Navroʻzi ayyom — Ona tabiat, Ona tuproq, Momo Yer va  Navqironlik

0
499
marta koʻrilgan.

Navroʻzi olam haqida gapirishdan avval ekologiya nima degan savolga qisqacha javob berish kerak boʻladi.  Ekologiya – atrof muhit, bizni oʻrab turgan borliq, jumlai jahon. Ilmiy tilda Yer yuzidagi tirik qatlamni biosfera, havoli pardani atmosfera, suvli qatlamni gidrosfera deb yuritamiz.

Ekologiya soʻziga kelsak, uni 1866 yilda nemis olimi Eduard Gekkel fanga olib kirgan. Bu yashash joyi taʼlimoti degan maʼnoni anglatadi. Yaʼni eyko-uy-joy, logos fan demakdir. Ekologiya bir qaraganda fanda yangi tarmoqdek taassurot uygʻotadi. Umuman olganda u biologiya fanining yangi bosqichi hisoblanadi. U insoniyat taraqqiyotidan, olam tamaddunidan kelib chiqqan zaruratdir. Tabiat va inson bir-biriga uzviy bogʻliq. Tabiat- xazina, u bizning milliy qadriyatimizning bir qismi. Zero, xalqimiz uni Ona tabiat, Ona tuproq, Momo Yer deya ulugʻlaydi, uni avaylab asrash barchamizning milliy qadriyatlarimiz va burchimizdir.

Yer yuzidagi eng koʻhna yozma manba qadimiy «Avesto»da ona maʼbuda Avdvisura Anahita insoniyatning hayot-mamoti – suv, tiriklik, goʻzallik va mehr-muhabbat tangrisi hisoblangan. Agar eʼtibor bersangiz, Anaxita yaʼni  Onaqut timsolida ham Sharq falsafasining magʻzi,  hayotning eng oliy neʼmatlari – tiriklik manbai toʻrt unsur: quyosh, havo, tuproq, suv ramzlari Inson Ona timsolida uygʻunlashgan.

Sharqning Aristoteli deb eʼtirof etilgan Abu Nasr Farobiy «Fozil shahar odamlari qarashlari», «Ilmlarning kelib chiqishi toʻgʻrisida» asarlarida toʻrt unsur, xususan – olov, havo, suv va tuproq doimo yaxlit. Ular oy doirasi ostidagi substansiyaning – javharning massasini tashkil qiladi. Ularning sifatlari toʻrtta – issiq, sovuq, namlik va quruqlik. Ular substansiyaning aksidensiyasini (obrazi)ni vujudga keltirib, harakat va oʻzgarishni keltirib chiqaradi, deya oʻrgatgan hikmatlari ham olamni asrash anʼanalari qadimiy qadriyat ekanligining ifodasidir.

 HAVO – tiriklik ibtidosi, davomiylikning asosiy manbai. U koʻzga koʻrinmaydi, qoʻlga ilinmaydi. Biroq uni biz butun vujudimiz bilan his etamiz. Havoning kuch-qudrati ham ana shu yoʻqlikdan mavjudlikka, boʻshliqdan borliqqa asos boʻlganidir. Ota-bobomizning yer yuzidagi birinchi ayolni Momo Havo deb atagani ham bejiz boʻlmasa kerak.

TUPROQ – bu bizning Ona Yerimiz. Odamzotning tub qoʻyib, tomir yoyib, oʻzligini namoyon etish imkoni berilgan muqaddas makon. Barcha modda tuproqda unadi, kamol topadi va yana tuproqqa qaytadi. Ona zaminimiz jamolida oʻtmish va butunning uzviyligi aks etgan. Tuproq eskini koʻmadi, yangini undiradi. Doimiy tiriklikni taʼminlaydi. Oftobdan zarra, suvdan qatra olib, chiroy ochadi. Rabgʻuziyning “Paygʻambarlar qissasi” asarida Yaratgan egamning Odam otamizni tuproqdan yaratganligi taʼkidlanishi ham bejiz emas.

SUVni xalqimiz obi hayot deya ulugʻlaydi. Suv bor joyda hayot bor. Qora tuproq gulchechakka, shigʻil-shigʻil mevali bogʻlarga aylanadi. Momolarimiz farzandlariga «Tushingni suvga ayt» deya uqtiradilar. Suv dilning gʻuborlarini yuvib ketadi. Axir farzand onagagina dardini aytadi. Onadek bola tilini, dilini bilguvchi, yupatguvchi, koʻnglini koʻtarguvchi topilmaydi.

