Navroʻzi olam haqida gapirishdan avval ekologiya nima degan savolga qisqacha javob berish kerak boʻladi. Ekologiya — atrof muhit, bizni oʻrab turgan borliq, jumlai jahon. Ilmiy tilda Yer yuzidagi tirik qatlamni biosfera, havoli pardani atmosfera, suvli qatlamni gidrosfera deb yuritamiz.
Ekologiya soʻziga kelsak, uni 1866 yilda nemis olimi Eduard Gekkel fanga olib kirgan. Bu yashash joyi taʼlimoti degan maʼnoni anglatadi. Yaʼni eyko-uy-joy, logos fan demakdir. Ekologiya bir qaraganda fanda yangi tarmoqdek taassurot uygʻotadi. Umuman olganda u biologiya fanining yangi bosqichi hisoblanadi. U insoniyat taraqqiyotidan, olam tamaddunidan kelib chiqqan zaruratdir. Tabiat va inson bir-biriga uzviy bogʻliq. Tabiat- xazina, u bizning milliy qadriyatimizning bir qismi. Zero, xalqimiz uni Ona tabiat, Ona tuproq, Momo Yer deya ulugʻlaydi, uni avaylab asrash barchamizning milliy qadriyatlarimiz va burchimizdir.
Yer yuzidagi eng koʻhna yozma manba qadimiy «Avesto»da ona maʼbuda Avdvisura Anahita insoniyatning hayot-mamoti – suv, tiriklik, goʻzallik va mehr-muhabbat tangrisi hisoblangan. Agar eʼtibor bersangiz, Anaxita yaʼni Onaqut timsolida ham Sharq falsafasining magʻzi, hayotning eng oliy neʼmatlari – toʻrt unsur: quyosh, havo, tuproq, suv ramzlari Inson timsolida uygʻunlashgan.
Sharqning Aristoteli deb eʼtirof etilgan Abu Nasr Farobiy «Fozil shahar odamlari qarashlari», «Ilmlarning kelib chiqishi toʻgʻrisida» asarlarida toʻrt unsur, xususan – olov, havo, suv va tuproq doimo yaxlit. Ular oy doirasi ostidagi substansiyaning – javharning massasini tashkil qiladi. Ularning sifatlari toʻrtta – issiq, sovuq, namlik va quruqlik. Ular substansiyaning aksidensiyasini (obrazi)ni vujudga keltirib, harakat va oʻzgarishni keltirib chiqaradi, deya oʻrgatgan hikmatlari ham olamni asrash anʼanalari qadimiy qadriyat ekanligining ifodasidir.
Darhaqiqat, HAVO – tiriklik ibtidosi, davomiylikning asosiy manbai. U koʻzga koʻrinmaydi, qoʻlga ilinmaydi. Biroq uni biz butun vujudimiz bilan his etamiz. Havoning kuch-qudrati ham ana shu yoʻqlikdan mavjudlikka, boʻshliqdan borliqqa asos boʻlganidir. Ota-bobomizning yer yuzidagi birinchi ayolni Momo Havo deb atagani ham bejiz boʻlmasa kerak.
TUPROQ – bu bizning Ona Yerimiz. Odamzotning tub qoʻyib, tomir yoyib, oʻzligini namoyon etish imkoni berilgan muqaddas makon. Barcha modda tuproqda unadi, kamol topadi va yana tuproqqa qaytadi. Ona zaminimiz jamolida oʻtmish va butunning uzviyligi aks etgan. Tuproq eskini koʻmadi, yangini undiradi. Doimiy tiriklikni taʼminlaydi. Oftobdan zarra, suvdan qatra olib, chiroy ochadi. Rabgʻuziyning “Paygʻambarlar qissasi” asarida Yaratgan egamning Odam otamizni tuproqdan yaratganligi taʼkidlanishi ham bejiz emas.
SUVni xalqimiz obi hayot deya ulugʻlaydi. Suv bor joyda hayot bor. Qora tuproq gulchechakka, shigʻil-shigʻil mevali bogʻlarga aylanadi. Momolarimiz farzandlariga «Tushingni suvga ayt» deya uqtiradilar. Suv dilning gʻuborlarini yuvib ketadi. Axir farzand onagagina dardini aytadi. Onadek bola tilini, dilini bilguvchi, yupatguvchi, koʻnglini koʻtarguvchi topilmaydi.
Olimlarning taʼkidlashicha, dastlab Ona zaminimiz ulkan ummondan iborat boʻlib, ilk mavjudotlar uning bagʻrida paydo boʻlgan. Soʻngra suv chekinib, yer ochilgan. Unda hayot boshlangan. Hozir Ona sayyoramizning yetmish bir foizi ummondan iborat. Inson jismining ham toʻrtdan uch qismini suv tashkil qiladi. Bu ham suvning tiriklik, hayot manbai ekanligini aks ettiradi. Inson vujudidagi suv yosh oʻtgan sari kamayib boradi va shu tufayli odamzot vujudida keksarish vujudga kelishini bugungi kunda olimlarimiz isbotlashgan.
