqing”, dedilar.
–Nega, ayajon uyingizga sigʻmay qoldimmi? – dedim. Shundan soʻng bu haqda gap ochilmadi…”
Savol-javobni qarang: yana oʻsha oʻzbekona ruh, oʻzbekona odat va oʻzbekona iboralar. Axir, biz dunyodagi qancha xalqlarning urfu odatlarida: “ Dunyoda hech narsa abadiy emas. Shu jumladan, muhabbat ham…” Yoki “Hayot davom etadi. Ayol jismining ham oʻz tabiiy hayoti bor, unga xiyonat qilib boʻlmaydi” tarzidagi nuqtai nazarlar borligini bilamiz-ku. Biz ularni tahlil qilmaymiz, ular haqda hukm chiqarmaymiz. Chunki bu – ularning hayoti. Lekin bizning juftlik hayot mezoni – vafo-sadoqat. Biz ayolning ayolligini oʻlchamoqchi, baholamoqchi boʻlsak, tarozuning ikkinchi pallasiga vafo- sadoqatni qoʻyamiz.
Shoiraning 29 yoshida sevgan insonidan judo boʻlib, 81 yoshigacha oʻsha oʻtli muhabbatga vafo — sadoqat bilan yashagani ham ayni oʻzbek xarakteri emasmi? Axir, ikkinchi jahon urushida chimildiqda qolgan kelinchaklar jangohlardan kelgan “qora xat” larga ham ishonmay, bir umr uch kunlik, besh kunlik, bir haftalik yostiqdoshlarini kutib, sargʻayib yashaganlarini bilamiz-ku!
Shu oʻrinda ana shunday bir hazrati ayol haqida xotirlamoqchiman. Men tugʻilib oʻsgan joyga yaqin qishloqda Halimaxon aya yashardi. Koʻp bora suhbat qurganman. Turmush qurib, oʻn kungina yashagan. Umr yoʻldoshi frontga ketadigan kuni hovli sahnida gurkirab boʻy choʻzib turgan oʻrik daraxtiga katta mix qoqib, “agar xudo bizga farzand bersa belanchagi bogʻini mana shu mixga ilinglar. Yurt tuprogʻidan nasibam uzilmagan boʻlsa qaytaman, qaytolmasam umrimning sizlarga bersin”, deya xayrlashgan ekan. Oradan koʻp oʻtmay “ qora xat” keladi. Kelinchak homilador edi. Oʻsha qoqilgan mixga uch avlod belanchagi ilindi. Nasibasi uzilgani bilan nasli davom etdi. Yigirma yoshida beva boʻlib qolgan ayol vafodan visol izlab, bardoshdan baxt, sabrdan saodat topdi. Onaxon bilan bir gal suhbatimizda, “Yaqin kishisi olamdan oʻtgan odam kuyganida tuprogʻiga borib boshini uradi, yigʻlaydi, dard aytib yuragini toʻkadi. Ammo oʻsha sovuq tuprogʻi ham boʻlmasa, oʻlganiga ishonmas ekansan. Qirq yildan beri har tong eshikdan kirib keladiganday sochimni tarab, oxorli libosimni kiyib yoʻlini kutaman…” degandilar.
Zulfiyaxonim sheʼriyati ham, opa haqidagi barcha xotiralar ham shoiraning qalbi, koʻngli, soʻzlari, har bir qadami oʻzi tugʻilgan, oʻzi tabarruk bilgan, oʻzi sevgan tuproq, shu yerda yashagan insonlar bilan chambarchas bogʻliq ekanligini dalillab turibdi.
Shoiradan adabiyotimizga meros boʻlib qolgan kitoblar nomiga diqqat qilaylik: “Yuragimga yaqin kishilar…”, “Shalola”, “Visol”, “Quyoshli qalam…” Har bir tovushi, har bir xarfida nur, harorat, muhabbat …Bu nur, harorat aro Zulfiyaxonim siymosi ham nurlanib, muhabbatlanib koʻrinadi.  Zulfiyaxonimning: “Qalbim qolgan edi bu yerda” sarlavhali sheʼrlari: … Butun xalqqa dilim berib ketaman…– deya nihoyalanadi.
Darhaqiqat, shoir qalbi sheʼriyati, u haqdagi eng goʻzal xotiralar bilan bizda – xalqimizda qoldi. Bu – “Kim oʻz xalqiga oʻxshasa, oʻz xalqining bir parchasiga aylansa, uning hayoti abadiydir”, degan yillar sinovidan oʻtgan haqiqatni yana bir karra isbotlaydi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.