Olimlarning taʼkidlashicha, dastlab Ona zaminimiz ulkan ummondan iborat boʻlib, ilk mavjudotlar uning bagʻrida paydo boʻlgan. Soʻngra suv chekinib, yer ochilgan. Unda hayot boshlangan. Hozir Ona sayyoramizning yetmish bir foizi ummondan iborat. Inson jismining ham toʻrtdan uch qismini suv tashkil qiladi. Bu ham suvning tiriklik, hayot manbai ekanligini aks ettiradi. Inson vujudidagi suv yosh oʻtgan sari kamayib boradi va shu tufayli odamzot vujudida keksarish vujudga kelishini bugungi kunda olimlarimiz isbotlashgan.

OLOV – quyoshning zarrasi! Uning yaratuvchanlik, ohangrabolik qudrati beqiyosdir. Chunki, quyosh tiriklik manbai, murod hosil qilguvchi quvvatdir. Jamiki, mavjudot quyoshga intiladi, hatto oʻsimliklar ham.

Sharq falsafasining uzviy bir qismi boʻlmish tabiat bilan, borliqning uygʻonishi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan Navroʻzi ayyom anʼanalarining mazmun-mohiyati mantiqiy kuchga ega ekanligini allomalar taʼkidlagan toʻrt unsur bilan chambarchasligini bugungi kunda  butun jahon ahli tan olmoqda, desak xato boʻlmaydi.

Navroʻz 2009 yilning 30 sentyabr kuni YUNYeSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi. Qaror Tashkilotning nomoddiy merosni saqlash hukumatlararo qoʻmitasining 24 nafar aʼzosi tomonidan tasdiqlandi. 2010 yilning 19 fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21 martni  «Xalqaro Navroʻz kuni»  sifatida nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Qabul qilingan rezolyusiyada mazkur bayram madaniyatlararo muloqot va oʻzaro ishonch­ni ragʻbatlantirishi taʼkidlandi. Shu tariqa Navroʻz biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlandi. Bunda albatta Vatan mustaqilligidan keyin navroʻz bayramini, u bilan bogʻliq qadriyatlarni qayta tiklagan, keng targʻib-tashviq qilgan Oʻzbekistonimizning ham oʻz hissasi bor.

Demak, ulugʻ ajdodlarimiz tabiatning uygʻonish davri-Navroʻzi ayyomni bejiz bayram etib nishonlamagan. 21 martda kun bilan tun tenglashadi va u uch kun davom etadi. Tenglik bor joyda tinchlik boʻladi, Tinchlik bor joyda obodlik boʻladi,.deydi xalqimiz. Navroʻzni qadrlashimiz tabiatni, atrof-muhitni, insoniyatni qadrlashimiz va uni asrab avaylashga boʻlgan daʼvatimizdir.

Mustaqqil Oʻzbekistonimizda qadimiy qadriyatlarimizni asrab avaylab kelinayotgani, istiqlol sharofati bilan navroʻz bayrami har yili keng nishonlanishi yoʻlga qoʻyilgani bizning faxrimiz, gʻururimizdir. 

Vatanimizda 2017 yildan boshlab Navroʻz bayrami oʻzgacha tarzda yaʼni umumxalq sayli sifatida nishonlanadigan boʻldi.

Ammo bu yilgi navroʻz sinovli bir davrga toʻgʻri keldi. Vujudga kelgan murakkab sharoitni hisobga olib, bu yilgi Navroʻz bayramida ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi toʻxtatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston xalqiga   Navroʻz tabrigi”da shunday deya taʼkidladi: Tinchlik va sogʻliqni asrasak, qolgan narsalarga albatta erishamizLekin hozirgi global dunyoda bu juda murakkab vazifa boʻlib qolayotganini barchamiz koʻrib-bilib turibmiz.“Yil yilga oʻxshamaydi”, degan gap bejiz aytilmagan. Hayot hech qachon bir tekis kechmaydi. Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor. Bu haqiqatni shu kunlarda yanada chuqur his etmoqdamiz. Bugun koronavirus infeksiyasi degan jiddiy bir xavfga duch keldik. Davlatimiz, hukumatimiz bu xatarni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni koʻrmoqda. Nasib etsa, tez orada bu tashvishli kunlar ortda qoladi. Bunday sayil-tomoshalarni, toʻyu tantanalarni el-yurtimiz bilan birgalikda hali koʻp-koʻp oʻtkazamiz”.