OLOV – quyoshning zarrasi! Uning yaratuvchanlik, ohangrabolik qudrati beqiyosdir. Chunki, quyosh tiriklik manbai, murod hosil qilguvchi quvvatdir. Jamiki, mavjudot quyoshga intiladi, hatto oʻsimliklar ham.
Sharq falsafasining uzviy bir qismi boʻlmish tabiat bilan, tabiatning uygʻonishi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan Navroʻzi ayyom anʼanalarining mazmun-mohiyati mantiqiy kuchga ega ekanligini allomalar taʼkidlagan toʻrt unsur bilan chambarchasligini bugungi kunda butun jahon ahli tan olmoqda, desak xato boʻlmaydi.
Navroʻz 2009 yilning 30 sentyabr kuni YUNYeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi. Qaror Tashkilotning nomoddiy merosni saqlash hukumatlararo qoʻmitasining 24 nafar aʼzosi tomonidan tasdiqlandi. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni «Xalqaro Navroʻz kuni» sifatida nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyusiyada mazkur bayram madaniyatlararo muloqot va oʻzaro ishonchni ragʻbatlantirishi taʼkidlandi. Shu tariqa Navroʻz biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda. Bunda albatta Vatan mustaqilligidan keyin navroʻz bayramini, u bilan bogʻliq qadriyatlarni qayta tiklagan, keng targʻib-tashviq qilgan Oʻzbekistonimizning ham oʻz hissasi bor.
Demak, ulugʻ ajdodlarimiz tabiatning uygʻonish davri-Navroʻzi ayyomni bejiz bayram etib nishonlamagan. 21 martda kun bilan tun tenglashadi va u uch kun davom etadi. Tenglik bor joyda tinchlik boʻladi, deydi xalqimiz. Navroʻzni qadrlashimiz tabiatni, atrof-muhitni, insoniyatni qadrlashimiz va uni asrab avaylashga boʻlgan daʼvatimizdir.
Mustaqqil Oʻzbekistonimizda qadimiy qadriyatlarimizni asrab avaylab kelinayotgani, istiqlol sharofati bilan navroʻz bayrami har yili keng nishonlanishi yoʻlga qoʻyilgani bizning faxrimiz, gʻururimizdir. Vatanimizda 2017 yildan boshlab Navroʻz bayrami oʻzgacha tarzda yaʼni umumxalq sayli sifatida nishonlanadigan boʻldi.
Bu yil “2018 yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga koʻra Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzildi.
Bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va uni amalga oshirishni taʼminlash topshirigʻi belgilandi. Qarorda Navroʻz kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olish, ularga begʻaraz koʻmak berish, jamiyatda oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Mart-aprel oylarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaxshi yoʻlga qoʻyilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish topshirigʻi ham berildi. Bu maqsadlar 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham oʻz ifodasini topgan. Bugungi kunda Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan maqsad va vazifalarga erishishda butun mamlakatimiz boʻyicha zamonaviy loyihalar asosida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada ayniqsa “Obod qishloq” dasturi muhim ahamiyatga egadir. Bu avvalo ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilash, ularning kayfiyati, dunyoqarashini yuksaltirishga juda katta ijobiy taʼsir koʻrsatadigan dasturdir. Ana shunday dasturlarimiz asosida yoʻllar, taʼlim va tibbiyot, madaniyat, sport maskanlari, uy-joylar yangilanmoqda. Minglab zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes, turizm va xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etilmoqda.
Oʻtgan qisqa vaqtda milliy qadriyatlari, jumladan navroʻzi uygʻun boʻlgan mintaqa mamlakatlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tarixiy qadamlar tashlandi. Bunda Oʻzbekistonning qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirayotgani, Afgʻonistonga alohida eʼtibor qaratayotgani, Oʻzbekistonda bugungi kunda kechayotgan shiddatli oʻzgarishlar xalqaro miqyosda yuksak eʼtirof etilmoqda.
Navroʻz bayrami arafasida ikki mamlakat Oʻzbekiston va Tojikiston aholisiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga 2018 yil 16 martdan eʼtiboran Tojikiston Respublikasi fuqarolari amaldagi safar hujjatlari (diplomatik, xizmat va xorijga chiqish umumiy fuqarolik pasporti) bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida vizasiz (30 kungacha) boʻlishlari mumkin.
Ana shunday savobli ishlarni koʻplab sanab oʻtish mumkin. Ularning tub mohiyati Vatanni qadimiy qadriyatlarni, ezgulikni ulugʻlashdan iborat.
Inson aslida tabiat mahsuli. Tabiatning jami goʻzalliklari inson uchundir. Shunday ekan, biz borliqni, miliy va umum qadriyatlarimizni asrab avaylashimiz, qadrlashimiz lozimligini tarixning oʻzi koʻrsatib turibdi.Bu bilan nafaqat oʻzimizning, balki ortimizdan kelayotgan yosh avlodning sogʻu salomat yashashi uchun imkon yaratgan boʻlar edik.
Navroʻzi olam barcha yurtdoshlarimizga muborak boʻlsin! Navroʻzimiz yurtimizga qut-barakali kelishida tilakdoshmiz!
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist