HURRIYAT BAYROGʻI
To boshimda shu bayroq bor – koʻnglim baland togʻ boʻldi,
Orzularim gulga kirib, shovullagan bogʻ boʻldi.
Zulmat bosgan yuragimga yogʻdu sochdi yulduzlar,
Inja, nozik hiloli ham toʻlib, oydin moh boʻldi.
Taʼzim aylab, labim bossam, yuksalaman, shu bayroq
Olam uzra hilpiragan kundan vaqtim chogʻ boʻldi.
Hurriyatning shamolida koʻrkam raqsin koʻrolmay,
Choʻlpon, Fitrat, Qodiriyday zotlar bagʻri chok boʻldi.
Oʻroq-bolgʻa zarbasidan sachragan qon dogʻlari
Erk tugʻining toʻlqin-toʻlqin epkinidan pok boʻldi.
Qullik bitdi. Tojdor boʻlib, shu bayroqning ostida
Shohsupaga chiqqan oʻzbek oʻgʻlonlari shoh boʻldi.
Nodir boʻldim men ham elda, oqdi sevinch yoshlarim,
Koʻzyoshlarim rangin shoda – moviy, yashil, oq boʻldi!
2019 yil 18 noyabr