Darhaqiqat mavjud qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, hayot davom etadi. Bu yil Navroʻz ayyomi xonadonlarda, oilaviy davralarda keng nishonlanmoqda.

Ana shunday sinovli kunlarda xalqimiz kelajakni oʻylab saʼy-harakat qilmoqda. Mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta umid bilan yerga urugʻ qadamoqda. Hudud va mintaqalarimizda Daraxt ekib, bogʻ yaratamiz, yurtimizni yanada obod qilamiz”degan ezgu maqsadda millionlab koʻchatlar ekilmoqda.Mavjud bogʻ-rogʻlarga eʼtibor berib parvarishlanmoqda. Hayot koʻtarinki kayfiyatda hamishagidek davom qilmoqda. Xonadonlarda oilaviy davralarda sumalaklar tayyorlanmoqda. Xalqimizning kelajakdan umidi katta. 

Bugun vrach singlim telegramm orqali Ibn Sino haqidagi kinodan bir parcha tashlabdi.  Unda buyuk tabibning Xorazm davlatiga kirib kelishi, oʻlat tarqalgan paytga toʻgʻri kelganligi aks etadi. Alloma tabib qaytib ketishni koʻzlayotgan shogirdiga maslahat beryapti: Kasallikni yuqtirmaslikning yoʻli bu kayfiyatni koʻtarish, kelajakka umid va ishonch deya taʼkidlayapti. Shahardan odamlar qochib chiqib ketayotgan bir paytda u kelib Beruniy bilan uchrashadi va milliy qadriyatlarga xos tavoze bilan salomlashgach,  qoʻlni artishga sirka soʻraydi. Yaʼni bugungi spirt, antiseptik hoʻl qogʻozlar oʻrnini bosuvchi oʻsha davrning tibbiy mahsuloti. Ushbu filmning ayni kunda TV orqali namoyish etilishi juda muhim deb hisoblayman. Bunday qiyinchiliklar elimiz boshida  necha marta kechgan ekan  buni yolgʻiz Olloh biladi.

 Hayot davom etadi. Navroʻz bayrami munosabati bilan hamishagidek  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan  samimiy qutlovlar kelmoqda.

– Tinchlik va ahillik ramzi boʻlmish Navroʻz doʻst xalqlarimizga ezgulik va qut-baraka keltirsin.– deydi Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev.

Tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik, birdamlik va tabiat bilan uygʻunlikni ifoda etuvchi Navroʻz bayrami yangi kun, yangi hayot elchisidir. Butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida eʼtirof etilgan bu qutlugʻ ayyom ulugʻ insoniylik tamoyillarini oʻzida mujassam etib, xalqlar doʻstligi va hamjihatligini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega. Ushbu ajoyib bayram Siz va qardosh Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat, shodlik va yangi zafarlar olib kelsin!– deya tilak bildiradi Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov.

–  Sizni va birodar Oʻzbekiston ahlini xalqaro Navroʻz bayrami bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yoʻllash menga katta mamnuniyat baxsh etadi.– Deya tilak bildiradi  Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon.

 – Qirgʻiz Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan oʻzaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari bundan buyon ham ikki davlat manfaatlari yoʻlida izchil rivojlanib borishiga qatʼiy ishonaman.– deydi Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov.

Ushbu bahoriy ayyom Navroʻz anʼanalarini eʼzozlovchi xalqlarimizga yaxshi kayfiyat, quvonch va qut-baraka keltiradi.– deya tinchlik va farovonlik tilaydi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev.

Shuningdek, ana shunday ezgu tilaklar Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon va boshqalar tabrik yoʻllagan. Zero, xalqimiz “Yomgʻir bilan yer, duo bilan el koʻkaradi”, deydi.

Mana shu xosiyatli navroʻz ayyomida elimiz odamlari ham yilimiz qutlugʻ kelishini, dehqonlarimizning baxtini, omadini berishishini, hosilimiz moʻl-koʻl boʻlishini tilab duolar qilmoqda. Ilohim, dilimizdagi barcha olijanob orzu-intilishlarimiz roʻyobga chiqsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon, xonadonlarimizda osoyishtalik hukmron boʻlsin! Yaratganning oʻzi hammamizni panohida asrasin! Navroʻzi olam barchamizga muborak boʻlsin! Sharqning yangi yili — 2020 yil qut- barakali yil boʻlnshida tilakdoshmiz!.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.